O‘tayev Qambar  haqida

O‘tayev Qambar  haqida

O‘tayev Qambar 


Tavallud topgan sana:
1941 yil


Tug'ilgan joy:Kattaqo‘rg‘on


Yo'nalishlar: Shoirlar




Tarjimai hol


Uzoq yillardan buyon bolalarga atab 20 dan ortiq she’riy kitoblar va yuzlab quvnoq qo‘shiqlar yozgan shoir Qambar O‘tayev (“Qambar ota”) ning ijodi, ayniqsa, mustaqillik yillarida yaqqol namoyon bo‘ldi. Endilikda u mustaqillikning Vatanimiz hamda xalqimizga keltirgan sharofati tufayli yosh yuraklarda namoyon bo‘lgan ozod Vatan sevgisi, g‘urur va faxr tushunchalarini ulug‘ muhabbat bilan tarannum etmoqda.

Shoirning so‘nggi yillarda yaratgan «Toshpolvon va ishpolvon haqida ertak», «Qush bilan gaplashdim», «Tomda uxlagan bola» kabi to‘plamlariga kirgan axloqiy-didaktik xarakterdagi asarlari kichkintoylarni yuksak ma’naviyat ruhida tarbiyalashga qaratilishi bilan alohida e’tiborga loyiq. Shuning uchun ham qariyb 30 yillardan beri sara she’rlari maktab darsliklari, darsdan tashqari o‘qish kitoblaridan bolalar bog‘chalari va maktablar uchun metodik qo‘llanmalardan tushmay keladi.



Jumladan, birinchi sinf «Odobnoma» darsligiga kiritilgan «O‘zbekiston - onajon», 1-sinf «O‘kish kitobi»dagi «Er», 2-sinf «O‘qish kitobi»dagi «Bog‘da», 4-sinf «O‘qish kitobi»dagi «Non qayerdan keladi?» kabi talay she’rlari kichkintoylarni atrofimizdagi olam bilan tanishtirish orqali Vatanga muhabbat tuyg‘ulariga turtki beradi.



Shoirning «Ay-yay-yay…», «Bolalarning ko‘zlari», «Toy bola», «O‘zbekiston - Onajon!», «Bunday o‘lka qayda bor?!», «Bola aziz», «Kulishlaring», «Suyukli navro‘zim», «Oftobjonim - o‘rtoqjon», «Gul-loladan jamalak», «Gul yaxshi, lola yaxshi», «Polvonman» kabi qo‘shiqlarini kichkintoylar, ayniqsa, sevib ijro qilishadi.



Hazilnamo she’rlardan «G‘ildirak ichida yugurgan olmaxon», «Hazilkashlar», «Qovoqlar», «Yayrab yurgin, echkicham» kabi she’rlar bolalar dilini yayratadi. Xullas, bolalarni ham quvnatadigan, ham fikrga chorlab, o‘ylatadigan asarlarida taniqli shoir Qambar O‘tayevning talanti yorqin namoyon bo‘lgan.



Taqdir taqozosi bilan bo‘lajak shoirning bolaligi Koson va Chiroqchi dashtlarida, Urgutning Bahrin qishlog‘ida, Darg‘om anhori bo‘ylarida, Pastdarg‘om tumani dalalarida, Kattaqo‘rg‘on shahrida va undan sollanib oqib o‘tuvchi /O‘sha paytda to‘lib tinib yayrab oquvchi/ hayotbaxsh Kattaqo‘rg‘on anhori va Nahripoy va undan nariroqda Qoradaryo bo‘ylaridagi so‘lim jiydazor, o‘rikzor, uzumzorlar, turfa-tuman mevazorlarga to‘lib toshgan unutilmas go‘shalarda o‘tdi.



Ijodga qattiq ko‘ngil qo‘ygan shoir 1974 yilda oilasi bilan Toshkentga ko‘chib kelib G‘afur G‘ulom nomli Adabiyot va san’at nashriyotida ish boshlaydi. Bisotida ancha yetilib qolgan she’rlarini to‘plab “Vatan tuprog‘i”, “Bizning kosmos” nomli kitoblarini chop ettirdi. She’rlari va ertak-dostonlari tiniqib, tilga tusha boshladi.



Shoir Qambar ota yozgan asarlari ichida vatanparvarlik, ta’lim tarbiyaga oid “Sadoqat”, “Vatan sog‘inchi”, “O‘xshamay ketgur...”, “Qo‘ng‘izlar jangi”, “Bola aziz”, “Sardor afsonasi”, “O‘tgan gap” kabi teran mazmunli she’rlari va talant bilan yozilgan “Erka egizaklar”, “Bog‘bon hikoyasi” dostonlari, yuzlab qo‘shiqlari shuhrat keltirdi.



Shoirning ijodi 1999 yilda Prezidentimiz tomonidan II-darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlandi.