Ilon Mask aslida kim yohud hayolotga berilgan biznesmen
SpaceX va Tesla bosh direktori, The Boring Company asoschisi va OpenAI hammuassisi — aftidan Mask hamma joyda ulguradigan koʼrinadi. U kosmik raketalar, elektromobillar va quyosh batareyalari qurshovida, qotil-robotlarni tadqiq qiladi — va bu ishlar orasida milliardlab pul topishning uddasidan chiqadi. Shunday boʼlsa-da, Mask bu darajaga osonlik bilan erishmagan. Qanday qilib maktabda koʼpchilik ustidan kulgan bola bunday ishbilarmonga, keyin esa xuddi ilmiy-fantastik roman sahifalaridan hayotga koʼchgan ikki yirik kompaniya rahbariga aylandi — va bu yoʼlda tanazzulga uchramadi? BusinnessInsider shu haqidagi maʼlumotlari bilan boʼlishdi.
Ilon Mask 1971 yilning 28 iyunida Pretoriya (JАR)da dunyoga kelgan. Otasining soʼzlariga koʼra, Mask «doim oʼychan introvert boʼlgan».
«Boshqa bola boʼlganida doʼstlari bilan ziyofatga borib, vaqtini chogʼ oʼtkazishi mumkin edi, Ilon esa hatto ziyofatga borib qolgan taqdirda ham, darhol kutubxonani topib, kitoblar olamiga shoʼngʼib oʼtirardi», — deydi Maskning otasi, muhandis Errol Mask.
Maskning onasi — professional parhezshunos va model. Maye Mask Kanadada tugʼilgan. Special K nonushtalari qutilari va hatto Time jurnali muqovasida uning suratlarini koʼrishingiz mumkin.
1979 yilda ota-onasi ajrashib ketgach, 9 yoshli Ilon va uning ukasi Kimbal otasi bilan yashashga qaror qilishdi.
1983 yilda, 12 yoshida Mask «Blastar» nomli oddiy oʼyinni yozib, uni kompyuter jurnaliga 500 dollarga sotgan.
Oʼzining aytishicha, oʼyin «u qadar ahamiyatli boʼlmagan… ammo Flappy Bird dan yaxshiroq boʼlgan»
Biroq maktabda unga oson boʼlmagan — bir kuni tengdoshlari uni shu darajada kaltaklashganki, uni hatto shifoxonaga joylashtirishga toʼgʼri kelgan.
Eshli Vens «Ilon Mask: Tesla, SpaceX va fantastik kelajak sari» kitobida yozishicha, bezorilar Maskni zinadan pastga tashlab, hushini yoʼqotgunicha kaltaklashgan.
Oʼrta maktabni tugatgandan soʼng Mask Kanadaga yoʼl olgan va ikki yil Ontarioda, Kingston Qirollik universitetida tahsil olgan.
Mask Kanadaga onasi, singlisi Toska va ukasi Kimbal bilan koʼchib oʼtgan.
Biroq u oʼqishni Pensilvaniya Universitetida tugallagan va u yerda biryoʼla ikki (fizika va iqtisodiyot boʼyicha) diplomni qoʼlga kiritgan.
Pensilvaniya Universitetida oʼqish davomida Mask sinfdoshi Аdeo Ressi bilan talabalar kommunasi binosini tungi klub uchun ijaraga berishgan.
Bu Maskning ilk biznes-tajribalaridan biri edi.
Shundan soʼng Mask doktorlik darajasiga erishish maqsadida Stenford universitetiga yoʼl olgan, biroq tezda oʼqishni tashlab ketgan.
U oʼqishning ikkinchi kunidan keyin universitetni tark etishga qaror qilgan, buning oʼrniga endigina tanilib borayotgan dotkomlar bumida omadini sinab koʼrishga chogʼlangan. U Stenfordga qaytmadi.
Ilon ukasi Kimbal bilan Zip2 kompaniyasiga asos solgan.
Otasi Nyu-York Times va Chicago Tribune kabi gazetalar uchun shaharlar boʼyicha koʼrsatmalar beruvchi saytni ishga tushirish uchun oʼgʼillariga 28 ming dollar bergan.
Mask Zip2 ustida ishlagan vaqtida deyarli idorada yashagan va YMCA mahalliy yoshlar tashkiloti binosida dush qabul qilgan.
Biroq Compaq kompaniyasi Zip2 ni 341 million dollarga sotib olganidan keyin barcha harakatlar oʼzini oqlagan. Bitim Maskka 21 million keltirgan.
Soʼngra Mask X.com onlayn-toʼlovlar tizimiga asos solgan.
1999 yilda u Zip2 sotuvidan tushgan pulning deyarli yarmidan foydalanib, loyihani ishga tushirgan. Taxminan bir yildan keyin X.com Piter Tilning Confinity moliyaviy startapi bilan birlashdi — shu tariqa PayPal dunyoga keldi.
Mask PayPal ning bosh direktori boʼlgan, lekin boshqaruv boshida uzoq qolmadi.
2000 yilning oktabrida u PayPal hammuassislarini kompaniya serverlarini Microsoft Windows dagi bepul Unix operatsion tizimiga oʼtkazishga ishontirishga harakat qilgan, biroq texnik direktor tomonidan qatʼiy qarshilikka yoʼliqqan.
Mask Аvstraliyaga mehnat taʼtiliga ketgan vaqtida direktorlar kengashi uni ishdan boʼshatgan va Tilni yangi bosh direktor etib tayinlagan.
«Mehnat taʼtili qimmatga tushgan», — deydi Mask koʼp yillardan keyin 2000 yilgi sayohatini yodga olar ekan.
Biroq Mask uchun barchasi xayrli yakun topdi: 2002 yilning oxirida eBay kompaniyani 1,5 milliard dollarga sotib olgan va shartnoma unga anchagina foyda keltirgan.
U PayPal ning eng yirik aksiyadori sifatida 165 million dollar ishlab olgan.
Mask PayPal sotuviga qadar ham yangi loyihalar haqida orzu qilgan, sichqonlar yoki oʼsimliklarni Marsga chiqarish rejasi ham shular qatorida boʼlgan.
Ilmiy fantastikaning ashaddiy muxlisi boʼlgan Mask hatto isteʼmoldan chiqarilgan sovet raketalarini sotib olishga harakat ham qilgan. Biroq Rossiya tomon har bir raketa uchun 8 million dollar soʼragan va Mask shaxsiy raketani qurish arzonroqqa tushishiga ishonch hosil qilgan.
2002 yilning boshida Mask bugungi kunda Space Exploration Technologies yoki SpaceX nomi bilan mashhur kompaniyaga asos soldi.
Maskning maqsadlari katta boʼlgan: kosmik parvozlarni oʼn karra arzonlashtirish.
SpaceX ning ilk kosmik qurilmalari «Yulduzlar jangi»dagi kosmik kema sharafiga «Ming yillik lochin» deya nomlangan.
Аlbatta, gap Falcon 1 va 9 raketalari haqida bormoqda.
Boshqa bir qurilma «Puff the Magic Dragon» qoʼshigʼi sharafiga nomlangan.
Kosmik kema nomi — Dragon — SpaceX hech qachon raketalarini kosmosga uchira olmasligini taʼkidlagan tanqidchilarga javobdek goʼyo.
SpaceX ning uzoq muddatli maqsadi — Marsni egallash.
SpaceX transport va yoʼlovchi kemalari Marsga muntazam reyslarni boshlamagunga qadar IPO ga ariza bermaydi, degan Mask.
Shunday boʼlsa-da, Maskning Yerda ham ishlari talaygina, ayniqsa uning boshqa bir kompaniyasi — Tesla da.
Kompaniyaga 2003 yilning iyulida Martin Eberxard tomonidan asos solingan, 2004 yilda esa Mask birinchi marta korxonaga sarmoya kiritgan. Bugungi kunda Tesla dagi investitsiyalarning umumiy hajmi taxminan 70 million dollarni tashkil qiladi.
Mask Tesla da faol ishtirok eta boshladi, hozir u kompaniyaning hammuassislaridan biri hisoblanadi. Tesla uning ishtirokida oʼzining birinchi avtomobili — Roadster ni ishlab chiqardi.
2006 yilda, elektron Roadster sotuvga chiqqan vaqtda Mask Tesla direktorlar kengashining raisi boʼlgan. Hozir u — kompaniyaning bosh direktori.
Mask shu bilangina qoniqib qolmadi, tez orada u navbatdagi gʼoyani ilgari surdi: quyosh energetikasini rivojlantirishga yoʼnaltirilgan SolarCity loyihasi.
2006 yilda Mask oʼzining qarindoshlari — aka-uka Piter va Lindon Rivlarga boshlangʼich kapital taqdim etib, bu gʼoyani hayotga tadbiq etishni taklif qildi.
Bu vaqtda esa Tesla da ishlar u qadar silliq kechmayotgan edi.
Eberxard bosh direktor lavozimini egallagan bir paytda kompaniya ishlab topayotganidan-da koʼproq pul sarflardi. 2007 yilda Mask «toʼntaruv» tashkillashtirgan — dastlab Eberxard ni bosh direktor lavozimidan ozod qilgan, keyin esa uni direktorlar kengashi va kompaniyaning boshqaruv tarkibidan chiqarib yuborgan.
2008 yilda, inqiroz moliyalashtirish imkoniyatlarini jiddiy chegaralab qoʼyganida, Maskning shaxsan oʼzi kompaniyani bankrotlikdan qutqarib qolgan.
Mask Tesla ga 40 million dollar investitsiya kiritgan va kompaniyaga xuddi shu summada kredit taqdim etgan. Shu yilning oʼzidayoq u kompaniyaning bosh direktori etib tayinlangan.
Mask SpaceX, Tesla va SolarCity kompaniyalari oʼrtasida sarson boʼlgan.
Maskning soʼzlariga koʼra, 2008 yil uning hayotidagi eng ogʼir yil boʼlgan. Tesla pullarini yoʼqotishda davom etardi, SpaceX da esa Falcon 1 parvozi bilan bogʼliq muammolar paydo boʼlgan. 2009 yilga borib Mask deyarli qarzga botgan.
Boz ustiga, deyarli shu vaqtda Mask turmush oʼrtogʼi bilan ajrashgan.
Maskning sobiq turmush oʼrtogʼi — kanadalik yozuvchi Jastin Mask olti oʼgʼilni dunyoga keltirgan.
Tez orada Maskni ikki yaxshi yangilik kutardi.
SpaceX kompaniyasi NАSА bilan 1,5 milliard dollarlik shartnomani imzolagan, Tesla esa nihoyat tashqi investorlarni jalb qilishga muvaffaq boʼlgan.
2010 yilga borib barchasi jiddiy oʼzgardi, iyunь oyida Tesla muvaffaqiyatli IPO oʼtkazgan.
Kompaniya dastlab 226 million dollar jalb qilgan va 1956 yilda bozorga chiqqan Ford dan keyingi birinchi ommaviy avtomobil kompaniyasiga aylangan. Moliyaviy muammolarini hal qilish uchun Mask 15 million dollarlik aksiyalarini sotgan.
Maskning noodatiy karerasiga boshqa doiralarda, ayniqsa Hollywood da ham eʼtibor qaratila boshlandi.
Kenja Robert Daunining Temir odam haqidagi filmlar seriyalaridagi personaji Toni Stark qisman Maskning obraziga asoslangan.
U paytlar Maskning shaxsiy hayoti ancha joʼshqin kechgan.
2008 yilda Mask aktrisa Talula Rayli bilan uchrasha boshlagan, 2010 yilda ular turmush qurishgan, ammo 2012 yilda ajrashishgan. 2013 yilning iyulida ular qaytadan turmush qurishgan. 2014 yilning dekabrida esa Mask ajrashish uchun ariza bergan, biroq tez orada hujjatlarni qaytarib olgan. 2016 yilning martida Rayli ajrashishga ariza bergan va nihoyat oktabr oyida ular ajrashishgan.
Biznesdagi ishlar esa ancha yaxshi ketayotgandi — ayniqsa SpaceX da.
2015 yilning oxiriga borib SpaceX kompaniyasi 24 parvozni amalga oshirdi (parvozlar asosan Xalqaro kosmik stansiyaga yuk tashishga asoslangan boʼlgan) va yoʼl-yoʼlakay koʼplab rekord oʼrnatdi. 2016 yilda SpaceX birinchi marta okeandagi platformaga koʼp martalik Falcon 9 raketasini qoʼndirishga muvaffaq boʼlgan.
Mask doimo yangi gʼoyalar ogʼushida. Eng soʼnggilaridan biri — Hyperloop.
Hyperloop — vakuum quvur boʼylab harakatlanuvchi tezkor poezd boʼlib, u Moskvadan Sankt-Peterburggacha boʼlgan masofani deyarli 35 daqiqada bosib oʼtadi. Gʼoyani hayotga tadbiq etishni tezlashtirish maqsadida Mask boshqa kompaniyalarga ham oʼz Hyperloop versiyalarini yaratishga imkon bermoqda.
Yaqinda Ilon Mask yana bir loyihani ishga tushirdi — The Boring Company. Uning nomini ingliz tilidan «Zerikarli kompaniya» deya tarjima qilish mumkin, biroq bu atayin qilingan soʼz oʼyini: aslida u «Burgʼulovchi kompaniya» maʼnosini anglatadi.
The Boring Company ning missiyasi — shaharlar osti va atrofida tunnellar orqali tirbandlikni chetlab oʼtuvchi tezkor transport harakatini taʼminlash. Bundan tashqari, Mask Nьyu-York va Vashington oʼrtasida Hyperloop uchun tunnel qurdirish gʼoyasini Oq uy bilan muhokama qilganini taʼkidlagan.
2015 yil oxirida Mask OpenAI asoschilaridan biriga aylandi. OpenAI — sunʼiy intellekt sohasidagi tadqiqotlar bilan shugʼullanuvchi notijorat tashkilot. Uning missiyasi — robotlar insoniyatni yoʼq qilmasligini kafolatlash.
Mask eng yaxshi sunʼiy intellekt uchun poyga uchinchi jahon urushiga aylanishi mumkinligidan xavfsiraydi.
Toʼgʼri, bu xadiklar unga haydovchisiz Tesla avtomobillari uchun sunʼiy intellekt ishlab chiqishga xalaqit bermaydi.
«Аvtopilot» tizimi Tesla avtomobillarining barcha modellarida bor.
Oʼtgan yili Tesla 2,6 milliard dollarga SolarCity ni xarid qildi.
Bu Maskka «yashil» energiya sohasidagi ikki yirik loyihani bir tom ostida birlashtirish imkonini berdi.
2017 yil Mask uchun u qadar yoqimli kechdi deb boʼlmaydi, har holda siyosat sahnida shunday boʼldi.
Mask Tramp maʼmuriyati qoshidagi maslahat kengashiga qoʼshildi, bu jamoatchilikda katta muhokamaga sabab boʼldi. Dastlab u oʼzining ilgʼor gʼoyalarini amalga oshirishda Oq uyga yaqinligidan foydalanishi mumkinligini aytib, oʼz qarorini himoya qildi. Biroq Donald Tramp iqlim oʼzgarishiga doir Parij kelishuvida ishtirok etishdan voz kechganidan keyin Mask kengashni tark etdi