1-qism. Nega tana qichiydi? Fanda qichishishning nechta turi bor?

Nobel mukofoti sovrindori Ardem Pataputyanning teri qichishishiga bagʻishlangan yangi maqolasini oʻqib turib, kamida oʻn marotaba qichindim. Bir yubkam to‘pigʻimdan sirg‘aladi, bir yelkamga pashsha qoʻnadi… Bu ham yetmagandek, qulogʻimning sirgʻa tegib turgan joyi-yu, tizzamning chivin chaqqan joyi qichiydi. Birinchi xatboshining oʻrtasiga kelib esa oʻng qoʻlim qichib qoldi — birdaniga bir nechta joyi. Yana bir necha bor oʻzimni tajriba sichqonlari oʻrnida tasavvur qilganimda qichinishga toʻgʻri keldi. Keyin sanashni toʻxtatdim (lekin qichinishni emas). Shunda oʻylab qoldim: bularning oʻz sababi bor edimi yoki sabab bittami? Maʼlum boʻlishicha, bunday sabablar nechtaligini haligacha hech kim bilmaydi.


Agar bu maqolani oʻqishimdan oldin, qichishish impulslarimni tasniflab berishni soʻrashsa, ularni shunchaki tashqi va ichkiga ajratgan boʻlardim. Yubka va pashshani tashqi turga kiritardim, chunki ular teri yuzasiga ta’sir ko‘rsatadi. Chivin va sirgʻani esa ichkariga, chunki qichishishni his qilganimda chivin allaqachon nishini teridan chiqargan, qulogʻim esa sirgʻadan qutulgan edi. Ulardan faqat yalligʻlanish qolgan va u terining ostiga oʻrnashib qolgan, shuning uchun ham u yerda qichishish kuzatilgan.


Ammo tasniflash masalasiga jiddiy qaraydigan boʻlsak, u ancha murakkabligi ayon boʻladi. Biror sezgining mavjudligini neyrofiziologik aniqlik bilan isbotlash uchun unga bogʻliq hech boʻlmasa bitta retseptor yoki undan ham yaxshisi, miyadagi bu retseptorga olib boradigan alohida neyronlar yoʻlagini topish lozim.


Qichishish ogʻriqqa qarshi

XX asr oʻrtalarida qichishish ogʻriqning bir turi deb hisoblanardi. Neyrofiziologlar buni quyidagicha isbotlardi: agar ogʻriq stimulini olsak (masalan, elektr tokidan) va uning intensivligini pasaytirsak, qaysidir nuqtaga borib sinaluvchi ogʻriqni his qilmay qoʻyadi. Nimadir sal tegingandek boʻlayotgan hisgina qolib, undan oʻsha joyni qashib qutulish mumkin. Demak, ogʻriqdan qichishishga oʻtib boʻlsa, qichishish uchun hech qanday alohida yoʻlak yoʻq, u ogʻriq kanalidan foydalanadi. Bundan kelib chiqadiki, uni alohida sezgi deb ham boʻlmaydi.


1980-yilning oxiriga kelib, olimlar bu masalaga boshqa tomondan yondashishga urinib koʻrdi: bunda kuchsiz qichishish hosil qiluvchi stimuldan boshlab, u astalik bilan kuchaytirib borildi. Buning uchun gistamindan (yalligʻlanish va allergiyada ajralib chiqadigan signal molekulasi) foydalanildi: modda sinaluvchi terisining ostiga oʻsib boruvchi miqdorda yuborildi va bunda hosil boʻlayotgan qichishish darajasi baholandi. Maʼlum boʻlishicha, odamlar qichishish hissining intensivligini toʻgʻri baholar ekan — ammo katta miqdorlarda (10 mikrogrammdan oshgach, qichishish kuchi oshmaydi) bu his ogʻriqqa aylanmaydi.


Oʻshandan buyon qichishish sekin-asta “mustaqil” bo‘la boshladi. Yangi sezgi uchun sensor neyron va retseptorlarni topish kerak edi. Ammo bu unchalik oson emasdi. Teridan qichishish haqidagi signallarni uzatayotgan nerv tolalarini topish uchun yana bir gʻalati muammoni yechish — faqat qichishishga sabab boʻladigan va boshqa hech qanday his uygʻotmaydigan stimullar oʻylab topish kerak edi. Bunda sinaluvchilarga shunday taʼsir oʻtkazish kerakki, ularning boshqa sensor neyronlariga tegilmasin.


Bunga ilk bor olimlar 1997-yilda, yana gistamin yordamida erishdi (aytmoqchi, shu yilning oʻzida Devid Julius yangi ogʻriq retseptori, TPRV1ni kashf etdi va 2021-yilda bu kashfiyot uchun unga Nobel mukofoti taqdim etildi, bu haqida “Hislar uchun berilgan mukofot” maqolasida oʻqishingiz mumkin). Tadqiqotchilar kichik boldir nervi teri shoxchasidagi alohida tolalarning faolligini aniqlash uchun teri ostiga mikroelektrodlarni yubordi. Soʻngra terining turli qismlariga kuchsiz tok yuborilib, qaysi sohadan oyoqdagi muayyan tola signal oʻtkazayotganini izlashdi. Keyin esa bu tolalar aynan qanday stimulga reaksiya bildirishini tekshirishdi. Yuqori harorat va bosimga reaksiya bergan neyronlarni chiqarib tashlash orqali tadqiqotchilar faqat gistamin taʼsir qilayotgan tolalarni topishga urindi. Inyeksiya orqali ogʻriq his qildirmaslik uchun esa (shuningdek, tajribani buzib qoʻymaslik uchun) gistaminni ionoforez orqali yuborishdi: insonning oyogʻiga gistamin eritmasiga boʻktirilgan gubka qoʻyilib, kuchsiz tok orqali teridan o‘tkazilgan.


Ionoforez moslamasi: bilakka katod yopishtirilgan, barmoqda esa anod va gistaminli gubka. Moslama orqali tok oqqanda anoddagi musbat zaryad musbat zaryadli gistaminni teriga itarib yuboradi. V. Magerl va boshqalar / Journal of Investigative Dermatology jurnali, 1990-yil

Shu tariqa faqat gistaminga reaksiya bergan va sinaluvchilarda qichishishga sabab bo’lgan nerv tolalari topilgan. Bular C turdagi aksonlar boʻlib, ular mayin, sekin va miyelin qobigʻisiz edi. Xuddi shu turdagi neyronlar teridan ogʻriq va issiqlik haqidagi signallarni ham uzatadi.


Keyinchalik esa bu tolalar ham muayyan ogʻriq stimullariga reaksiya berishi mumkinligi aniqlangan hamda qichishish ogʻriqdan alohida his ekanligi haqidagi bahs yana alanga olib ketdi. Nihoyat, hech kimda shubha uygʻotmagan sezgir qichishish neyronlari 2009-yilga kelibgina sichqonlarda topildi. Bu neyronlar oʻlganda, gistamin hayvonlarni qashinishga undamas edi, ammo ular ogʻriqqa avvalgidek reaksiya bildirardi.


Hozirga kelib, qichishishning alohida sezgi ekanligiga hech kim shubha qilmaydi. Ammo u ogʻriqdan butunlay ajralib chiqishga ham erisha olmadi. Vaqti-vaqti bilan ularda umumiy signal yoʻlaklari topilmoqda, baʼzi qichishish neyronlarida esa TRPV1 ogʻriq retseptorlari aniqlanmoqda. Hatto qichishish haqidagi maqolalar Pain jurnalida chiqishda davom etmoqda.


Bezgak, allergiya va opioidlar

Inson koʻzi uch asosiy rangni qabul qiladi, til besh asosiy taʼmni ajratadi, burunga hid bilish qobiliyatini beruvchi molekulalar esa minglar hisobida (bu haqida “Hid fenomenologiyasi” maqolasida gapirgandik). Qichishishning nechta sababi borligi — hali ham javobini topmagan savol. Qichishish haqidagi signalni qancha koʻp neyron yoʻlaklar tashisa, unga qarshi shuncha koʻp dorilar kerak boʻlishi mumkin. Surunkali qichishish juda yoqimsiz muammo, baʼzida esa oʻlimga ham olib borishi mumkin. Bir amerikalik jarroh va yozuvchi Atul Gavandening hikoya qilishicha, bir kuni ayol boshidagi bir joyni kuni bilan, hatto uyqusida ham qashiyvergani tufayli suyagini yemirib oʻtib, miyasining bir qismini shikastlantirib qoʻygan. Signal qaysi yoʻlak bilan ketayotgani nomaʼlum boʻlsa (bu ayol holatidagidek), bunday qichishishni qanday davolash ham nomaʼlum boʻladi.


Hali qichishishni ogʻriqdan ajratishga urinilayotgan paytlarda ham gistamin qichishish qoʻzgʻatuvchi yagona vosita emasligi maʼlum edi. Terining yalligʻlanmagan sohalari ham, masalan, sezilar-sezilmas tok oʻtayotgan qismi ham qichishi mumkin. Ammo qichishishni mexanik yoʻl bilan qoʻzgʻatish mumkinligini isbotlash ancha qiyin edi. Bunda shunaqangi taktil stimul topish kerak ediki, u gistaminchalik kuchli qichishishni qoʻzgʻatishi, ammo kuchsiz ham ogʻriq boʻlmasligi kerak edi.


Bunga 2013-yilga kelibgina erishildi. Buning uchun olimlar shunday moslama oʻylab topishdiki, unda mayin sim sinaluvchilarning yuzi boʻylab borib kelardi, bunda u faqat yuzdagi tolachalarga tegishi, terining oʻziga esa tegmasligi kerak edi. Shu tariqa tadqiqotchilar ogʻriq sezgisini tajribadan chiqarib tashladi, chunki ogʻriq neyronlari epidermisning ichida yashiringan boʻladi. Ammo bunday stimulga teridagi C-tolalar reaksiya berdi. Ishtirokchilarning baholashiga koʻra, qichishish gistaminnikidan kuchsiz boʻlmagan. Lekin boshqacha his qilingan: yalligʻlanishda kuzatiladigan kuyish yoki nimadir sanchilayotganligi hissi sezilmagan.


Mexanik qichishishni qoʻzgʻatish mumkin boʻlgan moslama. Miyuki Fukuoka va boshqalar / Pain, 2013-yil

Keyinchalik orqa miyada bunday qichishish uchun moʻljallangan maxsus neyronlar topildi: ularni oʻchirish yengil teginish natijasida hosil boʻladigan qichishishni bloklagan boʻlsa ham, gistaminning reaksiyasiga taʼsir qilmadi. Shunday qilib, neyrofiziologlar qichishishni kimyoviy va mexanik turlarga ajratdi.


Bunday tasniflash bir qarashda ichki va tashqi turlarga ajratishdan unchalik farqli emasdek koʻrinadi. Pashsha va yubka kabi mexanik stimullar tashqi boʻladi, kimyoviylariga esa chivin chaqishi kabi ichki turlari kirib ketadi. Biroq aslida esa bu tasniflash murakkabroq tuzilgan.


Masalan, kimyoviy qichishishni nafaqat gistamin, balki bir guruh moddalar chaqirishi mumkin va ularning har biri uchun alohida retseptor aniqlangan. Qichishishni oʻrganishning ilk bosqichlarida sinaluvchilarga koʻpincha kuydiruvchi mukunadan (Mucūna prūriens) foydalanilardi. Uning sirtidagi tolachalari kuchli qichishishni qoʻzgʻatadi va bunda oʻsha soha qashilsa qichishish tezda teri boʻylab tarqaladi. Buning sababi esa inson qashinganda oʻz qoʻli bilan teridagi pruritogenni (qichishishni qoʻzgʻatuvchi modda) yoyadi. Loviyada esa bu vazifani mukunain, serin proteazasi bajaradi hamda maʼlum boʻlishicha, u PAR-2 va PAR-4 retseptorlariga taʼsir qiladi. Oʻxshash mexanizm — proteaza ajratish orqali chang kanallari ham qichishish kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.


Tajriba ishtirokchisining terisidagi mukuna tikanchalari. Hatto 0,02 mikrogramm mukunaini boʻlgan yagona tikancha ham qichishish keltirib chiqarishi mumkin, uning 0,9 mikrogrammi esa 6 mikrogramm gistamindan kuchliroq qichishni qoʻzgʻatadi. Alexandru D. P. Papoiu, Hong Liang Tey va boshqalar / PLOS ONE, 2011-yil

Demak, baʼzan kimyoviy qichishish tashqi stimul natijasi boʻlishi mumkin, yaʼni ichki-kimyoviy va tashqi-mexanik tasnifi notoʻgʻri.


Ichki kimyoviy qichishish ham aynan gistaminga bogʻliq boʻlishi shart emas. Masalan, meni oddiy emas, bezgak chivini chaqib olsa, menda qashinish uchun boshqa bir sabab paydo boʻladi. Unda xloroxin qabul qilishni boshlashimga toʻgʻri kelardi — unga esa Mgpr guruhi retseptorlari reaksiya bildiradi va qichishishni keltirib chiqaradi.


Shuningdek, opioidlar va safro kislotasi ham qichishishni qoʻzgʻatadi. Bu safro kislotasi qon va toʻqimalarda yigʻilib qolganda ularni TGR5 retseptori sezishi tufayli yuz beradi. Nihoyat, kimyoviy qichishish neyronlari atopik dermatit yoki allergiya kabi turli vaziyatlarda immun va normal teri hujayralari tomonidan chiqariladigan interleykinlar kabi turli xil yalligʻlanishga qarshi molekulalarga ham reaksiya beradi.


Mana qancha kimyoviy stimullar birgina qashinish istagini hosil qilishi mumkin. Gil Yosipovitch va boshqalar / The Journal of Allergy and Clinical Immunology, 2019-yil

Shunday ekan, meni qashinishga undaydigan sabablar ikkitadan koʻp boʻlishi mumkin. Pashsha, yubka va gistamindan tashqari, menga kimyoviy gistaminsiz stimullar ham taʼsir qilishi mumkin hamda men na bezgak va na safro kislotasining turib qolishidan aziyat chekmasam ham, masalan, baʼzida junga, baʼzida changga va baʼzida nomaʼlum gullayotgan butalarga allergiyam borligini sezib qolishim mumkin. Lekin tom maʼnoda bir joyda tik turgan odamda — hech qanaqa chaqishlarsiz, uchib yurgan pashsha-yu allergik nuqtalarsiz qichishish boʻlsa nima qilish kerak?


Maqolaning 2-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/13612


​​Muallif: Polina Loseva. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi «Почему чешется. Сколько зудов различает наука?» nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: nplus1.ru