Ko’krak suti bilan boqish – bu ona o’z bolasiga berishi mumkin bo’lgan eng yaxshi narsadir. Uning bor muhabbati va g’amxo’rligi har kuni farzandiga ko’krak tutganida suti bilan birga quyilib keladi. XXI asrda texnologiyalar va sanoat rivojlanishi yuqori darajada bo’lishiga qaramasdan, hozirgacha ona sutining o’rnini bosadigan xech narsa o’ylab topilmagan. Ushbu ozuqa mahsuloti universal va noyob bo’lib, go’dakning nafaqat oziq moddalarga bo’lgan ehtiyojini qondiradi, balki bolaning ovqat hazm qilish tizimi imkoniyatlariga va uning organizmidagi metabolizmning o’ziga xos hususiyatlariga ham ideal tarzda mos keladi.
Biroq, shunga qaramasdan hamma onalar ham bolani olti oylikkacha faqat ko’krak suti bilan boqmaydi. Xo’sh, ularni nima bezovta qiladi va sun’iy aralashmalardan foydalanishga majbur etadi? Quyida biz yosh onalar ko’p holatlarda ishonadigan va shu bois o’z farzandlariga o’z sutlarini berishni istamaydigan holatlarga, yani afsonalarga izoh berib o’tamiz.
1-AFSONA. Muntazam ravishda bolaga bog’lanib qolishga to’g’ri keladi.
Ha, bu fikr qisman to’g’ri. Bolani talabi bo’yicha oziqlantirish dastlabki oylarda taxminan har 3 — 3,5 soatda bir marta amalga oshiriladi. Ammo biror joyga boorish zarurati tug’ilganida sutni shishachaga siqishingiz va yaqinlaringizdan go’dak och qolganida uni ovqatlantirishni iltimos qilishingiz mumkin. Ko’krak sutini xona haroratida 8 soatga yaqin va muzlatkichda uch kun saqlasa bo’ladi.
2-AFSONA. Sutingiz etmayapti va 2-3 oydan so’ng u yo’qola boshlaydi.
Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti mutahassislarining ta’kidlashicha, ko’krak sutining yo’qligi yoki uning etishmasligi shunchaki bolani ko’krakka noto’g’ri tutish va yo’lga qo’yilmagan emizish jarayonining oqibati holos. Laktatsiyasiz ayollar bo’lmaydi. Agar siz farzandingizni tug’ilgan paytidan emiza boshlagan bo’lsangiz va qo’shimcha ozuqa bermagan bo’lsangiz, sutingiz yo’qolmaydi. Albatta, istisnolar bo’lib turadi. Bunga stresslar, onaning kasallanishi va boshqalar sabab bo’lishi mumkin. Ammo shifokor o’z vaqtida aralashsa, bolani yana emiza boshlash muammo tug’dirmaydi.
3-AFSONA. Kukrak o’z shaklini yo’qotadi.
Shubhasiz, ayolning ko’kragi homiladorlik davridan boshlab o’zgaradi. Ammo bu uning xunuk bo’lishini va osilib qolishini bildirmaydi. Ba’zi bir parvarish qoidalariga amal qilsangiz, ko’kragingizni ajoyib shaklda saqlashingiz mumkin. Kontrast dush, ko’krak mushaklarini mustahkamlashga yo’naltirilgan jismoniy mashqlar, maxsus ich kiyimini kiyish o’z samarasini ko’rsatishi tayin.
4-AFSONA. Ko’krak bilan emizganda ortiqcha vazn ortadi.
Ushbu fikr xaqiqatga mutlaqo to’g’ri kelmaydi. Aksincha, uzluksiz va to’g’ri emizish, ayol organizmining tez tiklanishiga va uning tug’ruqdan oldingi holatiga qaytishiga yordam beradi. Gap shundaki, bolani emizish jarayoni bachadonni normal holatiga qaytishi uchun “mas’ul” bo’lgan oksitotsin gormonining ishlab chiqarilishini rag’batlantiradi.
5-AFSONA. Emizuvchi onalar qat’iy parhezga amal qilishlari kerak.
Ushbu fikr ham ilmiy tasdiqqa ega emas. Albatta, taomnomangizga biroz o’zgartirish kiritish kerak bo’ladi, ya’ni go’dakda allergiya, qorin shishishi, qorin sanchiqlarini keltirib chiqaradigan mahsulotlarni chiqarib tashlash kerak. Ammo bu mahsulotlarning ro’yxati unchalik katta emas. Buning ustiga, go’dak 2 oyga to’lganidan keyin bolaga qanday ta’sir qilishini kuzatgan holda ratsionga yangi mahsulotlarni kiritish mumkin.
6-AFSONA. Ona sutining o’rnini bosuvchi zamonaviy aralashmalar ko’krak sutinikiday tarkibga ega va u kabi foydali.
Mutlaqo noto’g’ri fikr. Baxtga qarshi, u juda keng tarqalgan. Sun’iy aralashmalarni ishlab chiqaruvchi firmalarning o’z mahsuloti ona sutiga aynan o’xshash deb uqtirishlari va hatto statistikani keltirib, baquvvat go’daklarni namoyish qilishlari – bularning hammasi qudratli reklama kompaniyasidan bo’lak narsa emas. Ona sutining tarkibida sigir sutida mavjud bo’lmagan kamida 100 ta komponent bor. Aynan shu bois, sanoat texnologiyasida ona sutining o’rnini to’liq bosadigan mahsulotni chiqarishning iloji yo’q.
Bundan tashqari, har bir onaning suti aynan o’z farzandining ehtiyojlariga mos keladi va shu bois xar doim turli ayollarda sifati va tarkibi bo’yicha farq qiladi. O’zining oziqlantirish xususiyatlaridan tashqari, ona suti tarkibida go’dakni turli kasalliklardan himoya qilish, uning yaxshi uxlashi, ichak infektsiyalariga qarshi kurashishi, bosh miyasining rivojlanishi, ona va go’dak o’rtasidagi aloqaning mustahkamlanishi uchun zarur bo’lgan qator tirik xujayralar va antijismlar mavjud. Emizish paytida, bir-biriga yaqin ikkita inson o’rtasida emotsional aloqa o’rnatiladi, bu go’dakka himoyalanganlik, qulaylik va xotirjamlik hissini baxsh etadi.
7-AFSONA. Ayol kasal bo’lganida emizish mumkin emas.
Ko’krak bilan emizish ta’qiqlanadigan holatlar juda kam. Shamollash va infektsion kasalliklarda farzandingizni qo’rqmasdan emizishingiz mumkin – antijismlarga boy ona suti bolaga kasallikka qarshi kurashda yordam beradi. Va infektsiyalarning eng yaxshi profilaktikasi hisoblanadi. Go’dak kasallikka chalinmaydi yoki uni engil shaklda o’tkazadi.
Sil kasalligining ochiq shaklida, OIVda, ko’krakda toshma paydo qildiradigan gerpesda, jigar, buyrak, yurak bilan bog’liq og’ir kasalliklarda hamda ona ko’krak suti bilan birga chiqadigan antibiotiklar va toksik preparatlarning ba’zi turlarini qabul qilayotgan paytda emizishni to’xtatish zarur.