To‘lan Nizom
Tavallud topgan sana:
17 avgust 1938 yil
Tug'ilgan joy:Andijon viloyati
Yo'nalishlar: Shoirlar
Tarjimai hol
To‘lan Nizom mohir dostonnavis, shoir. U O‘zbekiston xalq shoiri (1998), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi. Xalqaro Cho‘lpon va Bobur mukofotlari laureati. «Mehnat shuhrati» (2003) va «El-yurt hurmati» (2008) ordenlari bilan taqdirlangan. To‘lan Nizom taxallusi, asl ism-sharifi esa Nizomiddinov To‘lanboy.
1938 yil 17 avgustda Andijon viloyati, Bo‘z tumanining Beshgul qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatib, Andijon Davlat pedagogika institutiga kirgan. To‘lan Nizom institutni 1965 yilda tugatgan.
Ko‘p vaqt viloyatda o‘qituvchilik qilgan. Jamoat ishlarida qatnashgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limida, Bo‘zdagi Saida Zunnunova nomli pedagogika bilim yurtida faoliyat ko‘rsatgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limida mas’ul kotib (1983-85), Bo‘z pedagogika bilim yurtida direktor (1985-2001) bo‘lib ishlagan.
Uning ilk she’riy to‘plami 1970 yilda «Sening ertaklaring» nomi bilan chop etilgan. Mazkur to‘plamga kirgan she’rlarda beg‘ubor tuyg‘ular, pokiza orzular ifodalangan bo‘lsa-da, hali ularning ko‘pchiligi badiiy jihatdan ancha g‘o‘r edi. Bunday holat hatto «Iftixor» (1982) nomli ikkinchi to‘plamida ham ko‘zga tashlangan. Biroq shoir yillar o‘tgan sayin izlanishlari samarasini ko‘ra boshlaydi. Endi u chinakam qalb she’riyati, ruhiyat she’riyatini yaratish sari ko‘tarila boradi. Insonning ma’naviy olamini, o‘y va xayollari, orzu va umidlarini tarannum etishga intiladi. Shoir qalbidan qalqib chiqayotgan misralarda el-yurt qayg‘usi, ona Vatan muhabbati, xalqiga bo‘lgan mehr tuyg‘usi mustahkam o‘rin ola boshlaydi.
Shoir yaratayotgan lirik qahramonlar avvalgidek mehnat jasorati bilangina namoyon bo‘lmay, balki bir tirik inson, oddiy odam, shaxs sifatida ichki olamini, ruhiy kechinmalari va ma’naviy go‘zalligini ko‘z-ko‘z qila boshlaydi.
Xuddi shu pallada uning «Muqaddas ruh» (1992) she’riy to‘plami paydo bo‘ladi. Ayniqsa, undagi ona mavzusida yaratilgan she’rlar o‘zining samimiyligi, beg‘ubor va mehr-oqibat tuyg‘ulariga limmo-limligi bilan kitobxon qalbidan chuqur o‘rin egallaydi. «Vatan tuyg‘usi» (1993), «Chaman ichra», «Aks-sado», «Intizorlik» (1994), «Dahr bog‘i» (1995), «Saylanma» (1998) kabi she’riy to‘plamlari e’lon qilingan. «Bahoriy maysalar», «Avji yoz» va «Zarrin yaproqlar» nomi bilan (2007-2010) uch jildlik asarlari bosilgan.
To‘lan Nizom mohir dostonnavis hamdir. Uning «Cho‘lpon», «Majnuntol yig‘isi», «Girya», «Ruxi ravonim», «Bobur» kabi liro-epik asarlari turli davr mahsuli bo‘lsa ham, ular ma’no va mazmun jihatdan bir umumiylikka ega.
Jumladan, «Cho‘lpon» (1993) dostonida u shoir va davr fojiasini umumlashtirsa, Mirtemirga bag‘ishlangan «Majnuntol yig‘isi», shuningdek, «Bobur» kabi dostonlarida fojeiy taqdirlar haqida bahs yuritadi. «Ruhi ravonim»da esa shoir Mashrab qismati fojiasini umumlashtiradi. Umuman, To‘lan Nizom go‘zal insoniy fazilat va udumlarni ardoqlash bilan birga hayotdagi fojiaviy holatlarni tasvirlashga ham intiladi.
Shoirning yaqinda yozgan asarlari - Usmon Nosirga bag‘ishlangan «Botmay qolgan oy» dostoni va «Cho‘lpon» dramasi, shuningdek, «Dovon», «Ruhlar qasidasi», «Alisher», «Suhbat», «Avvalu oxir» (2002-2003) to‘plamlari shoir ijodiy kamolotiga dalildir. «Uch so‘z» (1995), «Oq gul», «Botmay qolgan oy» (1996), «Alisher» (2003) singari doston va lirik qissalarini yezdi. «Non hidi» (1998), «Suhbat» va Qamchiq dovoni qurilishiga bag‘ishlangan «Dovon» (2002) dostonlari muallifi.
To‘lan Nizom bolalar haqida ham ajoyib she’rlar yozgan. Uning «Andijonda bir qush bor», «Qaldirg‘och», «Oftob ishqi» kabi she’rlari bolalarning beg‘ubor, sirli olamini ochishga qaratilgan.