Buyuk Ipak yo‘li qachon paydo bo‘lgan?

Buyuk Ipak yoʻli — Markaziy Osiyo boʻylab sayohatchilar va yerusti savdosi uchun foydalanilgan yoʻllarga nisbatan ishlatiladigan keng maʼnoli atama. Aytish joizki, uning joylashuvi vaqt oʻtishi bilan oʻzgarib borgan. 1877-yil geograf Ferdinand fon Rixtgofen atamani yaratayotganda Rim va Xitoyni bogʻlovchi yoʻllarni nazarda tutgan. Ammo hozirgi kunda Ipak yoʻli Yevrosiyo va Xitoyni gʻarbdagi nuqtalar bilan bogʻlovchi har qanday yoʻlga nisbatan ishlatiladi.


Buyuk Ipak yoʻli tarixdagi eng uzun quruqlikdagi savdo yoʻlidir. Bu yoʻl boʻylab muntazam karvon savdosi koʻp ming yillar avval boshlangan. Ipak yoʻli Gʻarb va Sharqning juda olis sivilizatsiyalari oʻrtasidagi aloqalarni taʼminlovchi “ip”ga aylandi. Uning sharofati bilan nafaqat mahsulotlar almashinuvi, balki gʻoyalar, ilmiy bilimlar, texnologiyalar almashinuvi ham amalga oshirildi.


Oʻzi hammasi nimadan boshlangan?

Xitoy sivilizatsiyasi rivojlangan Xuanxe va Yantszi yirik daryolari havzasi geografik jihatdan Yevrosiyo qitʼasining boshqa mintaqalaridan dunyodagi eng baland togʻ tizmalari va keng choʻllar bilan ajralib qolgan edi. Xitoyga shimoldan va shimoliy-gʻarbiy tarafdan koʻp asrlar davomida unga dushman boʻlib kelgan qabilalar qoʻshnichilik qilar edi. Aynan shu sababli ular Xitoy karvonlarining xavfsiz harakatlanishiga toʻsqinlik qilardi. Shin sulolasi davrida (miloddan avvalgi 1600–1046-yillar) xitoyliklar gʻarb davlatlariga tanish boʻlmagan noyob mahsulotlarni ishlab chiqarishni oʻrganib olishdi. Bunday mahsulotlar qatoriga ipak, chinni va qogʻoz kirardi. Oʻsha paytlar ipakka boʻlgan talab oʻta yuqori edi, chunki undan tikilgan kiyimlarga hasharotlar yopishmasdi. Kemasozlik sohasi ham hali yetarli darajada rivojlanmagan edi, shu sababli dengiz savdo yoʻllari ishonchli hisonlanmasdi. Quruqlik orqali Xitoydan gʻarb mamlakatlariga ikkita asosiy yoʻnalish boʻylab borish mumkin edi. Birinchisi — Shinjonning gʻarbidagi Gansu yoʻlagi orqali oʻtgan yoʻl. Ikkinchisi esa Tibet togʻlari orqali Xitoyning Yunnan va Sichuan provinsiyalarini Hindiston bilan bogʻlovchi yoʻl, uni “Choy ot yoʻli” deb ham atashardi. Oʻsha paytlar gʻarbda, yaqin sharq va Oʻrta Osiyo mamlakatlarida Xitoy mahsulotlari evaziga oltin, kumush, jun buyumlar, gilamlar va shisha idishlar berishardi.


Ipak yoʻli bir xil joylardan oʻtgan barqaror yoʻl boʻlmagan. Karvon yoʻllari turli tarixiy davrlarda turli xil boʻlgan. Bundan tashqari, bu ulugʻvor yoʻlda juda koʻp turli shoxlar bor edi — maʼlum bir paytlardagi harbiy-siyosiy vaziyatga qarab, savdogarlar xavfsizroq va ishonchliroqlarini tanlashar edi. Ipak yoʻli tushunchasining oʻzi esa IXX asrgacha mavjud emas edi. Bu atamani, yuqorida taʼkidlanganidek, ilk marta nemis geografi Ferdinand fon Rixtgofen 1877-yilda oʻylab topgan.


Akua Sencherey / unsplash.com

Ipak yoʻli Xitoyni Markaziy Osiyodagi eng qadimiy shahar — Samarqand bilan bogʻlagan. Qadimda Samarqand atrofida eron xalqlaridan biriga mansub, zardushtiylik diniga eʼtiqod qiluvchi sugʻdlar yashagan. Xitoyning asosiy shaharlarida arxeologlar tomonidan sugʻdlarning qabrlari topilgan, bu esa qadimgi xitoyliklar va sugʻdlar oʻrtasidagi mustahkam aloqadan dalolat beradi.


Qizigʻi shundaki, Ipak yoʻli orqali amalga oshirilgan savdo-sotiq jahon mehnat taqsimotiga oʻz hissasini qoʻshgan — baʻzi mamlakatlar faqatgina maʼlum mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslasha boshladilar, chunki bu mahsulotlar boshqa davlatlarga eksport qilinardi.


Buyuk Ipak yoʻli boʻylab savdo XIII-XV asrlarda sezilarli ravnaq topdi. Chingizxon va uning merosxoʻrlarining keng koʻlamli istilolaridan soʻng Yevroosiyo qitʼasining salmoqli qismi moʻgʻullar hukmronligi ostida birlashdi. Chingizxon avlodlari — сhingiziylar bir qancha yirik davlatlarni tashkil qilishdi va boshqa boshlashdi. Ular Buyuk Ipak yoʻli boʻylab karvon savdosidan daromad olishdan manfaatdor edi, buning uchun karvonlarni talon-taroj qilgan qaroqchilarni yoʻq qilish va karvonsaroylar qurishni yoʻlga qoʻyishdi. Qolaversa, ular savdogarlarga koʻmaklashish va zarur boʻlgan boshqa xizmatlarni koʻrsatish boʻyicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshira boshlagan. Ammo XV asrga kelib, moʻgʻul davlatlarida oʻzaro urushlar ham tez-tez sodir boʻla boshladi va karvon savdosi xavfsizligiga eʼtibor qaratilmay qoʻydi.


Usmonli turklar XV asrda Vizantiya imperiyasini bosib olgach, Ipak yoʻli boʻylab amalga oshaytogan savdoni oʻz nazoratiga olish uchun jiddiy qadamlar tashlashdi. Bu esa, oʻz navbatida, yevropaliklarni sharq bilan savdo qilishning boshqa yoʻllarini izlashga majbur qildi. Natijada XV asr oxirida portugallar Hindistonga Afrika boʻylab dengiz yoʻlini ochishdi, ispanlar esa Amerikani kashf etib, uni mustamlaka qila boshlashdi. Yangi dengiz savdo yoʻllarining paydo boʻlishi munosabati bilan Ipak yoʻli muhimligi pasaya boshladi, uning iqtisodiy va siyosiy ahamiyati ham sezilarli darajada kamayib borardi.


Qiziqarli maʼlumot:

• Ipak yoʻlining umumiy uzunligi taxminan 10 000 km.
• Mashhur venetsiyalik sayohatchi Marko Polo Ipak yoʻli boʻylab Xitoyga yetib borgan.
• Ipak yoʻli boʻylab yuk tashish tuyalar yordamida amalga oshirilgan. Otlar choʻllarning ogʻir iqlim sharoitlariga bardosh bera olishmagan.
• Qaroqchilar hujumidan oʻzlarini himoya qilish uchun Ipak yoʻli boʻylab sayohat qilgan savdogarlar soqchilar bilan birgalikda harakat qilishgan.
• XIX asrda Yevropa aholisining katta qismini yoʻq qilgan bubon oʻlati epidemiyasi gʻarbga Ipak yoʻli boʻylab kirib kelgan deb ishoniladi.
• Ipak yoʻlining eng baland qismi Xunjerab dovonidir. Uning balandligi dengiz sathidan 4693 km.


Muqova surat: freepik.com

Manbalar:
serious-science.org/silk-road-6150
→ interesnie-fakty.ru/istoriya/o-velikom-shelkovom-puti