1-qism. Biz “yamaydigan” teshik. Monreal protokoli — muvaffaqiyat tarixi

Oʻtgan oy Arktika ustida yuzasi 5 million kvadrat kilometrga teng boʻlgan ozon teshigi aniqlandi. Shimoliy qutb ustida bunday holat ilk marta yuz berishi va atmosferadagi bu boʻshliqning uyimizga yaqinligi koʻpchilikni mantiqiy bir masala haqida oʻylantirib qoʻydi: insoniyat sayyoraning ozon qatlamini himoyalash uchun kam harakat qilmadi. Biroq shunda ham muvaffaqiyatsizlikka uchradikmi? Albatta, yoʻq, hammasi joyida! Arktika ustidagi teshik Monreal protokoli muvaffaqiyat belgisi emas, bu protokolni biz birgalikda global miqyosdagi muammolarni hal qila olishimizning yaqqol namunasi deb hisoblash kerak. U qanday qilib qabul qilingani va 31 yil oʻtgach nimaga erishilgani haqida N + 1 uchun iqlim muhitidagi oʻzgarishlar boʻyicha Arktika va Antarktika ilmiy-tadqiqot instituti (AAITI) laboratoriyasi ilmiy xodimi Aleksey Yekaykin aytib beradi.


Iqlimdagi oʻzgarishlarni inkoq qiluvchi bitta (ularning xayolida) metin argument bor: nima emish, ozon qatlami bilan boʻlgan voqeani eslang — freon bilan bogʻliq masalani koʻtarishdi, boshqa turdagi sovutkichlarni ishlab chiqarishga oʻtishdi, buning evaziga kimdir foyda qildi, keyin esa ozon haqida unutib ham qoʻyishdi. Global isish ham xuddi shunday boʻladi, bu shunchaki muammodan foyda qilmoqchi boʻlgan gʻirromchi ishbilarmonlarning oʻyini xolos.


Bu argumentning paradoksal tomoni shundaki, aslida hammasining aynan teskarisi boʻlgan. Monreal protokoli esa insoniyat alohida olingan global muammolarni muvaffaqiyatli ravishda yechishga qodirligining namunasi.


Xlor ozonni yemiradi

1970-yillar boshida kimyogarlar Frank Shervud Roulend va Mario Molina atmosferadagi xlorftoruglerodlarning (XFU) taqdiriga qiziqib qoldi. Dastlab, ular bu inert va shu tufayli uzoq “yashovchan” gazlardan atmosferik sirkulyatsiyani oʻrganishda foydalanmoqchi edi. Olimlarning taxminlaricha, ertami kechmi bu gazlar stratosferaga tushadi, u yerda ularning “umri” 40—150 yilga teng boʻlishi mumkin. Ultrabinafsha nurlar taʼsirida xlor hosil boʻluvchi parchalanishga uchraydi. Olimlarga, shuningdek, Paul Krutsen va Harold Jonstonning tadqiqotlari ham maʼlum boʻlib, bu ikki olim taxminan shu davrda azot oksidi tufayli atmosferadagi ozonning parchalanishini oʻrganayotgan edi.


Roulend va Molina xlor ham ozonga shunga oʻxshash taʼsir qilishi mumkinligini tushunib yetdi va 1974-yilning 28-iyun sanasida Nature jurnalida qisqagina, bor-yoʻgi ikki betli maqola chop ettirildi. Bu maqola insoniyat ishlab chiqarayotgan XFU ozon qatlamiga zarar yetkazishi mumkinligi haqida yozilgandi. Maqolaning eng yoqimsiz xulosalaridan biri shu boʻlgandiki, bu reaksiyalarda xlor katalizator boʻlib xizmat qiladi, yaʼni bitta xlor atomi bir nechta ozon molekulalarini oʻldirishi mumkin.


Sayyoramizga ozon nega kerak?

Ozon — О3 kimyoviy formulali kislorodning beqaror shakli.


U XVIII asrda oʻziga xos hididan aniqlangan, ammo uni XIX asrga kelibgina tavsiflay olishgan. Ozon kisloroddan hosil boʻladi, ammo bu reaksiya uchun koʻp energiya talab etiladi. Shuning uchun tabiatda ozon faqat yo chaqmoq chaqqanda yoki qisqa toʻlqinli quyosh nurlanishi, ultrabinafsha taʼsirida hosil boʻladi.


Ozon — eng kuchli oksidlovchi boʻlib, organik moddalarni samarali ravishda parchalaydi va uning bu xossasi dezinfeksiyada muvaffaqiyatli ishlatib kelinmoqda. Ammo aynan shu xususiyati uni biz, odamlar uchun zaharli gazga aylantiradi. Ozonning oʻldiruvchi doza bor-yoʻgʻi 4,8 ppm (milliondan bir qism, yaʼni 1 million havo molekulasiga toʻgʻri keladigan 4,8 ta ozon molekulasi). Yaxshiyamki, havodagi ozonni u bizga xavf tugʻdirishidan oldin, hididan sezamiz (Unutmang, xona ozonatoridan foydalana turib, undan chiqadigan “chaqmoq hidi”dan hidlash mumkin emas, bunda binoni tark etish kerak).


Shunday qilib, troposferada ozon ifloslantiruvchi modda hisoblanadi.


Ammo atmosferik ozonning katta qismi stratosferada joylashgan: 20—25 km balandlikda uning eng katta konsentratsiyasi 2—8 ppm ga yetadi, u yerda ozon quyosh nuri taʼsirida kisloroddan hosil boʻladi. Bu oʻsha biz bilgan ozon qatlami. Bu yerda ozon juda muhim vazifani bajaradi, u kuchli ultrabinafsha diapazondagi (UV-b, 280—315 nm) quyosh nurlanishlarini yutadi, bu nurlar yer yuzasiga yetib kelgach inson, oʻsimlik va dengiz fitoplanktonlari uchun juda xavfli boʻladi (teri saratoni va kataraktaga sabab boʻladi).


Ozon qatlami sayyoramizda taxminan milliard yil oldin, fotosintezlovchi bakteriyalar yerda hayot dengizdan quruqlikka chiqishiga imkon bergan “kislorod revolyutsiyasi”ni sodir etganda hosil boʻlgan.


Bu qatlam juda nozik: agar yer yuzasi atrofidagi atmosferadan bor ozon yigʻib olinib, normal bosimgacha siqilsa, bor-yoʻgʻi 3 millimetrlik qatlam hosil boʻladi. Bu 300 birlik Dobsonga (DE) toʻgʻri keladi. Bu gazning miqdori shu birlikda hisoblanadi.


1-qism. Biz “yamaydigan” teshik. Monreal protokoli — muvaffaqiyat tarixi
Ozon qatlami Antarktida ustida 1979—2019-yillarda qanday oʻzgargani xususida / NASA Earth Observatory nashri

Ozon stratosferada doimiy ravishda ishlab chiqariladi, ammo ozon qatlami kattalashmaydi, chunki bu gaz azot oksidi, galogen (ayniqsa xlor va brom) va OH- ionlari bilan reaksiyaga kirishish natijasida, shuningdek, oʻz-oʻzidan parchalanadi. Bu jarayonga biz aralasha boshlamagunimizcha ozonning hosil boʻlishi va parchalanishi muvozanatda edi hamda bu muvozanat kamdan kam hollarda vulqon otilishi natijasida stratosferaga ozonni yemiruvchi moddalarning sachrashi taʼsiridagina buzilardi.


Osmonni “tuzatish” vaqti keldi

1974-yilda voqealar jadal rivojlanayotgandi. Jamiyat orasida xavotir keng tarqalayotgan boʻlib, 1974-yilning dekabridayoq Roulend va Molina AQSh palatasi vakillari eshittirishiga taklif qilindi. Unda masalani batafsilroq oʻrganish maqsad qilib qoʻyildi. 1976-yilda AQSh fanlar akademiyasi oʻz tadqiqotlarini oʻtkazib, olimlarning xulosalarini tasdiqladi.


1985-yilda Britaniya Antarktika xizmati Antarktikadagi Xalli Bey stansiyasida ozon konsentratsiyasi anomal darajada pastligini xabar berdi. Stratosferadagi kimyoviy tarkib oʻlchovlari esa anomal darajada yuqori xlor miqdorlarini koʻrsatdi. Shunda insoniyat “ozon teshigi” — haqiqat va u anchadan beri borligini tushunib yetdi.


Maqolaning 2-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/17041/


Muallif: Aleksey Yekaykin. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Дыра, которую мы залатаем. Почему Монреальский протокол — это история успеха” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: nplus1.ru