Zebra qora rangda va oq yo‘l-yo‘l chiziqlimi yoki oq rangda va qora yo‘l-yo‘l chiziqlimi?

Oʻylanmasdan qilingan qarorlarning oqibatlari haqida…


1. Faylasuf hayvonot bogʻiga borganda

Yaqindagina hayvonot bogʻiga boʻlgan sayohatda zebralarni tomosha qildik. Har doimgidek oʻsha eski savol: zebralar oq chiziqli qora rangdami yoki qora chiziqli oq rangdami, degan savolni muhokama qildik.


(Ikki yoshli qizchaga bu haqida gapirishning hojati yoʻq edi. Uning donoligi noverbal koʻrinishda edi.)


Har qanday holatda ham bu gʻalati koʻrinadi, toʻgʻrimi? Shunchaki oddiy soʻz oʻyini. Hech qanday farqi yoʻq, shunday emasmi?


Aslida esa unday emas. Ilmiy haqiqatga koʻra, zebralar oq yoʻl-yoʻl chiziqli qora mavjudotlardir. Bunday deyishimizning ikki sababi bor. Birinchidan, ularning tuklari ostidagi terisi qora rangda. Ikkinchidan, ona qornidagi rivojlanish jarayonida avval qora, keyin oq rang paydo boʻladi.


Agar siz test shablonlariga aylangan bu hayvonlarni shunchaki tomosha qilmoqchi boʻlsangiz, unda farqni izlashdan hech qanday maʼno yoʻq. Lekin ularning tuzilishini va kelib chiqishini oʻrganmoqchi boʻlsangiz, avval faylasuflar uchun ahmoqona savol sifatida eʼtiborsiz tashlab qoʻygan narsangiz ustida jiddiy ishlashingizga toʻgʻri keladi.


Faylasuflar — 1, oddiy odamlar — 0.


Agar bu natijadan qoniqmasangiz, sudyalarga murojaat qilishingiz mumkin.


mathwithbaddrawings.com
2. Faylasuf avtomobil haydaganda

Yozgi vaqtga oʻtishning alternativ variantlari haqidagi postimga yozilgan izohda Duglas Magovan “standart vaqt” yilning yarmidan kamroq qismini, “yozgi vaqt” esa yarmidan koʻprogʻini egallashi haqidagi gʻaroyib faktga eʼtibor qaratdi.


Bu narsa bizning “standart” soʻzi ostida tushunadigan maʼnomizga taʼsir qilmaydimi?


Bu oʻrinda “standart” birlamchi maʼnoda turadigan narsa emas. Yozgi vaqt ancha keng tarqalgan boʻlishi mumkin, lekin u yangi tushuncha va shu sababdan ham “nostandart” hisoblanadi.


Yana bir holat bor: bunda “standart” uzatish “avtomatik” uzatishga qarshi turadi. AQSh yoʻllaridagi koʻplab avtomobillar avtomatik boʻlishgani sababli, mexanik uzatish qutisida hech qanday “standart” narsa yoʻq. Shunchaki u bir vaqtlar standart boʻlgan va hozirgacha shu nomni saqlab qolgan.


90% tuki oq, 105 foiz tuki esa qora boʻlgan zebrani tasavvur qilib koʻring. Shoxi yoʻq yakkashoxga qarab, uni “bir nechta qora yoʻllari bor oq ot” deb atashingiz mumkin. Boshqa nuqtai nazardan esa aslida bu tanasi oq tuklar bilan qoplangan qora ot, xolos.


mathwithbaddrawings.com
3. Faylasuf nemis tilini oʻrganganda

Mening miyamga oʻrnashib qolgan yana bir misol bor. Oʻsha paytda til oʻrganayotgan psixolog boʻlgan Stiven Pinker nemis tilidagi 3% ga yaqin soʻzlar odatiy ekanini, qolgan 97 foizi notoʻgri (irregular) ekanini qayd etadi. Haqiqatan ham baʼzi notoʻgʻri tuslanishlar toʻgʻri tuslanishlardan koʻra koʻproq uchraydi.


Xoʻsh, unda “toʻgʻri” tuslanish qaysi maʼnoda toʻgʻri?


Agar siz yangi feʼl oʻylab topadigan boʻlsangiz nemis tilida soʻzlashuvchilar uni oʻzlari anglamagan holda va albatta tabiiy ravsihda “toʻgʻri tuslanish”da tuslashadi.


Shu maʼnoda 97% holatlar istisno boʻlsada, yuqoridagi holat birlamchi sozlama hisoblanadi.


“Standart vaqt” va “Standart uzatish”da “standart” soʻzi oʻtgan zamonga xos sozlamani anglatadi. Yangi sozlama keng tarqalsa ham, eski tuzilma standart boʻlib qolaveradi. Nemis tilida esa “toʻgʻri feʼl” kelajakka aloqador boʻladi. “Standart” bu — tilda yangi paydo boʻlgan feʼl nima qilishini belgilaydigan narsa. “Standart”ning bu turi tarixga emas, potensialga bogʻliq.


mathwithbaddrawings.com
4. Faylasuf COVIDʼga qarshi vaksina olganda

Mayning oxiriga kelib men toʻliq vaksinalangan boʻlaman va odatiy hayotga qaytishni sabrsizlik bilan kutyapman. Ayolim ham shuni kutyapti, ammo u ancha ehtiyotkorroq. U bu narsa koʻplab faoliyat turlarini xavfsiz qilishini biladi, lekin aslida buni odatiy hayotga qaytish deb hisoblamaydi.


Bu nima degani?


Bir tomondan biz doʻstlar bilan uchrashishni boshlaymiz. Kitob doʻkonlarida kezamiz. Qarindoshlarni koʻrishga boramiz. Soch turmagimizni oʻzgartiramiz. Birinchi marta supermarketga kirgan odamlardek quvonch bilan doʻkonlarni aylanamiz.


Boshqa tomondan esa, koʻproq odam toʻplanadigan joylardan xavfsiraymiz. Restoran yoki kafelarda ovqatlanishga botina olmaymiz. Jamoat binolarida niqobda yuramiz. Ijtimoiy tarmoqlarda jamoat joylarida niqob taqish-taqmaslik xususida bemaʼni bahslar davom etadi.


Xoʻsh, kim haq: menmi yoki ayolim? Bir necha cheklovlar bilan odatiy hayotga qaytamizmi? Balki hayot bir necha normal holatlarni yopib ketadigan normal boʻlmagan qoidalar ichida qolib ketadimi? Yangi feʼlni tuslash kabi holatlar yuzaga kelganda nima qilinadi — odatiy holatdagidek tuslanadimi yoki rad etiladimi? Pandemiyadan avvalgi holat boʻyicha qaraladimi yoki keyingi?


Men hech qachon zebraning rangi oq yoʻl-yoʻl chiziqli qora rang yoki qora yoʻl-yoʻl chiziqli oq rang ekanligini bilishga bunchalik kuchli qiziqmagan edim.


Muqova surat: “Madagaskar 2” animatsion filmidan lavha.


Muallif: Ben Orlin. Ushbu maqola mathwithbaddrawings.com saytidagi “Is a zebra black with white stripes, or white with black stripes?” nomli maqolaning tarjimasi.