Maqolaning 1-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/17039/
Nega bu teshik aynan Antarktidada?
Nega bu teshik Antarktidada, axir freonlar atmosferaga asosan Shimoliy yarimsharda chiqarib yuboriladi-ku?
Gap shundaki, freonlar stratosferaga yetib olguncha sayyora atmosferasi boʻylab ancha siljib qoʻyishga ulguradi, shuning uchun stratosferada ozon konsentratsiyasining pasayishi hamma joyda kuzatiladi. 1980—2000-yillar oraligʻida oʻrta va quyi kengliklarda 5—7 foizga pasaygan. Ammo Antarktidada sharoit boshqacharoq, shuning uchun ham u yerdagi ozon miqdori keskin tushib ketgan. Qishda Antarktika ustida qutb girdobi hosil boʻlib, u ozonning quyi kengliklardan oqib kelishiga toʻsqinlik qiladi. Qutbdagi tun sharoitida quyi stratosferadagi havo harorati -80 ºС gacha tushib ketadi va u yerda qutbiy stratosfera — sadafrang ham deyiladi — bulutlari shakllanadi (QSB), ular mavjud boʻlganda ozonning parchalanish kimyoviy reaksiyasi juda tezlashib ketadi. Ammo bu reaksiyalar uchun UB nurlanish ham kerak, shunday ekan ozonning asosiy pasayish vaqti bahorga toʻgʻri keladi, chunki aynan shunda quyoshning ilk nurlari Antarktidaga tushishni boshlaydi.
Antarktika ustidagi asosiy qatlamda ulkan teshik hosil boʻlib, u butun kontinentni qoplab oladi. Miqdoriy jihatdan qaralsa, bu yerdagi ozon konsentratsiyasi 220 birlik Dobson yoki undan ham pastroq boʻlib qoladi. Yozga yaqin havo harorati koʻtariladi, qutbiy stratosfera bulutlari yoʻqoladi, girdob sochilib ketadi, Antarktikaga quyi kengliklardan ozonga toʻyingan havo oqa boshlaydi va dekabrga kelib teshik kichrayadi.
Mak-Merdo stansiyasi tepasidagi sadafrang bulutlar / Alan R Layt / Wikimedia commons
Freon ozonga taʼsir qilishi haqidagi ilk xabarlar paydo boʻlishi bilan Amerikaning DuPont firmasi boshchiligida aerozol, sprey va sovutish suyuqligi ishlab chiqaruvchilar masalaga aralashdi. Amerikada aerozollarning savdosi oʻldi va, tabiiyki, bu ularga yoqmadi. “Dyupon” boshqaruv vakili ozonga antropogen aralashuv nazariyasini “ilmiy fantastika, bir uyum chiqindi, butunlay safsata” deb atadi. Korporatsiyalar oxirigacha kurashdi, ammo shu bilan birga ular ozonga taʼsir qilayotganiga ishonarli dalil keltirilsa XFU ishlab chiqarishni toʻxtatishini vaʼda qildi. Monreal protokoli qabul qilingach esa ularning chekinishiga toʻgʻri keldi.
1985-yilda ozon qatlamini himoya qilish haqidagi Vena konvensiyasi qabul qilindi, 1987-yilda esa Monreal protokoli imzolashga tayyorlandi, bu protokol konvensiyaga qoʻshimcha boʻlib, unda ozonni yemiruvchi moddalarni qisqartirishdan maqsad va buning usullari yoritilgandi. U 1989-yilning 1-yanvaridan kuchga kirdi. 2013-yilga kelib, uni barcha BMT davlatlari, Kuk orollari, Muqaddas taxt, shuningdek, Yevropa ittifoqi ham ratifikatsiya qildi. Bu protokolni oxirigi boʻlib imzolagan davlat 2011-yilda mustaqillikka erishgan Janubiy Sudan boʻldi.
Shunday qilib, ilk ilmiy nashrdan jahon miqyosidagi yechimning kuchga kirishigacha 13 yil ketdi. Buni ulkan muvaffaqiyat deb hisoblash mumkin. Krutsen, Molina va Roulend 1995-yilda oʻz kashfiyotlari uchun kimyo boʻyicha Nobel mukofotini qoʻlga kiritdi.
Bu protokol ozonni yemiruvchi moddalarni (ODSs — Ozone Depleting Substances) sekinlik bilan nolgacha qisqartirishga qaratilgan boʻlib, biz bu moddalarni sodda qilib “freon” deymiz.
Freonlar orasida oʻzining yemiruvchi xususiyati bilan bir qancha guruhlar ajralib turadi.
Ozon uchun eng xavfli moddalar — xlorftoruglerodlar (XFU) boʻlib, ular CFCl3 formulasiga ega. Protokolda bu moddalarning ishlab chiqarilishi va foydalanilishini 1996-yilgacha asta-sekin nolgacha qisqartirish, uning oʻrniga xavfsizroq moddalarni (GXFU va GFU, ular quyida keltirilgan) yoʻlga qoʻyish nazarda tutilgan. Ammo bir qancha moddalar istisno qilindi, masalan, XFUni baʼzi yopiq zanjirlarda, jumladan, suvosti kemalarida oʻt oʻchirish uchun foydlanishga ruxsat berildi. XFUning yana bir xavfli tomoni shundaki, ular — oʻta kuchli is gazi hisoblanadi, ularning isitish qobiliyati CO2 nikidan ming barobar yuqori.
Keyingi guruh — gidroxlorftoruglerodlar (GXFU). Ularning yemiruvchi qobiliyati XFUnikidan ancha pastroq, chunki ular troposferadayoq yoʻqolib ketadi. Rivojlangan davlatlar GFXUdan foydalanishni 2004-yilda, ishlab chiqarishni esa 2010-yilda kamaytira boshladi, nolga chiqishga shunday erishilishi koʻzda tutilgan. Rivojlanayotgan davlatlarda bu jarayon 10 yilga kechikishi taxmin qilingan. XFU kabi GXFU ham kuchli is gazi hisoblanadi.
Nihoyat, uchinchi guruh — bu gidroftoruglerodlar (GFU). Ular ozon qatlamini yemirmaydi, chunki ularda xlor yoʻq va aynan ular XFU va GXFUlarga asosiy muqobil sifatida keltirilgan. Ular ham is gazi hisoblanadi, shuning uchun 2016-yilda ularning ishlab chiqarilishini ham qisqartirishga qaror qilingan.
Hisobotlarga ishonsak, freonlarning ishlab chiqarilishi va atmosferaga chiqishining qisqartirilishi ozon qatlamida bir necha oʻn yildan soʻng oʻz taʼsirini koʻrsatishi lozim. Bu vaqt ularning stratosferadagi yashash vaqtiga bogʻliq. Hozir, 30 yil oʻtgach ilk xulosalarni qilishimiz mumkin.
Monreal muvaffaqiyati
Barcha davlatlar qaysidir darajada protokolga amal qilayotgan edi, buni atmosferadagi freon konsentratsiyasining pasayayotganida koʻrish mumkin edi. XFUning oʻsishi darrov toʻxtamadi (chunki xlor molekulalari qanchadir vaqt davomida troposferadan stratosferaga yetib kelayotgandi), ammo sekinlashdi: taxminan 90-yillarda ularning konsentratsiyasi oʻzining maksimumiga yetdi, keyin esa pasaya boshladi.
GXFUning konsentratsiyasi esa, aksincha, oʻsishda davom etmoqda — chunki boshida XFU aynan shu moddaga almashtirilgandi. Shunday boʻlsa ham “effektiv xlor” ekvivalenti nomi bilan tavsiflangan freonlarning umumiy konsentratsiyasi (pastdagi rasmning yuqoridagi qismi) XX asr oxirida allaqachon oʻz choʻqqisidan oshib oʻtgan edi.
1950-yildan buyon atmosferadagi ODSlar konsentratsiyasi oʻzgarishi va XXI asrgacha qilingan ilmiy taxminlar. Aylanalar — kuzatuv natijalari, yotiq chiziqlar — kuzatuvlargacha boʻlgan oʻzgarishlar bahosi, nuqtali chiziqlar — ilmiy taxminlar / NOAA
Hamma ham bu protokolga ixlos bilan amal qilmadi. 90-yillarda Yevropa qora bozorida sotish uchun Rossiya XFU ishlab chiqargan degan faraz bor. 2018-yilda esa Sharqiy Osiyo tomonlarda nomaʼlum XFU manbasi borligi haqidagi maqola chop etildi.
Bunga qaramay, 2006-yilda AQSh Milliy okean va atmosfera tadqiqotlari idorasi (NOAA) bayon etdi: “Monreal protokoli foyda bermoqda. Atmosferada ozonni parchalovchi moddalarning konsentratsiyasi pasayganiga aniq dalillar bor, shuningdek, ozon qatlami qayta tiklanishining baʼzi alomatlari ham kuzatilmoqda”. Monreal protokoli boʻlmaganida, atmosferadagi ozonning kamayishi ancha keskin boʻlardi, bu esa oʻz navbatida kuchli UB-nurlanishning oʻsib ketishiga olib kelardi va bu insoniyatga onkologik kasalliklar tufayli yana bir necha millionta oʻlimga sabab boʻladi.
2000-yillar atrofida Antarktida ustidagi ozon teshigining qisqarishi kuzatildi. 2000-yildan 2015-yilgacha esa bu teshikning yuzasi 4 mln km2 ga qisqardi. Aytish lozimki, bu oʻzgarishlarga kuchli yillararo beqarorlik taʼsir qiladi, shuning uchun uning qanchalik aniqligini aytish qiyin.
Umuman olganda, ijobiy bu oʻzgarishlar bilan bir qatorda turli anomaliyalar ham yuz berishi mumkin. Masalan, shu yilning oʻtgan oyida Arktika ustida ozon teshigi kuzatildi, bu esa ushbu sohaga xos emas, chunki u yerda tez-tez barqaror qutb girdoblari hosil boʻlib turadi va havo harorati ham kamdan kam hollarda eng past nuqtaga tushadi.
Qoʻshimcha effekt
Freonlar miqdorining qisqarishi va ozonning koʻpayishi nafaqat insonning sogʻligʻiga taʼsir qiladi, balki Janubiy yarimshar va butun yerda kuchli, hali yaxshi oʻrganilmagan uzoq muddatli iz qoldiradi. Masalan, Antarktika ustidagi ozon troposfera-stratosferaviy almashinuv orqali faol ravishda butun Janubiy yarimshardagi atmosferaning sirkulyatsiyasiga taʼsir qiladi. 1980—2000-yillarda ozon miqdorining kamayishi quyosh energiyasini kichik miqdorda qabul qilish hisobiga quyi stratosferadagi havo haroratining pasayishiga olib keldi. Bu esa oʻz navbatida qutb girdobining kuchayishiga, qutb frontining janubga siljishiga va yerning asosiy sirkulyatsion yacheykasidan biri boʻlgan, oʻz ichiga intertropik konvergensiya zonasini, passatlar zonasini hamda yuqori bosimli tropik sohani olgan “Hedli yacheykasi”ning kengayishiga sabab boʻldi. Real nuqtai nazardan qaraydigan boʻlsak, bu Janubiy yarimshardagi qurgʻoqchil tropik sohalarning yuzasi ozgina kattalashganini va mahalliy aholining boshiga bir qancha qiyinchiliklarni olib kelganini bildiradi.
2000-yildan soʻng bu jarayonlarning barchasi orqaga qarab ketishi kutilgandi — ammo masala unchalik oddiy emas. Ozon qatlami tiklanayotgan boʻlsada, sayyoraning umumiy isishi davom etmoqda, bunda troposfera isiyapti, stratosfera esa soviyapti. Boshqa tomondan esa ozon uni isityapti. Bundan tashqari, ozonning oʻzi is gazi hisoblanadi. Demak, uning konsentratsiyasining oshishi isishni ham sal boʻlsada tezlatadi. Nihoyat, freonlar ham juda kuchli is gazi hisoblanadi va ularning kamayishi iqlimga yaxshi taʼsir qiladi.
Shunday ekan, ozonni hech kim unutgani yoʻq va u haqida yaqin yillarda hali koʻp eshitamiz. Ozon qatlamining sanoatdan oldingi holigacha tiklanishi 2050—2060-yillarda yuz berishi taxmin qilinmoqda. Ungacha esa uning miqdorini jonli ravishda NASAʼning maxsus saytida kuzatishingiz mumkin.
Ushbu mavzuga doir video → Минимальная концентрация озона над Антарктидой по годам с 1979 по 2018 год
Monreal protokoli — insoniyat birgalikda aniq qoʻyilgan muammoni qanday yecha olishining yaqqol namunasi. Freonni bir yoqlik qila oldik, endi global isishni ham hal qila olamizmi? Ishongimiz kelyapti, lekin bu masala hisoblab boʻlmas darajada murakkabroq va kattaroq: unda taqqoslab boʻlmas darajada koʻp tomonlar qatnashgan. Masalaning narxi ham ozon masalasinikidan bir necha barobar yuqori.
Muallif: Aleksey Yekaykin. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Дыра, которую мы залатаем. Почему Монреальский протокол — это история успеха” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: nplus1.ru