ChatGPT: tahdid ostida qolayotgan kasblardan yangi imkoniyatlargacha…

Diskleymer: ushbu maqola inson tomonidan tayyorlandi. Hozircha (21-mart, 2023-yilga koʻra) ChatGPT oʻzbek tilida bunday maqolalar yoza olmaydi.


OpenAI kompaniyasi tomonidan 2022-yil 30-noyabrda ishga tushirilgan ChatGPT IT hamjamiyatida shov-shuvlarga sabab bo‘ldi va bergan javoblarining aniqligi bilan ko‘pchilikni hayratda qoldirdi. Garchi ushbu bot hozirda O‘zbekiston hududida rasman faoliyat yuritmasa-da, allaqachon yoshlar undan VPN orqali foydalanishmoqda. Lekin tanganing ikkinchi tomoni ham bor, aynan shu ChatGPT advokat, jurnalist, o‘qituvchi kabi bir qancha kasblarning o‘rnini egallashi mumkin. Aytishadiku, ana senga syurpriz-u, mana syurpriz…


ChatGPT (Chat Generative Pre-trained Transformer) — sun’iy intellekt chatboti bo‘lib, loyiha OpenAI kompaniyasi tomonidan 2018-yilda boshlangan. Sodda qilib tushuntaridan boʻlsak, ChatGPT — bu odam bilan suhbatlashuvchi bot: u savollarimizga javob beradi, yozgan kodimizdan xato izlaydi (dasturchilarga salom), ssenariy yoki biznes plan yoza oladi, she‘r bitadi va boshqa turli vazifalarni bajara oladi.


→ GPT-5: ChatGPT’ning odamdan ajratib bo‘lmaydigan versiyasi


Birinchi versiya, GPT-1 o‘sha yilning iyun oyida chiqarilgan. Yillar davomida takomillashtirib borilgan botning yaqinda GPT-4 versiyasi ham ishga tushdi. OpenAI’ning asosiy vazifasi inson miyasi bajara oladigan hamma narsani qiluvchi sun’iy intellektni yaratishdan iborat.


Ijtimoiy tarmoqlarda ChatGPT’ni “Google qotili” deb ham atashmoqda. Bot 1 million foydalanuvchiga ega bo‘lishi uchun atigi 5 kun ketgan. Taqqoslash uchun Netflix shuncha foydalanuvchini 3,5 yilda, Facebook 10 oyda, Spotify 5 oyda, Instagram 2,5 oyda yig‘a olgan. 2023-yilning yanvar oyiga kelib ChatGPT foydalanuvchilari 100 milliondan oshgan.


ChatGPT’ning muhim xususiyati unda xotira mavjudligidir. Bu orqali u suhbatning tafsilotlarini eslab qoladi, o‘rganadi va avvalgi ma’lumotlarga tayanib muloqotni davom ettiradi.


AI / freepik.com
Afzalliklari:

— Har qanday chatbot singari, ChatGPT ham savollarga javob berishi mumkin. Biroq, deyarli har qanday savolga, hatto maxsus savolga ham batafsil javob beradi.
— ChatGPT kelajakda Google’ning o‘rnini egallashi mumkin, chunki u deyarli har bir so‘rovga aniq javob beradi. Yagona salbiy jihati shundaki, u manbalarga havolalarni taqdim etmaydi, bu, albatta, biroz noqulaylik tug‘diradi.
— Suni’iy intellekt yozish qobiliyatlari bilan ham hayratda qoldiradi. U yaratgan hikoyalarni o‘qish juda maroqli va haqiqatan qiziqarli. Yaqinda ChatGPT tomonidan yozilgan kitoblar savdoga chiqarildi.
— Bot uchun hikoyalar muammo emas ekan, demak u elektron pochta xabarnomalari yoxud ijtimoiy tarmoqlar uchun matnlarni yaratishda hech qanday qiyinchiliklarga duch kelmaydi.
— Aytgancha, ilova yaratishda yordam uchun ChatGPT’ga bemalol murojaat qilishingiz mumkin. Chatbot sizga faqat umumiy maslahatlar emas, balki muayyan ilova uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan namuna kodini beradi. Biroq, bot tomonidan chiqarilgan kodni har doim ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlatib bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsa-da, bot dasturchilarning talaygina vaqtini tejashga ko‘maklashadi.


Kamchiliklari:

— Chatbotlar internetda joylashtirilgan katta hajmdagi ma’lumotlarni o‘zlashtirib, yangi ko‘nikmalar o‘rganar ekan, haqiqiy faktlar va yolg‘onlarni aralashtirib yuborishi, noto‘g‘ri fikr va haqoratli so‘zlardan foydalanishi mumkin.
— Bundan tashqari ChatGPT’ning bilimi 2021-yilgacha bo‘lgan ma’lumotlar bilan cheklangan.
— Hissiy intellektning yetishmasligi, ya’ni sun’iy intellekt ruhiy qiyinchiliklarda inson kabi hissiy yordam bera olmaydi.
— Noto‘g‘rilik ehtimoli: ChatGPT faqat bazasidagi ma’lumotlarga tayanadi, ammo ularning qanchalik haqiqat ekanini tekshira olmaydi.
— Haqoratli kontent paydo bo‘lishining oldini olish uchun ChatGPT’ga ma’lum moderatsiya tizimlari o‘rnatilgan: (1) u hech qanday masala bo‘yicha shaxsiy fikr bildirmaydi; (2) irqi yoki jinsi yo‘q; va (3) hech qanday dinga e’tiqod qilmaydi. Shuningdek, u qonunni qanday buzish haqida matnlar yaratishga to‘sqinlik qiluvchi filtrlarga ham ega.


ChatGPT. Emiliano Vittoriosi / unsplash.com
Sun’iy intellekt sabab odamlar ishsiz qoladimi?

ChatGPT’ning insholar “yozish” qobiliyati o‘qituvchilarni tashvishga solmoqda: AQShda talabalar allaqachon bot tomonidan yaratilgan ishni o‘zlariga tegishli deb taqdim qilishni boshlagan. ChatGPT matnlarni yozib, tahrir ham qila oladi. Buning ortidan yaqin orada kopirayter va jurnalistlar ham o‘z ishlarini yo‘qotishi mumkin degan qo‘rquv bor. Biroq chatbotning eng katta muammolaridan biri — ijodkorlik. U yangi g‘oyalarni taqdim qila olmaydi. Hozircha.


Sun’iy intellekt mehnat bozorida inson o‘rnini to‘g‘ridan-to‘g‘ri almashtiradi degan gaplarni yozish juda oson. Tarixda ham sanoatda samaradorlikni oshirishga qaratilgan dunyoni larzaga keltiruvchi innovatsiyalar bo‘lgan. Ammo ular hayotga to‘la tatbiq etilguniga qadar deyarli bir asr vaqt o‘tgan. Shu o‘rinda aytish joizki, sun’iy intellekt ancha tez rivojlanmoqda.


Mukammal sun’iy intellekt tarixiy qolipni buzish ehtimoli bor. Oddiy odam qila oladigan deyarli har qanday vazifani bajara oladigan texnologiya insoniyatni iqtisodiyotning kelajagi haqida turli taxminlarga olib boradi. Nima bo‘lganda ham g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘ldi, endi insonlar sun’iy intellekt bilan hisoblashishga majbur…


Muqova surat: boliviainteligente / unsplash.com

Manbalar:
→ habr.com/ru/company/mtt/blog/711052
→ cdn.openai.com/papers/gpt-4.pdf
→ vc.ru/services/573229-chto-takoe-chat-gpt-kak-polzovatsya
→ daryo.uz/2023/02/08/google-qotili-butun-dunyo-gapirayotgan-chatgpt-ozi-nima