Anas ibn Molik milodiy 613 yilda Madinada tug‘ilgan. U Xazraj qabilasidan bo‘lmish Molik ibn Nazrning farzandi. Onasi Ummu Sulaym binti Milhon. Asl ismi ba’zi manbalarda Sahla, ba’zilarda Ramila, Maysa va Malika deb keltiriladi.
Anas (r.a.)ning otasi Molik ibn Nazr imonga kelmay o‘lib ketdi. Keyin Ummu Sulaym Abu Talha ismli sahobiyga turmushga chiqdi.
Rasululloh (s.a.v.) hijrat qilganlarida Anas o‘n yashar bola edi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Madinaga ko‘chib kelganlaridan so‘ng, shahar ahli u kishiga xizmat qilish borasida musobaqalasha boshladi. Ummu Sulaym boshqa imkoni yo‘qligi tufayli o‘g‘li Anasni u zot (s.a.v.)ning xizmatlariga baxshida etdi. Rasululloh (s.a.v.) uning taklifini qabul qildilar. Anas tunu kun u zot (a.s.) bilan birgalik baxtiga musharraf bo‘ldi. Anas Payg‘ambar (a.s.)ning barcha aytganlarini sidqidildan bajarishga urinardi. Sir saqlash kerak, deyilgan narsalarni maxfiy tutar, hatto onasiga ham aytmasdi.
Abu Bakr (r.a.) davrlarida Anas zakot to‘plash uchun mas’ul qilindi va Bahraynga jo‘natildi. Hazrat Abu Bakr vafot etganlarida u Bahraynda edi.
Umar ibn Xattob (r.a.) Anasni yonlariga – Madinaga chaqirib olib, ilmiy majlislarga taklif qildilar. Zero, hazrat Umar Anasning aqliga tan berar, fikrlarini inobatga olardilar. Madinada qolgan Anas fiqhdan dars bera boshladi. Bu orada hazrat Umar u kishini Basraga jo‘natdi, u yerda ham ta’lim berishda davom etdi. Anas hazrat Usmon ibn Affon va hazrat Ali (r.a.) davrlaridagi fitnalarga qo‘shilmay, sukut saqlash va betaraf qolishni afzal bildi.
Anas ibn Molik nihoyatda odobli, yumshoqtabiat inson, ajoyib suhbatdosh edi. U Rasululloh (s.a.v.)ni jonidan ortiq ko‘rar va buni har yerda oshkora aytardi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) vafotlaridan keyin dars berarkan, o‘sha damlarni eslaganda zavq-shavqqa to‘lib ketardi. U Rasululloh (s.a.v.)ning har bir xatti-harakatlarini eslab, o‘shanday yashashga tirishardi.
Manbalarda keltirilishicha, Anas ibn Molikning o‘n to‘rtta farzandi bo‘lgan. Uning serfarzandligi Rasulullohning (s.a.v.) duolari tufayli edi. Ummu Sulaym Anasni Payg‘ambarimiz (s.a.v.) xizmatlariga olib kelganda, u zot onaizorning ko‘nglini qoldirmay, qabul qilgan va: “Ey Alloh, uning moli, farzandini ko‘paytir va gunohlarini mag‘firat qil!” deya duo qilgandilar.
U kishining shogirdlari orasida jahonga mashhur shaxs-lar yetarlicha: Hasan Basriy, Sulaymon Tamriy, Qatoda, Muhammad ibn Sirin va Sa’id ibn Jubayr shular jumlasidan.
Anas ibn Molik (r.a.) rivoyat qilgan hadislar soni 2286 bo‘lib, bu borada Abu Hurayra va Ibn Umardan keyingi o‘rinda turadi.
Hijratdan keyin 80 yil umr ko‘rgan Anas (r.a.) hayotining so‘nggi yillarida Basraga kelib joylashdi va milodiy 709 yilda o‘sha yerda vafot etdi.
Alloh u zotdan rozi bo‘lsin!
Shoakmal Shoakbar o‘g‘li tayyorladi.
“Irfon” taqvimining 2012 yil 4-sonidan olindi.
* * *
ANAS ibn MOLIK, to‘liq ismi Anas ibn Molik ibn an-Nazr an-Najjoriy al-Xazrajiy al-Ansoriy, kunyasi Abu Sumoma (610, Madina — 712, Basra) — ansorlardan va ashobi kiromning faqihlaridan biri.
Hijratning ibtidosidan e’tiboran o‘n yil Rasuli Akram(sav)ning xizmatida bo‘lishi bilan shuhrat topgan. 2630 hadis rivoyat etgan. Abu Bakr, Umar, Usmon, Ubayy bin Ka’b va b. ko‘pgana ashoblardan rivoyat etgan, uning o‘zidan ham Hasan Basriy, Zuhriy, Qatoda, Yahyo ibn Said kabi zotlar hadis naql etganlar. Basrada eng keyin vafot etgan sahobadir.
Islom ensiklopediyasidanAnas ibn Molik r. anhuAshobi Kiromning buyuklaridan. Kunyalari Abu Hamza. Bu kunyalarini Rosulalloh s.a.v qo’yganlar. Laqablari Hodimi Rosulalloh dir. Hijratdan 10 yil oldin tug’ilganlar va hijratning 93 yili Basra yaqinidagi Tot degan joyda vafot etdilar.
Rosulalloh s.a.v Madinai Munavvaraga kelganlarida Anas r.anhu 9-10 yoshlarida edilar. Onalari Ummi Sulaym bu kishini Rosul Akram s.a.v ning oldilariga olib keldilar. Hizmatlariga olishlarini hohladilar va shunday dedilar: Yo Rosulalloh! Ansorlarning erkak va hotinlaridan sizga hadya bermagani qolmadi. Meni mana shu bolamdan boshqa hadya qiladigan narsam yo’q. O’g’limni hizmatingizga oling. Sizga hizmat qilsin. Rosul Akram s.a.v uning o’g’lini hizmatlariga oldilar. Shu kundan boshlab Anas r.anhu Sarvari Koinot Rosul Akram s.a.v ning hizmatlarini qila boshladilar. 11 yil hizmatlarini qildilar. Mana shu davr ichida Islomning to’laligicha Rosul Akramning o’zlaridan o’rgandilar.
Hz. Abu Bakr r.anhu davrlarida Bahraynda zakot to’plashga mukallaf qilindilar. Hz. Abu Bakr r.anhu vafot etgan paytda Anas r.anhu Bahraynda edilar. Keyin Madinaga qaytdilar. Hz. Umar r.anhu davrlarida Madinada fiqhdan dars berish bilan mashg’ul bo’ldilar hamda Hz. Umarning mashvarat majlislariga qatnashdilar. Yana shu davrda Tustarda Eron qo’shini bilan jangda qo’lga kiritilgan g’animatlarni va Hz Umarga jo’natilish sharti bilan taslim bo’lgan Hurmuzanni Madinaga olib kelish Anas r.anhuning zimmalariga yuklatiladi. Madinadan Basraga kelganlarida Hz. Umarning vafotlarini eshitadilar va Basrada qoladilar. Hz. Usmon r.anhu davrlarida ham Basrada qolib fiqhdan dars beradilar.
Anas ibni Molik r.anhu Rosul Akramning duolarining sharofatidan juda barakali va ko’p umr ko’radilar. 103 yoshlarida vafot etadilar.
9-10 yoshlaridan Rosul Akram s.a.v ning hizmatlarini qilishlari u zotga tafsir ilmida ham yuksak bilim olishga muyassar bo’ldilar. Hadis ilmiga ham o’ziga hos bir iz qoldirdilar. Rosul Akram s.a.v dan ba’zi bir manbalarda qayd etilishicha 2200 dan ziyod hadis rivoyat qilganlar.
* * * *
Abu Sumoma Anas ibn Molik ibn Nazr an-Najjoriy al-Xazrajiy al-Ansoriy (roziyallohu anhu) mashhur sahobiylardan. Hijratdan o‘n yil avval Madinada tug‘ilganlar. Yoshlikdayoq Islomga kirganlar va bir necha yil Payg‘ambar alayhissalomga sidqidildan xizmat qilganlar. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) uzoq umr ko‘rishi va serfarzand bo‘lishini tilab duo qilganlar. Badrdan tashqari barcha g‘azotlarda Payg‘ambarimiz bilan qatnashganlar. Islomning ulug‘ faqih va muhaddislaridan. Rasuli akramdan 2286 ta hadis rivoyat qilganlar. Shundan 168 tasini ham Buxoriy, ham Muslim keltirishgan. 83 tasini yolg‘iz Buxoriy, 71 tasini faqat Muslim keltirgan, 1964 tasi boshqa hadis kitoblarida mavjud. Rasululloh vafotlaridan so‘ng avval Damashqda, keyin Basrada yashadilar. Abu Hurayra (roziyallohu anhu): «Anas ibn Molikdan boshqa Nabiy alayhissalomning namozlariga o‘xshash namoz o‘qiydigan biror kishini ko‘rmadim», deganlar. Hijriy 93 (milodiy 712) yili bir yuz uch yoshda Basrada vafot etdilar. Basrada vafot qilgan oxirgi sahobiy bo‘ldilar.
Anas ibn Molik Ibn Nazr Ansoriy Xazrajiy an-Najjoriyning kunyalari Abu Hamza, onalari mashhur sahobiya Ummu Sulaym binti Milhon roziyallohu anho bo‘lgan. Anas ibn Molik roziyallohu anhuning otalari Molik ibn Nazr mushrik holida iymon keltirmay o‘lib ketgan edi. Uning qanday odam bo‘lganini quyidagi voqeadan bilib olsak ham bo‘ladi: «Ummu Sulaym roziyallohu anho Abu Anasning oldiga kelib: «Bugun sen yomon ko‘rgan narsa bilan keldim», dedi. «Sen doimo oldimga anavi a’robiyning oldidan men yomon ko‘rgan narsani olib kelaverasan!» dedi Abu Anas. «U a’robiy edi. Lekin Alloh uni tanlab olib, ixtiyor qilib, payg‘ambar qildi». «Keltirgan narsang nima?» dedi er. «Aroq harom qilindi», dedi xotini. «Bu sen bilan mening ajrashishimiz», dedi. So‘ngra mushrik holida o‘lib ketdi».
Keyin Anas ibn Molik roziyallohu anhuning onalari Abu Tolha roziyallohu anhuga turmushga chiqdilar. Eru xotin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xizmatlarida hoziru nozir edilar. Ular Anas ibn Molik roziyallohu anhuni ham Nabiy sollallohu alayhi vasallamning xizmatlariga tutishdi. U kishining onalari Ummu Sulaym roziyallohu anho ham, o‘gay otalari Abu Tolha roziyallohu anhu ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning xizmatlarini qilishga o‘ta berilgan edilar.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Onam meni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib bordi. U meni o‘z ro‘moli bilan o‘rab yarmini menga izor, yarmini rido qilgan edi. U: «Ey Allohning Rasuli, mana bu Anascha, mening o‘g‘lim, uni sizga xizmat qilsin deb olib keldim. Uning haqqiga Allohga duo qiling», dedi. Shunda u zot: ««Ey Allohim! Uning molini va bolasini ko‘p qilgin!» dedilar». Anas aytadi: «Allohga qasamki, shubhasiz, mening molim ko‘pdir va bugun bolalarimning va bolalarimning bolalarining adadi yuzdan ortadi» (Imom Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan).
Imom Buxoriy va boshqalar Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Ma¬dinaga kelganlarida Abu Tolha mening qo‘limdan ushlab, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib bordi va: «Ey Allohning Rasuli, albatta, Anas juda xush¬yor bola, sizga xizmat qilsin», dedi. U zotga safarda ham, hazarda ham o‘n yil xizmat qildim».
O‘sha paytda Anas ibn Molik roziyallohu anhuning yoshlari o‘nda edi. Mana shu kundan boshlab, u kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bo‘ldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Anas ibn Molikka bo‘lgan muomalalari xo‘jayinning xizmatchisiga qilgan muomalasidek bo‘lmay, balki otaning bolasiga qilgan muomalasidek edi. Anasning o‘zlari aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror qilgan ishimni nimaga bunday qilding yoki buyurgan ishimni nega qilmading, deb so‘ramas edilar. Balki «Alloh xohlagani bo‘ladi, xohlamagani bo‘lmaydi», der edilar».
Anas ibn Molik roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ixlos bilan xizmat qildilar. U kishi xizmatni vazifa deb emas, sharaf deb bilar edilar. Shuning uchun ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qanday xizmatlari bo‘lsa, jonu dil bilan bajarar edilar. Mana shu e’tibordan u kishi sahobai kiromlar ichida “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xodimi” laqabini oldilar.
Anas ibn Molik roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ko‘pgina xizmatlarini aytmaslaridan oldin anglab, bajo keltirar edilar. U zot biror joyga kirib o‘tirib qolsalar, Anas ibn Molik roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning kavushlarini qo‘yinlariga solib, ostonada o‘tirar edilar. Bunga o‘xshash fidokorlik misollari hadsiz-hisobsiz bo‘lgani uchun bir-ikkita misol keltirish bilan kifoyalanamiz.
Imom Buxoriy va boshqalar Anas roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: «Qachon Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qazoi hojatga chiqsalar, men va bir bola ikkovimiz o‘zimiz bilan suvli meshchani olib kelar edik», dedi. Ya’ni, istinjo qilishlari uchun».
Imom Buxoriy va boshqalar Anas roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Xaybar bilan Madina orasida uch kun turib, o‘zlari bilan Sofiya binti Huyayning nikoh valiymasini qildilar. Men musulmonlarni valiymaga da’vat qilib keldim. Unda non ham, go‘sht ham yo‘q edi. U zot teri dasturxonlarni yozishga amr qildilar. Ularning ustiga xurmo, qurt va sariyog‘ tashlandi. U zotning valiymalari shundan iborat edi. Musulmonlar: «Mo‘minlarning onalaridan birimikan yoki u zotning qo‘llariga mulk bo‘lib tushdimikan?» deyishdi. So‘ngra: «Agar uni hijobga amr qilsalar mo‘minlarning onalaridan bo‘lur. Bo‘lmasa, qo‘llariga mulk bo‘lganlardan bo‘lur», dedilar. Shunda jo‘naganlarida o‘z ortlaridan joy tayyorlab berdilar va u bilan odamlar orasiga hijob tortdilar». Bu rivoyatdan Anas ibn Molik roziyallohu anhu tahoratga suv berish va shunga o‘xshash kichik xizmatlarnigina emas, to‘yga aytishga o‘xshash katta xizmatlarni ham bajarishlari kelib chiqadi. Gohida xizmat uncha-muncha odamga ishonib bo‘lmaydigan o‘ta muhim topshiriqqa aylanib ham ketar edi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Men bolalar bilan o‘ynayotgan edim. Oldimga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelib, bizga salom berdilar. So‘ngra u zot meni o‘z hojatlari bo‘yicha yubordilar. Men onamning oldiga borishga kech qoldim. Uning oldiga borgan chog‘imda: «Nega ushlanib qolding?» dedi. «Meni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z hojatlari bo‘yicha yubordilar», dedim. «U zotning hojatlari nima ekan?» dedi. «Bu sir», dedim. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sirlarini hech kimga aytmagin», dedi. Anas: «Allohga qasamki, agar uni birovga aytadigan bo‘lsam, albatta, senga aytar edim, ey Sobit», dedi» (Imom Muslim rivoyati).
Albatta, Anas ibn Molik roziyallohu anhu uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning doimiy xodimlari bo‘lish katta baxt va qulay fursat edi. U kishi xizmat sababidan Nabiy sollallohu alayhi vasallam dorulfununlarining zakiy talabasiga ham aylangan edilar. Anas ibn Molik roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo‘ladigan har lahzalari misli yo‘q dars edi. Shu bilan birga, Nabiy sollallohu alayhi vasallam kezi kelganda Anas ibn Molik roziyallohu anhuning o‘zlariga alohida nasihatlar ham qilib turar edilar.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Ey bolam, agar ertayu kech birovga nisbatan qalbingda g‘illu g‘ash bo‘lmasligiga qodir bo‘lsang, shuni qil», dedilar. So‘ngra yana: «Ey bolam, ana shu mening Sunnatimdir. Kim mening Sunnatimni tiriltirsa, batahqiq, menga muhabbat qilgan bo‘ladi. Kim menga muhabbat qilgan bo‘lsa, men bilan birga jannatda bo‘ladi», dedilar. Demak, har bir musulmon birovga nisbatan yomonlikni sog‘inmasligi, hech kimga nisbatan qalbida g‘illu g‘ash saqlamasligi kerak. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlariga amal qilish, bu Sunnatni mahkam ushlash ana shunday oliy maqomga erishtiradi.
Imom Termiziy Anas roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga: «Ey bolagina, namozda alanglashdan saqlangin. Albatta, u halokatdir. Agar, hech imkoni bo‘lmasa, naflda mayli, ammo farzda emas», degan ekanlar». Ushbu hadisdan alanglash nafl namozda bir oz yengil sanalsa ham, farzda mutlaqo mumkin emasligini tushunib olamiz.
Imom Buxoriy va boshqalar Ibbon ibn Abu Affosh roziyallohu anhudan rivoyat qilishlaricha, Anas roziyallohu anhu quyidagilarni aytganlar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga: «Ey Allohning Rasuli, meni duosi qabul bo‘ladiganlardan qilib qo‘ying», dedim. «Ey Anas, kasbingni pok qilgin, duoing qabul bo‘lur. Chunki bir odam og‘ziga bir luqma haromni solsa, qirq kungacha duosi ijobat bo‘lmas», dedilar u zot». Oxirzamon Payg‘ambari, Habibi Robbil olamin, Muhammad al-Amin sollallohu alayhi vasallamning ushbu javoblari umumiy qoida bo‘lib qoldi. Qaysi zamon, qaysi makonda bo‘lishidan qat’i nazar, har bir mo‘min-musulmon duoim qabul bo‘lsin, desa, halol-pok kasb qilsin, yeydigan luqmasini halol-pok qilsin. Ana o‘shandagina duosi qabul bo‘ladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan doimiy ravishda birga bo‘lganlari uchun u zotning mo‘‘jizalarining ko‘plarini ko‘rganlar. Ba’zi bir mo‘‘jizalarning sodir bo‘lishiga Anas ibn Molik roziyallohu anhuning o‘zlari sababchi ham bo‘lganlar. Ba’zilarini esa, faqat u kishining o‘zlarigina ko‘rganlar. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Anas ibn Molik roziyallohu anhu mo‘‘jizalar haqidagi rivoyatlarning ko‘p qismini o‘zlari qilganlari guvohi bo‘lamiz.
Suv yetishmay qolgan paytda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning mo‘‘jizalari ila ozgina suv ko‘payib ketgani bir necha bor takrorlangan. Hudaybiyya hodisasida ham bir joyga to‘planib qolgan ozgina ko‘lmak suvga kamon o‘qini suqib qo‘yganlarida hamma askarning ichishiga, tahorat qilishiga, ulovlarning sug‘orilishiga va idishlarni to‘latib olishlariga yetib ortadigan miqdorda suv otilib chiqqan. Albatta, bu narsa Payg‘ambar alayhissalomning o‘zlariga xos. Payg‘ambarlardan boshqa hech kimga mo‘‘jiza berilmaydi.
Imom Buxoriy va boshqalar Anas roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: «Abu Tolha Ummu Sulaymga: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ovozlari zaifligini eshitdim. U zotning och ekanlarini bilaman. Senda biror narsa bormi?» dedi. U: «Ha», dedi-da, bir necha arpa noni olib chiqdi. Keyin ro‘molini olib chiqib, uning bir tarafiga nonni o‘radi. So‘ngra uni qo‘ltig‘imga qistira turib, u(ro‘mol)ning bir qismi bilan meni o‘radi. Keyin meni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga yubordi. Borib, u zotni masjiddan topdim. U zot bilan boshqa odamlar ham bor edi. Men ularning tepalariga borib, indamay turaverdim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: «Seni Abu Tolha yubordimi?» dedilar. «Ha», dedim. «Taom bilanmi?» dedilar. «Ha», dedim.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari bilan birga bo‘lganlarga: «Turinglar», dedilar-da, yurib qoldilar, men ham oldilariga tushib olib, yurib ketaverdim. Abu Tolhaning oldiga borib xabarni aytdim. Abu Tolha: «Ey Ummu Sulaym! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarni olib keldilar. Bizning esa, ularga beradigan taomimiz yo‘q-ku!» dedi. «Alloh va Uning Rasuli biluvchiroq», dedi Ummu Sulaym. Abu Tolha Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga borib, u zotni boshlab keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Ummu Sulaym, o‘zingda borini olib kel», dedilar. Ummu Sulaym haligi nonlarni olib keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam amr qildilar, ular sindirildi. Ummu Sulaym yog‘ meshini siqib ichidagi bor narsani chiqardi. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga qarab, Alloh xohlagan narsalarni aytdilar. Keyin: «O‘ntaga izn ber», dedilar. Ularga izn berdi. Ular to‘ygunlaricha yeb, keyin chiqdilar. So‘ng u zot: «O‘ntaga izn ber», dedilar. Ularga izn berdi. Ular to‘ygunlaricha yeb, keyin chiqdilar. So‘ng u zot: «O‘ntaga izn ber», dedilar. Ularga izn berdi. Ular to‘ygunlaricha yeb, keyin chiqdilar. So‘ng u zot: «O‘ntaga izn ber», dedilar. Ularga izn berdi. Oxiri qavmning hammasi to‘yguncha yedi. Qavm yetmish yoki sakson kishi edi».
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘tib ketayotgan edilar, onam Ummu Sulaym u zotning ovozlarini eshitib qolib: «Ey Allohning Rasuli, mana bu Anascha», dedi. Shunda u zot menga uch duo qildilar. Men bu dunyo¬da ulardan ikkitasini ko‘rdim. Uchinchisini esa, oxiratda ko‘rishni umid qilaman» (Imom Muslim va Termiziy rivoyati).
O‘sha uch duo qanday duolar ekanini quyidagi rivoyatdan bilib olamiz: Sayyor ibn Rabiy’adan rivoyat qilinadi: «Anas ibn Molik aytadilarki, bir kuni onam bilan birga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga bordik. Onam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: «Xodimingizning haqqiga duo qiling», deganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Alloh, buni molu dunyosini ko‘p qilib, umrini uzoq qilgin va gunohlarini mag‘firat aylagin», dedilar». Ushbu nabaviy duo ijobat bo‘lib, Anas ibn Molik roziyallohu anhuning molu dunyolari ko‘p bo‘lgan, umrlari uzoq bo‘lgan va Alloh taolo u kishini mag‘firat qilishidan umidvor bo‘lganlar.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiyulloh sollallohu alayhi vasallam menga bir sir aytdilar. Men uni hozirgacha bir kimga aytganim yo‘q» (Imom Muslim rivoyati). Albatta, sir eng yaqin odamga aytiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Anas ibn Molik roziyallohu anhuga sir aytishlari yaqinlik alomatidir.
Imom Buxoriy va boshqalar Anas roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Ummu Sulaymning uyida namoz o‘qidilar. Men va bir yetim bola u zotning orqalarida turdik. Ummu Sulaym esa, bizning orqamizda turdi». Ummu Sulaym hazrati Anas roziyallohu anhuning onalari. Yetim bola esa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ozod qilgan qullari Abu Zumayraning o‘g‘li edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan faqat uch kishining namoz o‘qishi, ulardan biri Anas ibn Molik roziyallohu anhu bo‘lishi u kishining Nabiy sollallohu alayhi vasallamga qanchalar yaqin ekanlarining dalilidir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Anas ibn Molik roziyallohu anhuni o‘zlariga yaqin olganlaridan gohida u kishiga hazil-mutoyiba ham qilib turar edilar. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Gohida Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga: ey ikki quloq egasi, der edilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Anas ibn Molik roziyallohu anhu doimiy ravishda Nabiy sollallohu alayhi vasallamga sodiq qoldilar. Hatto u zot Rafiqi A’loga intiqol qilganlaridan keyin ham bu sodiqlik davom etdi. Sobit al-Bunoniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Anas ibn Molik menga: “Ey Sobit, mendan olib qol. Albatta, sen mendan ko‘ra ishonchliroq biror kishini topa olmaysan. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan olganman, u zot Jabroildan olganlar. Jabroil esa, Alloh taolodan olgan», dedi» (Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Ushbu rivoyatdan hazrati Anas ibn Molik roziyallohu anhuning Nabiy sollallohu alayhi vasallamga qanchalar sodiq ekanlari va ilmiy odobga qanchalar rioya qilishlari ko‘rinib turibdi. U kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning xizmatlarida o‘n yil bardavom turgan, sahobai kiromlar ichida eng ko‘p hadis biladiganlardan edilar. Zehnlari o‘tkir, muhofazalari kuchli edi. Shunday bo‘lsa ham Payg‘ambarimiz aytmagan biror og‘iz so‘zni aytib qo‘yib, gunohkor bo‘lib qolmay, u zot sollallohu alayhi vasallamning: «Kim menga yolg‘onini qasd qilsa, do‘zaxdagi o‘rindig‘ini olaversin», degan hadislari taxtiga doxil bo‘lib qolmay, deb o‘zlarini ko‘p hadis aytishdan tiyib turganlar. Anas ibn Molik hammasi bo‘lib, 2286 ta hadis rivoyat qilib, Abu Hurayra va Ibn Umarlardan keyingi o‘rinni egalladilar. Bu zotdan Ibn Siyrin, Sobit al-Bunoniy, Qatoda, Hasan Basriy, Zuhriy va boshqalar rivoyat qilishgan.
Anas ibn Molik roziyallohu anhuning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqinliklari, xizmatlari, sadoqatlari va o‘zlaridagi ilmga bo‘lgan tashnalik va ixloslari hamda boshqa omillar u kishini ilm dengiziga aylantirgan edi. Anas ibn Molik roziyallohu anhu qaerda bo‘lsalar, o‘sha yerda ilm suhbati, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari va boshqa narsalardan savollar bo‘lib turar edi.
Imom Buxoriy va boshqalar rivoyat qilishadi: «Anas roziyallohu anhuga: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bomdod namozida «Qunut» o‘qiganlarmi?» deyilganda: «Ha, ruku’dan keyin, bir oz muddat», deganlar. Boshqa bir rivoyatda: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ruku’dan keyin bir oy «Qunut» o‘qiganlar. Qorilarning qotillari ziddiga duo qilganlar», deyilgan». Anas roziyallohu anhu avvalgi rivoyatda «bir muddat» deganlarida aynan ushbu ikkinchi rivoyatdagi bir oy muddatni ko‘zda tutganlar. Bu rivoyatda zikri kelgan Qunut o‘qish ma’lum sababga ko‘ra bo‘lgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Bani Salama qabilasiga yetmishta qoridan iborat bir jangchi guruhini yuborganlarida, qabiladagilar xiyonat va aldamchilik yo‘li bilan haligi qorilarning hammasini yo‘lda qatl qilishgan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qorilarning qatl etilganiga qattiq xafa bo‘lganlar va ularning qotillari ziddiga bomdod namozida bir oy duoibad qilganlar. Anas ibn Molik roziyallohu anhu bu javoblari bilan kishilarning «Bomdodda nimaga duoi Qunut o‘qilgan ekan?» degan savollariga qoniqarli javob berganlar.
Imom Muslim, Abu Dovud va Ahmadlar Yah’yo ibn Yazid al-Hunoniy roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: «Anas ibn Molik roziyallohu anhudan namozni qasr qilish haqida so‘radim. Shunda u kishi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qachon uch millik yoki uch farsaxlik yo‘lga chiqsalar, namozni ikki rakat o‘qir edilar», dedilar».
Termiziy, Abu Dovud va Ahmadlar Abu G‘olib roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: «Anas ibn Molik bilan bir er kishiga janoza o‘qidim, u uning bosh tomonida turdi. So‘ngra qurayshlik bir ayolning janozasini olib keldilar. «Ey Abu Hamza, bu(ayol)ga janoza o‘qing», deyishdi. Shunda u tobutning o‘rtasiga turdi. Shunda unga al-A’lo ibn Ziyod: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning janozada bu(ayol)da turgan maqomingda va er kishida ham sen turgan maqomda turganlarini ko‘rganmisan?» dedi. «Ha», dedi Anas ibn Molik va forig‘ bo‘lgandan so‘ng: «Yodlab olinglar», dedi. Ikki janoza namozda ishtirok etgan kishilar buyuk sahobiy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan er kishining janozasini o‘qiganda bosh tomonida turishi, ayol kishining janozasini o‘qiganda o‘rtasida turishi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ekanligini so‘rab olishlari ilm¬ni mustahkamlab, aniqlab olishning bir turidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Zaynab binti Jahsh roziyallohu anhuga uylanganlarida valiymani nikoh kechasining ertasiga qilganlar. Bu uylanish hodisasidagi eng mashhur voqealardan biri – hijob oyatining nozil bo‘lishi edi. O‘sha mashhur voqeada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga u kishiga ixlos bilan xizmat qilib yuradigan yosh sahobiy Anas ibn Molik roziyallohu anhu ham birga ishtirok etgan edilar. Shuning uchun ham bu masalada biror savol chiqsa hazrati Anas roziyallohu anhuga murojaat qilish odat bo‘lib qolgan edi. Hatto Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu kabi qori va ulug‘ sahobiylar ham hijob oyati haqida hazrati Anas roziyallohu anhudan so‘rashar edi.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Anasni Bahraynga yuborish haqida hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan maslahat so‘radilar. Hazrati Umar Anas roziyallohu anhuning taqvolarini va uzoq vaqt Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yashaganlarini e’tiborga olib, «U oqil yigitlardan edi», deb maqtadilar. Anas ibn Molik roziyallohu anhu birinchi xalifa amri ila Bahraynga ishga ketdilar va u yerda o‘z vazifalarini qoyillatib bajardilar. Abu Bakr roziyallohu anhu Anas ibn Molik roziyallohu anhuga maktub yozib ba’zi ishlarni qanday bajarilishi lozimligini tushuntirib turar edilar. Imom Buxoriy va boshqalar Anas roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: «Abu Bakr roziyallohu anhu u kishiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam farz qilgan (zakot) narsa haqida yozgan maktubida: «Sadaqadan qo‘rqib ayri-ayrini jam qilinmaydi va jam bo‘lib turganni ayrib tashlanmaydi. Ikki aralashtirgan kishi o‘zaro hisob qilib olishadi», deyilgan edi.
Ibn Sa’d rahmatullohi alayhi Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: «Meni Abu Bakr roziyallohu anhu zakotga omil qildi. Abu Bakr vafot qilganidan keyin keldim. Shunda Umar roziyallohu anhu menga: «Ey Anas! Ulov keltirdingmi?» dedi. «Ha», dedim. «Bizga ulov olib kelibsan. Mol seniki bo‘lsin», dedi. «U juda ham ko‘p!» dedim. «Ko‘p bo‘lsa ham seniki!» dedi u. O‘sha mol to‘rt ming edi. Madina ahlining eng boy odamiga aylanib qoldim».
Keyinroq Anas ibn Molik roziyallohu anhu Forsni fath qilish uchun olib borilgan urushda faol qatnashdilar. Fathlar tamom bo‘lgandan keyin podshoh Hurmuzon bilan hazrati Umar roziyallohu anhuning oldilariga boradigan hay’at tuzildi. Ularning ichida Anas ibn Molik roziyallohu anhu va Ahnaf ibn Qayslar ham bor edi.
Imom Bayhaqiy va Abdurrazzoqlar Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Abu Muso roziyallohu anhu meni Tistir fathi xushxabari ila Umar roziyallohu anhuga yubordi. Bakr ibn Voildan olti kishi Islomdan murtad bo‘lib, mushriklarga qo‘shilib ketgan edi. Umar mendan o‘shalar haqida so‘rab: «Bakr ibn Voillik haligi odamlar nima qildi?» dedi. Men: «Ey mo‘minlarning amiri, ular Islomdan murtad bo‘lib, mushriklarga qo‘shilib ketdi. Ularni o‘ldirishdan boshqa yo‘l yo‘q», dedim. Umar: «Men ularni tinchlik bilan olmog‘im men uchun ustidan quyosh chiqib turgan oqu sariq barcha narsadan ko‘ra mahbubroq», dedi. Men: «Ey mo‘minlarning amiri, agar ularni olsangiz nima qilar edingiz?» dedim. Umar: «Ular o‘zlari chiqqan eshikni qayta kirishlari uchun ko‘rsatgan bo‘lar edim. Agar shuni qilishsa, ulardan qabul qilar edim. Bo‘lmasa, qamab qo‘yar edim», dedi».
Ibn Sa’d Samoma ibn Abdullohdan rivoyat qiladilar: «Yoz chog‘i Anas ibn Molik roziyallohu anhuning huzuriga bog‘ining bog‘boni kelib, qurg‘oqchilikdan shikoyat qildi. Shunda u suv so‘rab, tahorat qildi va namoz o‘qidi. So‘ngra u: «Biror narsa ko‘ryapsanmi?» deb so‘radi. «Hech narsa ko‘rmayapman», dedi. U kirib yana namoz o‘qidi. Uchinchi yoki to‘rtinchi martasida: «Nazar sol!» dedi. «Qushning qanotiga o‘xshagan bulutni ko‘rmoqdaman», dedi. U namoz o‘qib, duo qilishda davom etdi. Oxiri bog‘bon kirib: «Osmon to‘g‘rilandi. Yomg‘ir yog‘moqda!» dedi. «Bishr ibn Shag‘of yuborgan otni minib, yomg‘ir qaerga yetganiga nazar solib kel», dedi. U otni minib, nazar soldi. Qarasa, yomg‘ir G‘azbonning qasridan nariga o‘tmagan ekan».
Namozni chin ixlos, xushu’ va xuzu’ bilan o‘qishda ham Anas ibn Molikka yetadigan sahobiy kam bo‘lgan. Abu Hurayra roziyallohu anhu: «Anas ibn Molikdan boshqa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozlariga o‘xshash namoz o‘qiydigan biror-bir kishini ko‘rmadim», deydilar. Sumoma ibn Abdulloh: «Anas ibn Molik namozda qiyomni uzoq qilar edilar, hatto oyoqlaridan qon chiqib ketardi», deydilar.
Anas roziyallohu anhu hayotlarining oxirida Basraga ko‘chib o‘tdilar va o‘sha yerda hijratning 93-yilida vafot etdilar. U zotni Muhammad ibn Siyrin yuvib, Qatoda ibn Mudrik janozalarini o‘qidilar. Anas ibn Molikda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qolgan hassacha bo‘lib, vasiyatlariga binoan, vafotlaridan keyin u kishi bilan birga ko‘mildi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf.
Manbalar: 1) Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Hadis va Hayot”, Toshkent, “Sharq”, 2009, 26-juz; 2) Ibn Javziy. “Sifatus-Savfa”; 3) Ahmad ibn Hallikon. “Vafiyatul ahyan fi anbai abnaiz-zaman”, Qohira, “Matbaatul-maymuna”, h. 1310; 4) Abul Hasan Ali Hasaniy an-Nadaviy. “Rijolul Fikri vad-da’vati fil Islami”, Bayrut, “Doru Ibni Kasir”, 1999; 5) Kandehlaviy. “Hayotus-sahoba”; 6) Shoh Valiyulloh Dehlaviy. “Hujjatullohil balig‘a”, Lohur, “Maktabatus- salafiyya”; 7) Belazuriy. “Futuhul Buldon”; 8) Muhammad ibn Abu Bakr Roziy. «Muxtarus sihah», Qohira, “Hay’al misriyatul ammatu lil kitab”, 1976; 9) Bahnasoviy. «Xilofatu val xulafaur Roshidiyn»; 10) Ibn Hishom. «As-Siyra an-Nabaviyya»; 11) Ibn Sa’d. «At-Tobaqotul-kubro»; 12) Ibn Hajar. «Al-Isoba fi Tamyizis-sahoba».
Siyrat.uz