Otlarni parvarishlash bo‘yicha tavsiyalar

Zotni tanlash. Respublikamizdagi otlarning 90 foizidan ortig‘ini mahalliy qorabayir zotli otlar tashkil qiladi. Qorabayir zotli otlar mustahkam konstitutsiyali bo‘lib, mahalliy iqlim sharoitimizga yaxshi moslashgan, universal zot hisoblanadi. Zotni tanlashda asosan uning qarchig‘ay balandligiga, ko‘krak aylanasiga, gavda qiya uzunligiga va kaft aylanasiga e’tibor berish kerak. Masalan, orqa oyoqlari bir-biriga yaqin bo‘lmasligi, oldi oyoqlari va ko‘kragi keng, bo‘yni uzun, orqa sag‘risi to‘g‘ri bo‘lishi kerak.


Otlarni parvarishlash. Yosh otlarning jinsiy yetilishi 6-8 oylikdan 12-18 oylikgacha bo‘lgan davrda sodir bo‘ladi. Jinsiy yetilishning dastlabki davrida yosh otlar tanasining tez kattalashuvi kuzatiladi. Otlarning o‘sishi 5 yoshgacha davom etadi. Qulun tug‘ilgandan so‘ng organizm dastlabki 2-3 kun mobaynida qayta tiklana boshlaydi. Bu davrda kaloriyali ozuqalar bilan oziqlantirilmasa, ularning skeleti yaxshi o‘smaydi, rivojlanmaydi.

Qulunlar hayotining dastlabki bir oyi mobaynida onasini har soatda emishi kerak. Ular 1-1,5 oylikdan boshlab o‘simliklar bilan, 2-oyi oxiridan boshlab esa konsentrat ozuqalarga o‘rgatila boriladi.

Qulunlar 6-7 oyligida onasidan ajratiladi. Onasidan ajratilishining eng yaxshi muddati avgust-oktiyabr oylari hisoblanadi. Onasidan ajratilgan yosh qulunlar sutkasiga 4 marta oziqlantiriladi. Konsentrat ozuqalar sutkasiga 3 mahal, pichan 3 mahal, shirali ozuqalar 2 mahal beriladi.

Nimjon tug‘ilgan qulunlarning har bir boshi hisobiga issiq suvga aralashtirilgan sigir suti beriladi. Bunda bir litr sutga 20-25 gramm qand ham qo‘shiladi.

Oktyabrdan to yanvarga qadar erkak toylarga 100 kg tirik vaznga 2,8, urg‘ochi toylarga har 100 kg tirik vaznga 2,5 ozuqa birligi beriladi.

Bunda har bir ozuqa birligiga 105-106 g hazmlanuvchi oqsil, 6,5-7,5 kalsiy, 5,5-6 g fosfor va 20 mg karotin to‘g‘ri kelishi kerak. Dastlabki oylarda toylar ratsionining 50-60 foizini to‘yimliligi bo‘yicha konsentrat ozuqalar tashkil etadi. Ratsiondagi dag‘al ozuqalar miqdori asta-sekin oshib boradi. Yoz kunlari qulunlar kuni bilan yaylovda bo‘lib, faqat kun juda isib ketgan vaqtdagina otxonaga haydab kiritiladi, konsentrat ozuqlar bilan boqiladi.

Otlarni otxonalarda taqasiz, bog‘lamasdan erkin holda boqish maqsadga muvofiqdir. Otxonaning yorug‘, quruq, shamolsiz va toza bo‘lishi otlar sog‘ligi uchun juda foydalidir. Yorug‘likda otlar organizmida modda almashinuvi tezlashadi. Buning uchun derazalar poldan 1-1,5 m balandlikda quriladi. Harorat 8-10ºS bo‘lishi kerak.

Yana o‘qing:  Keksayganda baquvvat bo‘lish uchun oqsilga boy mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qilish kerak
Ayg‘irlarni zooveterinariya qoidasi asosida ozuqlantirish ularning jinsiy faolligini oshiradi. Ayg‘irlarning ratsionida boshoqli va dukkakli pichanlar, arpa yormasi, sabzi, beda, go‘sht-suyak va qon uni, tuxum va boshqa oqsil vitaminlar hamda mineral moddalarga boy bo‘lgan ozuqalar bo‘lishi kerak. Ularning haddan tashqari semirib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Oxurlarda doimo Lizun tuzi bo‘lishi kerak. Ayg‘irlarning 100 kg tirik vazni hisobiga sutkasiga 2 kg ozuqa birligi to‘g‘ri kelishi kerak.

Ayg‘irlarning jinsiy imkoniyatlarini ko‘paytiruvchi omillar quyosh nuri, toza havo, doimiy harakat va cho‘miltirishdir. Havoning issiq va sovuq kunlari ayg‘irlarni yayratishga chiqarish zarur.

Yoz oyida ayg‘irlarni 10-12 minut 14-15ºS issiqlikdan past bo‘lmagan suvda cho‘miltirish foydalidir. Har kuni tozalash, bir oyda bir marta tuyoqlarini ko‘rish, ular o‘sgan bo‘lsa, kesib tozalash zarur. Bir kunda 1-2 marta biyalarga qo‘yib olish mumkin. Bir haftada bir kun dam beriladi. Biyalarning bo‘g‘ozlik davri o‘rtacha 335 kunni, ayrim hollarda 315-350 kunni tashkil etadi.

Erkak qulunlar urg‘ochi qulunlarga nisbatan 1-2 kun keyin tug‘iladi. Shuni aytish zarurki, agar biya bolasini juda oz ko‘tarsa, bu uning kasalligini bildiradi. Bo‘g‘ozlikning 7-8 oyida biyaning qorni osiladi, yelini kattalashadi, tez-tez siyadi, terlaydi va charchab qoladi. Tug‘ishiga 2 oy qolganda biyalar barcha ishlarda ozod qilinadi, 15-20 kun qolganda esa tagiga to‘shama solingan doimiy og‘ilxonalarga ko‘chiriladi. Qulunlashga 1-2 kun qolganda biyaning yelini ko‘pchib, yelin so‘rg‘ichlaridan yelimga o‘xshash suyuqlik kela boshlaydi. Tug‘ish oldidan bezovtalanadi, ozuqa yemay qo‘yadi. Qulunlash 20-40 minut davom etadi, to‘lg‘oq 2-3 minutda qaytalanadi.

Qulun tug‘ilganidan keyin kindigi qornidan 5-6 sm pastroqdan toza ip bilan bog‘lanib, qaychida qirqiladi. Qirqilgan joyga yod surkaladi. Agar biyaning yo‘ldoshi 12 soat ichida tushmasa, veterinariya vrachiga murojaat etiladi.

Yangi tug‘ilgan qulunni biyaning o‘zi yalab quritadi. Yalash jarayonida qulunning terisi massaj qilinadi, nafas olishi va qon aylanish funksiyasi organlari kuchayadi, biyaning yo‘ldoshi tez ajraladi, jinsiy organlari me’yorlashadi. Yangi qulun to oyoqqa turguncha biyaning yelin so‘rgichlarini qidira boshlaydi. Bunday paytda unga uy egasi yordam berishi kerak. Biyaning yelinini yuvib tashlash, so‘rg‘ichlarni sochiq bilan artish va dastlabki sutni sog‘ib tashlashi kerak.

Yana o‘qing:  “KASHFIYOT” SALATI
Biyalarni sun’iy qochirish: zooveterinariya shoxobchasi xodimi tomonidan amalga oshiriladi. Buning uchun xonadonga yaqin joylashgan shoxobchaga buyurtma beriladi.


A. Nurmatov, B. Allashov


O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi sayti