Ekish uchun tavsiya etiladigan navlar: ertapishar – Rohat, o‘rtapishar – Suyunchi-2, Oltin vodiy, Lazzatli, Oltintepa, Kichkintoy, Obi novvot, Gurvak, Bo‘rikalla, kechpishar – To‘yona, Gurlan, Amudaryo, Gulobi Xorazmiy, Zar gulobi, Saxovat, Umrboqiy, Beshak.
Urug‘ tanlash. Ekiladigan tarvuz urug‘i toza, yuqori unuvchan, kasallik yuqmagan, o‘rtacha kattalikda, butun (sinmagan) bo‘lishi zarur. Urug‘lar boshqa o‘simliklar urug‘lari va aralashmalaridan tozalanadi.
Yer tayyorlash. Yer kuzda 35 sm chuqurlikkacha shudgor qilinadi. Yerni shudgorlashdan oldidan ma’dan va organik o‘g‘itlar beriladi. Bahorda tuproqda namni saqlab qolish uchun yerga uzun tishli xaskash yordamida ishlov beriladi. Qovun ekini erta muddatlarda ekilganda yerni bahorda qayta shudgorlashning hojati yo‘q. Ekinlar kechki muddatlarda ekilganda yerni qayta shudgorlash zarur. Bunda tuproqni ag‘darmasdan turib, 22 sm chuqurlikda yumshatib chiqiladi.
Ekish muddati va sxemasi. Markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda qovunning ertagi navlari 15 aprelgacha, o‘rtagisi 20 apreldan 10 maygacha, kechkisi 15 maydan 10 iyungacha; janubiy viloyatlarda ertagi navlar 10 aprelgacha, o‘rtagisi 10-20 aprelda, kechkilari esa 10-20 iyunda ekiladi. Shimoliy mintaqalarda ertagi qovunni 20 aprelgacha, o‘rtagisini 25 apreldan 10 maygacha, kechkisini 20-30 mayda tuproq harorati 14-15°S ga yetganda ekishga kirishiladi. Qator oralari 210-280 sm bo‘lgan egat olinadi. Bunday egatlar poliz ekinlari palaklarini yaxshi taraliishi imkon beradi. Urug‘lar 3-6 sm chuqurlikka ekiladi. Mayda urug‘li qovun ekish uchun 1 sotixga 40 g, yirik urug‘lilarini ekish uchun 50 g urug‘ sarflanadi.
Parvarishlash. Qovun urug‘i nam tuproqqa ekilsa nihollar unib chiqquncha sug‘orish talab etilmaydi. Qovun ekinini asosiy parvarishlash ishlari o‘simliklarni yaganalash, tuproqni yumshatish, ekinni oziqlantirish, chopiq qilish, sug‘orish, palaklarni to‘g‘rilash, begona o‘tlar va zararkunandalarga qarshi kurashishni o‘z ichiga oladi.
Yaganalash ikki bosqichda: birinchisi o‘simlik chinbarg chiqarganda va birinchi chopiq vaktida o‘tkaziladi. Nihollar yalpi unib chiqishi bilan bir qatorda oralarini yumshatishga kirishiladi.
Nihollar unib chiqqandan 20-25 kun o‘tgach, ya’ni ularda ikkita-uchta chinbarg paydo bo‘lganidan keyin ekin birinchi marta chopiq qilinadi, dastlabki suv beriladi, oziqlantiriladi. Ikkinchi chopiq birinchisidan 25-30 kundan keyin o‘tkaziladi. O‘suv davrida qator oralari 4-5 marta chopiq qilinadi.
Yana o‘qing: Antiqa omlet