Ushbu sayt tematikasiga mos maqolalar tayyorlash maqsadida yaqin ikki yildan buyon faqat ilmiy-ommabop adabiyotlar mutolaasi bilan cheklanayotgan edim. Lekin oʻtgan haftada Jyul Vernning ʼʼYashil nurʼʼ kitobi qoʻlimga tushib qoldi va uni uch kun ichida mutolaa qilib tugatdim (unchalik ham katta kitob emas). Albatta, ushbu asar ham koʻp jihatdan, ilmiy faktlarga badiiy tasvir berish orqali ijodiy bezatilgan. Qiziqarli boʻlsa-da, quruq ilmiy faktlar bilan kifoyalanuvchi ilmiy-ommabop asarlardan farqli oʻlaroq, ʼʼYashil nurʼʼ harqalay voqelikni yuksak badiiy did bilan bayon qilgan, tasvirlash uslubi ham muallifga xos tarzda juda mukammal boʻlgan ajoyib asar ekan. Oʻqib chiqishni tavsiya qilamiz.
Jyul Vernning “Yashil nur” kitobining asl nusxa muqovasi. Parij, 1882-yil
Asar syujetiga chuqurlashmasdan shuni maʼlum qilmoqchimizki, unda miss Yelena Kempbell ismli yosh shotland qizi ʼʼMorning Postʼʼ gazetasida eʼlon qilingan yashil nur haqidagi maqolani oʻqib, uni oʻz koʻzi bilan koʻrgisi kelib qoladi. Yashil nur bilan bogʻliq bir necha irim-sirimlar va afsonalar uning qiziqishini battar orttiradi. Emishki, kim yashil nurni koʻrsa, bu uning uchun yaxshilik alomati boʻlib, niyatlariga yetar ekan… Asar qahramoni Yelena yashil nurni koʻrish uchun safarga chiqadi va bu yoʻlda bir necha bor qulay imkoniyatlarni qoʻldan chiqaradi va oxir-oqibat yashil nurni koʻra olmaydi (shunga qaramay, asar baxtli yakun bilan tugaydi). Biroq Yelena yashil nurni koʻrolmagani tabiatda yashil nur, aslida, yoʻq degani emas… Yashil nur Jyul Vern toʻqib chiqargan shunchaki badiiy-tasviriy ifoda ham emas. U haqiqatan ham tabiatda mavjud boʻlgan, lekin kamyob optik hodisalaridan biridir. Ushbu ajoyib tabiat hodisasi Quyoshning botishi yoki chiqishi paytida juda qisqa muddat ichida taxminan 1–2 soniya davomida yuzaga keladi. Yashil nurning paydo boʻlishi ham, aslida, Quyosh botishidan oldin ufqning qirmizi tusga kirishi singari atmosferaga oid optik hodisa boʻlib, bunda Quyoshning zarrin nurlari Yer atmosferasi boʻylab muayyan nozik qonuniyat bilan sochiladi. Yashil nurni koʻrish uchun bir necha muhim sharoitlarga ega boʻlish shart. Avvalo, Quyosh botishi oldidan osmon toza va tiniq boʻlishi kerak. Juda kichik bulut ham yashil nurni koʻrish imkonini yoʻqqa chiqaradi. Shuningdek, gorizont chizigʻi ham butun koʻrish kengligi boʻylab yaqqol ochiq va keng boʻlishi hamda gorizont juda uzoq masofada joylashgan boʻlishi zarur. Koʻp hollarda yashil nurni, asosan, dengiz va okeanlarda suzayotgan kema xizmatchilari kuzatishadi. Chunki ochiq dengizda yuqorida qayd etilgan sharoitlarga ega boʻlish ehtimoli katta. Shahar joyda esa gorizontni, odatda, bino va inshootlar toʻsib qoʻyadi. Shuningdek, shaharlarda, odatda, kuchli changlangan va avtomobil tutunlari bilan toʻlgan havoning oʻzi ham unchalik toza boʻlmaydi (ayniqsa, kech payti). Yashil nurni, shuningdek, baʼzan, juda kam ehtimol bilan togʻ va togʻoldi hududlarda ham kuzatish mumkin. Aytib oʻtganimizdek, yashil nurni eng koʻp kuzatadiganlar, odatda, dengizchilar boʻlishadi. Tabiatan irimchi xalq boʻladigan aynan oʻsha dengizchilar yashil nur haqidagi afsonalarni tarqatishgan boʻlsa ajab emas. Chunki dengizchilar uchun Quyosh botishi yoki chiqishi oldidan yashil nurni koʻrish yaxshilik alomati deb hisoblangan va ular manzilga omon-eson yetib olishlariga ishonch bilan, yanada gʻayrat qilib suza boshlashgan. Keyinchalik, irimchilarning ʼʼsharofatiʼʼ bilan ʼʼyashil nurni koʻrgan lahzada tilak tilasa, albatta, ijobat boʻladiʼʼ qabilidagi uydirmalar ham urchigan…
Xususan, turli rangdagi yorugʻlik nurlarining muhitda tarqalish tezliklari ham oʻzaro farqlanadi. Yorugʻlik toʻlqinlarining muhitda tarqalish tezligining, yorugʻlik nuri rangining chastotasi va toʻlqin uzunligiga bogʻliqligi, yorugʻlik toʻlqinidagi elektromagnit maydon tebranishlariga nisbatan taʼsirlanishining aynan oʻzginasidir. Fizikada bu holat dispersiya deb ataladi. Bizni oʻrab turgan va biz koʻnikkan aksariyat muhitlarda, xususan, Yer atmosferasida yorugʻlik tarkibidagi qizil rangning tarqalish tezligi kattaroq, yashil yoki koʻk ranglariniki esa pastroq boʻladi. Bunday bogʻliqlik (yaʼni yorugʻlikning muhitda tarqalish tezligi va uning chastotasi hamda toʻlqin uzunligi orasidagi bogʻliqlik) fanda meʼyoriy dispersiya deb ham yuritiladi va u qizil rang uchun kichik sindirish koʻrsatkichiga, koʻk va yashil ranglar uchun esa kattaroq sindirish koʻrsatkichiga toʻgʻri keladi. Eslatib oʻtaman, sindirish koʻrsatkichi bu muhitdagi yorugʻlik tezligi v ning, ayni yorugʻlikning vakuumdagi tezligiga nisbatan qanchalik kichikligini ifodalovchi kattalikdir: n=c/v (c≈3·108 m/soniya). Yashil nur hodisasining paydo boʻlishini tushunish uchun kerak boʻladigan yana bir fizik qonun bu yorugʻlikning sinish qonuniyatlaridir. Ushbu qonunga koʻra, yorugʻlik sindirish koʻrsatkichi turlicha boʻlgan muhitlar chegarasiga burchak ostida tushsa, unda yorugʻlik nuri oʻzining dastlabki yoʻnalishidan ogʻadi, yaʼni sinadi. Sindirish koʻrsatkichi n kichikroq boʻlgan muhitdan, mazkur koʻrsatkich kattaroq boʻlgan muhitga oʻtishida sinish burchagi tushish burchagidan koʻra doimo katta boʻladi. Bunda har ikkala burchakni muhitlar chegaralab turgan perpendikulyarga nisbatan olinadi. Shunday qilib, turli toʻlqin uzunliklaridagi, demak, turli ranglardagi yorugʻlik nurlari uchun sinish koʻrsatkichlari ham turlicha boʻladi va, tabiiyki, sinish va qaytish burchaklari ham turlicha boʻladi. Aynan aytadigan boʻlsak, qizil rang yashil rangdan koʻra kamroq sinadi. Aslida, oq koʻrinadigan yorugʻlik nuri prizma orqali oʻtkazilsa, uning turli ranglarga yoyilishining sababi ham shu. Quyosh nurlari ham atmosferaga kirib kelgach, xuddi shunday ravishda tarkibiy qismlarga, yaʼni turli rangdagi yorugʻlik nurlariga sochilib ketadi. Yaʼni bu holatda Yer atmosferasi tabiiy prizma vazifasini oʻtab beradi. Biroq Yer atmosferasida yoyilgan turli ranglardagi nurlarni alohida-alohida koʻrish uchun ham muayyan sharoitlar taqozo qilinadi. Xususan, Yerdagi kuzatuvchi koʻrib turgan Quyosh chiqishi va botishi vaqtida kosmik muhitdan (deyarli vakuumdan) kelayotgan nurlar katta burchak ostida tushadi. Yer atmosferasi esa Yer sirtiga yaqinlashgani sari zichligi ham ortib boradi. Shu sababli Yerning yuza qismida nur sindirish koʻrsatkichi ham katta boʻladi. Shunday qilib, atmosferaga kirib kelgan yorugʻlik nurlari muttasil sinishga uchraydi, yaʼni spektrning tarkibiy qismlariga yoyiladi. Bunda xuddi shisha prizmadagi singari spektrdagi qizil rang eng kam sinadi. Aslida, Yer atmosferasida qizil va yashil rangli nurlarning sinish koʻrsatkichlari orasidagi farq unchalik ham katta emas. Lekin sinish chegarasi juda uzoq masofalardan kuzatilganda, xususan, masofa 100 km atrofida boʻlganida, qizil va yashil nurlarning sinish chegarasini va ularning ajralish effektini yaqqol koʻrish mumkin. Quyosh chiqish va botishi oldidan yashil nurning paydo boʻlishi sababi ham aynan shunda. Haqiqatan ham Quyosh gorizont chizigʻi ortiga botib boʻlgach, uning qizil nurlari kuzatuvchiga nisbatan balandroqdan oʻtib ketadi va ayni damda nisbatan qisqa toʻlqinli nurlari, ayniqsa, yashil nurlar kuchliroq ogʻishga uchraydi va shunda yashil nurni oddiy koʻz bilan koʻrish yoki optik asboblar vositasida qayd qilish mumkin boʻladi. Albatta, yanada qisqaroq toʻlqinli nurlar — koʻk, moviy va binafsharanglar ham yanada kuchliroq sinadi. Lekin ularning juda tarqoq boʻlishi hamda Yer atmosferasida yutilib ketishi tufayli bu rangdagi nurlarni kuchli optik asboblar bilan ham koʻrishning imkoni qolmaydi. Yashil nurni koʻrishga toʻsqinlik qiladigan asosiy narsalar — atmosferada uchib yurgan changlar, tuman, tutun kabi havoning tozaligiga salbiy taʼsir qiluvchi omillardir. Bundan tashqari, yuqorida ham aytilganidek, Quyosh botishi yoki chiqishi chogʻida uni kuzatayotgan odam bilan gorizont chizigʻi masofasi imkon qadar juda katta boʻlishi kerak.
Bunday sharoitlarga eng oson erishiladigan joylar dengiz sohillari hamda ochiq dengizning oʻzidagi kuzatuvlardir. Yashil nurni dashtlarda, sahro va oʻrmonlar yaqinida koʻrishning imkoni deyarli yoʻq.
Albatta, yashil nurning paydo boʻlishiga oid fizik tafsilotlarni yaxshi tushunib olib, uning, aslida, hech qanaqasiga moʻjiza emasligi va, aksincha, mutlaqo tabiiy optik hodisa ekanini anglab yetgan kishi uchun ham uni ilk bora koʻrganda kuchli hissiyotlarga berilmaslikning iloji yoʻq. Chunki yashil nur juda qisqa muddat, atigi bir lahzaga koʻrinsa-da, oʻzining ajoyib jilvalari bilan shuuringizda chuqur ijobiy taassurot uygʻotadi. Ona tabiatning shunday ajoyib hodisasidan beixtiyor hayratga tushasiz va bir muddat lol boʻlib qolasiz. Yashil nurning umidbaxsh nur sifatida yaxshilik alomati deb qabul qilinishining sabablarini tushungandek boʻlasiz.
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Yashil nur
Muqova surat: freepik.com