Farzand dunyoga keltirib, uni ulg‘aytirayotgan ayolga yana bir bor homiladorlik va go‘dagiga ko‘krak tutish baxti nasib qilmasligi mumkinligi kimning ham xayoliga keladi, deb o‘ylaysiz? Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirda bu kabi holatlarni ko‘p uchratish mumkin. Ikkilamchi bepushtlik haqida oliy toifali shifokor, akusher-ginekolog Nargiza AKBAROVA ma’lumot beradi.
Ikkilamchi bepushtlik haqida mutaxassis ma’lumoti
Eslatma
Homiladorlik yuz berib, farzand ko‘rgan, homilasi “tushib” qolgan yoki abort qildirgan ayollar ikki yil davomida homiladorlikdan saqlanmay muntazam jinsiy hayot kechirsayu, biroq homilador bo‘lmasa, albatta, shifokor ko‘rigidan o‘tishi zarur.
Ikkilamchi bepushtlik sabablar
Ayolning yoshi ulg‘aygani sari homilador bo‘lish imkoniyatlari (fertillik) kamayib boradi. Taxminan 35 yoshdan keyin har to‘rtinchi ayolda bepushtlik kuzatiladi. 18-30 yoshlar oralig‘ida farzand ko‘rish ehtimoli yuqori hisoblanadi. Yillar o‘tishi bilan ayol organizmidagi tuxum hujayralari jiddiy xromosom o‘zgarishlarni boshdan o‘tkazadi. O‘z navbatida bu homiladorlikning yaxshi kechishi va sog‘lom bolani dunyoga keltirishga to‘sqinlik qilishi mumkin. Ikkilamchi bepushtlikning sababi to‘g‘ri aniqlansa, uni davolash ham oson kechadi.
Homilador bo‘lishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklar:
Endometrioz;
tuxumdonlar, bachadon naylari, bachadon bo‘yni va qindagi yallig‘lanishlar;
bachadondan hayz vaqtidan tashqari qonli ajralmalar kuzatilsa;
bachadon miomasi;
tuxumdon polikistozi;
gormonal fonning o‘zgarishi.
Shuningdek, abort qildirgan ayollarda bachadon endometriysi zararlanishi tufayli yetilgan hamda urug‘langan tuxum hujayra bachadon devoriga birikolmay qoladi. Bu holat ikkilamchi bepushtlikning eng og‘ir holatlaridan biri sanaladi. Abort malakali shifokor tomonidan o‘tkazilgan taqdirda ham bir qancha noxushliklarga sabab bo‘lishini unutmaslik lozim.
Jinsiy a’zolardagi jarohatlar ham ikkilamchi bepushtlikka sabab bo‘lishi mumkin:
jarrohlik amaliyotidan keyingi jarohatlar;
yara izi, chandiqlar;
poliplar;
to‘qimalarning birikib ketgan joylari (spayka);
chot orasidagi jarohatlar.
Bu kabi jarohatlarni davolab, muammoni ijobiy hal etish ehtimoli yuqori.
Noto‘g‘ri tashkil etilgan turmush tarzi ham homiladorlikka to‘sqinlik qiladi:
ovqat, turli xil dorilardan zaharlanish;
silla qurishi, ozg‘inlik yoki haddan ortiq semizlik;
sifatsiz taomlarni tanovul qilish.
ЎҚИНГ: Parhez tutish jinsiy rivojlanishga zarar yetkazadimi?
Biologik nomutanosiblik ikkilamchi bepushtlikning yana bir sababi sanaladi. Ma’lum sabablarga ko‘ra, ikkinchi marta turmush qurgan ayollarda ham ikkilamchi bepushtlik kuzatiladi. Negaki, birinchi turmushidan farzand ko‘rgan bo‘ladi. Bunday holatda, albatta, turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda shifokor ko‘rigidan o‘tish hamda davolanish tavsiya etiladi.
Ikkilamchi bepushtlik davolash choralari
Homiladorlik yuzaga kelishiga yordam beruvchi dori-darmonlar;
Laparoskopik jarrohlik bilan fibrozli o‘simtalar olib tashlanadi, bachadon naylari ochiladi.
Endokrin tizimdagi xastaliklar tufayli yuzaga kelgan ikkilamchi bepushtlikni qalqonsimon bez faoliyatini yaxshilash bilan bartaraf etish mumkin. Har bir holatga shifokor tomonidan alohida yondoshuv talab etiladi. Ginekologik kasalliklar natijasida yuzaga kelgan ikkilamchi bepushtlik maxsus terapiya bilan davolanadi. Shuningdek, ayrim holatlarda shifobahsh giyohlar bilan muolaja qilish ham yordam beradi. Biroq buni malakali mutaxassis — shifokor tavsiyalari bilan amalga oshirish lozim! Chunki shifobahsh giyohlardan noto‘g‘ri foydalanish organizmga aks ta’sir etmasligi kafolatlanmagan.
Ikkilamchi bepushtlik to‘g‘ri davolangandan keyin, ayolda yana bir bor onalik baxtini tuyish imkoniyati paydo bo‘ladi. Shuning uchun aslo tushkunlikka berilmang, yaxshisi, ijobiy natijaga erishish uchun o‘zingiz ham harakat qiling!