Inson yaratgan eng tez kosmik apparat: Voyager-1

Voyager-1 kosmik kemasi 1977-yil 5-sentabrda NASA tomonidan AQShning Florida shtatidagi Kanaveral burnidan uchirilgan. Uning maqsadi Quyosh tizimini oʻrganish va Yupiter hamda Saturn sayyoralarini suratga olish boʻlgan.


Kosmik zond nafaqat qoʻyilgan vazifalarni aʼlo darajada bajardi, balki qoʻshimcha kosmik tadqiqotlarni ham olib bordi, bir nechta rekord oʻrnatdi va astronavtika tarixidagi eng muvaffaqiyatli loyihalardan biriga aylandi. Voyager-1ʼning parvozi qiziqarli faktlarga toʻla, ulardan eng saralarini quyida koʻrib chiqamiz.


Voyager-1 toʻplagan qimmatli maʼlumotlar hozirgacha olimlar tomonidan kointotni oʻrganishda ishlatilmoqda. Voyager-1 tomonidan qilingan eng muhim ixtirolardan biri bu — Quyosh tizimini oʻrab turgan pardani aniqlash boʻldi. Bu Quyoshdan chiqayotgan shamol yulduzlararo hudud bilan uchrashadigan va yulduzlarning atrofdagi muhitga taʼsiri boshlanadigan hudud sifatida qaraladi. Voyager-1 bu hududni 2012-yilda, Quyoshdan 121 astronomik birlik masofada uzoqda boʻlganida kashf qildi.


Eng tez

Voyager-1 inson yaratgan eng tez obyekt sanaladi. Gravitatsion manyovrlar seriyasi sharofati bilan u 17,26 km/sekund yoki 62 136 km/soat tezlikka erishishga muvaffaq boʻldi. Tasavvur qiling, bu apparat taxminan 50 soniya ichida Toshkent shahridan Qoraqalpogʻistonga yetib boradi.


Yerning eng uzoqdan olingan fotosurati

Kosmik apparat Yerning eng uzoqdan olingan fotosurati boʻyicha rekord oʻrnatgan. Bu surat “Pale blue dot” (Och koʻk nuqta) nomini olgan boʻlib, Yerdan 6 054 558 968 km uzoqlikdan tasvirga olingan.


Pale Blue Dot. Yerning 6 mlrd km uzoqlikdan olingan fotosurati. Yer turgan noaniq rangli chiziq — optikaga tushib qolgan quyosh nuri / wikipedia.org
Oʻzga sayyoraliklarga xabar

“Voyajer-1” bortida oʻzga sayyoralik ong uchun moʻljallangan maxsus xabar bor. Tilla plastinada inson tasviri, sayyoramiz hayotidan 116 dona surat, kosmik hududdagi Yer shari koordinatalari, inson ovozi va turli xalqlar musiqalarining tovushi jamlangan.


Maʼlumotlar yozilgan tilla plastina / wikipedia.org
Eng uzoq

Voyager-1 nafqat eng tezkor, balki eng uzoq masofadagi inson qoʻli bilan yaratilgan obyekt hisoblanadi. 2016-yil 5-yanvarda u Quyoshdan 20 mlrd km uzoqlikda edi.


Quyosh sarhadidan tashqarida

“Voyajer-1” tomonidan qilingan muhim ixtirolar qatoriga Yupiterning notoʻgʻri shaklini, Saturnda geomagnit maydon borligi, har ikki sayyorada koʻplab yoʻldoshlar va halqali tizimlar borligini aniqlaganini qoʻshish kerak.


Voyager-1 Quyosh tizimidagi sayohati davomida Saturnning va Yupiterning oldidan oʻtgan / wikipedia.org

Bu kosmik apparat Quyosh tizimidan tashqariga chiqqan ilk apparat hisoblanadi. Bu hodisa rasmiy jihatdan 2013-yil 12-sentyabrda, NASA Voyager-1 yulduzlararo hududga chiqqanini tasdiqlaganda yuz bergan. Bu tarixiy voqea kointoni tadqiq qilishning ahamiyatini taʼkidlaydi va butun dunyoda olimlar hamda oddiy insonlarni ilhomlantirishda davom etmoqda.


Faoliyat muddati tugasa-da, ishlashda davom etmoqda…
Voyager-1 / wikipedia.org

Voyager-1 salkam 40 yil avval yoʻlga chiqqan boʻlishiga qaramay, haligacha ishlashda va Yerga koinot haqida qimmatli maʼlumotlarni joʻnatishda davom etmoqda. Kosmik apparat Yerdan 22 milliard kilometr uzoqlikda boʻlib, uning signali sayyoramizga yetib kelish uchun 20 soatdan koʻproq vaqt kerak boʻladi.


Avvaliga, apparatning missiyasi 5 yil davom etishi moʻljallangan edi. Lekin mutaxassislar “Voyajer-1” batareyasining quvvati Yerga signal joʻnatib turgan holda 2030-yilgacha yetishini hisoblab chiqishdi. Afsuski, aloqa hisoblangan vaqtdan oldinroq uzilib qolishi mumkin. Gap shundaki, zond uzoqlashgan sari Quyosh nuri u uchun pasayib boraveradi. Voyager-1 Yerga signallarni Quyoshning joylashuvini moʻljalga olgan holda yuboradi. 2025-yildan keyin zond Quyoshni “yoʻqotib” qoʻyishi va bortda batareyasi ishlab turishiga qaramay biz signallarni qabul qila olmasligimiz ehtimoli yuqori.


Abadiy sargardon
Voyager-1 / NASA

Voyager-1 zondini uzoq, ehtimol cheksiz kelajak kutmoqda. Bir necha million yillardan keyin ham, agar kometa yoki asteroidlar bilan toʻqnashmasa, boshqa uzoq yulduzlarga borib yetadi. Ehtimol, bizning sayyoramiz bu vaqtgacha mavjud boʻlmaydi, lekin inson yaratgan apparat oʻz parvozini davom ettiraveradi…


Muqova surat: wikipedia.org


Manbalar:
→ mydiscoveries.ru/interesnyie-faktyi-o-samom-byistrom
→ voyager.jpl.nasa.gov
→ en.wikipedia.org/wiki/Voyager_1