Maktab muhitini barbod qiluvchi 6 ta xato

Bu maqolada maktab arxitektura dizaynidagi eskirgan va foydalanish notoʻgʻri boʻlgan yondashuvlar haqida gaplashamiz.


Sobiq ittifoq jamiyatida taʼlim beruvchi maskanlarning arxitektura dizayniga boʻlgan ommaviy munosabati, necha yillardirki, oʻzgarmagan — individuallik eng quyi, utilitarlilik (foydalanishga mosligi) eng yuqori darajada. Oʻtirishga joy bormi? Oyna, eshiklari-chi? Elektr lampochkalari yonib turibdimi? Unda hammasi yaxshi. Qulaylik, did va samaradorlik esa vaqt oʻtishi bilan oʻzi kelar, balki.


Sobiq ittifoq jamiyatida hozirda yaratilayotgan noodatiy maktab loyihalari juda oz. Ularga misol qilib faqat UWC Dilijan, Qozondagi Xalqaro maktab, Lenin nomidagi sovxozda yaratilgan “Царицино” oʻquv markazi, Xoroshev gimnaziyasi (“Хорошкола”), loyihalashtirilayotgan “Умная школа” va “Летово”ni aytish mumkin, xolos. Hozircha shular yagona holatlar.


Mana “Стрелка” jamiyati (shaharsozlik sohasidagi eng katta davlat pudratchilaridan biri) boshqaruvchisi Aleksey Muratovning soʻzlari:


“Individual (oʻziga xos) arxitektura loyihalari boʻyicha yaratilgan maktablarning hammasi, asosan, shaxsiy investorlarning puliga qurilgan, hukumat faqat odatiy loyihalarni chiqaryapti. Ammo, butun dunyoda, xususan, Rossiyada ham 9–11 yil davomida oʻquvchilarning ikkinchi uyi hisoblangan maktablar uchun yangi loyihalarni izlash faol davom etmoqda”.


Hozirgacha xususiy binolarning tuzilishiga biroz ravshanlik kiritilgan — hudud bilan qanday ishlash haqida bir nechta qoidalar tuzilgan, rivojlangan rang berish xizmatlari, interyer dizaynlarining aniqligi, xonalarni toʻgʻri taqsimlash yaxshi ishga tushirilganligiga qaramay, taʼlim muassasalari dizaynini qanday yaxshilash hali ham noaniq. Siz shu muhitda har kuni vaqt oʻtkazar ekansiz, undagi xatoliklar va ochiqchasiga eskirgan gʻoyalarni ilgʻay olish qiyinlashadi. Shuning uchun ham hozirgi davrda maktab dizaynida qoʻllash uyatli boʻlgan uslublarni bir joyga toʻplashni lozim topdik.


Birinchi xato — interyerda yorqin rang va tasvirlardan foydalanish

Odatda muhitni yangilash va bezatishga muhtojlik sezilsa, birinchi navbatda bino devorlarida biror bir mavzuga moslashtirilgan tasvirlar — masalan, tabiat, ertaknamo qahramonlar va sahnalar, hayvonlar paydo boʻladi. Buning nimasi yomon? Birinchidan, bu hech qanday ijodiy yondashuvni talab etmaydigan tayyor gʻoya, ikkinchidan esa, bunday gʻoya qisqa vaqt ichida odamni charchatishi yoki meʼdasiga tegishi mumkin.


Mana shunday qilish yaramaydi. Manba: vefire.tomsk.ru

Buni qanday toʻgʻrilash mumkin? Bir-biriga toʻgʻri keladigan, hamohang, sokin ranglar palitrasidan foydalaning. Yorqin ranglar bilan alohida hududlarga urgʻu berish (masalan, oʻyin-kulgu maydonchasi) yoki eshiklarni turli xil rangdagi chiziqlarga boʻyash mumkin. Eng muhimi — devorlar bolalarni faollikka va ijodga ruhlantiruvchi fon vazifasini bajarishi lozim. Ular bolalarni boʻgʻib qoʻyishi emas, balki ularni faoliyatga undashi lozim. Chunki maktabning asosiy bezagi uning ijodiy bezaklari emas, bolalar va ularning faoliyatidir.


Bu yerda Sankt-Peterburgdagi 53-maktab rahbariyati byudjetning kamligini inobatga olgan holda ranglardan toʻgʻri foydalanib vaziyatdan yaxshi chiqib keta olgan. Manba: lamcdn.net
Lenin nomidagi oʻquv markazi. Manba: lamcdn.net
Ikkinchi xato — bino faoliyatini faqat bir vazifa bilan cheklab qoʻyish

Sinfxonalarda partalar joylashuvining eng koʻp tarqalgan tuzilishi bu oldiga yoʻnaltirilgan usul: sahna, ya’ni doskaning qarshisida 3 qator qilib taxlangan partalardir. Yoʻlaklarning eng mashhur tuzilishi esa — bir tomonida eshiklar, ikkinchi tomonida derazalar joylashgan uzun yoʻlaklar. Shu zaylda biz sinfxonalarni birgina faoliyat — qattiq oʻrnatilgan joyda oʻtirish, yoʻlaklarni esa boshqa yagona qoʻllanilish uslubi — yo maxsus belgilangan yoʻnalish boʻylab harakatlanish, yo boʻlmasa maxsus oʻrnatilgan joyda oʻtirish bilan cheklab qoʻyamiz. Nega, masalan, yoʻlaklarda yotib (oyoqlarni yozib) kitob oʻqish mumkin emas? Maktabdagi har bir xona imkoniyatlarni cheklab qoʻyishi emas, turli vazifalarga moslashuvchan boʻlishi kerak.


Odatiy maktab yoʻlakchasi. Manba: 2proraba.com
Odatiy sinfxonaning koʻrinishi. Manba: oren.ru

Buni qanday hal qilsa boʻladi? Birinchi navbatda, xonalardagi jihozlar joyini oʻzgartirish mumkin boʻlishi lozim. Shunda alohida yoki guruhlarda ishlash, namoyish va chiqishlar, muhokama va mahorat darslari uchun bir nechta jihozlarni birlashtirib turli xil birikmalar yaratish mumkin boʻladi. Yoʻlaklar esa bir joydan ikkinchi joyga oʻtish vositasigina emas, keng hordiq, koʻngil ochish va rivojlanish maydonchasiga aylanishi lozim. Bu yerda yoritgichlar kam boʻlgan dam olish burchaklari ham, katta jamoa uchun qulay hududlar ham boʻlishi kerak. U yerga kitob javonlari, stol oʻyinlari uchun jihozlar, yoki shved devorini oʻrnatish mumkin. Eng muhimi — ranglar va vazifalar hamohangligini saqlagan holda hududni iloji boricha jonlantirish.


“Царицыно” oʻquv markazidagi xona. Manba: lamcdn.net
Qozon xalqaro maktabi. Manba: cs8.pikabu.ru
Uchinchi xato — imkoniyati cheklangan bolalar uchun kam joy ajratilganligi

Aravacha harakatlanadigan yoʻlakcha, sinf partalari atrofini sariq rang bilan belgilab qoʻyish — bolani maktab sharoitiga moslashtirish degani emas, bu shunchaki moslashtirishga taqlid qilishdir. Bu yoʻl bilan siz faqatgina oʻquvchini “shaxsan unga moʻljallangan” joylar ichiga qamab qoʻyasiz, xolos. Uni bundan qutqarish haqida kim oʻylaydi?


Manba: ds37.seversk.ru

Muammoni qanday yechish mumkin? Muhitni barcha uchun qulaylashtirmoqchi boʻlsangiz, dastlab nogironlar aravachasiga oʻtiring-da, zinadan koʻtarilib, eshikni oʻzingiz ochishga harakat qilib koʻring. Shundagina siz masalaning nozik tomonlarini anglab yetasiz — eshik juda tor emasmi, eshik dastasi juda balandda joylashmaganmi, koʻtarilishda qiyinchiliklar boʻlmaydimi?


Bino ichkarisida ham sariq chiziqlardan tashqari qiladigan ishlar koʻp: tor yoʻlakchalar, baland ostonalar, ogʻir eshiklar yoʻqmi? Ana shundagina aravadagi inson bu qiyinchiliklarni yengish haqida qaygʻurmasligi mumkin. Shundagina muhitni haqiqatan hamma uchun qulay deb ayta olamiz.


Buyumlar orasidagi masofa shunday boʻlsinki, aravachadagi bolani qayerga joylashtirish haqida oʻylanib qolmaylik. Manba: txsource.com
Toʻrtinchi xato — hamma xonalarning bir xilligi

Umuman olganda, bir xillik deganda meʼdaga tegadigan darajadagi zerikarli muhit nazarda tutiladi. Eshik va oynalarning hammasi bir xil oʻlcham, tuzilish va rangda. Hech kim janjallashmasligi uchun jihozlar ham bir xil. Ularning joylashuvi ham shu ahvolda. Axir muhitning xilma-xilligi uning turli xil faoliyatlarga toʻgʻri kelishini aniqlashdagi eng muhim belgilardan biri-ku. Oʻquv maskanida oʻquvchilarni ijodga, faollik va hamkorlikka undovchi xilma-xillik boʻlishi kerak.


Qator tizilgan bir xil partalar, bir xil stullar, orqa qatordagi yogʻochdan ishlangan javonlar. Hammasi doimgidek. Manba: static.wixstatic.com

Buni qanday oʻzgartirish mumkin? Iloji boricha muhitning nafosati va toʻgʻri faoliyat yuritishiga xalaqit bermagan holda uni murakkablashtirishga harakat qiling. Unga xilma-xillik qoʻshing — xoh rang-barang teksturalar, xoh turli ranglar, gorizontal tuzilgan tekis hududlar va vertikal holatdagi podium yoki balandliklar boʻlsin. Maktabda ikkita bir xil xona boʻlishi mumkin emas!


Armanistondagi “UWC Dilijan” maktabi. Manba: i.archi.ru



Beshinchi xato — devorlarni yorugʻlik oʻtkazmaydigan qilib qoʻyish

Eng mustahkam joylardan biriga oʻtamiz — sinfxona. Hozirgi kunda eng koʻp tarqalgan xona turi — beton devorlar bilan oʻralgan maydon.


Shunchaki devor, deraza va eshik. Manba: school276.ru

Nima qilish kerak? Devorlarni ochish vaqti keldi. Masalan, devorlarni qisman yoki butunlay shaffof qilish, yo boʻlmasa ulkan ustunlar bilan almashtirish mumkin. Hech boʻlmaganda shishali eshiklar oʻrnating. Shaffoflik ichki birdamlikni yaratadi.


Qozon xalqaro maktabi. Manba: cdn5.img.ria.ru
Oltinchi xato — devorlarni yorqin ranglarga boʻyash bilan chegaralanib qolish

Hech qanday yangilanish avvalgi jihozlarning koʻrinishiga biroz taʼsir qiluvchi kosmetik oʻzgartirishlar bilan amalga oshmaydi. Bu shunchaki yangilikdek koʻrinishi mumkin xolos. Agar bino kapital taʼmirdan oʻtishi rejalashtirilayotgan boʻlsa, qaysi rusum va qaysi rangdagi boʻyoqlarni ishlatish bizni eng oxirgi oʻrinda qiziqtiradigan jihat boʻlishi kerak.


Bu yerda yangi boʻyoqlar hech narsani oʻzgartirmadi va hech qanday maʼno ifodalamaydi. Manba: 4.bp.blogspot.com

Muammoni qanday yechish mumkin? Binoni taʼmirlashdan oldin, birinchi navbatda, bizning byudjetimiz qanday oʻzgarishlarni koʻtara olishini aniqlash lozim. Agar pul unchalik koʻp boʻlmasa, oddiy yechimlar — sinfxonadan yoʻlakchaga qarab turgan oyna ochish, maydonlarni ranglar bilan belgilash, kichik podiumlar oʻrnatish bilan kifoyalanish mumkin. Artemiy Lebedev oʻzining maktablarni tashkillashtirish yoʻriqnomasida hamyonbop oʻzgarishlarni koʻrsatib oʻtgan (baʼzilari bahsga sabab boʻlishi mumkin boʻlsa-da). Agar maktab butunlay yangilanish arafasida boʻlsa, yodda tutish lozim boʻlgan asosiy qoida — taʼlim muassasasi qulay, ochiq va xilma-xil boʻlishi lozim. Har bir jihoz haqida oʻylanish lozim: agar bu podium boʻlsa — nega u bu yerda turibdi, uning vazifasi nima, bu yerda nima joylashadi, u hech kimga xalaqit bermaydimi? Agar loyiha binoning foydaliligi va ishga yaroqliligiga emas, uning bezaklariga eʼtibor qaratsa, demak bu notoʻgʻri loyiha.


Xoroshev gimnaziyasi loyihasi. Manba: i.archi.ru
“Царицыно” oʻquv markazi loyihasi. Manba: s0.rbk.ru

Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola → Maktab muhitini barbod qiluvchi 6 ta xato.