Mars atmosferasidan kislorod olish boʻyicha MOXIE tajribasi jamoasi 2021-yil davomida Marsda olib borilgan ish natijalarini taqdim etdi. “Perseverans” roveriga oʻrnatilgan qurilma qariyb 9 soat ishlagan va shu vaqt ichida inson foydalanishi uchun yaroqli 50 gramm kislorod hosil qilgan. Shunday qilib, MOXIE asosida kelajakda astronavtlar tomonidan Marsda ishlatish mumkin boʻlgan kislorod olish uchun kattaroq va kuchliroq qurilma yaratishning imkoni bor, deb taʼkidlaydi olimlar Science Advances jurnalida.
MOXIE (Mars Oxygen In-situ Resource Utilization Experiment) “Qizil sayyora” muhitidan odamlar uchun zarur boʻlgan resurslarni olish boʻyicha Marsdagi birinchi amaliy tajriba boʻldi. Umumiy massasi 17,1 kilogramm boʻlgan qurilma “Perseverans” roveriga oʻrnatilgan va Mars atmosferasidan kislorod ishlab chiqarishga moʻljallangan. MOXIE atmosfera tarkibini HEPA filtri orqali soʻradi, uni aylantiruvchi nasos yordamida siqadi va Selsiy boʻyicha 800 darajaga qadar qizdiradi. Soʻngra uni qattiq oksidli elektroliz boʻlinmasiga yuboradi, u yerda karbonat angidrid kislorod va CO ionlariga parchalanadi. Shundan soʻng kislorod ionlari anodga yuboriladi. Bu yerda ular molekulyar kislorodga aylanadi va CO2, CO hamda boshqa inert gazlar aralashmasi qayta atmosferaga chiqarib yuboriladi. MOXIE birinchi marta oʻtgan aprel oyida ishga tushirildi va oʻzining qobiliyatini namoyish etdi.
Massachusets texnologiya instituti xodimi, MOXIE loyiha menejeri oʻrinbosari Jeffri Hoffman va uning hamkasblari 2021-yilning fevral–dekabr oylari orasida Marsda uskunaning ishlash natijalarini eʼlon qildi. Shu vaqt ichida jami 8,81 soat davom etgan yettita sessiya oʻtkazilgan.
MOXIE ish seanslari belgilari bilan Marsdagi Yezero kraterida kun va mavsum davomida atmosfera zichligining oʻzgarishiJ. Hoffman va boshqalar / Science Advances jurnali, 2022-yil
Uskuna orqali atmosferani soʻrishning maksimal tezligi soatiga 55 gramm gaz aralashmasini tashkil qiladi. Bu soatiga 6–8 gramm gaz ishlab chiqarish tezligi deganidir. Yetti seansda olingan kislorodning umumiy miqdori 50 grammni tashkil etgan. Olimlarning taʼkidlashicha, ishlab chiqarilishi mumkin boʻlgan kislorod miqdorini belgilovchi elementlarning parchalanish tezligi dastlab oshadi, lekin keyin oʻzgarishsiz holatga chiqib oladi. Shunday qilib, uskuna Marsda kamida 60 ish sikli davomida kislorod hosil qilishning dastlabki tezligini saqlab qoladi.
MOXIE kelajakda ishlashda davom etadi, biroq hozirdanoq tadqiqotchilar Marsda atmosferadan kislorod ishlab chiqarish boʻyicha ushbu texnologiya hayotiy, rivojlantiriladigan va samaradorlik nuqtayi nazaridan kutilgan natijalarga javob berishini taʼkidlamoqda. Kislorod ishlab chiqarish soatiga ikki kilogrammdan uch kilogrammgacha boʻlgan kattaroq zavodda yanada rivojlangan nazorat va monitoring tizimini yaratish, shuningdek, aylanma kompressorni qanotli yoki kriogen nasos tizimiga almashtirish, ish rejimini uzuq-yuluqlikdan uzluksizlikka qadar oʻzgartirish rejalashtirilgan.
Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “MOXIE получил 50 грамм кислорода из марсианской атмосферы за 9 часов” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: MOXIE qurilmasi / J. Hoffman va boshqalar / Science Advances jurnali, 2022-yil