Soʻnggi paytlarda shu ibora juda mashhur boʻldi. Magazinchi Gʻaybullayam, mahalladagi xotinlar ham, ikkichi Yoshvoy ham, aʼlochi Toshvoy ham – hamma qoʻllayapti.
Biror soʻz yoki iborani qoʻllashda uning asl mazmuni nima, boshqa maʼnoda ishlatsa, toʻgʻri boʻladimi-yoʻqmi – oʻylab koʻrish kerak, albatta.
Shimoliy Amerikada, jumladan, Amerika Qoʻshma Shtatlari va Kanadada keng nishonlanadigan bayram bor – Shukrona kuni. Marosim nomi oʻzbekchada Shukronalik kuni shaklida ham ishlatiladi. U Yangi yilgacha davom etadigan bayram mavsumini ochib beradi.
Yangi yerlardan baxt izlab yoʻlga chiqqan angliyaliklar ummon oshib, 1620-yil noyabrida hozirgi Massachusets shtati hududlariga kelib tushadi. Yuz kishiga yaqin muhojirning yarmi qahraton qish sharoitida halok boʻladi. Tirik qolganlarga mahalliy hindu qabilalari yordam beradi. Ularning koʻmagi bilan angliyaliklar toshloq yerlarda dehqonchilik qilish sirlarini oʻrganadi va katta hosil oladi. Hududning birinchi gubernatori U. Bredford ana shu toʻqchilik va omonlik sabab Xudoga shukr qilish marosimini oʻtkazishni taklif etadi. 1621-yilning noyabrida bayram ilk bor tashkil etiladi. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, bayramning diniy motivlari ham bor.
AQSH alohida mustaqil davlat sifatida tashkil topgach, birinchi prezident Jorj Vashington Shukronalik kunini har yili 26-noyabrda oʻtkazish taklifi bilan chiqadi. Keyinchalik bir necha prezidentlar bayram sanasini oʻzgartiradi.
Bu bayram hozir AQSHda noyabr oyining toʻrtinchi chorshanbasida, Kanadada esa oktyabrning ikkinchi dushanbasida nishonlanadi.
Shuningdek, Qozogʻistonda ham Shukronalik kuni nishonlanadi. U Shimoliy Amerikadagidan farqli bayram.
Soʻzni yanglish ishlatmaslik kerak. Ayniqsa, mohiyat butkul oʻzgarib ketadigan, odamni chalkashtiradigan oʻrinlarda. Har narsani oʻzining nomi bilan atash zarur. Shu nuqtai nazardan, “Shukrona kuningiz muborak boʻlsin!” jumlasini tugʻilgan kunga nisbatan ishlatish xato. Chunki Shukrona kuni iborasining umum qabul qilingan maʼnosi boshqa.
Yuqoridagi jumla asosan tugʻilgan kun tabrigi sifatida ishlatilyapti. U nimaga tez shuhrat qozondi? Aniq bir sababini bilmayman. Taxminlarim bor. Menimcha, buning birinchi sababi tugʻilgan kun soʻzini ishlatishdan qochish boʻlsa kerak. Dinimizda tugʻilgan kunni nishonlash targʻib etilmagani uchun shu ibora qoʻllanyapti, deylik. Lekin soʻzi boshqacha boʻlgani bilan tugʻilgan kun tugʻilgan kunligicha qoladi-ku. Demak, bu unchalik asosli sabab emas.
Boshqa bir taxminga koʻra, bu ibora orqali shu yoshga yetgani uchun Yaratganga shukr qilish maʼnosini ifodalash maqsadi bor. Unday deydigan boʻlsak, inson hayotida shukr qilishi kerak boʻlgan voqealar, sanalar koʻp. Nega shukronalik kuni taʼrifi ularga nisbatan ishlatilmaydi?
Sizningcha, tugʻilgan kunga nisbatan shu ibora qoʻllanayotganiga sabab nima?
Maqola oriftolib.uz saytidan olindi. Original maqola → “Shukrona kuningiz muborak boʻlsin!”
Muqova surat: elements.envato.com