Toʼgʼri makiyaj qilish sirlari

Koʼpgina ayollar pardoz qilayotganda kichik xatolarga yoʼl qoʼyishadi. Bu kamchiliklar ularning yoshini bir necha yilga «qaritish»ga qodir ekanligini esa xayollariga ham keltirishmaydi. Bunga yoʼl qoʼymaslik uchun quyidagi xatolarni takrorlamang!


1-xato. Qalin krem qavatidan iborat «niqob» hali hech kimni goʼzal qilgan emas. Lekin yoshga yosh qoʼshishi tayin. Shu bois tonal kremni chalpillatib, qavat-qavat surtishdan yiroq boʼling. Pardoz qilayotganda namlantiruvchi tonal kremlardan foydalanishni maslahat beramiz.

2-xato. Oʼz teringiz rangidan och tusli «ton»dan voz keching. Yuzdagi pigment dogʼlari, qora teshikchalar, koʼrinib turgan tomirlarni «oppoq niqob» ostiga yashirishga urinmang. Tabiiylikni xohlasangiz, tonal krem va upaning teringiz rangidan toʼqrogʼini tanlang.

3-xato. Upadan foydalanganda ham meʼyorni saqlash lozim. Upa momigʼini yuzingizga yengil bostiring, shunda yaltiroq tusni yoʼqotgan boʼlasiz va yuzingizning tiniqligiga erishasiz. Bilsangiz agar, yuzning yaltirab turishi sizni yoshartirib, oʼzgalar nigohini teridagi ajin va boshqa nuqsonlardan «chalgʼitish»ga yordam beradi. Upa surtilgan yuz terisi quruqlashgan va shoʼralagandek koʼrinish beradi. Suratga tushayotgan boʼlsangiz, upani obdon surtishingiz mumkin.

4-xato. Qizil yugurgan yonoqlar ayol husniga husn qoʼshadi. Аmmo ayrim xotin-qizlar bu borada chegaradan chiqib ketishadi. Jigar, toʼq pushti, qip-qizil rumya­nalarni «chaplab», masxarabozga oʼxshab qolayotganligini tasavvur ham qilisholmaydi. Bunday tuslar yuzga xoʼmrayganlik, badqovoqlik hissini beradi. Bunda nigoh ham ogʼirdek tuyuladi. Och pushti, shaftoli rang rumyana tanlasangiz, aslo adashmaysiz.

5-xato. Haddan ziyod och va toʼq rangli lab boʼyogʼini ham chetga surib qoʼying. Tabiiy ranglarni tanlashga harakat qiling. Bunda jilosiz va yaltiroq lab boʼyogʼi birdek toʼgʼri keladi.

6-xato. Uzun qayrilma kipriklarga ega boʼlish uchun tushdan foydalanamiz. Bu yaxshi, lekin har qancha goʼzal boʼlishga urinmang, pastki kipriklarni boʼyashni maslahat bermaymiz. Boʼyalgan pastki kipriklar koʼz ostidagi xaltachalarni yaqqol koʼrsatibgina qolmay, yoshingizga kamida 5 yil qoʼshishi turgan gap.

7-xato. Qoshni qop-qora qilib boʼyash ham ayolni «qaritadi». Аgar tabiat sizni quyuq qoshlar bilan «siylamagan» boʼlsa, yengilgina tenь surib qoʼysangiz kifoya.

Xulosa oʼrnida pardoz-andozning kishi xarakteriga bogʼliq jihatini aytib oʼtsak. Toʼgʼri makiyaj ayolni goʼzal qilibgina qolmay, uning feʼl-atvoridan darak berar ekan. Haddan ziyod koʼp boʼyanadigan ayollarda oʼziga ishonch kamroq boʼlarkan. Faqat koʼzlarini boʼyaydigan ayollar eʼtiborli, mehribon va aqlli boʼlishadi. Pardoz-andoz qilayotganda urgʼuni lablariga beradigan ayollar boshqalardan gapga chechanligi, kirishimligi va taʼsirchanligi bilan ajralib turarkan.

Lekin umuman boʼyanmay yurish ham notoʼgʼri, ruhshunoslarning aytishicha, bu ayollik, nazokatlilikdan yiroq boʼlish ekan. Аgar pardoz-andoz meʼyorida boʼlsa, bu husningizga husn qoʼshadi.