1990-yilgi Xalqaro harorat shkalasi (XHSH–90)

1990-yilgi Xalqaro harorat shkalasi (XHSH–90), 1989-yilda 18-OʻTXK talabiga binoan 1968–1948-yillarda qabul qilingan Xalqaro amaliy harorat shkalasi (XAHSH–68, XASH–48), hamda 1927-yildagi Xalqaro harorat shkalasi (XHSH–27)ning oʻrnini bosuvchi shkala sifatida Oʻlchov va tarozilar xalqaro qoʻmitasi tomonidan joriy qilingan edi. Ushbu XHSH–90 ham avvalgilariga oʻxshaydi, lekin unda tayanch nuqtalar uchun yanada aniqroq qiymatlar belgilangani hamda keng diapazonlarda qoʻllash imkoniyati va termodinamik shkalaga yana ham yaqinroq ekaniga koʻra ancha takomillashgandir. Bu shkalada ham termodinamik harorat T ning birligi kelvin (K) boʻlib, u suvning uchlanma nuqtasining termodinamik haroratining 1/273.16 qismi sifatida qabul qilingan. Bu harorat mazkur shkala uchun yagona tayanch nuqtasi hisoblanadi va u termometrlarni XHSH–90 ga koʻra sozlashda asosiy oʻrin tutadi. Selsiy shkalasidagi harorat oʻlchov birligi Selsiy gradusining °Cning qiymati bilan kelvin gradusi Kning qiymati teng. Haroratlar farqi Kelvin gradusida ham yoki selsiy gradusida ham ifodalanishi mumkin. Muzning erish harorati XHSH–90 da ham XAHSH–68 dagi kabi 0°C (273.15 K) etib belgilangan, lekin suvning qaynash harorati XHS–90 da 99.975 °C (0.005 °C noaniqlik bilan) tarzida belgilangan, XAHSH–68 da esa bu qiymat 100.00 °C ga teng edi. Kiritilgan oʻzgartirishlar gaz termometriyasi yordamida qayd qilingan oʻta aniq oʻlchash natijalariga koʻra amalga oshirilgan boʻlib, bunda asosiy eʼtibor yutilish effektining ahamiyatiga asoslangan edi (muayyan haroratda sferik idish devorlariga yutilgan gazdagi turli aralashmalar, nisbatan yuqori haroratlarda qayta ajralib chiqib, gazning umumiy bosimining ortishiga sabab boʻladi).


XHSh–90 monoxromatik nurlanish uchun Plank qonuniga koʻra amaliy oʻlchash mumkin boʻlgan haroratni 0.65 K ga orttirib qoʻyadi. U muayyan aniq qayd etilgan va tajribada oson qayta hosil qilinadigan harorat nuqtalariga asoslagan boʻlib, koʻplab harorat diapazonlari uchun hisob boshi va tayanch nuqtasi sifatida xizmat qiladi. XHSh–90 harorat shkalasi toʻrtta diapazonga taqsimlangan. 0.65K dan 5K gacha boʻlgan harorat diapazoni 3He va 4He ning bosim-harorat bogʻliqligiga asosan aniqlangan. 3K dan 24.5561K gacha boʻlgan harorat diapazoni esa Neonning uchlanma nuqtasiga asoslangan holda ishlaydigan oʻta aniq sozlangan geliyli gaz termometri yordamida hosil qilingan. 13.8033K (vodorodning uchlanma nuqtasi)dan 1234.93K (kumushning qotish harorati)gacha boʻlgan diapazon muayyan nuqtalardagi aniq qayd qilingan harorat qiymatlariga tayangan holda oʻta aniq sozlangan platinali qarshilik termometrlarida aniqlangan. 12343.93K dan yuqori harorat diapazonlari, Plank nurlanish qonuni nuqtai nazaridan hamda unga muvofiq keluvchi usul oltinning qotish harorati 1337.33K kabi muayyan aniq belgilangan harorat qiymatiga koʻra aniqlangan. Biz shunga alohida urgʻu beramizki, 1K va 1 °C daraja qiymatlari (yaʼni shkaladagi boʻlinmalari) oʻzaro teng. Shu tufayli ham biz haroratlar farqi ΔT boʻyicha ish koʻrayotganimizda harorat intervallari har ikkala shkalada aynan bir xil boʻladi. Modda haroratining 10 °C ga ortishi 10 K ga ortishi ham demakdir. Yaʼni


Δ(T)=ΔT(°C)


Baʼzi termodinamik ifodalarda harorat T tarzida keltiriladi va uning °C da yoki K da ekani haqidagi savol ochiq qoldiriladi. Agar soʻz haroratlar farqi (Δ=bΔT kabi) haqida borayotgan boʻlsa, ulardan istalganidan foydalanish mumkin. Lekin agar ifodalarda haroratlar farqidan boshqacha boʻlgan (Δ=bT kabi) harorat nazarda tutilgan boʻlsa, unda K qoʻllanilishi lozim. Agar ifoda uchun birlik tanlashda ikkilanishlar paydo boʻlsa, doimo K ni tanlagan maʼqul, chunki termodinamik ifodalar uchun K ni qoʻllash oʻrinsiz yoki xato boʻladigan holatning oʻzi yoʻq, lekin agar °C dan foydalanilsa, natijaning xatolikka uchrashi ehtimoli yuqori boʻlgan termodinamik ifodalar bisyor.


Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → 1990-Yilgi Xalqaro Harorat Shkalasi (XHSh-90)
Muqova surat: freepik.com