Mammolog maslahati

Mammolog maslahati (Savol-javob)


C: — Bolamni emizishdan chiqarganimga yarim yildan oshsa ham ko‘kragimdan oz-moz suyuqlik (ajralma) kelib turadi. Dugonalarim bunday vaqtda gormonal preparatlar ichish kerak deyishayapti. Siz nimani maslahat berasiz?


J: — Ko‘krakdan ajralmalar kelishida albatta endokrinolog ko‘rigidan o‘tib, gormonlarga qon tahlili topshirishingiz zarur. Shuningdek gipofiz funsiyasining holati ham tekshirilib, natijasiga ko‘ra kerakli muolaja buyuriladi. Endokrinolog muolajasidan keyingi o‘zgarishga qarab mammolog ko‘rigidan o‘tishingiz mumkin. Agar bu gormonlar faoliyati bilan bog‘liq holat bo‘lmasa, mammografiya orqali ko‘kraklar funksiyasi tekshirilib, zarur muolaja turi tayinlanadi.

———


C: — Ko‘kraklarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavfsiz shish biror bir belgilarsiz boshlanishi ham mumkinmi?


J: — Yaxshi sifatli o‘smalarda belgilar kuzatiladi. Masalan, ko‘krakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘sma shakliga ko‘ra yong‘oqday, tuxum yoki no‘xotday bo‘lib, elastik va qo‘zg‘aluvchan bo‘ladi. Uni ko‘krakni paypaslash bilan ham bilish mumkin. Kistalar esa suyuqlik yig‘ilishi bilan farqlanadi. Ba’zi vaqtlarda onkologik turdagi o‘smalar belgilarsiz rivojlanishi mumkin. Kasallikning yashirin davrini o‘tkazib yubormaslik uchun shifokor ko‘riklaridan o‘tib turish kerak.

———


C: – Davolovchi shifokorim tuxumdonlardagi yallig‘lanishga qarshi gormonal kontratseptik preparatlarni tavsiya qilgandi. Mana ikki yildirki ularni qoldirmay qabul qilaman. Bu gormonal preparatlar sut bezlari faoliyatiga ta’sir qilishi mumkinmi?


J: – Ha, gormonal preparatlar sut bezlari faoliyatiga ta’sir qilishi mumkin. Organizmning tabiiy muhitida ishlab chiqilayotgan gormonlarni doim nazoratda ushlaolmaysizku. Shu sabab ortiqcha muammolar bo‘lmasligi uchun hozirda qabul qilayotgan preparatingizni oxiriga yetkazib, shifokoringiz bilan boshqa kontratseptik vositalardan foydalanish haqida maslahatlashing. Gormonal preparatni istagan vaqt tashlab bo‘lmaydi.Shu sabab muolajani oxiriga yetkazing.

———


C: – Mammografiya qildirish uchun qaysi kunlarda murojaat qilish kerak? UTT tekshiruvidan tashqari yana qanday tahlillar topshiriladi?


J: – Hayz sikli yakunlangach, 5-6 kundan so‘ng mammolog ko‘rigidan o‘tib, mammografiya qildirishingiz mumkin. Zarur hollarda shifokor xulosasiga ko‘ra tuxumdonlar, qalqonsimon bez faoliyati ham tekshiriladi. Masalan, fibroz tashxisi qo‘yilganida UTT tekshiruvining o‘zi yetarli bo‘lsa, ko‘krakdagi qattiqlashish holatida mammografiya, zarur hollarda biopsiya tayinlanishi mumkin.


👩🏻‍⚕️ Ekpert: Nigora Mahmudova, mammolog.