“Jeyms Uebb” infraqizil kosmik observatoriyasi keng orbita boʻylab oq-sariq pakana yulduzi atrofida aylanib yurgan, super Yupiter HIP 65426bʼning birinchi toʻgʻridan-toʻgʻri tasvirini oldi. Tasvir sayyora parametrlarini aniqlashtirish va ekzosayyoralarni bevosita kuzatishda observatoriyaning yuqori samaradorligini isbotlash imkonini berdi. Bu boʻyicha dastlabki nashr arXiv.org veb-saytida eʼlon qilingan.
Ekzosayyoralarning toʻgʻridan-toʻgʻri suratlarini olish ularning “ota yulduz”laridan 10 astronomik birlikdan ortiq masofada joylashgan ekzosayyoralar populyatsiyasini, ayniqsa, atmosferasini samarali oʻrganish imkonini beradi. Biroq bu kuzatishlarning eng qiyin usullaridan biridir, chunki ekzosayyoradan keladigan nurlanish oqimi yulduz nuridan koʻra kichikroqdir. Bu esa koronograflar va maʼlumotlarni qayta ishlashning maxsus usullaridan foydalanish zaruriyatiga olib keladi. Kuzatishlar uchun eng qiziqarli nishonlar yosh gigant sayyoralar boʻlib, ular yetarlicha yorqin va ularning shakllanish nazariyalarini sinab koʻrish uchun juda mos keladi.
Ekseter universiteti xodimi Sasha Xinkli boshchiligidagi astronomlar guruhi 2022-yil iyul oyida NIRCam kamerasi (toʻlqin uzunligi 2–5 mikrometr) va MIRI uskunasi (toʻlqin uzunligi 11–16 mikrometr) yordamida HIP 65426b super Yupiteri ustida oʻtkazilgan “Jeyms Uebb” infraqizil observatoriyasi bevosita kuzatuvlari natijalarini eʼlon qildi.
2017-yilda kashf etilgan HIP 65426b 110 astronomik birlik masofada A2V yulduzi atrofida aylanadi. Tizim Quyoshdan 350 yorugʻlik yili uzoqlikda joylashgan boʻlib, uning yoshi atigi 14 million yilni tashkil qiladi.
HIP 65426b tasvirlari observatoriya tomonidan NIRCam va MIRI uskunalari bilan turli filtrlar yordamida olingan. Sasha Xinkley va boshqalar / arXiv.org, 2022-yil
Kuzatishlar natijalari shuni koʻrsatdiki, “Jeyms Uebb”ning imkoniyatlari ilgari oʻylanganidan ancha yuqori. Teleskop asosiy yulduzdan 100 astronomik birlikdan uzoqroq masofada, ogʻirligi taxminan 0,3 Yupiter massasiga teng boʻlgan yulduzlar sunʼiy yoʻldoshlarini va asosiy yulduzdan 10 astronomik birlikdan ortiq masofada joylashgan, Saturn massasidan kamroq boʻlgan yulduzlarni kuzatishga qodir. HIP 65426b ekzosayyorasi yettita filtr bilan olingan barcha tasvirlarda koʻrinadi. Kuzatish maʼlumotlarini atmosferaga ega sayyora modeli bilan taqqoslash quyidagilarga jiddiy cheklovlar qoʻyish imkonini berdi: HIP 65426bʼning samarali harorati 1667 kelvin, radiusi 1,4 Yupiter radiusi, massasi esa 7,1 Yupiter massasiga teng.
Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “«Джеймс Уэбб» получил свое первое прямое изображение экзопланеты” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: “Jeyms Uebb” teleskopi / wikipedia.com