Qish… Va nihoyat, dekabr oxiri va uzoq kutilgan taʼtil vaqti yetib keldi. Yangi yil shukuhining bezagi boʻlgan sevimli filmlarimiz — “Uyda yolgʻiz”, “Taqdir hazili” va boshqalar yana barcha telekanallarda namoyish etilishni boshlaydi. Ushbu maqolada bu yilgi taʼtilni nafaqat zavqli, balki foydali boʻlishini ham istaganlar uchun daholar haqidagi top 8 film haqida hikoya qilamiz.
1. Zakovatli Uill Xanting (Good Will Hunting) / 1997-yil
Matematika dahosi Uill Xanting barcha murakkab matematik muammolarni hal qila oladi. U ruhan inqirozga duch kelganida, ruhiyatini tiklashga yordam beradigan psixiatr doktor Shon Maguiretodan yordam oladi. Bu film barcha zamonlarning eng yaxshi kinosi deb tan olingan. Chunki u erkaklar gapirishni istamaydigan baʼzi mavzularni oʻz ichiga oladi. Orzu, qoʻrquv, sevgi, umid, zaiflik, yoʻqotish, oila va doʻstlik — bularning bari bir filmda jamlangan.
2. Eynshteyn va Eddington (Einstein and Eddington) / 2008-yil
Ajoyib fizik Albert Eynshteyn ingliz olimi ser Artur Eddington bilan katta tavakkalga qoʻl uradi va zamonaviy ilm-fan yoʻnalishini butunlay oʻzgartirib yuboradi. Ikki olim Birinchi jahon urushi paytida nisbiylik nazariyasini yaratishga muvaffaq boʻladi. Eddington Eynshteyn uchun eng ahamiyatli insonlardan biri edi, ammo ular urush tugaganidan keyin yillar davomida uchrashishmadi. Ularning hamkorligi nafaqat zamonaviy fizikaning tugʻilishida, balki Birinchi jahon urushining “eng qora” kunlarida xalqaro hamjamiyat sifatida ilm-fanning saqlanib qolishi uchun juda muhim edi.
3. Tafakkur oʻyinlari (A Beautiful Mind) / 2001-yil
Jon Nesh 1994-yilda oʻyinlar nazariyasi va qaror qabul qilish matematikasi boʻyicha ishi uchun iqtisodiyot yoʻnalishida Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan. “Tafakkur oʻyinlari” filmi uning shizofreniya bilan kurashiga asoslangan.
Hikoya yosh daho Jon Neshning ilk yillaridan boshlanadi. Unda gallyutsinatsiya tufayli yuzaga keladigan paranoid shizofreniya rivojlana boshlaydi va bu uning ishi, rafiqasi, doʻstlari bilan munosabatiga xavf tugʻdirmaguncha sezdirmay rivojlanib boradi.
4. Stiven Xoking koinoti (The Theory of Everything) / 2014-yil
Tadqiqot ustida ishlayotgan astrofizika yoʻnalishi talabasi Stiven Xoking motor neyron kasalligidan aziyat chekayotgani va taxminan ikki yil umri qolganidan xabar topadi.
Film biografik kino sifatida suratga olingan boʻlsa-da, sevgi hikoyasi, uni saqlab qolish yoʻlidagi qiyinchilik va qurbonliklar Stiven hamda uning rafiqasi oxirida qanchalik kuchli ekanligini taʼsirli usulda yoritib beradi.
5. Piyodani qurbon qilib (Pawn Sacrifice) / 2014-yil
Amerikalik grossmeyster Bobbi Fisher Sovet Ittifoqining eng yaxshi oʻyinchisini shaxmat boʻyicha chempionatga chaqirdi va bu ikki davlatning oʻzaro kurashini kuchaytirish uchun qurol sifatida foydalanishga sabab boʻldi. Bu filmning kuchli tomonlari sifatida barcha sahnalarning tabiiy chiqqani, Tobey Maguayr Bobbi Fisher roliga eng mos nomzod ekanligini aytishimiz mumkin. Kino davomida shaxmatchining ichki hissiyotlari, shovqin va yorugʻlikka kuchli sezgirligi hamda gʻayrioddiyligi ajoyib tarzda ochib berilgan.
6. Kichkina daho (Gifted) / 2017-yil
Frenk oʻzining daho jiyani Merini tarbiyalayotgan yolgʻiz erkak boʻlib, qizning onasi Evelin bilan vasiylik uchun sudga kirishadi. Biroq Evelin Meri onasining loyihasini bajarish maqsadida qoʻlidan kelgan hamma narsani qiladi.
“Iqtidor” filmi shunchaki ajoyib oilaviy film emas, u hayot mazmuni, uning saboqlarini yoritib beradi. Ushbu film siz va farzandlaringizga oʻrnak boʻlishi mumkin. Kino kutganingizdan koʻra koʻproq narsa bera oladi.
7. Stiv Jobs (Steve Jobs) / 2015-yil
Mashhur biznesmen Stiv Jobs bozorga uchta mahsulotni chiqarishga urinar ekan, shaxsiy va professional hayotida muammolarga duch keladi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, baholash agregatori — Rotten Tomatoes tomonidan oʻtkazilgan soʻrovnomada 271 kinotanqidchining 86 foizi filmga ijobiy baho beradi. Film 10 ballik baholash tizimidan 7,6 ballni qoʻlga kiritgan.
8. Ijtimoiy tarmoq (The Social Network) / 2010-yil
Mark Sukerberg doʻsti Eduardo bilan Facebook ijtimoiy tarmogʻini yaratadi. Bu muvaffaqiyatli biznesga aylanganiga qaramay, u oʻz safarida bir nechta odamlar bilan aloqalarni uzadi. Bu film orqali yetkazilmoqchi boʻlgan xabar, yopiq va qatʼiy boshqariladigan tizimda ruxsat etilmagan innovatsiyalar hamda internetning ochiq, nazoratsiz tuzilishini yaratishda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan qarama-qarshiliklarni tasvirlashga harakat qilingan.
Demak, taʼtil uchun filmlar rejasi tayyor. Sizga yoqimli hordiq tilaymiz!