Agar siz taʼlim tizimini oʻzgartirishga harakat qilayotgan boʻlsangiz, siz yolgʻiz emassiz. Dunyo boʻylab koʻplab oʻqituvchilar taʼlim tizimidagi innovatsiyalar yordamida zamonaviy oʻquvchilari bilan aloqada boʻlishning yangi va qiziqarli usullarini kashf qilmoqdalar.
Ushbu maqolada sohangizni tubdan oʻzgartira oladigan va siz koʻzdan qochirgan boʻlishingiz mumkin boʻlgan haqiqatlarni koʻrib chiqamiz. Quyida oʻquv jarayonini oʻzgartira oladigan, amaliyotdan nazariyotgacha boʻlgan 7 ta muhim haqiqat keltirilgan.
1. “Oʻquvchilaringizga qanchalik gʻamxoʻrligingizni koʻrishmaguncha, sizning bilim darajangizga eʼtibor berishmaydi.” Yuqoridagi Teodor Ruzveltga tegishli boʻlgan iqtibosni taʼlim boʻyicha mutaxassis Dilan Vilyam Tes veb-sayti uchun yozgan maqolasida yoritib bergan. Vilyamning taʼkidlashicha, uning mazmuni oʻquvchilarga faqatgina bilim berish kerak boʻlgan oʻrganuvchilar kabi emas, balki, qadrlash va parvalishlash kerak boʻlgan yosh avlod kabi munosabatda boʻlish kerakligini aytadi:
“Agar oʻqituvchilar sinfdagi oʻquvchilar ham bizniki kabi huquqlarga ega boʻlgan kichik insonlar ekanligi tushunib yetishsa, qator yaxshi natijalarga erishish mumkin boʻladi.”
unsplash.com
Oʻquvchilar, eng avvalo, oʻqituvchilari ular haqida qaygʻurayotganliklarini his qilishni istashadi. Shu sababdan, ular taʼlim olayotgan muhitda oʻzlarini xavfsiz his qilishlari va koʻmak olishlari kerak.
Agar oʻqituvchi oʻrganuvchilarining ushbu ehtiyojlarini qondira oladigan darajada ular bilan bogʻlana olmasa, uning shu paytgacha erishgan yutuqlari, sertifikat-u diplomlari hech qanday ahamiyatga ega boʻlmay qoladi.
2. Asosiysi kechagidan-da yaxshiroq inson boʻling va buni oʻquvchilarga oʻrnak qilib koʻrsating. Nega odatda oʻqituvchilardan mukammallikni kutishadi? Chunki, ular maktab bolalarining kelajakda muvaffaqqiyatli insonlardan biri boʻlishida muhim ahamiyatga egadirlar va bu oʻqituvchilardan juda katta masʼuliyat talab qiladi.
Ota-onalardan tortib jamiyatning boshqa aʼzolarigacha barchaning eʼtibori oʻqituvchilarga qaratilgan. Shunga qaramasdan, taʼlimni rivojlantirish uchun mukammal inson boʻlishingiz shart emas. Shunchaki kechagidanda yaxshiroq boʻlishga intilishingiz kerak.
unsplash.com
Bu oʻqituvchilarga taalluqli boʻlganidek, oʻrganuvchilarga ham taalluqli. Chunki, biz umrimiz davomida toʻxtovsiz izlanish va shaxsiy rivojlanishda boʻlishga intilamiz. Shunday ekan, oʻquvchilar oʻz istaklari boʻyicha rivojlanishlari uchun yaratgan tahlil qilish va fikrlashga yordam beruvchi qoʻllanmamizga erkinlik mashqlarini ham qoʻshganmiz. Shu bilan birga, ehiyotkorlik bilan baholashga ham alohida eʼtibor qaratmoqdamiz.
Biz barcha magʻlubiyatlarimizni tahlil qilgan holda, ulardan toʻgʻri xulosa chiqarmoqdamiz va raqamli olamda barchamiz onlayn va offlayn tarzda bogʻlanganligimizni oʻquvchilarimizga tushuntirmoqdamiz.
Kim nima deyishidan qatʼiy nazar, hech birimiz mukammal boʻla olmaymiz. Bizning qoʻlimizdan keladigani har bir yangi kun boshlanishi bilan oʻzimizdan: “Qanday qilib kechagidan koʻra yaxshiroq boʻla olaman?”— deb soʻrashdir.
3. Maslahat berishda eng muhimi uning foydali boʻlishidir. Avvalgi maqolalarda, maslahat berishning ahamiyati va toʻgʻri maslahat berish uchun mashqlar haqida gaplashgan edik. Oʻqituvchi sifatida, siz aytgan soʻzlar va bu bilan ifodalamoqchi boʻlgan maqsadingiz oʻquvchining hayotini oʻzgartirib yuboradigan darajada katta kuchga ega. Toʻgʻri bajarilgan ish va uni rivojlantirishga nisbatan berilgan eʼtiborsiz maslahatlar va faqatgina nima notoʻgʻri ekanligiga qaratilgan e’tibor nafaqat yuzaki, balki, notoʻgʻri harakat hisoblanadi.
unsplash.com
Taʼlim tizimini oʻzgartira oladigan foydali maslahat (useful feedback) larning 5 ta noyob xususiyati quyidagilardir:
Kerakli vaqtda. Samarasi koʻproq boʻlishi uchun oʻrganish mobaynida tez-tez va batafsil fikrimizni bildirishimiz kerak.
Oʻrinli va taʼsirga ega. U oʻquvchining qobiliyati, yetukligi va yoshiga mos boʻlishi kerak. Bundan tashqari, ular berilgan maslahat mohiyatini toʻliq tushunishlari kerak.
Xolis va qoʻllab-quvvatlovchi. Maqsadimiz doimo xolis va qoʻllab-quvvatlovchi maslahatlar berishdir. Bunday maslahatlar oʻquvchini yanada koʻproq bilim olishga undaydi.
Taʼlimga qaratilgan. Har qanday maslahat doimo ish maqsadiga bogʻliq boʻlishi kerak. Ijodiy erkinlik berish bilan birgalikda, oʻquvchi va oʻqituvchi birga erishmoqchi boʻlgan aniq taʼlim maqsadlarni belgilab olish kerak.
Chuqur bilim olishga yordam beradi. Oʻquvchilar biz bergan maslahatlarning qay biri ularga foydali boʻlishini ajrata olishi kerak. Bundan tashqari, oʻquvchilar tengdoshlaridan kerakli maslahatlar olishi mumkin.
Ularning imkoniyatlarini ijobiy baholovchi maslahatlar oʻquvchilarni yanada koʻproq harakat qilishga undaydi. Shuningdek, bu ularning oʻziga boʻlgan ishonchini oshirib, yanada yuqoriroq natijalarga erishishiga sababchi boʻladi. Bunday maslahatlardan oʻquvchi qayerda boʻlsa ham oʻzini erkin his qilishi, rivojlanishi uchun foydalanadi.
4. Hamkorlik aloqa, muloqot va yakdillik jamlanmasidir. Ishchi kuchi boʻlib shakllanayotgan zamonaviy oʻquvchilarning real va virtual hamkasblar bilan biror masala yuzasidan jamoa boʻlib ishlay olish koʻnikmasi bugungi kunda talab etiladigan eng muhim jihatlardan biridir. Biroq, bunda odamlarni tushunish va ular bilan dildan muloqot qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Agar bizning oʻquvchilarimiz boshqalar bilan faqat vazifalarni bajarish va maʼlum bir bosqichlardan oʻtish uchungina hamkorlik qilishsa, unda nega doimo yolgʻiz ishlashni tanlab qoʻya qolishmaydi?
unsplash.com
Samarali hamkorlik oʻz ichida 3 ta tushuncha: aloqa, muloqot va yakdillikni birlashtiradi. Odamlarni bir-biridan farqlab turadigan madaniyati, jinsi va eʼtiqodidan tashqari, ularning har biri o’ziga xos qadriyat, fikr va axloqqa ega.
Jamoadagi har bir aʼzoning loyihani rivojlantira oladigan va eʼtibor qaratilishi kerak boʻlgan oʻz nuqtayi nazari va fikri boʻladi. Oʻz fikrlarini ifoda eta olamaydigan aʼzolar jamoaning qolgan aʼzolarining koʻmagiga muhtoj boʻlishadi. Axir gʻoya qanchalik zoʻr boʻlmasin, hamma ham fikrlarini oson bayon qila olmaydi.
Qisqa qilib aytganda, jamoaviy ishning asl mohiyati guruh aʼzolarida mavjud muammolarni toʻgʻri baholash va shu muammolarni hal qilish orqali jamoa natijalarini yanada yuksaltirishdir. Muvaffaqiyatli jamoaning aʼzolari nafaqat loyiha ustida ishlashadi, balki, ish jarayonida oʻzlarini va hamkasblarini oʻrganishadi. Bu bilan ham ishini, ham hayotini yaxshilaydi.
5. Qiziqish doimo oʻrganishdan oldin keladi. Axborot olamidagi notinchlik asari muallifi Richard Saul Vurman, qiziqish va oʻrganish oʻrtasidagi bogʻliqlik haqida shunday deydi:
“Bilim olishni axborotni qabul qilib olish jarayoni sifatida koʻrishimiz mumkin, ammo, bu jarayon sodir boʻlishi uchun, avvalo, qiziqish paydo boʻlishi kerak; qiziqish qiyinchiliklarni yengish uchun kuch beradi va bilim olish uchun ruhlantiradi. Yangi bilimlarni egallash va eslab qolish uchun, bu bilim,avvalo, sizda qiziqish uygʻotishi kerak…”
unsplash.com
Yozuvchining aytishicha, qiziqish yoki eʼtiborsiz taqdim etilgan maʼlumotlarni qabul qilish qiyin boʻladi. Bu amaliy va foydali taʼlim olishning oʻquvchi uchun naqadar muhimligini isbotlaydi.
Bilim olish jarayoni davom etishi uchun, bilimlar doim oʻquvchi uchun ahamiyatli boʻlishi kerak. Har qanday zamonaviy ta’lim olish muhitida bilim olishga qiziqish asosiy va muhim oʻringa ega. Negaki, taʼlim tizimini rivojlantirish uchun ham shu jihat muhimdir.
6. Hech qachon poyafzal uchun tejamang.
Bu yerda sogʻligʻingizga yetarlicha eʼtibor berishingiz kerakligi haqida soʻz borayapdi. Negaki, insonning sogʻligʻi yaxshi ahvolda boʻlmasa, bu uning ish sifatiga, bizning holatda esa, bilim berish jarayoniga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
unsplash.com
Oyoqlar tananing asosi hisoblanadi va kun davomida bosim va stress aynan oyoqlarimiz zimmasiga tushadi. Quyida oyoqlar sogʻligʻining insonning umumiy sogʻligʻiga koʻrsatadigan taʼsiri yoritib berilgan maqoladan parcha keltirilgan:
Notoʻgʻri tanlangan poyafzal oyoqlarga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin… Agar poyafzal notoʻgʻri tanlangan boʻlsa, unda qisqa muddatli muammolar uzoq davom etadigan muammolarga aylanishi, yurish yoki ishlashga xalaqit berishi hamda psixologik va jismoniy holat buzilishiga olib kelishi mumkin.
Bundan kelib chiqadiki, oyoqlar sogʻligiga eʼtibor qaratmaslik psixologik va jismoniy holatga, jumladan, kayfiyat, ishlash qobiliyati, eʼtiborni jamlash, ogohlik kabilarga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Sogʻlom va baxtli oʻqituvchi boʻlish kasbingizga va albatta, oʻquvchilaringizga yuqori darajada eʼtibor qaratishingizga yordam beradi.
7. Oʻquvchilaringiz sizning eng katta oʻqituvchilaringizdir.
Agar qandaydir munosabatda boʻlgan ikki inson barcha mavzuda bir xil fikrda boʻlishsa, bu munosabatdan ularning hech biri mamnun boʻlmaydi. Oʻquvchilar bizga oʻsishimiz va rivojlanishimiz uchun eng yaxshi imkoniyatlarni taqdim etishi mumkin. Oʻquvchilar bizni ruhlantiradi, hayratda qoldiradi, baʼzida xafa qiladi va nima uchun oʻqituvchi boʻlishga qaror qilganimizni eslatib turishadi.
pixabay.com
Aynan bilim ulashishni istaganimiz sababli boshqalarga bilim berishni tanladik. Shunday boʻlsa-da, baʼzida oʻquvchilarimizdan oʻrganishimizga ham toʻgʻri keladi. Ular raqamli dunyoni tushunishadi va biz oʻylagandan-da koʻproq yutuqlarga erisha olishadi. Biz ularni tinglay olsakkina, taʼlim tizimini oʻzgartira oladigan yangiliklarni yarata olamiz.
Keling, taʼlim tizimini rivojlantirishda biz ham oʻz hissamizni qoʻshaylik!
Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola → Kelajak ta’lim tizimini o‘zgartira oladigan 7 ta haqiqat.