Kuzda lablar parvarishi

Kuz faslida lab parvarishiga alohida e’tibor qaratish lozim. Negaki aynan shu mavsumda lablar yorilishi, quruqshashi va achishishi ko’p kuzatiladi. Bunday muammolarga tez echim topish va oldini olish mumkin. Buning uchun quyidagi kerakli maslahatlardan foydalanish lozim.


Uqalash. Har kuni uqalanadigan lablar yanada mayinlashib, chiroyli rangga ega bo’ladi. Buning uchun yumshoq oddiy tish cho’tkasi kerak bo’ladi. Uqalashni boshlashdan oldin labingizga ozgina yuz uchun mo’ljallangan krem yoki lablar malhami surting. Bu muolajani barmoq bilan ham bajarish mumkin, barmog’ingizga paxmoq sochiq o’rab, surtilgan krem yoki malham labga to’liq singib ketguncha aylana harakatla bilan uqalang.


Ajinga qarshi mashqlar. Sovuq tushishi bilan, kishi terisi tez qarishni boshlaydi. Shu sababdan kuz va qish kunlarida ko’pchilik ayollar lablari atrofida ajin paydo bo’lganidan shikoyat qilishadi. Bu muammoning echimi juda oson, kunora 8-10 marotabadan «A» «O» «I» «U» «I» harflarini ovoz chiqarib aytsangiz kifoya. Yana bitta mashq, har kuni xuddi shamni o’chirayotgandek sakkiz marta puflang.


Shakarli piling. Lablar yorilmasligi uchun, quyidagi muolajani haftasiga 1 marotaba qo’llang. Uch osh qoshiq asalni 1 osh qoshiq shakar bilan yaxshillab aralashtirib, bir necha soniyaga mikroto’lqinli pechga solib qo’ying. So’ngra xosil bo’lgan massani lablarga surtib, engil harakatlar bilan uqalang va iliq suv yordamida yuvib tashlang


Maxsus niqoblar. Agar sizning labingiz qurishishga moyil bo’lsa, unda muntazam ravishta lablar uchun mo’ljallangan maxsus niqobdan foydalanib turishni tavsiya qilamiz. Niqobni teng miqdordagi tvorog va qaymoqdan tayyorlash mumkin. Aralashmadan xosil bo’lgan bo’tqasimon massani 10-15 daqiqa labingizga surtib qo’yib, keyin yumshoq mato bilan ohista artib oling. Yana bir usul: qatiqni labingizga surtib, biroz qurishini kuting va ustidan yana surting, shunday qilib muolajani 10 marta takrorlang.


Asalli niqob. Yorilgan lablarni eng yaxshi va samarali davolaydigan vosita bu asaldir. Shunchaki 10 daqiqa labingizga istalgan turdagi asalni surtib qo’yib, nam salfetka bilan arting. Bu muolaja faqat asalga allergiyasi bo’lmagan xonimlarga to’g’ri keladi


O’simlik yog’i ham foydali. Kuzda lablar allergiyaga moyil bo’ladi, shu sababdan mutaxassislar dekorativ lab bo’yog’i o’rniga oddiy o’simlik yog’idan foydalanishni tavsiya qilishadi. Ko’chaga chiqishingizdan yarim soat oldin labingizga o’simlik yog’i surtib qo’yishni odat tusiga kiritsangiz, achishish va lablar yorilishining oldini olgan bo’lasiz.


To’g’ri bo’yash qoidalari. Yorqin va to’q rangdagi lab bo’yog’ini surtishdan oldin, labingizga gigienik lab bo’yog’i surting. So’ngra maxsus qalam bilan labingiz atrofini chizib chiqing va undan keyin to’q rangli lab bo’yog’ini surting. Labdagi rang uzoq saqlanishi uchun, bo’yalgan lablarni xo’l salfetka bilan namlantiring.