Kanadada 220 ta qo‘l-oyog‘i bo‘lgan bo‘g‘imoyoq topildi

508 million yoshga teng boʻlgan Kanada konlarida paleontologlar tomonidan gʻayrioddiy qobiqli, har birida juft qoʻl-oyoq boʻlgan, 110 taga yaqin segmentdan iborat, uzun tanali bo‘g‘imoyoqlilar a’zosi topildi. Olimlar hayvonga Balhuticaris voltae deb nom berdi. iScience jurnalida chop etilgan maqolada mualliflarning taʼkidlashicha, yangi turning segmentlari soni Kembriy davridagi boshqa bo‘g‘imoyoqlilardan sezilarli darajada koʻp.


Byorjes slanetsi — ushbu noyob togʻ shakllanishi Kanadada joylashgan boʻlib, uning yoshi 508 million yilga teng deb hisoblanmoqda. U Kembriy davriga oid dengiz organizmlarining yaxshi saqlanib qolgan qoldiqlari, jumladan, tukli qurtlar, oʻrgimchaksimonlar va radiodontlar bilan mashhur. Byorjesda ikki pallali bo‘g‘imoyoqlilar deb ataladigan jonzotlar ham topilgan. Ular Kembriy davri bo‘g‘imoyoqlilarning birlashgan guruhi boʻlib, ikki tomonlama qalqonlar (karapaks) bilan qoplangan.


Toronto universiteti xodimlari Alexandro Iskerdo Lopes va Jan-Bernar Karon Byorjes Sheyldan topilgan yangi, ikki tomonlama qalqonli bo‘g‘imoyoqlini tasvirlab berdi. Uning gʻayrioddiy shakldagi qalqoni va 110 ga yaqin segmentdan iborat uzun tanasi bor edi. Ularning har birida bir juft qoʻl-oyoq joylashgan va Kembriy davri bo‘g‘imoyoqlilarining hech birida bunday sonli segmentlar yoʻq.


Hammasi boʻlib paleontologlar 11 ta namunani oʻrgandi. Eng kattasining uzunligi 244,7 millimetrga yetdi. Olimlarning taʼkidlashicha, Kembriy organizmlari meʼyorlariga koʻra, bu haqiqiy gigant va hozirda u fanga maʼlum boʻlgan eng katta, ikki tomonlama qalqonli bo‘g‘imoyoq.


Tadqiqotchilar topilmaga arab mifologiyasidagi ulkan baliq — Balxut sharafiga Balhuticaris voltae deb nom berdi. Olimlarning fikriga koʻra, Balhuticaris nektobentoslarning vakili boʻlgan, yaʼni u suvostida ham, suvustida ham yashagan. Mualliflarning taʼkidlashicha, u “mahoratli suzuvchi” boʻlgan va zamonaviy shoxdor oyoqlilar (Anostraca) kabi teskari holda suzgan boʻlishi mumkin. Balhuticaris aftidan kichik organizmlar bilan oziqlangan.


Balhuticaris voltae jonzotining badiiy rekonstruksiyasi. Hyugo Sale / Iskerdo Lopes va Karon / iScience jurnali, 2022-yil

Muallif: Semyon Morozov. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “В Канаде нашли окаменелости кембрийского членистоногого с 220 конечностями” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: Balhuticaris voltae jonzotining badiiy rekonstruksiyasi / Hyugo Sale / Iskerdo Lopes va Karon / iScience jurnali, 2022-yil