Buxoro chuqur bilim egasi bo‘lgan allomalar, iste’dodlar maskani. Men 1992 yilning 5 avgustida mana shu aziz diyor Buxoroda tavallud topganman. Oilamiz ziyolilar oilasi bo‘lib, bobom malakali jarroh bo‘lgan. Tibbiyot sohasiga mehr menga aynan mana shu bobomdan o‘tgan, desam yanglishmayman. Bolaligimda bobom bilan suhbatlar chog‘ida, u kishi tibbiyot haqida, o‘zi o‘tkazgan jarrohlik amaliyotlari haqida so‘zlaganlarida, juda havas qilib, “kelajakda men ham bobom kabi yetuk jarroh, o‘z kasbining ustasi bo‘laman” deb ahd qilganman.
Tibbiyotga bo‘lgan mehrim, maktabni tugatganimdan so‘ng, meni Buxoro Davlat Tibbiyot instituti tomon chorladi. Institutning “Davolash” fakultetida 7 yil o‘qib, uni 2014 yil bitirgach, 2017 yilda mazkur institutning Jarrohlik yo‘nalishi bo‘yicha magistraturani ham tamomladim. Bilimlarimni yanada mustahkamlash uchun, 2017-2018 yil davomida “Plastik jarrohlik” yo‘nalishi bo‘yicha akademik ta’lim ham olganman. Ortga nazar solib qarasam, 8 yildan buyon plastik jarrohlik bilan shug‘ullanib kelayotgan malakali plastik jarroh sifatida, shu kunga qadar 5000 dan ortiq muvaffaqiyatli operatsiyalarni amalga oshiribman. Bu aytishgagina oson. Har bitta operatsiya, uyqusiz tunlar va o‘z salohiyatimni oshirish uchun tinimsiz izlanish talab qilgan.
O‘tgan vaqt ichida Germaniya, Italiya, Ispaniya, Fransiya, Gollandiya, Hindiston, Koreya, Turkiya, Rossiya hamda boshqa ko‘plab xalqaro davlatlarda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro konferensiyalar, malaka oshirish dasturlari va mahorat darslarida faol ishtirok etganman. O‘zbekiston Plastik jarrohlar Assotsiatsiyasi hamda, Yevropa Plastik va estetik jarrohlar Assotsiatsiyasi a’zosiman.
2021 yilda Buxoroda azaliy orzuyim bo‘lgan o‘zimning “Dr.Atavullayev’s clinic” klinikasiga asos solganman. Bemorlarni asosan shu yerda qabul qilaman. Lekin, bemorlarning iltimoslariga ko‘ra, davriy ravishda muntazam tarzda, Toshkent shahrida “Renessans Clinic”da ham plastik jarrohlik operatsiyalarini ham o‘tkazib kelmoqdaman. Shuningdek, mavsumiy ravishda, bemorlar iltimoslari bilan Turkiyaning Istanbul va Rossiyaning Moskva shaharlarida ham konsultatsiya va operatsiyalar o‘tkazaman.
Men insonlarga go‘zallik va orzular ro‘yobini hadya etishni istayman! Maqsadim, kelajakda o‘zbek plastik jarrohligini butun jahonga tanitishdir. Hozir mana shu maqsadim yo‘lida qat’iy izlanishdaman.