Qatiq ichish foydalimi?

Yozning jazirama kunlarida tanamiz koʻp miqdorda suyuqlik talab etadi. Shu sababli koʻp chanqaymiz. Tashnalikdan qutulish uchun bizga dogʻsuv, choy, mineral suv, gazli suvlar, sharbatlar, kompotlar va boshqa xil yaxna ichimliklar yordam beradi. Ular orasida qatiqning alohida oʻrni bor. Qatiq nafaqat chanqoqni qondirish, balki organizmni kerakli moddalar bilan taʼminlash xususiyatiga ham egadir.


Qatiq xarid qilishda avvalo ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddatiga eʼtibor qaratish lozim. Qancha vaqt turganiga qarab qatiq organizmga turlicha taʼsir qiladi. Masalan, ishlab chiqarilganiga bir kundan koʻp vaqt boʻlmagan qatiq yengil ich surish xususiyatiga ega. Bir necha kun turgan qatiq esa aksincha ichni qotiradi. Saqlash mudati oʻtib ketgan qatiqni umuman sotib olmagan maʼqul. Chunki u oshqozon faoliyati buzilishiga olib keladi.


Qatiqda yogʻ miqdori qanchalik koʻp boʻlsa, shunchalik mazali boʻladi. Biroq yogʻlar qaddi-qomatga sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Semirib ketishni istamaydiganlarga tarkibida yogʻ miqdori kam boʻlgan qatiqni isteʼmol qilish tavsiya etiladi. Bu ichimlikning sifati nafaqat tarkibdagi yogʻlar, balki oqsil miqdori bilan ham oʻlchanadi.


Soʻnggi yillarda doʻkon peshtaxtalarida nomiga “bio” oldqoʻshimchasi qoʻshilgan qatiqlar paydo boʻldi. Bunday ichimliklar tarkibida zamburugʻlardan tashqari, sutni singdirishga yordam beruvchi bifidobakteriyalar ham boʻladi. Bunday qatiqni oddiy sigir sutidan allergiyasi bor kishilar ham bemalol ichishi mumkin.


Qatiqni isteʼmol qilishdan oldin uni stakanga quyib bir oz kuting. Sifatli mahsulotlarda suyuqlikning zichligi bir xilda boʻladi. Turli mevalar qoʻshilmasi boʻlmagan qatiqning rangi oq yoki qaymoqrang boʻlishi mumkin. Agar stakandagi qatiqning ustki qismida shaffof suyuqlik — zardob hosil boʻlsa, demak, qatiq achib ulgurgan.


Sovutgichingiz boʻlmagan taqdirda ham qatiqni bir necha kun saqlab turishingiz mumkin. Buning uchun qatiq idishini sochiqqa oʻrab, ozroq tuz solingan sovuq suvga tashlab qoʻyish kerak boʻladi.


Kechqurun uyqu oldidan bir stakan qatiq ichish oshqozon faoliyatini yaxshilaydi, chuqur va osoyishta uyquga ketishingizga koʻmak beradi.


Maqola oriftolib.uz saytidan olindi. Original maqola → Qatiq ichasizmi?
Muqova surat: chandlervid85 / freepik.com