1986-yilda orbitaga chiqarilgan ʼʼMIRʼʼ orbital stansiyasi Yer sayyorasi atrofida sunʼiy yoʻldosh sifatida 89067 marotaba aylanib chiqdi, 12 ta davlatdan koinotga parvoz qilgan 104 nafar fazogirga oʻziga xos fazoviy uy boʻlib xizmat qildi. 2001-yilda esa aylanishdan toʻxtatilib, yerga qaytarildi.
ʼʼMIRʼʼ orbital stansiyasi XX asr fan-texnikasining eng buyuk yutuqlaridan biri boʻlib, u 1986-yilning 19-fevralida Sobiq ittifoq tomonidan bir modulli — asosiy blok shaklida yer orbitasiga chiqarilgan edi. Bosqichma-bosqich ravishda fazoviy yuk kemalari yordamida ʼʼMIRʼʼ orbital stansiyasi uchun qoʻshimcha modullar olib chiqib oʻrnatildi va ular 6 ta tutashuvchi portga ulandi. 2001-yilga kelib, ʼʼMIRʼʼ orbital stansiyasining vazni 124 tonnaga yetib qoldi va eng yirik fazoviy apparat maqomini oldi (hozirda Xalqaro fazoviy stansiya — XFSning vazni bundan ortib ketgan). Fazoviy ekspeditsiyalardan birining ishtirokchisining iborasi bilan aytganda ʼʼMIRʼʼ orbital stansiyasi bir-biri bilan old oynalari tarafdan mahkam jipslashtirilgan 4 ta maktab avtobusini eslatardi. Mazkur stansiyaga fazogirlar, odatda, ʼʼSoyuz TMʼʼ fazoviy kemasida uchib borishgan va qaytishgan. Kosmik yuklar va joʻnatmalarni esa uchuvchisiz fazo kemasi ʼʼProgress–Mʼʼda tashilgan. 1990-yillarning oʻrtalariga kelib, ʼʼMIRʼʼ Xalqaro orbital stansiya maqomini oldi. 1995-yilning 27-iyun kuni ʼʼMIRʼʼ va AQSHning ʼʼAtlantisʼʼ fazo kemasi bilan dastlabki tutashuvi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Shu vaqtdan boshlab ʼʼMIRʼʼga rus (ittifoq) fazoviy kemalaridan tashqari AQSHning ʼʼEndeavorʼʼ, ʼʼAtlantisʼʼ va ʼʼDiscoveryʼʼ fazoviy shatllarining toʻqqiz marotaba parvozi amalga oshirildi.
Kosmonavt Valeriy Polyakov MIR orbital stansiyasi bort darchasidan tutashuv uchun yaqinlashib kelayotgan Discovery shattlini kuzatmoqda, 1995-yil / wikipedia.org
ʼʼMIRʼʼning asosiy blok umumiy hajmi 90 m3 boʻlib, u yerda yashash xonalari, bort kompyuterlari hamda kommunikatsion texnika vositalari joylashgandi. Fazoviy stansiya uchun energiyani katta quyosh panellari ishlab chiqarib berardi. Havo esa maxsus qayta ishlash jarayonidan keyin elektroliz tizimi asosida tozalanib, yana isteʼmolga berilgan. Bort ancha tor boʻlib, ekipaj aʼzolariga koʻp oylar davomida yonma-yon bir joyda yashashga toʻgʻri kelgan. ʼʼMIRʼʼning xizmat muddati davomida bir necha rekordlar qayd etilgan, xususan, bort vrachi Valeriy Polyakov ʼʼMIRʼʼning bortida uzluksiz 437 kun-u 18 soat xizmatda boʻlgan. Bu uning ʼʼMIRʼʼga qilgan ikkinchi safari boʻlib, birinchisi bilan qoʻshib hisoblaganda Polyakovning umumiy fazoviy xizmat muddati 678 kun 16 soat-u 34 daqiqani tashkil qiladi. Bort — muhandis Sergey Avdeyev esa koinotga uch marotaba parvoz qilgan va ʼʼMIRʼʼ orbital stansiyasida jami boʻlib 747 kun, 14 soat-u 14 daqiqa ishlagan. 1996-yilda amerikalik astronavt ayol ʼʼMIRʼʼ bortida 188 kun muddatda faoliyat olib bordi. 90-yillar oxiriga kelib ʼʼMIRʼʼ orbital stansiyasida ketma-ket texnik muammolar yuz bera boshladi. Bort asboblari va telekommunikatsiya vositalari tez-tez va tizimli ravishda ishdan chiqa boshladi. Shu tufayli uning amaliy faoliyatiga yakun yasash haqida qaror qabul qilindi. 2001-yilning 23-martida ʼʼMIRʼʼ orbital stansiyasini yerga qaytarish operatsiyasi boshlandi. U yer tortish kuchi taʼsirida qulay boshlagach, atmosferaning yuqori qatlamlarida katta qismi yonishga uchradi va yoʻq boʻlib ketdi. Qolgan qutgan qismlari esa Tinch okeanning janubiy qismiga kelib quladi va ummon bagʻriga choʻkib ketdi.
Shuni taʼkidlash oʻrinliki, ʼʼMIRʼʼ orbital stansiyasining yerga qaytarish operatsiyasida oʻzbek fazogiri Solijon Sharipov ham faol ishtirok etgandi. Uning vazifasi ʼʼMIRʼʼ orbital stansiyasining yerga qulash jarayonida mabodo hisoblangan trayektoriyadan favqulodda chetlashib, xavf tugʻdiruvchi yoʻnalish hosil qilsa, uni oʻz boshqaruvidagi darhol start oladigan kosmik kemaga, osmonning oʻzidayoq ergashtirib, xavfsiz yoʻnalishga burish boʻlgan. Yaxshiki, ʼʼMIRʼʼning qulashi oldindan hisoblangan trayektroriya boʻyicha aniq va muvaffaqiyatli amalga oshirildi va Solijon Sharipovning aralashuviga hojat boʻlmadi.
YIRIK PLANDA:
MIR orbital stansiyasiga tutashgan AQShning ATLANTIS kosmik kemasi / wikipedia.org
Har bir blokning oʻz vazifasi boʻlgan. Asosiy blok markaziy boshqaruv punkti boʻlib, u joydan orbital stansiyaning barcha ilmiy tadqiqot ishlari, barcha energetik, ilmiy va aloqa tizimlarining nazorati olib borilgan. Yashash boʻlmalari (otsek) ham aynan asosiy blokda joylashgan. 1987-yilda tutashtirilgan ʼʼKvant–1ʼʼ moduli vazifasi galaktikalar, kvazarlar va neytron yulduzlarni tadqiq qilish boʻlgan fazoviy asbob-uskunalarni ʼʼMIRʼʼga eltib bergan. 1989-yilda tutashtirilgan ʼʼKvant–2ʼʼ moduli esa orbital stansiyadagi fazogirlarning hayot faoliyati uchun zaruriy uskunalarni bortga yetkazgan. 1990-yilda tutashtirilgan ʼʼKristallʼʼ moduli esa oʻzi bilan juda xilma-xil ilmiy tadqiqotlar uchun moʻljallangan koʻp sonli fazoviy ilmiy tekshirish asboblarini olib chiqqan. 1995-yilgi tutashuvda ʼʼSpektrʼʼ moduli Yer atmosferasining yuqori qatlamlari hamda okean yuzasining kosmik tadqiqotlari uchun moʻljallangan edi. Keyingi yili orbitaga olib chiqilgan ʼʼPrirodaʼʼ modulida yer sirtini turli toʻlqin uzunliklarida kuzatib borish hamda insonning uzoq vaqt davomida koinotda boʻlishi sharoitidagi psixofiziologik oʻzgarishlarini kuzatib, ilmiy tekshirishlar uchun natijalar qayd etishga vazifalangan.
MKS modullari chizmasi / stylishbag.ru
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → “MIR” orbital stantsiyasi
Muqova surat: freepik.com