O’zbekiston xalq artisti Tamaraxonim tavallud topgan kun
Tamaraxonim (taxallusi; asl ismi va familiyasi Tamara Artyomovna Petrosyan) [ 1906.16(29).3, hoz. Yangi Marg’ilon shaharchasi – 1991.30.06, Toshkent] – qo’shiqchi va raqqosa, baletmeyster, o’zbek professional raqsi asoschilaridan. O’zbekiston xalq artisti (1932). Moskva teatr texnikumida o’qigan (1923-24). Yoshligidan san’atga qiziqqan: dastlab Marg’ilon, Farg’ona ayollari orasida raqsga tushib, qo’shiq aytgan. Yusufjon qiziq Shakarjonov, Usta Olim Komilovlardan o’zbek raqs harakatlarini, Hamza, K. Stanislavskiy, Nemirovich-Danchenko va boshqalardan qo’shiqchilik, aktyorlik mahoratini qunt bilan o’rgandi. Sahna faoliyatini 1919 yil Hamza Hakimzoda Niyoziy truppasida boshlagan. Keyinchalik Yusufjon qiziq truppasida ishlagan. 1921 – 1922 yillar Toshkent rus opera va balet teatrida, 1924 yildan Muhiddin Qoriyoqubov rahbarligidagi konsert truppasi (1926 yildan O’zbek davlat konsert-etnografik ansambli, 1929 yildan O’zbek davlat musiqali teatri)da faoliyat ko’rsatgan. 1925 yil, Parijda bo’lib o’tgan Jahon bezak san’ati ko’rgazmasida M. Qoriyoqubov bilan birgalikda ishtirok etib, o’zbek san’atini ilk bor Yevropada namoyish etgan. Tamaraxonim o’zbek lapar va yalla namunalarini sahnaviy ijro sharoitiga moslashtirib, yangicha ifodaviy vositalar (mimika, raqs, dialog va boshqalar) bilan boyitib, ular negizida bir necha kichik musiqiy inssenirovkalarni yaratdi, milliy ommabop (estrada) san’at rivojiga asos soldi. Tamaraxonim ijrosidagi qo’shiq va laparlar («Lolaxon», «Qorasoch», «Bilaguzuk», «Oyijon», «Fabrikaning yo’lidan», «Qizlar, shitobingiz nima?», «Gulyor», «Yetimlar yigisi», «Tuyg’unoy», «Erk bolalari» va boshqalar), «Sinaxiroj», «Dil- xiroj», «Qarinavo», «Usmoniya» singari raqslari xalqqa manzur bo’lgan.1925-29 yillar Andijon, Qo’qon, Samarqand teatrlarida sahnalashtirilgan musiqali dramalarda Halima (G’. Zafariy, «Halima»), Shirin (Xurshid, «Farhod va Shirin»), Gulchehra (U. Hojibekov, «Arshin mol olon») singari rollarni ijro etdi. 1929-1934 yillar Samarqanddagi O’zbek davlat musiqali teatri (1931 yil teatr Toshkentga ko’chirilgan)da, 1934-1935 yillar Xorazm teatrida ishladi. 1934 yil M. Yanovskiyning «Ferenji» baletida Indra rolini o’ynadi. O’zi tashkil qilishda qatnashgan respublika balet maktabi 1935-1947 yillar Tamaraxonim nomi bilan yuritilgan. 1935 yil Londonda bo’lib o’tgan birinchi xalqaro xalq raqsi va musiqa san’ati festivalida (Usta Olim Komilov, To’xtasin Jalilov, Abduqodir Ismoilovlar bilan) qatnashib oltin medal olishga sazovor bo’lgan. 1937 yil Moskvada bo’lib o’tgan birinchi o’zbek san’ati dekadasida ham ishtirok etgan. 1936- 1941 yillar O’zbek davlat filarmoniyasi, ayni vaqtda, O’zbek davlat musiqali teatri (1939 yildan O’zbek davlat opera va balet teatri)da raqqosa va baletmeyster. 1941-1969 yillarda O’zbek davlat filarmoniyasining musiqa ansamblida badiiy rahbar, baletmeyster va aktrisa. Tamaraxonim 2-jahon urushi yillarida konsert brigadalari bilan armiya qismlarida xizmat qildi. Tamaraxonim qaysi xalq qo’shiq va raqsini ijro etmoqchi bo’lsa, o’sha xalqning tarixi, etnografiyasi, mahalliy urf-odatlari, san’ati va madaniyatini batafsil o’rganib, so’ng ijro etgan. Uning ijrosida «Erta bilan» (qo’qoncha), «Yallama yorim» (marg’iloncha), «Omonyor» (andijoncha), «Farg’onacha raqs», «Buxorocha raqs», «Mavrigi», «Lazgi» (xorazmcha), «Bibijon» (turkmancha), «Yangi oy» (mo’g’ulcha), «Nikoh to’yi» (gruzincha), «Eshikni qoqma» (ozarbayjoncha), «Gulizor» (turkcha), «Chando» (indonezcha), «Xumor ko’zlar», «Binti shalobiya» (arabcha), «Banday tog’i» (yaponcha), «Cho’pon raqsi», «Torazi» (koreyscha), «Shirin zabon» (afg’oncha), «Nilufar» (hindcha), «Parizodoy» (qirg’izcha), «Jo’ra jonim» (tojikcha), «Garmonchi» (tatarcha), «Oy da Galya i Sultan» (ukraincha) kabi 500 dan ortiq qo’shiq va raqslar 86 tilda yangragan. U ustozi Usta Olim Komilov bilan ko’plab o’zbek xalq raqslarini sahnalashtirib, o’ziga xos (ayollar va erkaklar raqsi harakatlarini mujassam etgan) uslubini yaratdi, yangi zamonaviy raqslar, teatrlashgan raqs syujetlarini, yangi xoreografik kompozitsiyalarni («Gul o’yin», «Sadr», «Zang», «Pilla», «Kema o’yini» kabi) ijod qildi. U o’zbek xalq raqs harakatlari bilan Yevropa mumtoz balet raqslari harakatlarini uyg’unlashtiruvchi dasturlar («Bahor», «Navo», «Qizil va oq atirgullar urushi» va boshqalar) yaratdi, bular milliy o’zbek baletini yuzaga kelishida, milliy xoreografiyani rivojlantirishda muhim omil bo’ldi. U birinchi o’zbek baletlaridan «Gulandom» (Ye. Brusilovskiy, 1938) librettosini Uyg’un va M. Yanovskiylar bilan birgalikda yaratdi, uni sahnalashtirib, bosh rolni o’zi ijro etdi. M. Turg’unboyeva, G. Rahimova, R. Karimova, G. Mavayeva, H. Komilova, I. Oqilov, L. Petrosova kabilar Tamaraxonimning shogirdlaridir. Tamaraxonim Fransiya, Norvegiya, Germaniya, Italiya, Turkiya, Eron, Hindiston kabi davlatlarda gastrolda bo’lgan. Toshkent shahri ko’chalaridan biri (o’zi yashagan ko’cha)ga Tamaraxonim nomi berilgan. Toshkentda Tamaraxonim uy muzeyi faoliyat ko’rsatmoqda. Vafotidan so’ng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (2001).