Maqolaning 1-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/11079
Mustahkam va moʻrt: qanday qilib hojatxona qogʻozi bir vaqtning oʻzida namlikni shimib oladi va suvda erib ketadi?
Qogʻoz namlikni shimib oladi, chunki tuzilishiga koʻra u kapillyar gʻovaklarga ega. Bu holda gʻovakchalar qogʻozning ichidagi tolalar orasidagi kichik sohadan iborat boʻladi. Qogʻozning shimuvchanligi ana shu gʻovaklar miqdoriga bogʻliq: ular qancha koʻp boʻlsa qogʻoz shuncha koʻp suvni shima oladi. Qiziqarli tomoni bu — gʻovaklarning miqdori xomashyo birlamchi yoki qayta ishlanganiga bogʻliq emas. Gʻovaklar miqdori va qogʻozning shimuvchanligi texnologik jarayon — yuqorida aytib oʻtilgan kreplash jarayoniga bogʻliq boʻlib, sifatsiz arzon qogʻoz ishlab chiqarishda bu jarayon tashlab ketiladi. Shuning uchun ham birlamchi xomashyo va yaxshilab qayta ishlangan, oqartirilgan makulaturadan qilingan qogʻoz deyarli farq qilmaydi — siz ularni koʻrib ham, ushlab koʻrib ham farqlay olmaysiz.
Agar qogʻoz davlat standartlariga mos boʻlsa, ishlab chiqarishda foydalanilgan xomashyodan qatʼiy nazar, uning xususiyatlaridagi farqni ham sezmaysiz. Oʻrnatilgan standartlarga koʻra, hojatxona qogʻozi 5 soniyadan kam vaqtda 0,1 millilitr suvni oʻziga shimib olishi lozim. Bundan tashqari, osib qoʻyilgan qogʻoz lentalari oʻziga 35 millimetrdan kam boʻlmagan balandlikdagi suvni shimib olishi kerak.
Hojatxona qogʻozining yana bir juda muhim xususiyati — suvda erib ketishi. Bir tomondan, qogʻoz yetarlicha mustahkam va tezda suvni oʻziga shima oladigan boʻlishi kerak, boshqa tomondan esa kanalizatsiya quvurlaridagi suvda osongina tolalarga ajralib, erib ketishi kerak. Aleksandr Kagan taʼkidlashi boʻyicha, qogʻoz sochiqlarni ishlab chiqarishda bunday qogʻoz turi ishlatilmaydi — u juda qalin va namga chidamli. Chunki sochiq yashash sharoitida umuman boshqa maqsadda ishlatiladi: u suvni yaxshi shimib olishi va qoʻlda parchalanmasligi kerak. Bunday xususiyatga sochiqqa suvga chidamli qatron qoʻshish orqali erishiladi, shuning uchun ham sochiqlarni kanalizatsiyaga aslo tashlab boʻlmaydi.
Bunga ishonch hosil qilish uchun uyda qogʻozlarning oʻtkazuvchanligini tekshirishga oid oddiy tajriba oʻtkazishingiz mumkin. Hojatxona qogʻozidan va qogʻoz sochiqdan bir bo‘lak oling va toza suvli idishga soling. Keyin unga unitazdagi suvning yuvib ketishiga oʻxshatib, suvni sekin aralashtiring. Sifatli hojatxona qogʻozi quvurlarga tiqilib qolmaydigan, mitti boʻlaklarga ajralib ketadi. Qogʻoz sochiqlar esa aksincha suvni kuchli aralashtirishdan soʻng ham butunligicha qoladi.
Hojatxona qogʻozi mustahkam boʻlishi kerak
Hojatxona qogʻozi namlikni yaxshi shimishi kerak
Ishlab chiqarishning ekologiyaga taʼsiri
Hojatxona qogʻozini ishlab chiqarishga doir xalqaro qonunlar sellyulozani oqartirish natijasida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan polixlorli bifenillar (PXB) va pentaxlorfenollar (PXF) kabi birikmalardan foydalanish va ularning qogʻoz tarkibidagi miqdorini tartibga soladi. Ammo zamonaviy standartlar tarkibida xlor boʻlgan moddalardan sellyulozani oqartirishda foydalanmaslikni taklif qiladi.
Bir qator davlatlarda makulaturaning foydalanilishi, tozalanishi va qayta ishlanishi yaxshi tartibga solinmagan. Notoʻgʻri tozalangan yoki yetarlicha tozalanmagan qogʻozdan ishlab chiqarishda foydalanilsa, unda printer siyohi, boʻyoq va ortiqcha mexanik qoʻshimchalar (yopishqoq lenta, qisqich va hokazolar) boʻlishi mumkin. Ammo makulatura tekshirilgan, sertifikatlangan yetkazib beruvchilardan olinadi, shuning uchun ularning tarkibida zaharli chiqindilar boʻlmaydi. Undan foydalanish xavfsiz boʻladi.
Qayta ishlangan xomashyo ombori: gazeta, kitob, karton quti va keraksiz qog‘oz hujjatlar
Xomashyo iliq suvda maydalanadi va tozalash uchun yuboriladi
Tayyor qogʻoz ulkan silindrga oʻraladi va keyin qadoqlash jarayoniga yuboriladi
Hatto qogʻoz tozalash sifatini sinchiklab kuzatadigan fabrikalar ham uni ishlab chiqarish uchun koʻplab kubometr suv va kilovatt elektr energiyasini ishlatadi. Ammo zamonaviy ishlab chiqarishni “yashillashtirish” trendi qogʻoz mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasiga ham oʻtmoqda. Masʼuliyatli ishlab chiqaruvchilar tobora koʻproq qayta ishlangan xomashyodan foydalanmoqda, hojatxona qogʻozining qadogʻini qayta ishlanadigan qilib chiqarmoqda, ishlab chiqarish chiqindilarini utilizatsiya qilmaslikka, balki ortga qaytarishga harakat qilmoqda.
Qayta ishlangan xomashyodan qilingan mahsulotlarning afzalliklari
Qogʻoz mahsulotlarini tayyorlashda qayta ishlangan xomashyodan foydalanishdan maqsad, avvalo oʻrmonlarni saqlab qolishdir. Qogʻoz ishlab chiqarishda daraxt kesilmaydi, tolalar esa qachonlardir ishlatilgan qogʻozdan olinadi. Xuddi shunday, qayta ishlangan xomashyodan ishlab chiqarilgan har bir tonna mahsulot muayyan miqdordagi yogʻochni saqlab qoladi.
Hojatxona qogʻozi sifat tekshiruvidan oʻtmoqda
Ikkinchi juda muhim omil — daraxtdan qogʻoz ishlab chiqarishda uni nafaqat kesib olish, balki yogʻochdagi sellyulozani ham ajratib olish kerak. Sellyuloza sellyuloza-qogʻoz kombinatlarida ishlab chiqariladi va ular atrof-muhitga chiqindi suv, atmosferik va ishlab chiqarish chiqindilari koʻrinishida sezilarli darajada taʼsir oʻtkazadi. Biroq qogʻozni qayta ishlangan xomashyodan ishlab chiqarishda sellyuloza-qogʻoz kombinatlari bu zanjirdan chiqarib tashlanadi.
Uchinchi ahamiyati past boʻlmagan omil — oilalarda hosil boʻlgan qogʻoz chiqindilar poligonga olib borilmaydi, balki qayta ishlashga beriladi. Rossiyaning oʻzida yiliga 7 million tonna atrofida qogʻoz chiqindiga chiqadi, bu juda katta miqdor. Shuning uchun ham qayta ishlanadigan qogʻozning hammasi shundoq ham katta yuk tushayotgan poligonlarning ishini yengillatadi.
Qayta ishlangan xomashyolar fabrikalarga asosan katta makulatura bazalaridan yetib keladi, u yerda qayta ishlash miqdori — oyiga kamida 500 tonna makulatura boʻladi. Qayta ishlashga loyiq makulaturaga deyarli barcha qogʻoz mahsulotlari mos keladi, kamdan kam hollarda, masalan, gofrokarton bunga istisno boʻladi. Negaki uni ishlab chiqarishda boshqa xossalarga ega boʻlgan sellyulozadan foydalaniladi. Kitob, broshyura, daftar, idora qogʻozlari — hammasi mos keladi. Hozir Tetra Pak®’dan olingan tola boʻyicha ham eksperimental sinovlar oʻtkazilmoqda va uni muomalaga kiritish istiqbollari mavjud.
— Aleksandr Borkov, STGʼda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi
Qogʻoz mahsulotlarni ishlab chiqarishda koʻp suv ishlatiladi. Bunda ishlab chiqarishda foydalaniladigan suv miqdoridan tashqari, atrof-muhitga qaytariladigan suv miqdori va sifati ham juda muhim. Makulaturani qayta ishlashga sellyuloza tolasini qayta ishlashga nisbatan 30–40 foiz koʻproq suv ishlatiladi. Natijada chiqindi suvlarning ham miqdori ortadi.
STG maydonchalarida atrof-muhitga taʼsirni kamaytirish uchun suv chuqur tozalashdan oʻtadi. Siktivkardagi maydonchada chiqindi suv tozalovchi qurilmalarning markazlashgan tarmogʻiga yuborilib, u butun shahar suvini tozalaydi. Ikkinchi shunday maydoncha – Rossiyadagi Yaroslavl viloyatining Semibrat tumanida joylashgan. Aleksandr Borkov ushbu maydonchada oʻzining tozalash inshootlarini mustaqil ravishda oʻrnatishi kerak boʻlganini va mashhur usullarga (faollashtirilgan loy bilan tozalash) qoʻshimcha ravishda, Rossiyada hali keng tarqalmagan, ilgʻor texnologiyalarni qoʻllaganini aytib oʻtdi.
Bunda toʻrt bosqichli tozalash yuz beradi: avval flotator yordamida chiqindi suvdan erigan moddalar yoʻqotiladi. Keyin bioreaktorda tozalash davom etadi, u suvdagi 70 foizgacha iflosliklarni yoʻqotadi. Bundan soʻng chiqindi suvlar aerotenklardan oʻtadi. Aerotenklarda hosil boʻlgan suv-loy aralashmasini ajratish mikroflotatsiya blokida amalga oshiriladi, shundan soʻng suv sorbsion filtrlarga keyingi tozalash bosqichi uchun yuboriladi. Ushbu yechimlarning 2021-yilgacha hayotga tatbiq etilishi atrof-muhitga tushadigan yukni 83 barobarga kamaytirish imkonini berdi. Hozir STG xodimlari suv taʼminotini qayta ishlashni tashkil qilish inshootlarini sinovdan oʻtkazmoqda.
Aleksandr Borkovning aytishicha, chiqindisiz ishlab chiqarishlar boʻlmaydi. STGʼdagi chiqindilarning birinchi turi — qogʻoz ishlab chiqarishdagi texnik chiqindilar, qogʻoz, kesim va rulonlarning nuqsonli qismi…
Bunday chiqindilar tolalarga ajratiladi va qayta ishlanadi. Makulaturani qayta ishlash jarayonida qogʻoz-loy hosil boʻladi (sifati boʻyicha qogʻoz mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun mos boʻlmagan tola va noorganik birikmalar aralashmasi), u Yaroslavldagi keramika zavodiga, gʻisht ishlab chiqarishda qoʻshimcha sifatida foydalanish uchun yuboriladi. Albatta, barcha turdagi korxonalarga xos boʻlgan chiqindilar — qadoqlash plyonkalari, taxta va tagliklar ham mavjud. Bu chiqindilar asosan qayta ishlash va foydalanish uchun ixtisoslashgan tashkilotlarga yetkaziladi. Poligonga faqat qattiq maishiy chiqindilar yuboriladi.
STG sanitariya-gigiyenik qogʻoz mahsulotlari ishlab chiqarishda zamonaviy ilgʻor texnologiyalarni muvaffaqiyatli joriy etish boʻyicha katta tajriba toʻplagan. STG oʻz ishlanmalari bilan bajonidil oʻrtoqlashadi, ishlab chiqarishga tashrif buyurish uchun sanoatning boshqa tashkilotlar vakillarini muntazam ravishda taklif qiladi va ular bu yerdagi ishlarni kuzatadi, tajriba oladi. Aleksandr Borkovning taʼkidlashicha, STG nafaqat STGʼning ishi orqali, balki boshqa ishlab chiqaruvchilar hisobidan ham atrofdagi dunyoni yanada toza qilishni maqsad qilgan. Shuning uchun ular bu borada boshqalarga yordam berishdan mamnun.
Tayyor professional qogʻoz mahsulotlarining gofrirovka qilingan qadoqlarini tashish tuguni
Atrof-muhitni saqlash uchun masʼuliyat nafaqat ishlab chiqaruvchilar, balki isteʼmolchilarga ham yuklanganini unutmaslik lozim. Birlamchi xomashyodan qilingan qogʻozga talab bor ekan — uni ishlab chiqaraverishadi, bu esa oʻrmonlarning kesilishiga olib keladi. Shu bilan birga, bugungi kunda qayta ishlangan materiallardan tayyorlangan qogʻoz sifat jihatidan yogʻoch sellyulozasidan ishlab chiqarilgan qogʻozdan deyarli farq qilmaydi. Bundan tashqari, koʻp qatlamli qogʻoz tanlanganda, uni toʻgʻri maqsadlarda ishlatish kerak. Shuningdek, qogʻoz mahsulotlarining qoʻllanish maqsadini ham hisobga olish lozim: koʻrinishidan oʻxshash boʻlgan qogʻoz sochiq va hojatxona qogʻozi turli maqsadlar uchun ishlab chiqarilgan. Shuning uchun ham ishlab chiqaruvchilar ularga turli xususiyatlarni bergan va buni ulardan foydalanish davomida yodda tutish kerak.
Muallif: Kyara Makiyevskaya.Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Товар первой необходимости. Как производить туалетную бумагу без ущерба для окружающей среды” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: Yaroslav Danylchenko / pexels.com