Zubayr ibn Avvom

Mashhur sahobalardan Zubayr ibn Avvom ibn Huvaylid Asadiy Qurayshiy (roziyallohu anhu)ning nasabi Payg‘ambarimiz (alayhissalom) nasablari bilan Kilobda tutashadi. U Xadicha onamiz (roziyallohu anhu) singari Bani Asad urug‘idan. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) ammalari Sofiya binti Abdulmuttalib (roziyallohu anho)ning o‘g‘li bo‘lgan.

Ibn Sa’d (rahmatullohi alayh) “Tobaqotul Kubro” asarida Sofiya binti Abdulmuttolib (roziyallohu anho) o‘g‘li Zubayrga qattiqqo‘llik bilan tarbiya berayotganini ko‘rib odamlar: “Axir uni juda qiynab yubording”, deganlarida: “Men uni pishisin, qat’iyatli bo‘lsin deyman”, deb aytganini keltirgan.

Yillar o‘tib, onaning orzusi ushaldi. Zubayr ibn Avvom (roziyallohu anhu) baland bo‘yli, o‘ta chidamli bo‘lib voyaga yetdi. Unda vafodorlik, birso‘zlik, saxiylik kabi fazilatlar mujassam edi. Bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uning qo‘lidan tutib: “Har bir payg‘ambarning xos yordamchisi bo‘lgan, mening xos yordamchim Zubayr ibn Avvomdir” deb marhamat qildilar (Imom Hokim).

Zubayr (roziyallohu anhu) oldiniga faqirona hayot kechirdi. Ayoli Asmo (roziyallohu anho) uy ishlaridan tashqari chorva boqish, o‘tin terish kabilar bilan turmush o‘rtog‘iga yordamlashdi. Keyinroq Zubayr ibn Avvom (roziyallohu anhu) tijorat bilan shug‘ullanib, boyib ketdi. Ammo saxiyligi tufayli uyida biror narsa turmagan. Katta mablag‘ tushsa, uyigacha yetib bormay, yo‘ldayoq odamlarga tarqatib yuborardi.

Oysha (roziyallohu anho)  rivoyat qiladi: «Payg‘ambarimiz (alayhissalom) Zubayrning uyida chiroq yonib turganini ko‘rdilar va “Ey Oysha, Asmo farzandli bo‘lganga o‘xshaydi. Unga ism qo‘ymay turinglar. Men o‘zim qo‘yaman”, dedilar. U zot chaqaloqni Abdulloh deb atadilar va xurmo bilan tanglayini ko‘tardilar”» (Imom Termiziy).

Hazrat Umar (roziyallohu anhu) maslahat olgan olti sahoba, “ahli sho‘ro”ning biri Zubayr ibn Avvom (roziyallohu anhu) bo‘lgan.

Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu)ning zamoniga kelib Zubayr ibn Avvom (roziyallohu anhu) eng ko‘zga ko‘ringan arboblaridan biriga aylandi.

Zubayr ibn Avvom Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan bir lahza ham ajramadi. Doimo xizmatlarida bo‘lib, buyurilgan ishni sidqidildan ado etardi. U kishi Payg‘ambarimiz (alayhissalom)dan jami o‘ttiz sakkizta hadis rivoyat qildi. Hijriy o‘ttiz to‘rtinchi sanada (milodiy 656) Basrada vafot etdi.

Aliqul Rahmonqulov tayyorladi | Hidoyat.uz


ZUBAYR ibn AVVOM, to‘liq ismi Abu Abdullo az-Zubayr ibn al-Avvom ibn Xuvaylid al-Asadiy al-Qurayshiy (? -656) — sahoba, makkalik ilk musulmonlardan. Asharai Mubashsharadan.

Quraysh qabilasidan, Xadicha kabi bani Asad urug‘idan. Muhammad (sav)ga xolavachcha, Xadichaga esa, akaning o‘g‘li. Oishaning singlisi Asmoga uylanganligi uchun Rasuli Akramga boja hisoblanadi.

12 yoshida islomga kirgan. Oldin Habashistonga, so‘ngra Madinaga ko‘chgan(hijrat qilgan)lardan. Muhammad(sav)ning barcha g‘azotlarida qatnashgan.

Badr jangida dushmanga birinchi bo‘lib qilich solib hamla qilgan. Umar (ra) davrida Yarmuk jangida qatnashib, ikki joyidan yaralangan. Misrni fath etishda qatnashgan.

Zubayr ibn Avvom badavlat bo‘lib, uning bir quli, hisobsiz moli, yer va bir necha uyi bo‘lgan; u xayr-ehson qilishni sevar, mol dunyosini Alloh yo‘lida sarflagan. Savdogarlik bilan shug‘ullangan.

Xalifa Umar (ra)ning xalifalik uchun ajratgan 6 kishilik maslahat ashobidan edi. Usmon (ra) xalifaligi davrida chiqqan ixtiloflarga qo‘shilgan. Jamal jangida Aliga qarshi chiqqan, so‘ngra afsus chekib, orqaga qaytgan. Biroq qaytishda bir daraxt tagida uxlab yotganida o‘ldirilgan.

Qotil Ibn Jurmuz Zubayrning boshini Aliga olib borgan. Mukofot kutgan qotilga Ali payg‘ambarimizning «Zubayr qotiliga jahannamga kirishini xabar beringiz», mazmunidagi hadislarini o‘qib bergan. Zubayr ibn Avvom payg‘ambarimizdan 38 hadis rivoyat qilgan.

Islom ensiklopediyasidan
Zubayr ibn Avvom ibn Xuvaylid. Islomni birinchilar qatorida qabul qilgan ulug‘ sahobiy, tirikligidayoq jannatiligi haqida xushxabar olgan “asharai mubashshara”dan biri, “Rasulullohning havoriysi” unvoni sohibi, Madinada birinchi tug‘ilgan bola – Abdulloh ibn Zubayr (r.a.)­ning otasi. Kunyasi – Abu Abdulloh. Milodiy 594 (ayrim manbalarda 597) yilda Makkada, Qurayshning Asad urug‘i xonadonida dunyoga keldi. Otasi Avvom ibn Xuvaylid Payg‘ambar (a.s.) nasablari bilan Qusayda birlashadi. Onasi Safiya binti Abdulmuttalib Payg‘ambar (a.s.)ning ammalari. Ayoli – ulug‘ sahobiya Asmo binti Abu Bakr. 20 nafar farzand ko‘rgan – 11 o‘g‘il, 9 qiz.

Baland bo‘yli, soqollari ingichka, yonoqlari kichkina, qotma jussali va jismonan chiniqqan kishi bo‘lgan. Saxiyligi, qat’iyati, vafodorligi bilan mashhur edi.

“Dorul Arqam” vaqtidayoq islomga kirgan Zubayrni amaki­si bo‘yraga o‘rab, osib qo‘yar, olov yoqib, tutunini unga haydar, “(Eski diningga) qayt”, derdi. Zubayr esa: “Zinhor kufr keltirmayman”, deb aytardi.

Habashistonga hijrat qilinganida Zubayr ham yo‘lga otlandi. Makkada musulmonlarga munosabat yaxshilanibdi, degan yolg‘on gap tarqalgach, qaytib keldi. Ammo ko‘p o‘tmay yana Habashistonga yo‘l oldi. Keyinchalik yana Madinaga hijrat qildi. Demak, jami uch hijrat egasi hisoblanadi.

Madinada u Salama ibn Saloma ibn Vaqsh bilan do‘st tutindi.

Zubayr Badr, Uhud va Xandaq janglarida, Xaybar va Makka fathlarida ishtirok etgan. Bu haqda o‘zidan rivoyat qilinadi: “Allohga qasam, Rasululloh (s.a.v.) qay bir jang yoki sariyaga chiqqan bo‘lsalar, albatta, men ham chiqdim”.

Badrda jiddu jahd bilan ishtirok etgan Zubayr boshiga sariq salla o‘rab olgan edi. Jang paytida Alloh izni bilan musulmonlarga yordamga tushgan farishtalar ham shu rangli sallada bo‘lgan. Bu haqda Payg‘ambar (a.s.): “Farishtalar Zubayr siymosida tushdi”, deganlar.

Uhudda Payg‘ambar (a.s.) Zubayrni qo‘shinning bir qanotiga qo‘mondon qilib tayinladilar. Jang oldidan mushriklar bayroqdori Talha ibn Abu Talha yakkama-yakka jangga chaqiriq bilan chiqdi. Musulmonlar tarafdan sas bo‘lmay turganida Zubayr maydonga otildi va dushmanni yengdi. Shunda Payg‘ambar (a.s.): “Har bir nabiyning havoriysi bor. Mening havoriyim Zubayrdir. Odamlarning yakkama-yakka olishuvga chiqmay qolganlarini ko‘rdim. Agar u chiqmaganida, albatta, o‘zim chiqar edim”, dedilar.

Xandaq jangi paytida musulmonlar bilan ahdlashgan Banu Qurayza qabilasi ahdini buzib, dushman bilan ittifoq tuzdi. Bu gap rostligini bilish va shu asosda reja qilish uchun Rasululloh (s.a.v.): “Kim Banu Qurayzaga borib, menga ularning xabarini bilib keladi?” deb so‘radilar. Shunda Zubayr: “Men”, dedi. U zot: “Senga ota-onam fido bo‘lsin”, deb aytdilar.

Zubayr Payg‘ambarimiz (a.s.)ga boja ham bo‘lgan. U Oysha (r.a.)ning opasi Asmo (r.a.)ga uylangan edi. Mazkur oila Madinada farzandli bo‘ldi. Rasululloh (s.a.v.) borib, chaqaloqqa Abdulloh deb ism qo‘ydilar va xurmo bilan tanglayini ko‘tardilar.

Shuningdek, Zubayr Payg‘ambar (s.a.v.)ning xos vahiy kotiblaridan biri edi.

U Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali (r.a.)ning xalifalik davrida muhim voqealardan chetda turmagan. Sahobiylar ichida alohida e’tiborli kishilardan biri bo‘lgan.

Hazrat Usmon (r.a.)ning fitna sababli shahid bo‘lishi barcha musulmonlar qatori Zubayrni ham larzaga soldi. Qotillardan tezroq o‘ch olish payiga tushdi. Oysha (r.a.), Talha va Zubayr (r.a.) jinoyatchilarni jazolash uchun qo‘shin to‘plab, xalifaning qotillari turgan Iroqqa yo‘l oldi. Yangi xalifa Ali (r.a.) esa ularning yo‘lini to‘sib chiqib, ortga qaytishlarini iltimos qildi. Chunki jahl ustidagi bu ish xalifalikda ijtimoiy-siyosiy beqarorlik keltirib chiqarishi mumkin edi.

Muzokaradan so‘ng Oysha, Talha va Zubayr (r.a.) xalifaning so‘ziga ko‘nib, qaytish tadorigini ko‘rdi. Biroq o‘sha kechasi ikkala tomonga ham bir guruh fitnachilar hujum qilib, o‘rtada “Jamal” (Tuya) deb nomlangan jang bo‘lib o‘tdi. 36/656 yil jumodul-oxir oyidagi mazkur voqeada ko‘p mashhur sahobiylar shahid bo‘ldi. Jumladan, Zubayrni ham bu fojia chetlab o‘tmadi. Jang paytida Ali ibn Abu Tolib (r.a.) yonidagilarga: “Menga Talhani chaqiringlar! Menga Zubayrni chaqiringlar!” deb tinmay jar soldi. Bu ovozadan so‘ng Ali, Zubayr hamda Talha ibn Ubaydulloh o‘zaro uchrashdilar. Shunda Ali (r.a.) aytdi: «Ey Zubayr, esla! Bir kuni mening Rasululloh (s.a.v.)ga qarab kelayotganimni ko‘rib kulgan eding. Payg‘ambar (a.s.) sendan: “Uni (Alini) yaxshi ko‘rasanmi?” deb so‘radilar. “Ha”, deding. U zot senga: “Ammo sen unga qarshi zolim holingda jang qilasan”, deb aytdilar». Shunda Zubayr Ali (r.a.)ga: “To‘g‘ri, sen unutgan narsamni eslatding”, deb qo‘lidagi qilichni yerga tashladi, saflarni yorib, jang maydonini tark etdi. Afsuslanib, Basra yaqinidagi “Yirtqichlar vodiysi” degan joyga tushib, ibodat qilayotgan paytida Amr ibn Jurmuz ismli shaxs tomonidan o‘ldirildi.

Amr ibn Jurmuz shahid sahobiyning qilichini ko‘tarib Ali (r.a.) huzuriga mag‘rur holda kirib keldi. Ali (r.a.) tahdid bilan: “Qo‘lingdagi Zubayrning qilichimi?” deb so‘radi. Amr titrab: “Ha, uni o‘ldirganimdan keyin oldim”, dedi. Ali (r.a.) qilichni olib, o‘pdi. Yig‘lab turib: “Bu qilich egasi shu quroli bilan Rasululloh (s.a.v.)dan g‘amni ketkazgandi”, dedi. Keyin qotilga qarab: “Ey Safiya o‘g‘lining qotili, do‘zax bashoratini olaver!” deb aytdi.

Zubayrdan jami 38 ta hadis rivoyat qilingan.

Alloh u zotdan rozi bo‘lsin!

Salohiddin Siddiqov | «Irfon taqvimi»dan


Mashhur sahobalardan Zubayr ibn Avvom ibn Huvaylid Asadiy Qurayshiy roziyallohu anhuning nasabi Payg‘ambarimiz Sollallohu alayhi vasallam nasablari bilan Kilobda tutashadi. U Xadicha onamiz roziyallohu anhu singari Bani Asad urug‘idan. Payg‘ambarimiz Sollallohu alayhi vasallam ammalari Sofiya binti Abdulmuttalib roziyallohu anhoning o‘g‘li bo‘lgan.

Ibn Sa’d rahmatullohi alayh “Tobaqotul Kubro” asarida Sofiya binti Abdulmuttolib roziyallohu anho o‘g‘li Zubayrga qattiqqo‘llik bilan tarbiya berayotganini ko‘rib odamlar: “Axir uni juda qiynab yubording”, deganlarida: “Men uni pishisin, qat’iyatli bo‘lsin deyman”, deb aytganini keltirgan.

Yillar o‘tib, onaning orzusi ushaldi. Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu baland bo‘yli, o‘ta chidamli bo‘lib voyaga yetdi. Unda vafodorlik, birso‘zlik, saxiylik kabi fazilatlar mujassam edi. Bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uning qo‘lidan tutib: “Har bir payg‘ambarning xos yordamchisi bo‘lgan, mening xos yordamchim Zubayr ibn Avvomdir” deb marhamat qildilar (Imom Hokim).

Zubayr roziyallohu anhu oldiniga faqirona hayot kechirdi. Ayoli Asmo roziyallohu anho uy ishlaridan tashqari chorva boqish, o‘tin terish kabilar bilan turmush o‘rtog‘iga yordamlashdi. Keyinroq Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu tijorat bilan shug‘ullanib, boyib ketdi. Ammo saxiyligi tufayli uyida biror narsa turmagan. Katta mablag‘ tushsa, uyigacha yetib bormay, yo‘ldayoq odamlarga tarqatib yuborardi.

Oisha roziyallohu anho  rivoyat qiladi: «Payg‘ambarimiz Sollallohu alayhi vasallam Zubayrning uyida chiroq yonib turganini ko‘rdilar va “Ey Oisha, Asmo farzandli bo‘lganga o‘xshaydi. Unga ism qo‘ymay turinglar. Men o‘zim qo‘yaman”, dedilar. U zot chaqaloqni Abdulloh deb atadilar va xurmo bilan tanglayini ko‘tardilar”» (Imom Termiziy).

Hazrat Umar roziyallohu anhu maslahat olgan olti sahoba, “ahli sho‘ro”ning biri Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu bo‘lgan.

Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning zamoniga kelib Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu eng ko‘zga ko‘ringan arboblaridan biriga aylandi.

Zubayr ibn Avvom Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan bir lahza ham ajramadi. Doimo xizmatlarida bo‘lib, buyurilgan ishni sidqidildan ado etardi. U kishi Payg‘ambarimiz Sollallohu alayhi vasallamdan jami o‘ttiz sakkizta hadis rivoyat qildi. Hijriy o‘ttiz to‘rtinchi sanada (milodiy 656) Basrada vafot etdi.

Oybek Ma’rupovMuslim.uz


Zubayr roziyallohu anhu hijratdan 28 yil oldin Makka shahrida tug‘ilgan. Uning to‘liq ismi Zubayr ibn Avvom ibn Xuvaylid ibn Asad ibn Abduluzzo ibn Qusay ibn Kilob. Uning nasabi Qusoyda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan bog‘lanadi. Kunyasi Abu Abdulloh. Yasrib (Madina)da birinchi tug‘ilgan Abdulloh ibn Zubayr (roziyallohu anhu)ning otasi.

Otasi Avvom ibn Xuvaylid. Onasi Safiya bint Abdulmuttalib ibn Hoshim ibn Abdumanof ibn Qusay ibn Kilob ibn Murra Payg‘ambarimiz alayhissalomning ammasi.

Zubayr roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan boja bo‘lgan. Ayoli ulug‘ sahobiya Asmo bint Abu Bakr. Ularning Abdulloh, Urva, Munzir, Osim, Muhojir, Ja’far degan o‘g‘illari, Xadijai Kubro, Ummu Hasan va Oysha degan qizlari bo‘lgan.

Abu Abdulloh roziyallohu anhu Islomni birinchilardan bo‘lib qabul qilgan ulug‘ sahoba. U o‘n olti yoshida Islomga kirgan. Ayrim manbalarda sakkiz yoki o‘n ikki yoshda bo‘lgani yozilgan. Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhudan keyin to‘rtinchi yoki beshinchi bo‘lib musulmon bo‘lgan.

Zubayrning yoshligi Makkada o‘tgan. Otasidan erta yetim qolgan. Onasi farzandim ulg‘ayganda, chidamli, mard odam bo‘lsin deb, uni og‘ir jismoniy mashqlar bilan chiniqtirib tarbiyalagan. U baland bo‘yli, soqoli siyrak, bug‘doyrang, sochini yelkasiga tushurib yuradigan kishi edi.

Zubayr roziyallohu anhu Islom tarixida o‘ziga xos o‘ringa ega. U uch marta hijrat qilgan sahobalardan biri. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning davrlarida barcha g‘azotlarda ishtirok etgan. Unin o‘zi bu borada bunday degan: “Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qay bir jang yoki sariyaga chiqqan bo‘lsalar, men ham birga borganman”. Badr jangida qo‘shinning o‘ng qanoti qo‘mondoni, Makka fathida muhojirlarning uch bayroqdorining biri bo‘lgan. Umar ibn Xatob (roziyallohu anhu)ning xalifalik davrida Misrni fath etish uchun Amr ibn Os roziyallohu anhuga yordamchi sifatida o‘n ikki ming askarga boshliq qilib yuborilgan. Hazrat Umar roziyallohu anhu o‘zidan keyin xalifalikka nomzodlar orasida Zubayr roziyallohu anhuni ham sanab: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vafot etganlarida ulardan rozi edilar”, degan.

Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan juda ham oz hadis rivoyat qilgan. Chunki u hadis aytishda xato qilib, U zot alayhissalomga yolg‘on to‘qib qo‘yishdan qattiq qo‘rqardi. Unga o‘g‘li Abdulloh ibn Zubayr: “Nima uchun falonchilar kabi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan hadis rivoyat qilmaysiz?” dedi. Abu Abdulloh roziyallohu anhu: “Men musulmon bo‘lganimdan beri Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ajraganim yo‘q. Lekin, u zotning: “Kim menga yolg‘on to‘qisa, o‘z joyini do‘zaxdan tayyorlasin”, deganlarini eshitganman”, deb javob bergan. Sahobadan o‘g‘illari – Abdulloh, Mus’ab, Urva va Ja’far, Moilk ibn Avs, Ahnaf ibn Qays Abdulloh ibn Omir kabilar hadis aytishgan. Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisni ikkitasi muttafaqun alayhdir. Imom Buxoriy to‘rtta, Imom Muslim esa bitta hadisni o‘z to‘plamlarida keltirishgan.

Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu jannat bashorati berilgan o‘n sahobaning biri. Abdurahmon ibn Avf (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Abu Bakr jannatda, Umar jannatda, Usmon jannatda, Ali jannatda, Tolha jannatda, Zubayr jannatda, Abduramon ibn Avf jannatda, Sa’d ibn Abu Vaqqos jannatda, Said ibn Zayd jannatda Abu Ubayda ibn Jarroh jannatda”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).

Abu Abdulloh roziyallohu anhu musulmon bo‘lgandan to Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vafot etgunlaricha u zot bilan birga bo‘lgan. Barcha ishlarda Nabiy alayhissalomning yordamchilari bo‘lgan. Uhud jangi oldidan mushriklar bayroqdori Talha ibn Abu Talha yakkama-yakka jangga chaqirdi. Musulmonlardan Zubayr roziyallohu anhu chiqdi va dushman bilan olishib uni yengdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Har bir nabiyning havoriysi bor. Mening havoriyim Zubayrdir. Odamlarning yakkama-yakka olishuvga chiqmay qolganlarini ko‘rdim. Agar u chiqmaganida, albatta, o‘zim chiqardim”, deganlar.

Oysha roziyallohu anho: “Ularga jarohat yetgandan keyin ham Alloh va Payg‘ambar (buyruqlari)ga itoat etgan edilar. Ularning chiroyli ish qilib, taqvoli bo‘lganlariga ulkan mukofotlar bordir” (Oli Imron surasi, 172-oyat) oyatini o‘qib, Urvaga: “Ey opamning o‘g‘li, otang Zubayr va Abu Bakr o‘shalardan edi”, degan.

Badr jangida Zubayr roziyallohu anhu boshiga sariq salla o‘rab olgan edi. Jang paytida Allohning izni bilan yordamga tushgan farishtalar ham sariq sallada bo‘lishgan. Bu haqda Nabiy alayhissalom: “Farishtalar Zubayr siymosida tushishdi”, deb marhamat qilganlar.

Xandaqda jangida ittifoqdosh Banu Qurayza qabilasi o‘z ahdini buzib, dushman bilan til biriktirgani haqida xabar keldi. Buni aniqlash uchun Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim Banu Qurayzaga borib, menga ularning xabarini bilib keladi?” deb so‘radilar. Zubayr roziyallohu anhu: “Men borib kelaman”, dedi. U zot: “Senga ota va onam fido bo‘lsin”, dedilar.

Zubayr roziyallohu anhu ko‘p yillar mobaynida: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ota-onam senga fido bo‘lsin”, deganlar”, deb faxrlanib aytib yurgan.

Bahriddin ParpiyevMuslim.uz


Jobir ibn Abdulloh (r.a)dan rivoyat qilinadi, Rasululloh (s.a.v) aytdilar: “Har bir Nabiyning havoriysi bor. Mening havoriyim Zubayrdir”. Ikki Shayx va Termiziy rivoyati.

Havoriy so‘zi “ixlosli”, “musaffo”, “eng yaqin do‘st” va “yordamchi” degan ma’nolarni anglatadi. Alloh taolo Qur’oni karimda Iyso alayhissalomga ixlos qilgan, u zotga nisbatan ko‘ngillari eng musaffo bo‘lgan hamda eng yaqin do‘st va yordamchi bo‘lgan fidokorlarni “Havoriy” deb atagan. Ularga o‘xshash saodatli kishilar har bir nabiyning ummati ichida bo‘lgan. Muhammad (s.a.v)ning ummatlari ichida ana shunday oliy unvonga sazovor bo‘lgan Zubayr ibn Avvom raziyallohu anhuning hayotlari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

Jannat bashorati berilgan o‘nta sahobadan biri, Rasululloh (s.a.v) mening havoriyim deb sifatlagan zot Zubayr ibn Avvom ibn Xuvaylid ibn Asad ibn Abduluzzo ibn Qusay ibn Kilob raziyallohu anhudirlar. U kishi Payg‘ambarimizning ammalari Sofiyya binti Abdulmuttolibning o‘g‘li bo‘lganlar.

Zubayr ibn Avvom (r.a) islomni birinchi bo‘lib qabul qilgan yettita sahobiydan biridirlar. O‘sha paytda 15 yoki 16 yoshda edilar. Dastlabki musulmonlarning Alloh taoloning yo‘lida tortgan barcha mashaqqat va qiyinchiliklariga barobar sherik bo‘ldilar. Zubayrning amakisi uni bo‘yraga o‘rab, osib qo‘yar va olov yoqib, unga tutunni kiritib, “Kufrga qayt”, — der edi. Zubayr bo‘lsa, “Zinhor kufr keltirmayman” – der edi.

Yoshliklaridan chavandozlik, shijoat va bahodirlik sifatlari bilan ko‘zga ko‘ringan Zubayr ibn Avvom (r.a) musulmon bo‘lganlaridan keyin anashu sifatlarini dinu diyonat yo‘lida ishga soldilar.

Sai’d ibn Musayyib aytadilar: Alloh yo‘lida birinchi bo‘lib qilich yalang‘ochlagan kishi Zubayr ibn Avvomdir. Bir kuni Nabiy (s.a.v) o‘ldirilibdi degan xabar tarqalganda, shiddat bilan qilich ko‘tarib ko‘chaga chiqdi. Yo‘lda Nabiy (s.a.v)ga duch keldilar. “Senga nima bo‘ldi ey Zubayr?!” – dedilar. — Sizni qatl qilishdi deyishdi, Allohga qasamki, Makka ahlidan duch kelganini qilichdan o‘tkazmoqchi edim – dedilar. Rasululloh uning haqqiga duo qildilar”.

Zubayr (r.a) ikki bor Habashistonga, so‘ngra Nabiy (s.a.v) bilan birga Madinaga hijrat qilganlar. Rasululloh (s.a.v) u kishini Salama ibn Salama (r.a) bilan birodar qilib qo‘yganlar.

Abu Bakr Siddiq (r.a)ning katta qizlari Asmo (r.a)ga uylanib, Nabiy (s.a.v)ga boja bo‘lganlar. Madinaga hijrat qilib kelgan paytlarida Asmo (r.a) homilador edilar. U kishi o‘g‘il farzand dunyoga keltirdilar. Payg‘ambarimizning o‘zlari uni tanglayini ko‘tarib, Abdulloh deb ism qo‘ydilar. Bu musulmonlarni juda xursand qildi. Chunki musulmonlar Madinaga kelgach, bir muddat muhojirlar oilalarida farzand dunyoga kelmagan. Shunda yahudiylar: ”Biz ularni sehrlab qo‘ydik. Ular endi farzand ko‘rmaydilar” – deb da’vo qilishgan edi.

Zubayr ibn Avvom (r.a) Nabiy (s.a.v) bilan barcha janglarda ixlos bilan ishtirok etib, o‘zlarining fidokorliklari, jasoratlari, bahodirliklari bilan Islom tarixining zarrin sahifalariga nomlarini oltin harflar ila bitdilar.

Abdulloh ibn Zubayr (r.a)dan rivoyat qilinadi: Ahzob kuni men Umar ibn abu Salama bilan birga ayollarning ichiga qo‘yilgan edim. Qarab tursam, Zubayr otini minib 2-3 marta Bani Qurayzaga borib keldi. Keyinroq bu haqda otamdan so‘radim. – Meni ko‘rdingmi o‘g‘lim, Rasululloh (s.a.v): “Kim Bani Qurayzaga borib, menga ularning xabarini bilib keladi?” – dedilar. Men borib keldim. Shunda Rasululloh (s.a.v):  “Senga otam va onam fido bo‘lsin” – dedilar. Ikki Shayx va Termiziy rivoyati.

Zubayr (r.a) Ali (r.a)ning xalifalik davrlarida musulmonlar orasida ixtilof chiqib, Ali va Muoviya (r.anhum)lar o‘rtasida bo‘lgan Siffin jangida halok bo‘lganlar deyiladi. Zubayr (r.a) Muoviya tarafda turib jang qilgan edilar. Lekin aslida Siffin jangi bo‘lib turgan paytda Zubayr (r.a) bu urush noto‘g‘ri ekanini anglab, jang maydonidan chiqib ketadilar. Bir vodiyda Alloh taologa iltijo qilib, namoz o‘qiyotgan paytlarida Amr ibn Jurmuz ismli badbaxt tomonidan qatl etildilar.

Jangdan so‘ng Ali (r.a) odamlari bilan qarorgohlarida o‘tirgan edilar. Amr ibn Jurmuz mukofot ilinjida Zubayr (r.a)ni qilichlarini olib u kishining oldilariga keldi.

—   Qo‘lingdagi Zubayrning qilichimi?

— Ha, uni o‘ldirganimdan keyin oldim. Ali (r.a) qilichni o‘ng qo‘llari bilan oldilar. So‘ng ikki qo‘llari bilan ushlab, og‘izlariga olib kelib, ham mehr, ham mahzunlik ila o‘pdilar.Ko‘zlaridan duv-duv yoshlar to‘kildi. Va:

— Bu qilichning egasi u bilan Rasulullohdan g‘amni ketkazgan edi. Sen esa, Ibn Sofiyyaning qotili! Do‘zaxning bashoratini olaver.

Bu voqeaning bayonini batafsil o‘qib chiqsangiz, ko‘zingizdan oqayotgan yoshlarni to‘xtata olmaysiz. Chunki u zot Ali karramollohu vajhahuni ham mahzun qilib yig‘latgan Rasululloh (s.a.v)ning havoriylari Zubayr ibn Avvom edilar.Alloh u kishidan rozi bo‘lsin.

Ahrorjon Abdukarimov | Muslim.uz