Marsda katta meteorit zarbalari bilan bog‘liq ikkita kuchli silkinish yuz berdi 

Ular diametri yuz metrdan ortiq kraterlarni hosil qilgan. Oʻtgan yili sayyorashunos olimlar InSight stansiyasi yordamida Qizil sayyoraga urilgan yirik meteoritlarning qulash hodisasi va eng kuchli ikkita Mars silkinishi bog‘liqligini ishonchli tarzda asoslay oldi. Ushbu ikki eng katta yangi zarba kraterlari Mars Reconnaissance Orbiter zondi tomonidan topilgan va seysmik silkinishlar InSight stansiyasi ko‘magida qayd etilgan. Maqola Science jurnalida chop etilgan.


Meteoritlar urilishi bilan bogʻliq zarba hodisalari Quyosh tizimidagi qattiq yuzali jismlar relyef oʻzgarishlarining eng keng tarqalgan jarayonidir. Biroq biror jismning sayyora yuzasiga qulashi va sayyora atmosferasiga taʼsir qilishi oqibatida yuzaga kelgan yer tebranishlari bilan bogʻliq seysmik toʻlqinlar faqatgina Yer sayyorasi misolida ishonchli tarzda kuzatilgan. Bu holatda topilgan kraterlarni seysmik hodisalar bilan bogʻlash mumkin edi.


Garchi seysmograflar meteoritlarning urilishi deya talqin qilingan silkinishlarni qayd etgan boʻlsa-da, Oy holatida kraterlar topilmagan. Lekin InSight stansiyasi va Mars Reconnaissance Orbiter zondining hamkorlikdagi faoliyati tufayli yaqinda Mars misolida vaziyat yaxshi tomonga oʻzgardi va bir nechta hodisalar aniqlandi.


Syurixdagi Shveysariya Federal texnologiya instituti geofizika fakultetining Doyen Kim boshchiligidagi bir guruh sayyorashunos olimlari yirik meteoritlarning Marsga qulashi va InSight avtomatik stansiyasining SEIS seysmografi tomonidan qayd etilgan ikkita kuchli (4 magnitudali) seysmik tebranishlar oʻrtasida bogʻliqlikni oʻrnatishga muvaffaq boʻlganini ma’lum qildi. Zarba kraterlarini Mars Reconnaissance Orbiter zondining CTX va HiRISE kameralari yordamida topishga muvaffaq boʻlindi.


S1094b va S1000a seysmik hodisalari bilan bogʻliq zarba kraterlarining joylashuvi. L.V. Posiolova va boshqalar / Science jurnali, 2022-yil

S1000a hodisasi 2021-yil 18-sentabrda qayd etilgan juda kuchli (4.1 magnitudali), uzoq (93 daqiqa) va sayyoraning olis (stansiyaga nisbatan) qismida sodir boʻlgan ikkita seysmik hodisadan birinchisi hisoblanadi. Ushbu zarba haqidagi maʼlumotlar PP va SS toʻlqinlar, ularga qoʻshimcha ravishda Pdiff (P — toʻlqin mantiya-yadro chegarasidan ogʻgan) toʻlqinlar yordamida aniqlangan.


Silkinishlar manbasi Patera vulqonining gʻarbiy tomonida joylashgan boʻlib, seysmik maʼlumotlar tahlili ungacha boʻlgan masofani 7592±1220 kilometr ekanini aniqladi. Hodisa meteoritning qulashi bilan bogʻliq boʻlib, u stansiyadan 7460 kilometr uzoqlikda, Tempe yeri mintaqasida joylashgan bir nechta kraterlar (ularning eng kattasi diametri 130±12 metr va chuqurligi 17±5 metr) paydo boʻlishiga sabab boʻldi.


S1000a hodisasi bilan bogʻliq krater (B) va uning atrofi (A) tasvirlari. L.V. Posiolova va boshqalar / Science jurnali, 2022-yil

Afsuski, S1000a manbayining stansiyadan juda uzoqligi va kraterlarning graben qiyaligida joylashishi zarba beruvchining xususiyatlarini aniqlashni qiyinlashtirdi. Hodisa natijasida taʼsir maydoni jiddiy ziyon ko‘rdi va seysmik toʻlqinlar seysmografga boradigan yoʻlda zaiflashish va sochilib ketish kabi qoʻshimcha kuchsizlanishlarga duch keldi.


Tadqiqotchilar tomonidan aniqlangan ikkinchi hodisa S1094b deb nomlanadi. U 2021-yil 24-dekabrda qayd etilgan bo‘lib, quvvati 4 magnitudali va davomiyligi 108 daqiqani tashkil etgan. Seysmik maʼlumotlarga koʻra, silkinish manbasi stansiyadan 3530±360 kilometr uzoqlikda, diametri 150±10 metr va chuqurligi 21±3 metr boʻlgan krater esa stansiyadan 3460 kilometr masofadagi Amazoniya tekisligida joylashgan. Zarba krateri tartibsiz shaklga ega va uning yonida chuqurlikdan otilib chiqqan suv muzlarini koʻrish mumkin. Asosiy krater esa ikkilamchi kraterlar bilan oʻralgan.


S1094b hodisasi bilan bogʻliq kraterning rangli va monoxrom tasvirlari. Zarba toʻlqini taʼsirida yuza qismi oʻzgargan hudud A harfi, changning zarba toʻlqini bilan tarqagan hudud B harfi, zarba toʻlqini va atmosfera portlashidan keyin qolgan yoy shaklidagi izlar C harfi, olisdagi izlar D harfi, zarba hodisasi vaqtida atrofga uloqtirilgan suv muzlari E harfi bilan belgilangan. L.V. Posiolova va boshqalar / Science jurnali, 2022-yil

S1094b hodisasida tadqiqotchilar zarba manbasining baʼzi xususiyatlarini aniqlashga muvaffaq boʻldi. Uning diametri bir necha metr va ogʻirligi yuz tonnadan ortiq boʻlgan va sayyora yuzasiga nisbatan 30 daraja burchak ostida qulagan. Bu koʻndalang yoʻnalishda kamida 18 kilometr masofaga tarqalgan ikkita zarba toʻlqinini hosil qilgan. Ulardan biri meteoroid atmosferadan oʻtganda, ikkinchisi esa Mars bilan toʻqnashganda paydo boʻlgan. Zarba hodisasi vaqtida (1–8 ) × 1013 joul miqdorda quvvat ajralib chiqqan. Buni 0,1 dan 1 kilotongacha kuchga ega boʻlgan yuza portlashi bilan solishtirish mumkin.


Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Два мощных марсотрясения связали с падениями крупных метеоритов” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: S1000a hodisasi uchun seysmik toʻlqin tarqaluv yoʻnalishi. IPGP, CNES, N. Starter