Yosh va yasha soʻzlarining bir oʻzakdan ekani sezilib turibdi. Yashil-chi? Mantiqan olganda uning ham qolgan ikki soʻz bilan ildizi bir. Yashillik — yashash, yasharish belgisi.
Tasavvurimiz ilmiy haqiqatga mos kelish-kelmasligini tekshirish uchun manbalarga murojaat qilamiz.
“Oʻzbek tilining etimologik lugʻati” ga koʻra, yosh va yasha soʻzlari qadimgi turkiy tildagi koʻp maʼnoli yash sifatidan hosil boʻlgan.
Yashning maʼnolaridan biri — bir yilga teng umrdir. Bugun yosh shaklida ishlatiladigan bu soʻz ayni shu maʼnoni ifodalaydi.
Yasha soʻzi esa yash sifatiga -a qoʻshimchasini qoʻshish orqali yasalgan.
Yashil soʻzi barg rangiga ega boʻl maʼnosidagi yash feʼliga -il qoʻshimchasini qoʻshib hosil qilingan.
Yashil soʻzi “Devonu lugʻatit-turk” da ayni shu shakl va maʼnoda kelgan. Mahmud Koshgʻariy toʻq yashil yap-yashil deyilishi, soʻz juft holda yashil-yushul deb qoʻllanishi mumkinligini aytadi.
Yap-yashil hozirgi tilda yam-yashilga oʻzgargan. Juft shakli esa ishlatilmaydi.
Maqola oriftolib.uz saytidan olindi. Original maqola → Yosh, yashil va yasha
Muqova surat: oriftolib.uz