Oʼgʼil bola tarbiyasi

Bolaning tarbiyasi onaning homiladorligidanoq boshlanadi. Oiladagi shart-sharoitlar, mehr-muhabbat, atrofdagilarning munosabatlari bolaning tarbiyasida juda katta rolь oʼynaydi. Ichki xislatlarimizning shakllanishi, qobiliyatimizni toʼgʼri yoʼnaltira olishimiz, hayotda oʼrnimizni topa olishimiz, oiladagi muhitga bogʼliq. Аyniqsa, oʼgʼil bolalarimizni haqiqiy yigit sifatida tarbiyalash uchun, ularga bolaligidanoq toʼgʼri saboqlar berish katta ahamiyatga ega. Quyida sizlarga ana shunday saboqlardan baʼzilarini tavsiya etamiz.


Vaʼdasining ustidan chiqsin!

Oʼgʼil bolalarga kichik paytidanoq har bir aytgan «soʼzida turish»ni oʼrgating. Qoʼlidan kela oladigan ishni bajara olishga soʼz berib, soʼzining ustidan chiqish qanchalik muhimligini va bu unga qanday ijobiy natija olib kelishini doʼstona munosabat yordamida tushuntirib bering. Аlbatta, bu bilan siz unga ishonishingizni taʼkidlab oʼting, har safar soʼzining ustidan chiqqanida, undan faxrlanishingizni takrorlashdan charchamang.

Chidamli, bardoshli, kuchli boʼlsin!

Oʼgʼil bolalarga xos boʼlgan xislatlar haqida (chidamli va kuchli shaxs sifatida) tanishtirib boring. Buning uchun har xil ertak qahramonlari, mulьtfilьm, kinodagi ijobiy timsollar orqali yoki hayotiy misollar bilan, oʼgʼil bolalarning oʼziga xos xislatlarga egaligini tushuntirib boring. Аyniqsa, oʼgʼil bolalar sport mashgʼulotlari (yoki jismoniy mehnat) bilan shugʼullanishi kerak ekanligini ayting. Bu bilan siz farzandlaringizni hayotga chidamli, bardoshli va kuchli shaxs sifatida shakllanishida yordam berasiz. Uyda ayollar, maktabda ayollar boʼlsa, siz kerakli natijaga erisha olmaysiz. Zero, yigitlarimizga xos boʼlgan kuchli xislatlarni faqatgina erkaklarimizgina toʼgʼri tushuntirib, singdira oladilar.

Masʼuliyatni his qilsin!

Javobgarlik hissini shakllantirishga yordam bering. Buning uchun biror-bir vazifa berib, shu vazifaning bajarilishiga masʼulligini tushuntiring. Hozir yoshligida kichik bir ishga maʼsuliyat bilan yondoshsa, kelajakda katta bir ishni xuddi shu maʼsuliyat bilan bajarishiga olib kelishini ayting. Аgar berilgan vazifani «qoʼlimdan kelmaydi, qila olmayman» deb javob bersa, siz har doim farzandingizga ishongan holda, muhabbatingiz ila: «Sening qoʼlingdan keladi, senga ishonaman» degan soʼzlaringiz bilan uni qoʼllab-quvvatlang, natijaga erishganida uni ragʼbatlantiring.

Oʼz fikriga ega boʼlsin!

Qaror qabul qilishni oʼrgating. Yaʼni u oʼz fikriga ega boʼlsin. Buning uchun hayotda toʼgʼri soʼzli, qatʼiyatli boʼlish, mehr koʼrsatish, havas qilish, jonkuyarlik qilish kabi xislatlar aslida qanday boʼlishini tushuntirib bering. Bunday xislatlarga ega boʼlgan yigitlarni qanday yutuqlar kutayotganini ichki motivatsiyasini uygʼotish yordamida shakllantiring. Ishonuvchanlik, koʼngilchanlik, ichki qoʼrquv hissiyotlari, gʼazab, hasad, yovuzlik, yolgʼonchilik, qizgʼanchiqlik bilan biror-bir yutuqqa erishib boʼlmasligini, faqat salbiy natijalarga olib kelishini misollar yordamida tushuntirib boring.

Oladigan hosilingiz mehnatingizga bogʼliq!

Farzandingizga boʼlgan asl munosabatingiz haqida jiddiy oʼylab koʼring. Buning uchun bolangiz haqida oʼylayotgan oʼylaringiz yoki aytayotgan soʼzlaringiz ustida bosh qotiring. Misol uchun, «Sen odam boʼlmaysan», «Sening qoʼlingdan kelmaydi», «Sen qiz bolaga oʼxshab ish qilasan» kabi soʼzlardan qoching. Unutmang, harakatlaringiz u yoqda tursin, hattoki oʼylaringiz ham hayotda amalga oshib qolishi hech gap emas. Shunday ekan, niyatingiz sizning ekkan urugʼingizdir, undan oladigan hosilingiz mehnatingizga bogʼliq! Yigitlarimizning oʼziga boʼlgan ishonchini ortirishda, oʼgʼillaringizga boʼlgan munosabatingizning ahamiyati katta. Yaʼni siz farzandingizning yetuk shaxs boʼlib yetishiga IShONING va IShONTIRING! Oʼz hayotidagi oʼrnini topishga yordam bering, uy sharoitingizga koʼra uni hayotdagi orzularidan chegaralab qoʼymang. Oʼz hayotini oʼzi hal qilishiga oʼrgating.

Berilgan tavsiyalarim oddiy, faqat uni amalga oshirish uchun yillar kerak boʼladi. Bugun esa АYNI VАQTI – har birimiz oʼgʼillarimizning tarbiyasida jiddiy munosabatda boʼlaylik!