Usmon ibn Affon fil voqeasidan yoki Payg‘ambarimiz alayhissalom tug‘ilganlaridan olti yil o‘tib tavallud topdi. Hazrati Usmon boy va o‘ziga to‘q oilada o‘sib-ulg‘aydi. Qabilaning boy kishilari jo‘natgan karvon bilan Shom va Yamanga tijorat uchun safarga chiqdi. Hazrati Usmonning to‘liq ismi Usmon ibn Affon ibn Abul Os ibn Umayya ibn Abdu Shams ibn Abdumannof Ummaviy Qurashiydir. U kishi o‘rta bo‘yli, ko‘rkam, chiroyli yuzli, nozik jussali, yuzi qizil va soqoli qalin kishi bo‘lgan.
* * *
Usmon johiliyat davrida ham kechirimli, saxiy, aqlli, ma’rifatli va vazmin bo‘lib, hayosi bilan mashhur edi. Kunlardan birida Usmon Ka’ba yonidan o‘tayotganida unga Muhammadning qizi Ruqiya Utba ibn Abu Lahabga nikohlanganini aytishdi. Ruqiya juda chiroyli va ko‘rkam qiz edi. Usmon bu xabarni eshitib, qayg‘uga botdi va o‘z nafsiga aytdiki:
— Sen tufayli uni qo‘ldan chiqardim. (Izoh: Usmon (r.a.)ning hayolari shu darajada kuchli bo‘lganidan Rasulullohdan qizlari qo‘lini so‘rashga botinolmagan.)
Usmon ibn Affon Abu Bakr Siddiq da’vati bilan islomga kirgan. Hazrati Usmon iymon keltirganlardan beshinchi o‘rinda bo‘lsa, Islom uchun xizmat qilgan kishilar ichida avvalgisi bo‘ldi.
Usmon ibn Affonning Islom dinini qabul qilgani amakisiga o‘z-o‘zidan yoqmadi. Amakisi unga:
— Sen ota-bobolaring dinini tark qilib, yangi dinga o‘tdingmi? Allohga qasamki, agar bu dindan voz kechmaganingcha men seni kechirmayman, — dedi.
Usmon ibn Affon unga javoban:
— Allohga qasamki, bu dindan voz kecholmayman va undan ajralmayman, — dedi.
Amakisi Hakim uning niyati qat’iy ekanini ko‘rib, bu urinishlar befoyda ekan, degandek uyini tark qildi.
* * *
Abu Lahab bilan xotini Ummu Jamil ko‘z oldilarida o‘sib-ulg‘aygan bir kishining payg‘ambar bo‘lishini tasavvur qilolmasdi, shuni deb g‘azab o‘tida yonardi. Abu Lahabning qalbini esa hasad kemirardi. Eru xotinning fikri-zikrini xotamul anbiyoga sallallohu alayhi vasallamga aziyat berish egalladi. Shunda Alloh taolo quyidagi oyatlarni nozil qildi: «Abu Lahabning qo‘llari qurigay -halok bo‘lgay! (Aniqki) u quridi — halok bo‘ldi! Mol-mulki va kasb qilib topgan narsalari unga asqotgani yo‘q! Yaqinda uning o‘zi ham, uning o‘tin orqalagan, bo‘ynida pishiq toladan (eshilgan) arqon bo‘lgan xotini ham (lovullab turgan) alangali do‘zaxga kirajak!» (Masad, 1-5). Odamlar Abu Lahab bilan uning xotini Ummu Jamil xususida Alloh taolo nozil qilgan oyatlarni o‘qib ikkovini masxara qila boshladilar. Bundan g‘azab otiga mingan Abu Lahab:
— Muhammad mening qo‘llarimdan bir balo-kulfatga duchor bo‘ladi, — dedi. So‘ng Rasulullohning (s.a.v.) qizlari Ruqiya va Ummu Gulsumlarga uylangan o‘g‘illari Utba va Utaybalarni oldiga chaqirib shunday dedi:
— Muhammadning qizlarini taloq qilmasanglar, ko‘zimdan daf bo‘linglar.
Noiloj Utba Ruqiyadan, Utayba esa Ummu Gulsumdan ajraldi. Buni eshitgan Usmon ibn Affon Rasulullohdan qizlaridan biri — Ruqiyani o‘z nikohiga olishini so‘radi. Payg‘ambar (a.s.) rozi bo‘ldilar. Usmonga qizini uzatdilar. Ruqiya va Usmonni ko‘rgan kishi eng yaxshi juft deb o‘ylardi.
Usoma ibn Zayd ikkalasi xususidagi bir voqeani shunday eslaydi:
— Rasululloh (s.a.v.) menga go‘shtdan tayyorlangan bir tovoq ovqat berib, Usmonning uyiga yubordilar. Uyga kirganimda Rasululloh (s.a.v.)ning qizlari va kuyovining o‘tirganini ko‘rdim. Bir Ruqiyaning yuziga, bir Usmonning yuziga qaradim. Qaytib kelganimdan keyin Rasululloh alayhissalom mendan so‘radilar: «Ikkovi oldiga kirdingmi?». Ha deb javob qilganimdan so‘ng Payg‘ambarimiz (a.s.):
«Ikkisidan ham yaxshiroq er-xotinni ko‘rganmisan?» dedilar. «Yo‘q, ko‘rmaganman» ey Allohning rasuli», dedim.
* * *
Usmon ibn Affon qavmi orasida obro‘-e’tiborli va nufuzli bo‘lishiga qaramasdan mushriklar tomonidan juda ko‘p azob-uqubatlar chekdi. U bilan sahobalar yuz-ko‘zlari ko‘karib, xafa bo‘lar, kofirlarga qarshi kurashish yoki bo‘lmasa hijrat qilish uchun izn so‘rab kelganlarida, «Sabr qilinglar», deya payg‘ambarimiz ularga tasalli berar edilar.
Ammo bunday nohaqlik va xo‘rlikka chiday olmagan Payg‘ambar alayhissalomning ayrim izdoshlarining sabr kosasi to‘ldi. Abdurahmon ibn Avf, Usmon ibn Maz’un, Usmon ibn Affonlar u kishining huzurlariga kelib shunday arzu hol kilishdi:
— Ey Allohning rasuli, mushrik holimizda izzat-ikromda edik, iymon keltirgandan keyin, tahqirga uchrab, azobga qoldik. Mushriklar bilan jang qilishga ruxsat bering.
Havodan olib gapirmaydigan Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilarki:
— Ularga indamang.
Biroq Rasululloh ashoblariga qurayshliklarning adovati kundan kunga kuchayib, avj olardi. Ular qattiq qiynoqlar girdobida qoldi. Shunday bir holatda Usmon ibn Affon zavjasi Ruqiya roziyallohu anho bilan payg‘ambar alayhissalomning huzurlariga kelib:
— Ey Allohning rasuli, qavmimiz ta’qibi, aziyatlari, ta’na-dashnomlari va bizga yog‘dirayotgan haqoratlaridan qiynalib ketdik, — dedilar.
Rasululloh alayhissalom: «Kim dinini deb bir joydan boshqa bir joyga qochib o‘tsa, agar u joy bir qarich bo‘lsa ham unga jannat vojibdir. Allohning do‘sti Ibrohim, payg‘ambari Muhammad ularga hamroh bo‘ladi», dedilar.
Usmon ibn Maz’un aytdi:
— Ey Allohning rasuli, qaerga boramiz? Rasululloh bunday javob qildilar:
— Har joyga tarqalinglar. Alloh sizlarni tezda to‘playdi. Usmon ibn Affon savolni qaytardi:
— Qaerga boramiz, ey Allohning Rasuli? Olamlarga rahmat qilib yuborilgan zot dedilar:
— Xabashistonga boringlar. Uning podshosi huzurida hech kimga zulm qilinmaydi. Xabashiston ishonchli joy. Zubayr ibn Avvom so‘radi:
— Ey Allohning Rasuli Makkaga qachon qaytamiz? Olamlarga rahmat qilib yuborilgan zot (s.a.v.) aytdilar:
— Alloh najot berganda.
Rajab oyida Usmon ibn Affon ayollari Ruqiya bilan yana o‘n bir erkak va to‘rt nafar ayol Xabashistonga hijrat qiladi.
Nabiy sallallohu alayhi vasallamga Usmon ibn Affon va qizlari Ruqiyaning xabari kechikib turgan vaqtda qurayshlik bir ayol kelib:
— Ey Muhammad, qizingiz bilan kuyovingizni ko‘rdim, -dedi.
Rasululloh (s.a.v.) betoqat bo‘lib so‘radilar:
— Ularni qay ahvolda ko‘rding?
— Usmon ayolini xachirga mindirib, o‘zi haydab ketayotgan holda ko‘rdim.
— Alloh ularga yor bo‘lsin! Usmon Lut alayhissalomdan keyin ahli bilan hijrat qilganlarning birinchisidir, — dedilar.
Xabashiston yurtiga borgan muhojirlar risolatning beshinchi yili, hijrat diyorida uch oy (rajab, sha’bon, ramazon) yashaganlaridan so‘ng Umar ibn Xattobning islomga kirgani va Rasulullohning ashoblari Masjidul Haromda xotirjam holda namoz o‘qiy boshlaganini bilganlaridan keyingina o‘z yurtlariga qaytishdi. Afsuski, uyini qattiq sog‘ingan muhojirlar Makkaga kirgan vaqtdagina qaytishga shoshilganlarini anglab yetdilar. Himoyachisi yo‘qlarni kurayshliklar qaytadan qiynoqqa soldi. Bunday bo‘lishini kutmagan sahobalar aziyatlardan shikoyat qildilar va Habashistonga hijrat qilishga ruxsat so‘radilar. Hijrat uchun izn berilganda Usmon ibn Affon shunday dedi:
— Ey Allohning rasuli, avvalgi hijratimizda ham, bunisida ham biz bilan birga emassiz.
Xotamul anbiyo (s.a.v.) dedilar:
— Sizlar Allohni va meni deb muhojir bo‘ldingiz. Bu ikki hijrat ham sizlarnikidir.
Bu safar Xabash diyoriga Usmon ibn Affon va zavjasi Ruqiya, shuningdek, yetmishlar atrofidagi sahobalar Habashistonga yo‘l oldilar. U yerda tinch va xotirjam holda Rabbilariga ibodat qilinardi. Hazrati Usmonga Alloh farzand ato etdi. Farzandiga Abdulloh deb ism qo‘ydi. Usmon ibn Affon shu o‘g‘lining ismi bilan kunyalanar edi. Abdulloh ikki yoshga yetganida yuzini xo‘roz cho‘qishi tufayli vafot etdi. Ruqiya (r.a.) shundan keyin boshqa farzand ko‘rmadi.
Usmon ibn Affon Ruqiya roziyallohu anho bilan Makkaga qaytdilar. Oradan hech qancha o‘tmasdan ansorlar Rasululloh (s.a.v.)ga bay’at berishgach, Usmon jufti haloli bilan Yasribga hijrat qilishdi.
* * *
Usmon ibn Affon Xotamul anbiyoga butun vujudi, hayoti-yu rohatini bag‘ishlagan haqiqiy va ixlosli mo‘minlardan biri edi. U kishi Rasululloh (s.a.v.)bilan juda ko‘p g‘azot va safarlarda birga bo‘lgan.
Payg‘ambar alayhissalom Badr jangiga chiqqan kunlarida Ruqiya roziyallahu anho qizamiq bilan og‘rib qoldi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Usmon ibn Affonga qizlari oldida qolishga izn berdilar. Ruqiya roziyallahu anho Payg‘ambar alayhissalom sahobalar bilan Badr jangidan g‘alaba bilan qaytib kelayotganlarida olamdan o‘tdi. Qabr qazish uchun Usmon ibn Affonning o‘zlari qabrga tushdi. Qabrga tuproq tortilganda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Badrdan yetib keldilar. Qizlarining qabri ustida bir oz to‘xtab qoldilar.
Rasululloh Usmon ibn Affonga ham Badrda qatnashgan sahobalar qatori ulush berdilar.
* * *
Hazrati Usmon Rasululloh alayhissalomga qarindosh bo‘lgani uchun behad xursand bo‘lgan edi. Lekin payg‘ambar alayhissalom qizlari Ruqiya vafot etganidan keyin mazkur aloqa uzilgani uchun qayg‘uga botdi. Shundan keyin pokiza jufti halolidan ajralgani hamda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bilan qarindoshlik aloqasini uzilganidan ko‘ngliga qil sig‘may yurdi. Payg‘ambar alayhissalom bir kuni uni xafa holda ko‘rib so‘radilar:
— Nega bunchalik g‘amgin bo‘lib yuribsan? Usmon ibn Affon:
— Mening boshimga tushgan narsa biror kishining boshiga tushganmikan, ey Allohning Rasuli? Jufti halolim Rasulullohning qizlari vafot etdi. Siz bilan o‘rtamizdagi ham kuyovlik, ham qarindoshlik aloqasi uzildi.
Rasululloh sallallohu alayhisalom keyingi qizlari Ummu Gulsumni Usmon roziyallahu anhuga nikohlab berdi. Shu bilan Usmon ibn Affon sahobalar ichida Payg‘ambar alayhissalomning ikki qizlariga uylangan yolg‘iz sahobiy bo‘lib qoldi. Rasulullohning ikki qizlariga uylangani tufayli «Zunnurayn» — ikki nur egasi, degan nomga sazovor bo‘ldi.
Ba’zilar u to‘g‘risida Rasulullohning: «Usmon osmon axdining nuri, yer ahlining chirog‘i», deganlari uchun mazkur nomga sazovor bo‘lganini ham aytishadi. Ayrimlar esa: «Tunda Qur’oni karimni namozda o‘qib xatm qilganlari uchun», deydilar. Chunki Qur’on bir nur, kechasi ibodatda qoim bo‘lish yana bir nurdir.
* * *
Muhojirlar Rasulullohga sallallohu alayhi vasallam Madinai munavvaraning suvini o‘zgarganidan shikoyat qilishdi. Suvi ichishga yaraydigan faqat bitta quduq bor edi. U ham bo‘lsa Rovma degan yahudiyniki bo‘lib, suv oladiganlarga narxini qimmat qilib qo‘ydi. Yahudiy bir mesh suvni bir mudd (xurmo, arpaning o‘lchov birligi)ga sotayotgan edi.
Rasululloh alayhissalom:
— Kim Rovmaning qudug‘ini sotib olib, musulmonlarga sadaqa (hadya) qilsa, Alloh uni qiyomat tashnaligidan qutqarsin, — dedilar.
Hazrati Usmon Payg‘ambarning alayhisalom bu so‘zlarini eshitib, darhol quduqni sotib olish niyatida yahudiy oldiga savdolashgani bordi. Lekin yahudiy:
— Meni shundan boshqa narsam yo‘q, uni sotmayman, -dedi.
Usmon (r.a.) aytdi:
— Hammasini sotmaysan. Yahudiy so‘radi:
— Yarmini sotib olmoqchimisan?
Zunnurayn: «Ha», dedi. Yahudiy o‘n besh ming dirham berishini so‘radi. Usmon ibn Affon o‘n ming dirhamga savdolashib, yahudiy bilan bir kun quduq unga, bir kun o‘ziga bo‘lishini kelishib oldi. Hazrati Usmon o‘zining navbati kelgan kun musulmonlar suv olishiga ruxsat berib, bunga hech qanday pul so‘ramadi. Musulmonlar keyingi kun uchun ham yetadigan suvni hazrati Usmonning navbati kuni olishardi. Yahudiy qarasaki, qolgan yarmidan ko‘p foyda olmayapti. Usmon ibn Affonga qudug‘im ustida bo‘lgan savdoni buzdim, qolgan yarmini ham sotib ol, dedi. Usmon (r.a.) quduqning qolgan qismini sakkiz ming dirham evaziga sotib oldi va barcha kunlarda suv oladiganlarga uni hadya qildi.
Usmon (r.a.) Payg‘ambar alayhisalom bilan birga Uhud va Xandaq g‘azotlarida ishtirok etgan. Hudaybiya sulhi kuni Rasululloh (s.a.v.) Usmon ibn Affonni Quraysh oqsoqollari oldiga urushish uchun kelmaganliklari, balki umra qilish uchun kelganliklarini bildirish uchun yubordilar. Usmon qatl qilindi, degan xabar kelganda Payg‘ambar (a.s.) o‘rinlaridan turib:» Alloh menga bay’atni amr qildi», dedilar. Shunday qilib Rizvon bay’ati daraxt ostida bo‘lgan edi. Rasululloh alayhissalom Usmon ibn Affon nomidan bay’at qildilar. O’ng qo‘llarini chap qo‘llari ustiga qo‘yib: «Ey Alloh, Usmon Alloh va Rasulining hojatini deb ketgandi. Men uning o‘rniga bay’at qilaman», dedilar. Qurayshliklar Rasulullohning ashoblari u zotga Makka ahli bilan urushish uchun bay’at qilganliklaridan xabar topishgach, Usmon ibn Affon hamda Suhayl ibn Amrni birga yubordilar va shu tariqa Hudaybiya sulhi tuzildi.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bir kuni qizlari Ummu Gulsumning oldiga bordilar. Hazrati Usmonga qaradilar-da, qizlariga:
— Albatta, jufting bobong Ibrohimga, otang Muhammadga o‘xshaydi, — dedilar.
Usmon (r.a.) Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga vahiy tushganda uni yozib borar edi. Rasululloh uni yaxshi ko‘rib oldilariga chaqirib olar va endigina tushgan oyatlarni aytib turar va unga: «Yoz, ey Usaym», derdilar.
Usmon ibn Affon Rasululloh bilan Xaybar fathi, qazo umrasi va ulug‘ fath — Makka fathida ishtirok etgan. Usmon roziyallahu anhu Usro g‘azoti kuni ming dinor keltirib, Rasulullohning etaklariga to‘kdi. Rasululloh dinorlarni qo‘llariga olib, shunday dedilar:
— Bugundan boshlab Usmonga qilgan amallari zarar bermaydi, — deya uch marta ta’kidladilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: «Kim Usro qo‘shinini jangga hozirlasa, Alloh uni mag‘firat qiladi», degan so‘zlarini eshitdi. Binobarin, Usmon ibn Affon jannatni bir yahudiyning qudug‘ini musulmonlarga hadya qilib jannat darvozasining kalitiga ega bo‘lgan, nima uchun bugun musulmon qo‘shinini Rum bilan bo‘ladigan jangga hozirlab, ikkinchi marta jannat egasi bo‘lmasin ekan? Usmon roziyallahu anhu ot-ulov, oziq-ovqat va unga taalluqli narsalar, hatto idish-tovoq bog‘lanadigan iplargacha tayyorlab berdi. Rasululloh alayhissalom: «Parvardigaro, Usmonning bugundan keyin qilgan amallarini unutma», deya duo qildilar. So‘ngra Usmon (r.a.)ga qarab: «Ey Abu Amr, Alloh molingga baraka bersin, gunohlaringni mag‘firat qilsin, rahm qilsin va jannatni senga mukofot qilsin», dedilar.
Usmon roziyallahu anhu Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bilan Tabuk g‘azotida ham qatnashgan. Jangdan qaytishda ayoli Ummu Gulsum vafot etadi. Usmon (r.a.) qattiq xafa bo‘lganlarini ko‘rgan Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
— Usmonni uylantiringlar, uchinchi qizim bo‘lganida, unga berar edim. Usmonni Allohdan kelgan vahiy tufayli qizlarimga uylantirdim, — dedidar.
Payg‘ambarimiz alayhissalom yana shunday deganlar:
— Meni kuyov qilgan yoki menga kuyov bo‘lgan birontasi do‘zaxga kirmasligini Robbim azza va jalladan so‘radim.
Hazrati Usmon Rasululloh alayhissalom bilan Vado’ hajiga ham borgan. Rasululloh alayhissalom:
— Har bir payg‘ambarning jannatda do‘sti bo‘ladi, mening do‘stim Usmon ibn Affondir,- deganlar.
* * *
Usmon ibn Affon davlatni boshqarishda katta sahobalar bilan maslahatlashar va ularga suyanar edi. Hazrati Abu Bakr Siddiq va Umar zamonida ham o‘zining moddiy va ma’naviy yordami bilan birga eng ishonchli maslahatchilaridan edi.
Majusiy Abu Lulu’ Umar ibn Xattobni tig‘ bilan yaraladi. U yerda faqat Rasul alayhissalomning oltiga sahobasi — Ali ibn Abu Tolib, Usmon ibn Affon, Sa’d ibn Abu Vaqqos, Zubayr ibn Avvom, Abdurahmon ibn Avf va Talha ibn Ubaydullohlar bor edi. Ulardan Alloh rozi bo‘lsin
Maslahat kengashi qaroriga ko‘ra olti sahobiy ichidan Usmonning xalifa bo‘lishiga bay’at berildi. Bu hijriy yigirma to‘rtinchi yil muharram oyita to‘g‘ri keladi. Bu vaqtda hazrati Usmon yetmish yoshga kirgan edi.
Zunnurayn zamonida davlat yerlari kengayib, musulmonlar to‘q va farovon hayot kechirdi. Turk yerlari fath qilinib, Xuroson, Tohariston, Qohiston, Tiflis va Kipr yerlari Islom xalifaligi ixtiyorida edi. Hazrati Usmon birinchi bo‘lib musulmonlar qo‘shinini dengizga chiqargan shaxs sifatida tarixga kirdi. Musulmonlar ko‘p orol va dengiz yerlariga voliylik qila boshladi. Hatto islom davlati dengiz davlati deb nomlana boshlandi.
Oradan olti yil o‘tgandan so‘ng musulmon amirlari orasida ixtilof va fitna tarqadi. Bunga yahudiy fitnachi Abdulloh ibn Saba’ boshchilik qildi. U Zunnurayn siyosati xususida har xil fitna va bo‘lmag‘ur yolg‘onlarni tarqatdi. Katta shaharlarda qo‘zg‘olonlar uyushtirdi. Jumladan, Kufa, Basra, Misr kabi unumdor va serhosil joylarda fitna va yolg‘onlarni avj oldirdi. Uning maq-sadi islom davlatining quvvatiga putur yetkazish edi.
Amirul mo‘minin Usmon ibn Affon amalga oshirgan eng ulug‘ ishlaridan biri shuki, Qur’onni va uning qiroatini bir shaklga keltirdi.
Usmon ibn Affon zulhijja oyining yettinchi kuni, hijriy o‘ttiz beshinchi yilda shahid bo‘ldi. Shahid bo‘lganlarida sakson ikki yoshda edi. U kishi sakkiz kuni kam o‘n ikki yil xalifalikni boshqardi.
Abdulaziz Shanaviyning «Rasulullohning izdoshlari» kitobidan (Toshkent, «Movarounnahr», 2008) olindi.
Tarjimon: Ilhom Elmurodov