“Aresibo” radioteleskopi qayta tiklanmaydi, uning o‘rniga ta’lim markazi yaratiladi

AQSh milliy fan jamgʻarmasi ikki yil oldin vayron boʻlgan “Aresibo” radioteleskopini qayta tiklamaslik toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Uning oʻrniga koʻplab olimlarning tanqidiga sabab boʻlgan taʼlim markazi tashkil etilishi haqida Nature jurnali xabar berdi.


Puerto-Rikodagi “Aresibo” observatoriyasi radioteleskopining diametri 305 metr boʻlib, FAST teleskopi paydo boʻlgunga qadar u to‘ldirilgan aperturali eng katta radioteleskop edi. “Aresibo” 57 yil davomida faoliyat yuritib, unda Yer ionosferasi, Quyosh tizimi, yulduz va galaktikalarni qamrab olgan keng ilmiy tadqiqotlar olib borilgan.


Asosiy antenna ustida oʻrnatilgan nurlantiruvchi platformani tutib turuvchi zanjirlarning bir necha bor uzilishi va uni taʼmirlash xavfli boʻlgani sababli 2020-yil oʻrtasida teleskopni toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Biroq 2020-yil dekabr oyi boshida teleskopning kutilmagan tarzda vayron boʻlishi uning rejaga koʻra foydalanishdan chiqarilishiga toʻsqinlik qildi.


“Aresibo” vayron boʻlgach, karst oʻrasini qoldiqlardan tozalash bilan bogʻliq uzoq jarayon boshlandi va observatoriyaning keyingi holati toʻgʻrisida hech qanday rasmiy bayonnoma eʼlon qilinmadi. Dunyoning koʻplab olimlari, shu jumladan, “Aresibo” jamoasi ham observatoriyani boshqaradigan AQSh milliy fan jamgʻarmasi (NSF) teleskopni qayta tiklaydi deb umid qildi. 2021-yilning bahorida “Aresibo” oʻrnini bosuvchi diametri 314 dan 331 metrgacha boʻlgan, aylana shaklida joylashtirilgan va bitta antenna sifatida ishlaydigan kichik parabolik antennalar tizimidan iborat NGAT (Next Generation Arecibo Telescope) deb nomlangan loyiha taqdim etildi. Yangi tizim bir necha baravar sezgir boʻlishi, osmonning katta qismini qoplashi va yanada kuchli uzatuvchilarga ega boʻlishi kerak.


NGAT teleskopi tuzilishining taxminiy chizmasi. D. Anish Roshi va boshqalar / arXiv.org, 2022-yil

Ammo bu katta moliyaviy xarajatlar va uzoq muddatli tahlilni talab qilishi sababli 2022-yil 14-noyabrda NSF radioteleskopni qayta tiklamasligini eʼlon qildi. Buning oʻrniga 2023-yildan boshlab, besh yil davomida yiliga 1 milliondan 3 million dollargacha mablagʻ ajratiladigan, fan, texnologiya, muhandislik va matematika taʼlim markazi quriladigan boʻldi. Shu bilan birga, ajratiladigan mablagʻlar Yer atmosferasini oʻrganish uchun moʻljallangan 12 metrli radioantenna va lidar tizimi kabi rasadxonaning qolgan asboblaridan foydalanish xarajatlarini oʻz ichiga olishi ham, olmasligi ham mumkin.


Bu qaror yangi teleskopga umid qilgan dunyoning koʻplab olimlari tanqidiga sabab boʻldi. Bundan tashqari, faol astronomik tadqiqotlar olib bormaydigan markaz yangi oʻqituvchi va talabalarni qanday jalb qilishi ham hali aniq emas.


Muallif: Ilya Beniya. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Радиотелескоп Аресибо не будет восстановлен” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: Maxar Technologies