Nima uchun ramazon oyi va hayit bayramlari o‘tgan yilga nisbatan vaqtliroq keladi?

Hech oʻylab koʻrganmisiz, nima uchun ramazon oyi, hayit bayramlari oʻtgan yilgiga nisbatan 11 kun vaqtliroq keladi? Hijriy (qamariy) taqvim haqida maʼlumotga egamisiz? Hijriy yil hisobi boʻyicha tugʻilgan kuningizni bilasizmi? Bu savollarga quyidagi maqolani oʻqib javob olishingiz mumkin.


Har yili biz ramazon oyi va boshqa islomiy muhim sanalarni hozir amaldagi taqvimga nisbatan 11 kun farqli ravishda nishonlaymiz. Buning sababi shundaki, bizning diniy ibodatlarimiz hijriy (qamariy) taqvim asosida amalga oshiriladi. “Hijriy” soʻzi “hijrat” soʻzidan olingan bo’lib, bu haqda quyida hikoya qilamiz. “Qamar” soʻzi esa arabchada “oy” demakdir. Hijriy (qamariy) taqvim Yerning yagona tabiiy yoʻldoshi Oyning Yer atrofida aylanishiga bogʻliq hisoblanadi.


Keling, bu holatni matematik tomondan tahlil qilib koʻramiz. Hozirgi texnologiyalar asrida inson koinot borasida koʻplab bilimlarga ega boʻldi. Hattoki yulduzlar, sayyoralar, osmon jismlari, shuningdek, borliq mavzularini oʻrganuvchi fanlarga asos solindi. Yuqori texnologiyalar hisobi asosida Oyning Yer atrofida bir marotaba aylanib chiqishiga 29 kun 12 soat 44 daqiqa 2,8 soniya vaqt ketishi aniqlandi. Bu esa 12 oyda 354,37 kunni tashkil qiladi. Yerning Quyosh atrofida aylanishiga esa 365,26 kun kerak boʻladi. Bular ayirmasidan esa qoʻshimcha 11 kun paydo boʻladi. Ushbu qoʻshimcha 11 kun sababli hijriy (qamariy) taqvim hozirgi taqvim boʻyicha har yili 11 kundan siljib yuradi.


unsplash.com

Oyning Yer atrofida bir marotaba aylanib chiqishini esa 1 hijriy oy deb ataymiz. Yuqorida koʻrib oʻtganimizdek, bir oy 29,5306 (29 kun 12 soat 44 daqiqa 2,8 soniya) kunga tengdir. Ammo bir oy hisobida qoʻshimcha yaxlitlangan yarim (0,5306) kun bor va bu murakkabliklarga sabab boʻlishi mumkin. Shu sababli ushbu yarim kun keyingi oy hisobiga qoʻshib yuboriladi. Natijada esa hijriy taqvimda 29, 30, 29, 30, … ketma-ketligi sodir boʻladi. Shuning uchun ham hijriy taqvim 29, 30 kundan iborat deb hisoblanadi. Ammo bu yerda yana bir savol tugʻiladi: keyingi oyga qoʻshib yuborilgan yarim kunning qolgan qismi (0,0306) nima boʻladi? Ushbu qoldiq 1 yilda 0,3672 (0,0306*12=0,3672) kunni tashkil etadi. Demak, 1 yilda biz yana qoʻshimcha 8 soatga (0,3672*24=8,8128) ega boʻlamiz. Agar bir yillik qoʻshimcha soatlarni 30 yilga koʻpaytirsak, u holda bizda qoʻshimcha (0,3672*30=11,016) 11 kun paydo boʻladi. Shu tufayli bu qoʻshimcha kunlar bilan oy hisobida xatoliklar kelib chiqmasligi uchun 30 yil tarkibiga kiritib yuboriladi. Ushbu qoʻshimcha kunlar 2, 5, 7 yoki 8, 10, 13, 16, 18, 21, 24, 26, 29-yillarga qoʻshib yuboriladi va shunday taqsimlanadi.


Qoʻshimcha yil qoʻshilgan yillarni esa biz “kabisa” yili deb ataymiz. Xuddi shuningdek, odatiy taqvimdagi qoʻshimcha kun hisobi ham fevralning 29-kuni sifatida har 4 yilda qoʻshimcha kun sifatida qoʻshib yuboriladi. Ushbu vaqtlarga aniqlik kiritilishining sababi shuki, har safar osmonga yangi oy chiqishi taqvimdagi yangi oyning kirib kelganini bildiradi va qoʻshimcha kunlarning oʻz oʻrnida qoʻshilishi tufayli vaqtda muammolarga duch kelinmaydi.


Hijriy yil Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam va bir guruh sahobalarning Makkadan Madinaga hijrat qilganlaridan boshlab hisoblanadi. Hijriy yil hisobi 2-xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhu tomonidan joriy etilgan va sahobalarning ittifoqi bilan Muharram oyining birinchi kunidan boshlangan. Milodiy taqvim boʻyicha esa 622-yil 16-iyulga toʻgʻri keladi.


Qurʼoni Karimdagi moʻjizalar turkumidan

Yuqorida koʻrib oʻtganimizdek, hijriy taqvim oyning harakatlariga bogʻliq va 354, 355 kundan iborat. Shu sababli ham ramazon oyi roʻzasi aynan bir vaqtda boʻlmaydi, balki bir uzoq, bir qisqa kunda va bir safar issiqqa, boshqa safar esa sovuq kunlarga toʻgʻri keladi.


Qurʼoni Karimdagi Yunus surasining 5-oyatida shunday marhamat qilinadi:


“U quyoshni ziyo va oyni nur qilgan hamda sizlar yillarning adadini va hisobini bilishingiz uchun uning manzillarini oʻlchovli qilgan Zotdir. Alloh oʻshani faqat haq ila yaratdi. U biladigan qavmlar uchun oyatlarini batafsil bayon qiladir”.


Qurʼoni Karimdagi Tavba surasining 36-oyatida shunday marhamat qilinadi:


“Albatta, Allohning kitobida oylarning soni Allohning huzurida osmonlar-u yerni yaratgan kuni oʻn ikki oy qilib belgilangan. Ulardan toʻrttasi (urush qilish) harom (oylar)dir. Mana shu toʻgʻri dindir…”


Hijriy taqvim boʻyicha oylar: muharram, safar, rabiul avval, rabiul oxir, jumodul avval, jumodul oxir, rajab, shaʼbon, ramazon, shavvol, zulqaʼda, zulhijja.


Urush qilish harom qilingan oylar: zulqaʼda, zulhijja, muharram va rajab oylaridir.


Qurʼoni Karimdagi Baqara surasining 189-oyatida shunday marhamat qilinadi:


“Sendan hilollar haqida soʻrarlar. Ular odamlar va haj uchun vaqt oʻlchovidir, deb ayt…”


Qurʼoni Karimdagi Anʼom surasining 96-oyatida shunday marhamat qilinadi:


“U, subhni yaratguvchi zotdir. U, tunni sukunat, quyosh va oyni hisob qilib qoʻydi. Bu esa, gʻolib va yaxshi bilguvchi Zotning oʻlchovidir.”


Ushbu oyatlardan maʼlum boʻladiki, Oyning Yer atrofida hamda Yerning Quyosh atrofida aylanishida juda koʻplab hikmatlar aql egalari uchun ibratdir. Ushbu oyatlar bundan 14 asr oldin nozil qilingan va bu esa islom dinining yanada haq ekanligini isbotlamaydimi?! Ha, aql yuritguvchilar uchun oyat, belgilar bisyordir!


Hozir nechanchi hijriy yil? Hijriy yil hisobida tugʻilgan kuningizni bilasizmi?

Hijriy yilni hisoblash uchun M=H(32/33)+622 formuladan foydalaniladi. M-milodiy yil, H-hijriy yil. Masalan: M=2020 boʻlsa, u holda H=1441 chiqadi. Har yili 11 kun vaqtli kelganligi sababli hijriy yilga har 30 yilda milodiy hisob boʻyicha bir yil qoʻshiladi. Masalan: milodiy (hozirgi taqvim) yil hisobi boʻyicha Doston 30 ga kirdi, ammo hijriy yil hisobi boʻyicha u 31 ga kirgan boʻladi. Xuddi shuningdek, 60 yosh 62, 90 yosh 93 koʻrinishida aks etadi. Tugʻilgan kunni hisoblash uchun esa ushbu saytdan foydalanishimiz mumkin.


Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tahrir qilingan. Maqola → Nima uchun ramazon oyi va hayit bayramlari oʻtgan yilga nisbatan vaqtliroq keladi?