Kaloriya nima va u qanday birliklarda o‘lchanadi?

Kaloriya — issiqlik miqdorining tizimdan tashqari (SI tizimiga kirmaydigan) birligi. Belgilanishi — kal (xalqaro — cal). U 1 gramm suvni 1 ℃ ga isitish uchun sarflanadigan energiya miqdori sifatida taʼriflanadi.


“Kaloriya” termini fransuzcha calorie soʻzidan olingan boʻlib, u ham lotincha calor soʻzidan kelib chiqqan. Bu soʻzning maʼnosi bizdagi “issiqlik” degan soʻzga toʻgʻri keladi.


Hozirda jahon amaliyotida kaloriya birligining bir-biridan oz-moz farq qiladigan uch xili qoʻllanilmoqda. Lekin Jahon metrologiya qonunchiligi tashkiloti tomonidan ushbu birliklarning birortasi qoʻllash uchun tavsiya etilmagan va buning oʻrniga SI dagi muqobil issiqlik miqdori birligi — Jouldan foydalanish kerakligi taʼkidlangan.


Kaloriyaning taʼrifi suvning solishtirma issiqlik sigʻimi bilan uzviy bogʻliqdir va u meʼyoriy atmosfera bosimi, yaʼni 101325 Pa bosim ostida, 1 gramm suvni Selsiy darajasi boʻyicha 1 gradusga isitish uchun sarflangan issiqlik miqdorini anglatadi. Aynan shu sababli ham bu birlik metrologiya jamiyati tomonidan maʼqullanmagan va SI tizimiga ham kiritilmagan.


Sababi, suvning issiqlik sigʻimi tashqi muhit, xususan, harorat va bosimga bogʻliqligi tufayli uning bu omillarga asoslanib aniqlangan oʻlchami ham oʻzgaruvchan boʻladi va uning aniqlik darajasi isitish sharoitlariga bogʻliq boʻladi. Kaloriyaning yuqorida aytilgan uch xil shakli ham aynan shu sabab yuzaga kelgan. Bular:


Xalqaro kaloriya (yoki oddiy kaloriya) — yuqorida taʼriflangan va asosiy qoʻllanadigan kaloriya. Belgilanishi — kal (xalqaro — cal);

1 kal = 4,1868 J (aniq);


Termokimyoviy kaloriya — belgilanishi kalₜₕ (xalqaro — calₜₕ);


1 kalₜₕ≈4,1840 J;


15-darajali kaloriya — belgilanishi kal15 (xalqaro — cal15);


1 kal15≈4,1855.


Avvallari kaloriya birligi energiya va uning turlari, xususan, ish va issiqlikni oʻlchash uchun ham keng qoʻllanilgan. Shuningdek, yonilgʻining yonish issiqligi ham uning kaloriyasi deb atalgan. Bu amaliyot hozirda ham ayniqsa teplotexnikada (asosan bugʻ qozonlari va isteʼmolchilari tarmogʻida) saqlanib qolgan boʻlib, bu sohada kaloriyaning karrali birligi — gigakaloriya keng qoʻllanadi. 1 gigakaloriya 109 kaloriyaga teng boʻlib, gkal shaklida belgilanadi.


Biror uskuna vositasida ishlab chiqarilgan yoki isteʼmol qilingan issiqlik miqdorini belgilash uchun esa gkal/soat birligi ishlatiladi va bu issiqlik quvvati birligi deyiladi.


Siz ushbu birlikka asosan oziq-ovqat mahsulotlarining yorligʻini oʻqiganingizda duch kelgan boʻlsangiz kerak. Chunki kaloriya ozuqa mahsulotlarning energetik qiymati (kaloriyasi) oʻlchov birligi hamdir. Odatda ozuqa mahsulotlarining energetik qiymati kilokaloriya bilan ifodalanadi va kkal tarzida belgilanadi.


Turdosh birliklar bilan nisbatlar

Kaloriya birligi boshqa turdosh birliklar bilan quyidagicha bogʻliqlikka ega:


1 J ≈ 0,2388458966 kal;
1 kVt·soat ≈ 0,859845 Mkal;
1 gkal = 1163 kVt·soat (aniq);
1 kal ≈ 2,6131950408·10¹⁹ eV;
1 eV ≈ 3,8267331155·10⁻²⁰ kal;
1 BTU ≈ 252 kal;
1 kkal ≈ 3,968 BTU;
1 barrel neft ekvivalenti (BOE) ≈ 1,46 gkal.
Kaloriyadan kelib chiquvchi boshqa aloqador birliklar

1) Frigoriya — sovitish texnikasida qoʻllaniladigan sovuqlikning oʻlchov birligi boʻlib, 1 frigoriya manfiy ishorali 1 kaloriyaga teng;


2) Termiya — issiqlik oʻlchov birligi, 10⁶ kaloriyaga teng;


3) Trotil ekvivalenti — 1 kilotonna trotil ekvivalenti 1 kalₜₕ ga teng deb shartli qabul qilingan.


Kaloriya yoki energetik qiymat

Ozuqa moddasining kaloriya yoki energetik qiymati deganda, uni oʻzlashtirishda organizm oladigan energiya miqdori nazarda tutiladi. Ozuqaning toʻliq energetik qiymatini aniqlash uchun uni kalorimetrda yoqib, ajratib chiqargan issiqlik miqdori oʻlchanadi. Keyin esa xuddi shu oʻlchov odam tanasi bilan takrorlanadi: germetik kalorimetr kamerasida muayyan taomni isteʼmol qilgan odam tanasidan ajralib chiqqan issiqlik miqdori oʻlchanadi. Shu tariqa ozuqa mahsulotining fiziologik energetik qiymati aniqlanadi va shu yoʻsinda odam hayot faoliyati uchun zarur boʻlgan kaloriya miqdorini hisoblash mumkin boʻladi.


Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Kaloriya
Muqova surat: freepik.com