Koʻpchiligimiz kitob oʻqishni yaxshi koʻramiz, lekin kitoblar haqida bilmagan narsalarimiz anchagina, keling, bugun siz bilan kitoblar haqida ajablanarli 8 ta fakt haqida gaplashamiz. 🤓
Eng koʻp tilga tarjima qilingan adabiy asarlar mashhur detektiv yozuvchi Agata Kristiga tegishli. Adiba kitoblari yuzdan ortiq dunyo tillariga tarjima qilingan va toʻrt milliarddan ortiq nusxada chop etilgan.
Zamonaviy adiblar ichida eng sermahsuli braziliyalik yozuvchi — Joze Karlos Inuye. U 1046 ta ilmiy-fantastik, sarguzasht roman muallifidir. Qizigʻi, u shuncha asarni oʻn yil ichida, 1986–1996-yillar oraligʻida qogʻozga tushirgan.
Eng uzun roman fransuz yozuvchisi Jyul Romenga (asl ismi Lui Anri Farigul) tegishli. Uning “Ixtiyori oʻzida odamlar” romani 1932–1946-yillar oraligʻida 27 jildda nashr etilgan.
Eng keksa mualliflar — amerikalik Sara va Elizabet Delenilardir. Ular 1994-yili “Opa-singil Delenilarning kundalik hikmatlari” nomli kitob eʼlon qiladi. Bu paytda opa 105, singil 103 yoshda edi. 1997-yili esa Sara Deleni kitobning davomini yozib, “Oʻzimning 107 yoshimda” nomi bilan chop ettiradi.
Eng katta ensiklopediya “Yevro-amerika universal bezakli ensiklopediyasi”dir. 105 ming sahifadan iborat bu kitob 104 jildga ega boʻlgan.
Hozircha eng mitti kitob Yaponiyada bosilgan “Har mavsumga gullar” kitobi boʻlib turibdi. 0,75 millimetrli bu sanʼat asarini oddiy koʻz bilan tugul, koʻzoynak taqib ham koʻra olmaysiz.
Eng koʻp sotilgan kitob — “Ginnesning rekordlar kitobi”dir. U AQSh kutubxonalaridan oʻgʻirlanishi boʻyicha ham rekord qayd etgan. Bu toʻplam ilk bor 1955-yili chop etilgan.
Eng qadimgi kitob doʻkoni Portugaliyadagi “Livraria Bertrane”dir. U 1732-yildan beri faoliyat yuritib ketadi.
Maqola oriftolib.uz saytidan olindi. Original maqola → Koʻzga koʻrinmaydigan kitob bormi?
Surat muallifi: AhmadArdity / pixabay.com