Slanesli neft

Avvalo, slanes haqida. Slanes qatlam-qatlam koʻrinishdagi togʻ jinsi boʻlib, bu qatlamlar oʻzaro osonlik bilan ajraladi. Slanesli neft (inglizchasi — ʼʼshale oilʼʼ) yonuvchan slaneslarga qoʻshimcha kimyoviy va mexanik ishlov berish natijasida olinadigan noanʼanaviy neft boʻlib, u kerogen moddasiga boy boʻlgan slaneslardan olinadi. Kerogen butun holiga kelib qolgan organik moddadir. Slanesli neft olishda, odatda, slanes konlaridan olingan jinslar piroliz qilinadi yoki gidrogenlanadi yoxud termik eritish bilan qayta ishlanadi. Bunda slaneslardagi organik modda qoldiqlari sintetik uglevodorodlarga, yaʼni sintetik gaz va neftga aylanadi. Bunday usul bilan olingan neft toʻgʻridan toʻgʻri yonilgʻi sifatida ishlatilishi yoki NQZlarda qoʻshimcha qayta ishlanishi (oltingugurt va azot qoldiqlaridan tozalanishi) mumkin. Slanesli neft mahsulotlari ham anʼanaviy neft mahsulotlari singari ular bilan bir xil maqsadlarda qoʻllanishi mumkin. Slanesli neft (ʼʼshale oilʼʼ) atamasi, shuningdek, anʼanavaiy yengil neftni ifodalash uchun ham keng qoʻllaniladi (ayniqsa, AQShda). Bunday neft ham slanesli qatlamlar jinslari va ularga yaqin zich kollektorlardan qazib olinadi. Lekin bunda piroliz va boshqa kimyoviy taʼsir usullari qoʻllanilmaydi. Bunday yengil neft bilan slanesli neftni, oʻzaro farqlab belgilash uchun Xalqaro energetika agentligi ʼʼlight tight oilʼʼ (qisqacha LTO) atamasini qoʻllashni tavsiya qiladi.


XXI asrning 10-yillari boshiga kelib, AQShda aynan shunday yengil formatsiyadagi neft qazib olish ishlari jadallashdi va keng miqyosga ega boʻla boshladi. OAVlarda slanesli neft deb uqtirilayotgan mazkur unsur, aslida, oʻtkazuvchanligi past boʻlgan tuproq kollektorlaridan qazib, ajratib olinadigan yengil neftdir.


Xalqaro ekspert guruhlarning bergan baholariga koʻra, slanesli uglevodorodlarning (slanesli neft va gazlarning) asosiy konlari Shimoliy va Janubiy Amerika va, shuningdek, Yevropa qitʼasida joylashgan ekan. Shuningdek, bunday yoqilgʻi konlari Yevroosiyoning, asosan, Xitoy XR va Rossiya Federatsiyasi joylashgan hududlarida bisyor. Yevropadagi slanes konlari esa, asosan, Polsha va Ukraina hamda Rossiyaning gʻarbiy hududlariga toʻgʻri keladi. Slanes uglevodorod konlarini oʻzlashtirish va uning resurslaridan foydalanishning yoʻlga qoʻyilishini ayrim mutaxassislar energetika sohasidagi soʻnggi 50 yilda amalga oshirilgan eng katta hodisa deya baholashmoqda. Bunday turdagi neftning keng koʻlamli qazib olinishi va qayta ishlanishi 2000-yillar boshida AQShning Devon Energy kompaniyasi tomonidan boshlangan. Bunda hozirdagi slanesli neft qazib olishning eng samarador usul hisoblanayotgan — tuproq qatlamlarini koʻp qatlamli gidroparchalash yoʻlini qiyalatib, baʼzi oʻrinlarda gorizontal yoʻnalishlari bilan kavlab-burgʻulab boriladigan usul ilk bora qoʻllanila boshlagan.


 2000-yildan 2010-yilgacha boʻlgan vaqt oraligʻida bunday usulda neft qazib olish, asosan, Shimoliy Amerikada, aniqrogʻi, Kanada va AQShda yoʻlga qoʻyildi. 2007-yilgacha AQShda umumiy hisobda bir kecha-kunduzda 1 million barrel miqdordagi shunday slanesli neft qazib olingan boʻlsa, keyingi yillarda bu boradagi sanoat koʻlamining nihoyatda kengayishi natijasida slanesli neft qazib olish miqdori ham keskin ortdi. Xususan, 2013-yilda kundalik slanesli neft qazib olish koʻrsatkichi AQShda 2.3 million barrelga yetgan boʻlsa, 2014-yilda 3.5 million barreldan ortib ketdi. Bu esa butun dunyoda qazib olinadigan jami neft (barcha turlari) miqdorining taxminan 4.3% ulushi demakdir. Taqqoslash uchun quyidagi raqamlarni keltirish mumkin: jahondagi neft eksport qiluvchi eng yirik mamlakatlar — Saudiya Arabistoni va Rossiya Federatsiyasining birgalikdagi kundalik neft qazib olish koʻrsatkichi taxminan 10 million barrelni tashkil qiladi. Slanesli neft qazib olish miqdorining keskin koʻpayishi AQShda energiya resurslariga boʻlgan talabning ichki talablarning qondirilishida, import evaziga keluvchi gaz va neft oʻrnini bosish imkonini berdi. Bu esa AQSh ichki bozorida uglevodorod yonilgʻilarining tannarxini pasayishiga olib keldi. Slanesli neft va unga yondosh chiqadigan slanesli gazlar qazib olish miqdorining ortishi evaziga 2009-yilda AQSh gaz qazib olish boʻyicha Rossiyadan oʻzib ketdi. Natijada 2012-yilda bir qancha vaqt davomida AQSh slanesli uglevodorod yonilgʻilari jahon bozoriga ham Rossiyaning anʼanaviy uglevodorod yonilgʻilari narxidan arzonroq narxda taklif etila boshladi. 2012-yil boshidayoq energiya resurslari boʻyicha xalqaro nufuzli ekspertlar energiya bozorida yaqinlashib kelayotgan slanesli uglevodorodlar inqilobi haqida soʻz yurita boshlagandi. Bunga Shimoliy Amerika hududlarida slanesli gaz va neft konlarini katta miqyosda oʻzlashtirishga kirishilgani va bu sohada allaqachon muayyan sanoat tajribasi toʻplanganligi asosiy sabab qilib koʻrsatilgandi. Shunga qaramay, 2014-yilning deyarli yarmigacha jahon bozoridagi asosiy uglevodorod yonilgʻi importyorlari (asosan, Yevropa Ittifoqi va Xitoy) uchun anʼanaviy neft narxi barqarorligi saqlanib keldi.


Lekin 2014-yil avgust oyidan boshlab jahon bozorida slanesli neft narxining anʼanaviy neft narxiga taʼsiri tobora yaqqol koʻzga tashlana boshladi va anʼanaviy neft narxi deyarli 20% ga arzonlashib ketdi. Lekin slanesli uglevodorodlar, xususan, slanesli neftning anʼanaviy neftga nisbatan birmuncha yaqqol kamchiliklari mavjud boʻlib, ulardan eng asosiysi slanesli uglevodorodlar qazib olish tannarxining nisbatan qimmatligi hisoblanadi. Undan tashqari, slanesli konlarning suvga boʻlgan ehtiyoji juda yuqori ekanligi (har bir konga 15–20 ming tonnagacha suv sarfi taqozo etiladi); konlarning juda tez boʻshab qolishi (bitta kon uzogʻi bilan 1 yil xizmat qiladi); aniqlangan zaxiralarning energiya resurslariga boʻlgan ehtiyojni toʻla qondirishga kifoya qilmasligi hamda, albatta, kuchli ekologik xatar omillari shular jumlasidandir. Ustiga-ustak, slanesli neft konlarida qazib olish samaradorligi koeffisienti anʼanaviy neft konlariga qaraganda ancha past. Slanesli neft va gaz qazib olishning ijobiy taraflari esa quyidagilardir: avvalo, konlarning uglevodorod yonilgʻilari sotiladigan bozorlarga geografik yaqinligi; bunday konlarga ega mamlakatlarda energiya manbalarini import qilish oʻrniga oʻzlarida mavjud zaxiralardan foydalanishga nisbatan davlat va jamiyatning manfaatdorligi kiradi xolos. Baʼzi ekspertlarning fikricha, slanesli uglevodorodlarni qazib olish anʼanaviy neft qazib olishdan koʻra, aslida, ancha qimmat boʻlib, yirik xalqaro energetika konsernlari bunday neft narxini ataylab pasaytirib koʻrsatayotganlari boʻlishi mumkin ekan.


Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Slanesli neft
Muqova surat: freepik.com