Sitora Alimjanova haqida

Sitora Alimjanova (Sitora Alimjanova) —— Biografiya

Aktrisa Sitora Alimjonova 1992 yil 1 dekabrda Farg‘onada tug‘ilgan. Maktabda o‘qib yurgan vaqtlaridayoq kino olamiga qiziqqan Sitora turli tadbirlarda rollar ijro qilib, qo‘shiq kuylashni boshlagan. Maktabni bitirgach, 2004 yildan 2009 yilgacha Farg‘ona San’at kollejida tahsil olgan.

San’atga bo‘lgan kuchli mehr uni Toshkentga yetaklagan. Ilk katta debyut rolini 2011 yilda rejissyor Mirmaqsud Oxunovning “Sen ketma” filmida ijro qilgan. Shundan so‘ng, unga klip va filmlarda suratga tushish uchun takliflar ko‘paydi. Sitora Alimjonova takliflarni qabul qilib, ketma-ket rollar ijro qila boshladi. Jumladan, 2012 yilda katta ekranga chiqqan “Koreyalik kelin”, 2013 yilda “Janob xot dogchi”, “Kuyovmisan kuyov”, 2014 yil “Ayriliq”, “Muhabbatimsan”, 2015 yil “7 olam”, 2016 yilda “Meni sev”, “Ko‘z yoshim 2”, “Salom sevgi, xayr sevgi”, 2017 yilda “Yo‘qotilgan jannat”, “Egizak oshiqlar”, “Sevadi, sevmaydi”, “Voy dod 2“, “Yig‘ladim sensiz”, “Koreyadagi sevgi”, “Jonim yig‘loqi”, “Salom sevgi”, “Taqdir hazili”, “Hech kim bilmasin”, 2018 yilda “Begunoh”, “Qaysar sevishganlar”, 2019 yilda “Istanbullik milliarder” filmlarida suratga tushdi.

Bundan tashqari, u 2015 yilda “Avtotest”, 2017 yilda “Yosh oila”, “Do‘konda” 2018 yilda “Yuraklar jangi”, 2020 yilda “Sevgi”, “Qochoq”, “Shukurona”, 2021 yil “Ayol qasosi”, “Tikan”, 2022 yilda esa, “Yur muhabbat” hamda “Parixona” seriallarida o‘ziga xos xarakterli rollarni ijro qildi.

Sitora Alimjonova shuningdek, xonandalardan Ulug‘bek Rahmatullayevning “Sog‘inib”, Ziyodaning “Meni sev”, Bahrom Nazarovning “Hijron”, Oybek va Nigoraning “Oppog‘oy”, Budurning “Xat”, Xadichaning “Bir go‘zal”, Shoxruxxonning “Sen ketma”, Rashid Xoliqovning “Gapir-gapir”, “Benom” guruhining “Bu tun”, Behruzning “Begunoh”, Zamzamaning “Dardim ichimda”, “Yig‘lama quyosh”, Yodgor Mirzajonov va Otayek Mutalxo‘jayevning kliplarida suratga tushgan.

Sitora Alimjonova nafaqat aktrisa, balki bir necha qo‘shiqlar ijro qilgan xonanda hamdir. Uning “Bo‘ladi” qo‘shig‘i tinglovchilar orasida ommalashgan. U shuningdek, “Yo‘g‘u borim”, “Opajonim”, “Gap” qo‘shiqlarini kuylagan.

Sitora Alimjonova ijod bilan bir qatorda 2014-2020 yillarda O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universitetida tahsil olgan. Ijod bilan birga oliygohda o‘qishni ham barobar olib borgan.

Oilaviy hayotga ko‘ra, Sitora Alimjonova 2017 yil turmushga chiqqan va 2020 yilda esa, farzandli bo‘lgan. Afsuski, ma’lum bir sabablarga ko‘ra, 2021 yil turmushidan ajralgan.