Savol:O‘quvchilarning ijtimoiy axvolini bilish maqsadida ular yashayotgan uyga borib holat bilan tanishish sinf rahbarlarining vazifasiga kiradimi?
Javob: Sinf rahbarlari o‘quvchilarning ijtimoiy axvolini bilish maqsadida ular yashayotgan uyga borishi hususida “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining sinf rahbarlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi nizomda aniq bir band keltirib o‘tilmagan.
Faqat mazkur nizomning bir bandida sinf o‘quvchilarining davomatini nazorat qilish, sababsiz darsga kelmagan o‘quvchilarning ota-onalari bilan telefon orqali bog‘lanib, darsga kelmaganlik sabablarini o‘rganish, natijalari bo‘yicha maktab rahbariyatiga axborot kiritishlari lozimligi aytilgan.
Lekin, sinf rahbari ta’lim muassasasining tarbiyaviy tizimidagi tayanch pedagoglardan biri sifatida o‘ziga biriktirilgan sinf o‘quvchilarining amalda belgilangan ta’lim va tarbiya olishlarini tashkil etishi lozim.
Shuningdek:
✅Sinf rahbarlari o‘quvchilarning o‘sib-ulg‘ayishlarini pedagogik kuzatuvlar asosida nazorat etish, yordamga muhtoj o‘quvchilarga yakka holda yondashishlari;
✅“Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorligi Jamoat kengashi faoliyatini keng tadbiq etish, aniq belgilangan reja asosida sinf ota-onalar majlislarini o‘tkazib borishi;
✅O‘quvchilarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilash, jumladan, kam ta’minlangan oilalar farzandlari, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, ota-ona qarovisiz qolgan, vasiylik va homiylikka berilgan voyaga yetmaganlarning ijtimoiy huquqlarini himoya qilishlari lozim.
Shu sababli sinf rahbarlari o‘quvchilarni ijtimoiy axvolini bilish maqsadida ta’lim muassasasi rahbariyati orqali voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar, mahalla, huquq-tartibot idoralari, tegishli davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlik qilishlari lozim.
Yuqoridagilarga qo‘shimcha sifatida shuni aytishimiz mumkinki, o‘quvchilarning rivojlanishidagi (aqliy, jismoniy, hissiy), turli ko‘rinishdagi ijtimoiy rivojlanishidagi muammolarni aniqlash va ularni psixologik-pedagogik jihatdan tuzatish ishlarini amalga oshirish maktab psixologining vazifasi hisoblanadi.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak sinf rahbari o‘quvchilarining ijtimoiy axvolidan ham xabardor bo‘lib turishi lozim. Bu ishlarni MFY xodimlari, profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikda yoki telefon orqali amalga oshirishi sinf rahbarining o‘z ish uslubiga bog‘liq. Muhimi o‘quvchilarning ijtimoiy axvolidan xabardor bo‘lib, o‘larga yaqindan yordam berish hisoblanadi.