Bundan toʻrt-besh yil muqaddam Fargʻonada asosan yoshlar va qisman katta yoshdagilarni oʻz girdobiga tortgan bir narsa avj olgan edi. Yaxshiki, tegishli idoralar tezkor choralar koʻrib, qalloblikning payini qirqishdi. Biroq ular ancha-munchasini chuv tushurib ulgurishgan edi…
Oʻzini allambalo ajnabiy tildagi nomlar bilan atab olgan bir firma arzimagan buyum va mayda-chuydalarni falon pulga sotar, bunda sotib oluvchilarga ham qandaydir usullarni tavsiya etib, tez boyib ketishga vaʼdalar berar edi.
Firma egalari bir binoni ijaraga olib, bashang kiyingan holda tillarida rasmiy jumlalarni qoʻllab, odamlarni boplab laqillatib, qoʻynilarini puch yongʻoqqa toʻldirib, natijada esa arzimas buyumlarini falon soʻmga pullab olishar edi. Matbuotda bunday holatni “Moliyaviy piramida” deb atashadi. Yaʼni piramida kabi yuqoridan pastlagan sari kengayib, tarmoq yoyilib boradi. Foydani esa faqat eng yuqoridagi, piramidaning choʻqqisidagi(lar) koʻradi. Ular taklif qilayotgan tez boyish sxemasi esa ancha sodda:
Siz bu firma taklif qilayotgan biror buyum yoki xizmatni sotib olasiz. Bu narsalar arzon emas, masalan, kuchni koʻpaytiradigan gʻayritabiiy xususiyati bor shishaga oʻxshagan matoh 650 dollar turadi. Ular taklif qilayotgan buyumlar orasida eng arzoni mana shu.
Qolaversa, ularda qandaydir sanoqli sondagi Misr tilla tangalari, taqinchoq va hokazolar, yirik shaharlarga sayohatlar mavjud. Xullas, shulardan birini sotib olasiz va shu bilan birga firmaga aʼzo boʻlasiz. Keyin esa oʻzingizga oʻxshaganlardan yana uchtasini topib kelasiz. Ular ham oʻsha narsalardan sotib oladi. Ularni siz olib kelganingiz uchun firmachilar siz olib kelgan xaridorlarning qilgan xarid summasidan taxminan chorak qismini sizga berishadi.
freepik.com
Keyin esa ular ham oʻzlari uchun uchtadan xaridor topib kelishadi. Ulardan ham sizga foyda tariqasida maʼlum ulush tegadi. Shu tarzda piramida davom etaveradi. Qarabsizki, siz boyib ketasiz. Faqat dastlabki xaridni qilib, oʻzingizga uch nafar xaridor topib kelib, ularni ham buyumlardan sotib olishga koʻndirsangiz, bas.
Ammo, aytilganidek, bularning bari xomxayoldan boshqa narsa emas. Bu eski yolgʻonlardan boʻlib, odamlarni laqillatishning koʻhna usullaridandir. Quyida nima sababdan bu usulning ish bermasligini misollar orqali ochib berishga harakat qilamiz.
Odatda, bunday kampaniyalarda ruhiy taʼsir oʻtkazish usullaridan ham foydalaniladi. Masalan, yaqin bir doʻstimning taklifi bilan oʻzim ham oʻsha kampaniyaga bosh suqqan edim. Sezganingizdek, doʻstim meni oʻziga foyda keltiradigan uch nafar xaridordan biri sifatida boʻlishim uchun olib borgan edi. Biroq men ancha yillar avval oʻqigan bir maqolamdagi holatning real hayotda qanday ekanini tekshirish uchungina u yerga borgan edim. Haqiqatan ham, piramidachilarning artistlik qobiliyatlari-yu vaʼdalari meni hayron qoldirdi. Ular avvaliga mendan qanday orzularim borligini soʻrashdi, ulardan birini aytganimdan keyin bu orzularimga yetishim uchun hozirgi maoshim bilan yetisha olmasligimni “ilmiy isbotlab” berishdi.
Emishki, bunday topish tutishim bilan bu orzuyimga erishishim tabiat qonunlariga zid ekan. Men qiziqish bilan voqealar rivojini kuzatdim: ular tez boyib ketishim uchun aynan ularning xizmatidan foydalanishim kerakligiga meni “ishontirishdi”.
Xullas, meni ularning qarmogʻiga ilinishdan ancha avval, bolaligimda oʻqigan bir kitobimdagi maqola qutqarib qoldi. Xayr-maʼzurni ham nasiya qilib va hafsalam pir boʻlib chiqib ketdim. Meni XXI asrda ham bunaqangi tovlamachilar topilayotgani va ularning tuzogʻiga tushayotgan sodda insonlar hali hamon koʻpligi afsuslantirdi.
Endi esa moliyaviy piramidalarning asl basharasi haqidagi bolaligimda oʻqigan oʻsha maqolani eʼtiboringizga havola qilaman. Umuman olganda, ushbu maqolani hayotda hech qachon katta maqsadlarga halol mehnatdan boshqa yoʻllar orqali erishib boʻlmasligi, bunga bepisand qaraydiganlar esa oxir-oqibat sarobga ergashib qolishlarining matematik isboti desa ham boʻladi. Axir xalq matalida bejiz aytilmagan: tekin pishloq faqat qopqonda boʻladi!
Arzon velosipedlar girdobi
Y. I. Perelmanning “Qiziqarli arifmetika” kitobidan
(Tushunarliroq boʻlishi uchun narx navo hozirgi davr uchun moslab olindi)
XIX asr soʻngida baʼzi chet davlatlarda korxona egalari sotilishi qiyin boʻlgan, odatda joʻnroq mollarini pullash uchun gʻalati bir usuldan foydalanishar edi. Ular ishni koʻp tarqaladigan seradad gazeta va jurnallarda quyidagicha mazmundagi reklama yoki eʼlonlarni bosib chiqarish bilan boshlaganlar:
“Arzon narxda – atiga 50 ming soʻmga velosiped! Istagan kishi atiga 50 000 sarflab velosiped sotib olishi mumkin. Fursatdan foydalanib qoling!!! (Tafsilotlar shaxsiy uchrashuvda yoki pochta orqali)”.
Albatta, bunday eʼtiborni jalb qiluvchi eʼlon oldidan koʻpchilik shunchaki oʻtib keta olmagan. Qancha-qancha kishilar arzon velosipedga ega boʻlish ilinjida firma xodimi bilan shaxsiy uchrashuv yoki pochta orqali tafsilotlarni bilishga intilganlar. Ular esa bunga javoban arzon velosiped sotib olish uchun mufassal yoʻriqnoma olar edilar. Bu yoʻriqnomaga koʻra, ularga arzon velosipedga ega boʻlish uchun quyidagi shartlar maʼlum boʻlar edi:
Avvaliga 50 000 soʻmga hozircha velosipedning oʻzini emas, balki faqat 4 ta patta sotib olib, ularni oshna-ogʻaynilariga har birini 50 000 soʻmdan pullash kerak boʻlardi. Shu yoʻsinda yigʻilgan 200 000 soʻm pulni toʻplab firmaga olib borish lozim edi va shundan keyingina velosiped qoʻlga kelib tegar edi.
Demak, velosiped xaridorga chindan ham atiga 50 000 soʻmga tushar edi, chunki qolgan 200 000 soʻmni u oʻz choʻntagidan toʻlamasdi-da. Toʻgʻri, arzon velosiped oluvchi xaridor oʻzi naqd 50 000 soʻm pul toʻlashdan tashqari oshna ogʻaynilariga ham patta sotish asnosida firmaga maʼlum xizmat bajarib berar edi. Biroq u “arzimagan” mehnat boʻlib, hisobga kiritilmas edi.
Xoʻsh, bu pattalarning mohiyati nimadan iborat edi? Ularni 50 000 soʻmga sotib olgan kishi shunday pattaning har birini firmadan yana beshta shunday pattaga almashtirish huquqiga ega boʻlar edi. U ham olgan oʻsha beshtasini oʻz oshna-ogʻaynilariga 50 000 soʻmdan sotib kelsa, unga ham velosiped berilardi.
Boshqacha aytganda unga ham velosiped, avvalroq oʻz oʻrtogʻidan sotib olgan bitta 50000 soʻmlik patta qiymatiga tushar edi. Undan patta olgan kishilar oʻz navbatida firmadan yana 5 tadan patta olib, ularni ham 50 000 dan pullashga urinardilar va hokazo.
Yuzaki qaraganda bu ishlarda hech qanday tovlamachilik yoʻqdek tuyuladi. Reklamadagi vaʼda bajarildi: velosiped chindan ham xaridorga atiga 50 000 soʻmga tushdi. Buning ustiga firma ham zarar koʻrmasdi, chunki u ham oʻz mahsulotining qiymatini toʻliq olardi.
Holbuki, bu ishlarning barchasi firibgarlik-qalloblikdan boʻlak narsa emas. Bunday tovlamachilik juda koʻp kishini chuv tushirar, ular sotib olgan pattalarini boshqalarga oʻtkazolmay sarson boʻlar edilar. Firmaga 250 000 soʻmlik velosiped bilan 50 000 soʻmlik pattaning orasidagi narx tafovutini toʻlaydigan shoʻring qurgʻurlar aynan oʻshalar edi.
Bora-bora shunday payt kelar ediki, patta egalari pattalarini sotish uchun xaridor topolmay qolar edi. Shunday hol uzoq kuttirmay albatta juda tezlik bilan yuz berishini aniq hisoblab chiqishingiz qiyin emas. Buning uchun qoʻlingizga qogʻoz-qalam olib, shunday girdobga tushib qolgan odamlar sonining qanday tezlik bilan oʻsib borishini hisob-kitob qilib koʻrishingiz mumkin.
Pattalarni bevosita firmadan olgan birinchi guruh odamlar odatda xaridor topishga qiynalmaydilar. Bu guruhning har bir aʼzosi toʻrtta yangi kishini patta bilan taʼminlaydi.
Bu toʻrt kishining har biri oʻz pattalarini 4*5=20 nafardan kishiga sotishga urinishlari asnosida mazkur yigirma nafar xaridorning har birini bunday usulda velosiped sotib olishning qulaylik va foydali jihatlari haqida ishontirishga harakat qiladi.
Faraz qilaylik, bunga muvaffaq boʻlindi ham. 20 ta laqma xaridor topildi deylik. Patta sotib olgan oʻsha 20 ta xaridor, oʻz navbatida, yana 20*5=100 nafar xaridorni topib, ularga patta sotishni uddalashi kerak. Shu chogʻgacha ishni boshlab bergan bir kishining oʻzi bu girdobga 1+4+20+100=125 kishini tortgan. Ulardan faqat beshdan biri, yaʼni 25 nafarigina velosiped olgan. Qolganlari esa velosiped olishga umidvor boʻlib yuribdi, chunki ular 50 000 soʻmdan pul toʻlab qoʻyishgan.
Endi bu girdob tanish bilish va qarindosh urugʻlarning tor doirasidan chiqib shaharga yoyila boshlaydi. Lekin endi ish tobora qiyinlashaveradi. Patta egalaridan keyingi yuztasi shunday pattalar bilan 500 ta odamni taʼminlashi kerak. Bular esa oʻz navbatida 2500 ta sodda odamni topishi shart. Tezda shaharni patta xirmoni bosib ketadi va pattalarni sotib oladigan odamdan koʻra ularni sotmoqchi boʻlgan odamlar koʻpayib ketadi. Koʻrasizki, girdob domiga tortilgan odamlar soni quyidagi qonuniyat boʻyicha oʻsadi:
1
4
20
100
500
2500
12 500
62 500
Agar shahar katta boʻlsa-yu, uning velosiped minib yura oladigan aholisi soni 62 500 kishini tashkil etsa, 8-turda girdob tugashi kerak, chunki hamma unga tortilib boʻlgan boʻladi. Ammo velosiped olganlar aholining beshdan bir qismini tashkil qiladi xolos.
Qolgan 4/5 qism aholi esa qoʻllaridagi pattalarni kimga sotishni bilmay ovora boʻlib qoladilar. Aholisi koʻproq boʻlgan, aytaylik, millioner shaharlar uchun ham girdob atiga bir necha tur keyinoq toʻlishini matematika bizga ochib berishi mumkin: girdob haddan tashqari tez oʻsib boradi va uning keyingi uyurmalari quyidagicha boʻladi:
312 500
1 562 500
7 812 500
39 062 500
Koʻrdingizki, girdob 12-turda butun boshli davlat aholisi sonini qamrab olishi mumkin. Masalan, Oʻzbekiston aholisi bugungi kunda 35 millionga yaqin kishini tashkil qiladi. Yuqoridagi girdobda esa 39 million odam tortilgan!
Amalda bunday boʻlish mumkin emasligini hamma juda yaxshi anglaydi. Axir hech qachon bir mamlakatda aholi soni qancha boʻlsa, oʻshancha velosiped boʻlmaydi. Chunki aholining yarmidan koʻprogʻini umuman velosiped minmaydigan yosh bolalar va qariyalar tashkil qiladi. Qolaversa, velosiped minishga yaroqli qismining hammasi ham aynan velosiped sotib olavermaydi, Masalan, oʻsha XIX asrda velosiped oʻrniga ot minishni afzal koʻruvchilar koʻproq topilardi.
pinterest.com
Endi girdob yasash orqali firma korchalonlari nimaga erishishini tahlil qilish bilan maqolamizga yakun yasaymiz:
Ular aholining 1/5 qismi arzon narxda olgan molning pulini qolgan 4/5 qismiga toʻlattirishadi: boshqacha aytganda, har toʻrt kishini oʻzaro pul yigʻib, beshinchi bir kishiga velosiped olib berishga majbur qilishadi. Bundan tashqari bunda firma oʻz mahsulotini zoʻr berib reklama qiluvchi va tarqatuvchi koʻp sonli odamning xizmatidan gʻirt tekinga foydalanadi. Bu oʻyin orqasiga yashirinib yotgan ulkan son oʻz manfaatlarini firibgarlik hujumidan himoya qilishda arifmetik himoya vositalaridan foydalana olmaydiganlarni boplab chuv tushiradi.
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Qopqondagi pishloq (yoki, moliyaviy piramida haqida)
Muqova surat: freepik.com dzen.ru