Paleontologlar Chadda 20 yildan koʻproq vaqt oldin topilgan son va tirsak suyagini tekshirdi. Ular qoldiqlar sahelantropga (Sahelanthropus tchadensis) – taxminan yetti million yil oldin yashagan turga tegishli degan xulosaga keldi. Tadqiqotchilar fikriga koʻra, ushbu tur yerda ikki oyogʻida tik harakat qilish bilan birgalikda daraxtlarga ham koʻtarilgan boʻlishi mumkin. Bu haqda Nature jurnalida chop etilgan maqolada aytib oʻtiladi.
2001-yilda Chad Respublikasida olib borilgan tadqiqotlar paytida Toros-Menalla qishlogʻida oʻtkazilgan tekshiruvlar davomida paleontologlar tomonidan “Tumay” nomi bilan tanilgan, TM-266-01-060-1 raqam bilan belgilangan bosh suyagi topildi. Ushbu topilmaga asoslanib, olimlar kech Miotsen davrida yashagan Chad sahelantropi (Sahelanthropus tchadensis) deb nomlangan turni (va jinsni) tasvirlab berdi. Kashfiyotchilar fikriga koʻra, bu Gominini (Hominini) qabilasining eng qadimgi vakili hisoblanadi. Topilgan bosh suyagi ushbu tur ikki oyoqda yurgan degan xulosaga kelishimizga sabab boʻldi. Bunga, xususan, oldinga siljigan boshning orqa suyagi isbot bo‘ladi. Miya hajmi 340–360 kub santimetrga yetgan sahelantrop koʻp jihatdan oʻzidan keyingi ardipitek ramidusga (Ardipithecus ramidus) oʻxshab ketardi.
Bosh suyagidan tashqari, paleontologlar pastki jagʻning ikkita boʻlagini, uchta ajrab ketgan tishlarni va postkranial (bosh suyagidan tashqari skeletning barcha qismi) skeletning bir nechta suyaklarini topdi. Ushbu topilmalar orasida ilmiy doiralarda bahs-munozaralarga sabab boʻlgan TM-266-01-063ʼning son suyagi ham bor edi. Primat qoldiqlariga tegishli ekani darhol aniqlanmagan, ushbu yomon saqlangan suyak faqatgina 2020-yilda, kashfiyotdan 19 yil oʻtgach tavsiflab berilgan. Buni butunlay boshqa ilmiy guruh amalga oshirdi. Keyin tadqiqotchilar son suyagi ikki oyoqda harakat qilmaydigan turga tegishli degan xulosaga keldi. Biroq hamma olimlar ham bu xulosani qabul qilmadi. Belgilarning mozaik tabiati sahelantrop koʻpincha toʻrt oyoqda harakat qilganini koʻrsatsa-da, lekin ayrim paytlarda vaqti-vaqti bilan ikki oyoqqa koʻtarilganiga guvohlik berardi.
Frenk Gay / Palevoprim / CNRS — Université de Poitiers
Puatye universiteti xodimi Frenk Gay oʻzining Fransiya, Chad va efiopiyalik hamkasblari bilan birgalikda 2001-yilda Toros-Menalla hududidan topilgan suyaklar va sahelantropning bosh suyagi ustida yangi tadqiqot oʻtkazdi. Olimlar bu qoldiqlarning barchasi bir turga tegishli ekaniga asoslandi.
Topilmalar orasida uzunligi taxminan 242 millimetrga teng boʻlgan chap son suyagi (TM-266-01-063) bor edi. Unda distal epifiz va promaksimalning koʻp qismi koʻrinmasdi. Tadqiqotchilar fikriga koʻra, suyakning qayrilishi taxminan olti million yil oldin Keniyada yashagan avstralopitek va orrorin (Orrorin tugenensis) suyaklariga juda oʻxshashligidan dalolat beradi. Son suyagi morfologiyasiga asoslanib, olimlar ushbu tur yerda ikki oyoqda harakatlana olgan degan xulosaga keldi. Ularning hisob-kitoblariga koʻra, hayotlik chogʻiga ushbu
sahelantropning vazni 43,5 dan 49,4 kilogrammgacha boʻlgan. Bu koʻrsatkich orrorin (baʼzi maʼlumotlarga koʻra taxminan 39,9–45,7 kilogramm, boshqalariga koʻra 47,7–50,1 kilogramm) va ogʻirligi taxminan 51 kilogramm boʻlgan ardipitek ramidus (Ardipithecus ramidus) vazniga yaqin boʻlgan.
Olimlar sahelantropga tegishli deb hisoblangan ikkita bilak suyagini ham tasvirlab berdi. Ushbu topilmalarning hajmi va shakli boʻyicha oʻxshashligi tadqiqotchilarning suyaklar bitta turga tegishli deb taxmin qilishiga sabab boʻldi. Ammo bunday xulosaga kelishi uchun ularda boshqa dalillar yoʻq. Suyaklardan biri (TM-266-01-050) 239 mm uzunlikdagi chap tirsak suyagi diafizi, ikkinchisi (TM-266-01-358) esa epifizi qisman saqlanib qolgan 155 mm uzunlikdagi oʻng tirsak suyagidir. Ushbu suyaklarning egriligi ardipitek kadabbada (A.kadabba) kuzatilgan egrilikka oʻxshab ketadi. Olimlarning fikricha, egrilik daraxtlarga chiqish paytida tushgan yuklar bilan bogʻliq.
Muallif: Mixail Podrezov. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Сахелантропу вновь разрешили ходить на двух ногах” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: 2001-yilda Chadda topilgan qadimiy suyaklarю Frenk Gay / Palevoprim / CNRS — Université de Poitiers