Moskva rivojlangan transport tizimiga ega boʻlgan, doimiy ravishda kelib-ketadigan va doim bir-biri bilan juda yaqin aloqada boʻlgan aholiga ega shahar. Bularning barchasi yuqumli kasalliklarning tarqalishiga sabab boʻladi. Ayniqsa, infeksiya havo-tomchi usulida yuqadigan boʻlsa…
Epidemiolog, DBSSM MSSD tibbiy profilaktika markazi immunoprofilaktikasi tashkiliy-metodika boʻlimi boshligʻi Tatyana Yelagina shunday deydi:
“Vaksinatsiya qilinmagan moskvaliklar orasida epidemiyalarning qaygʻuli oqibatlarini nisbatan yaqin oʻtmishdan ham topish mumkin. Bunga misol qilib keng koʻlamli emlash hali amalga oshirilmagan koronavirus kasalligi epidemiyasi haqida gapirsak boʻladi. Misol uchun, 1980-yillarning oxirida Moskvada nazorat ostiga olingan (vaksinasi mavjud boʻlgan) infeksiya epidemiyasi avj oldi. Bu difteriya kasalligi edi. Ushbu kasallik nafas olish tizimini toʻliq falajlantiradi. Difteriya ogʻir asoratlar, yaʼni yurakning toksik shikastlanishi kabi oqibatlari bilan ham xavflidir. 1993—1996-yillarda difteriya yana shaharga qaytdi. Bolalar va kattalarni faqatgina rejalashtirilgan ommaviy emlash yordamida kasallik yengib oʻtildi”.
Ammo nima uchun faqat ommaviy emlash kasallikni yengishga yordam beradi? N + 1 Moskva shahar sogʻliqni saqlash boshqarmasi bilan birgalikda kasalliklarning tarqalishi qayerdan boshlanishini va emlash nafaqat emlangan odamni, balki atrofdagilarni ham himoya qiladigan qalqon tashkil qilishini aniqlashga erishdi. Shuningdek, agar bu qalqon beixtiyor ravishda vayron boʻlsa, nimalar sodir boʻlishini ham bilib oldik.
Boshqarish mumkin boʻlgan infeksiyalar nima?
Oldini olish mumkin boʻlgan infeksiyalar bu oʻtmishda dahshatli epidemiya va ommaviy oʻlimga sabab boʻlgan kasalliklardir. Ammo vaksinalarning kashf etilishi ularning tarqalishiga yoʻl qoʻymasdan, kasalliklarga qarshi kurashish, yaʼni muntazam profilaktik emlashlar yordamida ularni nazorat qilish imkonini berdi.
Epidemiolog, DBSSM MSSD tibbiy profilaktika markazi immunoprofilaktikasi tashkiliy-metodika boʻlimi boshligʻi Tatyana Yelagina shunday deydi:
Kimga, qaysi infeksiyalarga qarshi, necha yoshda va qancha vaqt oraligʻida profilaktik emlashni amalga oshirish kerakligini aniqlab beradigan hujjat “Moskva shahri profilaktik emlashlarning mintaqaviy taqvimi” deb ataladi.
Bolalar uchun taqvimda 17 ta yuqumli kasalliklarga qarshi muntazam emlash nazarda tutilgan. Bunday kasalliklarga sil, B virusli gepatiti, pnevmokokk va rotavirus infeksiyalari, koʻk yoʻtal, difteriya, qoqshol, poliomiyelit, gemofil va meningokokk infeksiyalari, qizamiq, chechak, epidemik parotit, vabo, virusli gepatit A, inson papillomavirusi, gripp kiradi.
Kattalarda difteriya, qoqshol, B virusli gepatiti, qizamiq, gripp va boshqa bir qator infeksiyalarga qarshi emlash qilinadi. Shu bilan birga, emlanish kerak boʻlgan infeksiyalar roʻyxati nafaqat yoshga, balki bemorning kasbiy mansubligiga va sogʻligʻiga ham bogʻliq.
Barcha nazorat qilinadigan infeksiyalar yuqori oʻlim koʻrsatkichlari bilan juda ogʻir kechadi va turli xil asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Difteriyaga qarshi vaksina va zardoblar kashf qilinguniga qadar bolalarning ushbu kasallikdan oʻlim darajasi 60 foizdan koʻproqni tashkil etgan, shuningdek, ularning taxminan 30 foizi poliomiyelitdan vafot etgan. Tuzalib ketganlarning 90 foizdan ortigʻi ogʻir nevrologik asoratlarga duch kelgan. Hozirda esa emlash tufayli Moskvada difteriya va poliomiyelit holatlari qayd etilmaydi.
Biroq har bir mikroorganizm patogen epidemiya yoki pandemiya keltirib chiqarishga qodir emas. Epidemiyalarni oʻrganuvchi Amerikaning Jons Hopkins sogʻliqni saqlash markazi tadqiqotchilari pandemiyaga olib kelish uchun yuqumli virus qanday xususiyatlarga ega boʻlishi kerakligini aniqladi. Quyida bu boʻyicha qisqacha sharh beriladi.
Virus havo-tomchi usuli orqali yuqadi. Kasallikning qoʻzgʻatuvchisi havoda tarqaladi, boshqa odamlarga yuqadi va bemor yoʻtalganda predmetlarni ham zararlaydi.
Bemor odamlar alomatlar paydo boʻlguniga qadar kasallikni yuqtirib yuraveradi. Bemor odam infeksiyani boshqalarga yuqtirishi mumkin, ammo oʻzi kasal ekanini bilmaydi.
Halokatli emas. Mikrobning boshqa odamlarga “samarali” yuqishi uchun koʻplab infeksiya yuqqan odamlar tuzalib ketishi kerak.
Yuqoridagi shartlarga javob beradigan, aksariyat boshqariladigan infeksiyalar qatoriga qoqshol, difteriya, parotit, suvchechak va qizamiqlar kiradi. Bu kasalliklarning barchasi bir xil tarzda tarqaladi va ularning har biri pandemiyaga sabab boʻlishi mumkin.
Nima uchun nazorat qilinadigan infeksiyalar epidemiyasi Moskvaga tahdid solishi mumkin?
Mavjud xavf unchalik katta emas, ammo agar koʻpchilik emlanishdan bosh tortsa, infeksiyaning tarqalish ehtimoli ortadi. Bundan tashqari, xavf katta shaharlar aholisi uchun doim yuqori boʻladi.
Moskva aholisi orasida kichik shaharlar aholisiga qaraganda yuqumli kasalliklarni yuqtirish xavfi yuqori. Buning sabablari aholining koʻpligi va zichligi, transport tizimining qulayligi va intensiv migratsiya oqimidir. Bundan tashqari, Moskvada tibbiy sabablarga koʻra emlanmagan yoki emlash uchun juda yosh boʻlgan bolalar, “xavf guruhi”da boʻlgan juda koʻp emlanmagan odamlar bor.
“Vaksinatsiya qalqoni” qanday ishlaydi?
Agar kasallik odamdan odamga oʻtish qobiliyatiga ega boʻlsa, epidemiya tarqaladi. Yuqtirish qanchalik tez sodir boʻlsa, epidemiya koʻlami tezroq kengayadi. Shuning uchun vaksina bilan oldini olish mumkin boʻlgan kasalliklarning paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik yoki toʻxtatishning eng yaxshi usuli odamlarni emlash yoki boshqacha aytganda, jamoaviy immunitetni shakllantirishdir.
Vaksinalar immunitet tizimi tabiiy ravishda infeksiyaga duch kelganda uni tezda bartaraf etishni oldindan oʻrgatadi. Hozirgi kunda emlash jiddiy kasalliklardan himoyalanishning eng xavfsiz va samarali usuli ekani ilmiy jihatdan isbotlangan. Emlash tufayli xavfli infeksiyalar epidemiyasiga qarshi tura oladigan aholining himoyalangan qatlami shakllanadi.
Agar odamlar emlanishdan bosh tortishni boshlasa, jamoaviy immunitet shakllanmaydi. Voyaga yetgan shaxs sogʻlom boʻlsa, kasallikni minimal noxush oqibatlar bilan yengib oʻtishga qodir boʻladi, ammo ikki yoshgacha boʻlgan bola, qariya, homilador ayol va surunkali kasalliklarga chalingan bemorlar koʻproq “xavf guruhi”ga kiradi. Chunki aynan ularda kasallik asoratlari eng koʻp va tez rivojlanadi. Bu nafaqat kasallikning uzoq davom etishiga, balki undan keyin qayta tiklanish qiyin kechadi. Mana shu inson hayoti uchun haqiqiy tahdiddir.
Masalan, meningokokk meningit kasalligini olaylik. Statistik maʼlumotlarga koʻra, meningokokk kasalliklaridan vafot etganlarning 75 foizini ikki yoshgacha boʻlgan bolalar tashkil qiladi. Shu bilan birga, dastlabki bosqichda meningit belgilari ORVI va gripp belgilariga juda oʻxshab ketadi. Bolalar besh yoshga toʻlgunga qadar, ularda kasallik asoratlari rivojlanish xavfi juda yuqori darajada qolmoqda.
Shuningdek, pnevmokokk infeksiyasi ikki yoshgacha boʻlgan bolalarda ogʻir pnevmoniyaning asosiy sababidir. Umuman olganda, ushbu kasallik bakterial pnevmoniyaning keng tarqalishiga turtki boʻladi. Pnevmokokk koʻpincha bolalarda meningit, sepsis, otit kabi dardlarni keltirib chiqaradi va baʼzida oʻlimga olib keladigan asoratlarni keltirib chiqaradi. Pnevmokokk tufayli kelib chiqqan meningit juda qiyin kechadi. Bundan tashqari, ular nogironlikka olib kelishi mumkin. Bolalar orasida har toʻrt kasal boladan biri vafot etadi va sogʻayib ketgan oʻn boladan olti nafari nogiron boʻlib qoladi.
Muhimi, pnevmokokk va meningokokk infeksiyalarini oldini olishning xavfsiz, tasdiqlangan va samarali usuli — emlash.
Shuningdek, “kechiktirilgan taʼsirga ega” kasalliklar (oldini olish mumkin boʻlgan infeksiyalar) mavjud. Agar emlanmagan bola qizamiq bilan kasallanib tuzalgan boʻlsa, bir necha yildan keyin unda oʻtkir sklerozga olib keladigan panensefalit rivojlanishi mumkin. Bu asab tizimining degenerativ kasalligi boʻlib, u shaxsiyatning buzilishi, tutqanoq va harakat buzilishlari bilan birga kechadi.
nplus1.ru
Qancha odam “emlash qalqoni”ni hosil qilishi kerak?
Tatyana Yelagina shunday deydi:
“Immunitetga ega odamlarning (shuningdek, ular ʼimmun qatlamiʼ deb ham ataladi) nisbati qanchalik yuqori boʻlsa, kasallikning odamdan odamga yuqish ehtimoli shunchalik kam boʻladi. Vaksina bilan boshqariladigan kasallikning tarqalishini kamaytirish yoki toʻxtatish uchun zarur boʻlgan ʼimmunitet qatlamiʼ darajasi maʼlum bir infeksiyaning yuqish shakllariga va emlangan odamlarning nisbatiga bevosita bogʻliq”.
Yuqorida aytib oʻtilgan qizamiq juda yuqumli kasallik, shuning uchun bir bemor yana 10—15 kishiga kasallik yuqtirishga ulguradi. Jamoaviy immunitetga erishish uchun aholining kamida 90—95 foizini emlash kerak boʻladi, yaʼni ushbu kasallikning avj olishiga yoʻl qoʻymaslik uchun bir shaharning deyarli barcha aholisi emlanishi kerak. Poliomiyelit kabi kamroq yuqumli kasalliklardan himoyalanish uchun aholining 80—85 foiz qismi emlanishi yetarli.
Agar odamlarning 95 foizi emlangan boʻlsa, u holda yuqumli viruslar tarqala olmay qoladi va ular odamdan odamga yuqishni toʻxtatadi. Natijada virusga chidamli jamiyat shakllanadi. Bundan tashqari, emlanish natija bermaganlar va asosli sabablarga koʻra emlanmagan odamlar ham oʻzini xavfsiz his qiladi.
Agar barcha emlanishdan bosh tortsa nima boʻladi?
Jamoaviy immunitet zaiflashadi. Buning oqibatida deyarli magʻlub boʻlgan, nazorat qilinadigan infeksiyalar “qaytib keladi” va dunyo yana bir paytlar insoniyat juda qiyinchilik bilan toʻxtatgan epidemiyalar ostida qiynala boshlaydi.
Oliy toifali infeksionist, tibbiyot fanlari nomzodi Irina Ivanova shunday deydi:
“Vaksinalar ixtiro qilinishidan oldin difteriya va qizamiq bolalar oʻlimining asosiy sabablari boʻlgan. Oʻtgan asrda mamlakatimizda koʻplab bolalar oldini olish mumkin boʻlgan kasalliklardan vafot etdi. Xuddi shu narsa hozirda sogʻliqni saqlash darajasi past boʻlgan mamlakatlarda yuz bermoqda. Vaksina bilan oldini olish mumkin boʻlgan infeksiyalar inson hayotini butunlay ostin-ustun qilib yuboradigan, ogʻir asoratlarni keltirib chiqarishini yodda tutish juda muhimdir”.
Jamoaviy immunitetni qanday saqlash kerak?
Jamoaviy immunitet siz va farzandingiz salomatligining kafolatidir. Uni saqlab qolish uchun oʻzingiz va farzandlaringizga profilaktik emlashlarning hududiy taqvimiga koʻra, mazkur amaliyotni amalga oshirish juda muhim. Agar sizda emlanganingizni tasdiqlovchi hujjatlar (masalan, emlash sertifikati, tibbiy yozuvlar yoki kasallik tarixi) boʻlmasa, oʻzingizni emlanmagan deb hisoblash xavfsizroqdir. Bunday holatda, individual emlash jadvalini tuzishga yordam berishi uchun shifokor bilan bogʻlanishingiz maqsadga muvofiqdir.
Epidemiolog, DBSSM MSSD tibbiy profilaktika markazi immunoprofilaktikasi tashkiliy-metodika boʻlimi boshligʻi Tatyana Yelagina quyidagilarni aytib otdi.
Oʻtkazilgan profilaktik emlashlar haqidagi barcha maʼlumotlar bemorning tibbiy yozuvida saqlanadi. Bundan tashqari, har bir bemorga profilaktik emlashlar sertifikati beriladi. Unda barcha keyingi emlashlar kiritilishi kerak.
2020-yildan boshlab, 15 yoshgacha boʻlgan bolalarning ota-onasi elektron emlash kartasidan foydalanishi mumkin. Bolaning elektron tibbiy maʼlumotlarini koʻrish uchun “mos.ru” saytiga kirish va manbaning mobil versiyasi “EMIAS.INFO” ilovasidan foydalanish mumkin.
Elektron kartada oʻtkazilgan emlashlar haqidagi barcha maʼlumotlar joylashgan boʻladi. Bundan tashqari, xususiy yoki federal klinikalardan olingan emlash haqidagi sertifikatlarning skaner qilingan variantlari kartaga yuklanishi mumkin.
Keyingi profilaktik emlashni oʻtkazib yubormaslik uchun amalga oshirilgan profilaktik emlashlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni saqlash juda muhimdir.
Shunday qilib, difteriya va qoqsholga qarshi yetarli immunitetni shakllantirish uchun emlashning birinchi kursi uch, toʻrt yarim va olti oylik bolalarga qilinadi. Shundan soʻng birinchi revaksinatsiya 18 oyda, keyin esa mos ravishda 6—7 va 14 yoshda ikkinchi va uchinchi revaksinatsiyalar amalga oshiriladi. Kelajakdagi revaksinatsiyalar har 10 yilda bir marta takrorlanishi kerak.
Bundan tashqari, qonunchilikda emlanmagan shaxslarga ayrim toʻsiqlar, jumladan, baʼzi mamlakatlarga kirish uchun bir qator cheklovlar mavjud. Amalga oshirilgan emlashlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tibbiyot xodimlari uchun ham foydalidir. Masalan, bemorda jarohatlar boʻlsa, qoqsholda shoshilinch profilaktika koʻlamini aniqlash, shuningdek, bemordagi yuqumli kasalliklar va boshqa patologik holatlarda tashxis qoʻyish shunday foydali jihatlar turkumidandir.
Muallif: Danil Davidov. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Коллективный иммунитет. Почему вакцины защищают не только привитого человека, но и всех, кто находится рядом” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: urbanasia.com