Bu soʻzni adashtirib qoʻllash koʻp uchraydi. Bir soʻzning shevalarda boshqa maʼnoda ishlatilishi odamlarning adabiy tildan foydalanishiga ham taʼsir etishi mumkin.
Xullas, bugun pashsha va chivinning farqi haqida kichkina oʻrganish olib boramiz.
Izohli lugʻatga koʻra, pashsha yozda juda koʻpayib ketadigan, turli suyuq organik moddalar bilan oziqlanadigan qoʻsh parda qanotli hasharot.
Yoʻl pashsha. Pashshalarni qoʻrimoq. Qora pashsha.
Atrofda gʻuv-gʻuv pashsha: oyoqlarga yopishadi, burun kataklariga suqiladi, quloqlarni uzadi.
Oybek, Tanlangan asarlar.
Hamma yoq jim. Faqat pashsha gʻingʻillaydi.
A. Qahhor, Bemor.
Chivin esa ikki qanotli, uzun moʻylovli qon soʻruvchi mayda hasharot.
Bezgak chivini. Oʻrmon chivini.
Ikki nor urishsa, oʻrtasida chivin oʻladi.
Maqol.
— Chivin koʻplashsa, filni yiqitadi, degan gap bor, — dedi Ergash salmoqlab.
I. Rahim, Chin muhabbat.
Ajal yetmay, oʻlmas Boysunning xoni, Besabab chiqmaydi chivinning joni.
“Alpomish”.
Xalq tilida “Chivin chaqqanday ham boʻlmadi” degan ibora mavjud, u sira ogʻritmadi, sezilmadi ham degan maʼnoni anglatadi.
Demak, chivin uzun moʻylovli, qon soʻruvchi, chaquvchi hasharot. Pashshada uzun moʻylov boʻlmaydi, u har yerdan yemish qidiradigan, qoʻsh parda qanotli hasharot.
Shevada chivin soʻzi pashsha maʼnosida ham ishlatiladi. Lekin adabiy tilda bunday qoʻllash — xato.
Pashsha soʻzini shevada ham adabiy tilga mos ishlatadiganlar uncha sevinmasa boʻlaveradi. Chunki pashsha soʻzi forschadan olingan boʻlib, asliyatda chivin degan maʼnoni anglatadi 😄.
Maqola oriftolib.uz saytidan olindi. Original maqola → Pashsha va chivin: farqi nimada?
Muqova surat: oriftolib.uz