Muloqot boʻyicha mutaxassislar deganda koʻz oldimizga kim keladi? Ehtimol, kimdir PR xodimi, Instagram murabbiyi yoki biznes psixologni tasavvur qilar. Bu savolga deyarli hech kim shifokor deb javob bermaydi. Shifokor va bemor oʻrtasidagi muloqot sifati bemorning sogʻligi va baʼzan uning hayot-mamot masalasini hal qilishi mumkin. Masalan, odamlarni koronavirusga qarshi emlash zarurligiga ishontirish ham oson kechmadi. Sizga shifokor va bemor bir-biri bilan gaplashganda qanday qiyinchiliklarga duch kelishi, nima uchun muloqot qilish haqiqatan ham muhimligi va holatni yaxshilash uchun nima qilish mumkinligi haqida aytib beramiz.
Bu maqola tamaki, nikotin, chekish amaliyotining axloqiy, biokimyoviy va antropologik jihatlari va boshqa koʻp holatlar boʻyicha zararni kamaytirish gʻoyasiga bagʻishlangan “Tutun tarqaganda” loyihasining davomidir. Loyiha Rossiyadagi “Filipp Morris International” kompaniyasi koʻmagida tayyorlangan. Maqola mualliflarining fikri kompaniyaning qarashlariga toʻgʻri kelmasligi mumkin.
Ayrim faktlar
Oxirgi ikki yilda dunyo sogʻliqni saqlash tizimi koronavirus muammosi bilan andarmon boʻlib qolgandek tuyulsa-da, dunyoda hali ham boshqa jiddiy muammolar bor. JSST maʼlumotiga koʻra, Yevropa mamlakatlarida umumiy kasalliklar hajmining 77 foizi va oʻlimning qariyb 85 foizi yuqumli boʻlmagan xastaliklar — saraton, yurak-qon tomir kasalliklari, diabet, surunkali nafas yetishmasligi va ruhiy kasalliklar hissasiga toʻgʻri keladi. Oʻlim koʻrsatkichlari tarkibida yetakchi oʻrinni yurak-qon tomir kasalliklari egallaydi. Ular butun dunyo boʻylab oʻlimning 31 foizini tashkil qiladi.
Yurak-qon tomir kasalliklari uchun keng tarqalgan xavf omilining asosiy namoyondoshi chekishdir. Maʼlumki, chekish sabab boʻladigan aterosklerozning rivojlanishiga koʻplab mexanizmlar, jumladan, endotelial hujayralarga toʻgʻridan-toʻgʻri zarar yetishi, tizimli yalligʻlanish signallarining faollashishi bilan birga kechadigan protrombotik jarayonlar, tananing antioksidant mudofaa tizimiga qoʻshimcha yuklama va boshqalar sabab boʻladi. Masalan, AQShda chekish umumiy holatlarda 30 foizgacha oʻlimga sabab boʻladi.
JSST maʼlumotiga koʻra, biror shaxsning chekishni tashlashi ham tez, ham uzoq muddatli kelajakda sogʻlikka ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Chekish tashlanganidan keyingi birinchi kunda uglerod gazi (uglerod oksidi) taʼsiri chekmaydiganlar darajasiga tushadi. Homiladorlikdan oldin chekishni tashlagan ayollar avval sira chekmagan onalar bilan bir xil vaznga ega boʻlgan chaqaloqlarni dunyoga keltirishadi. Ammo bunday yomon odatlardan qancha odam voz kecha olar ekan?
Rossiya Federatsiyasi Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotiga koʻra, miokard infarktni boshdan kechirgandan keyin ham har besh nafar rossiyalik bemorlardan toʻrt nafari chekishni davom ettiradi. Xuddi shunday holat xorijda ham kuzatilmoqda. Kanada MakGill universitetining Amerika kardiologiya kolleji jurnali (Journal of the American College of Cardiology)da chop etgan tadqiqot natijalariga koʻra, oʻtkir miokard infarkti bilan kasallangan bemorlarning uchdan ikki qismi nikotinga qaramlikni davolashda ishlatiladigan bupropion antidepressantidan (2016-yildan boshlab uni Rossiya Federatsiyasiga olib kirish va sotish taqiqlangan) foydalanishiga qaramay, 12 oydan keyin yana cheka boshlaydi.
Ishontirish kuchi
Spirtli ichimliklar yoki tamaki mahsulotlarini doimiy isteʼmol qiladigan odamni darhol toʻxtatadigan dori vositasi yoʻq. Ammo bemorni sogʻligʻining yomonlashishi va oʻziga xos omillar oʻrtasidagi sabab-taʼsir munosabatlarini tushunarli tarzda yetkazib, sigaret yoki spirtli ichimliklarni isteʼmol qilishni kamaytirishga koʻndirish mumkin.
Tasavvur qilaylik, bemorni chekishni tashlash zarurligiga ishontirish kerak. Buning uchun shifokor nafaqat nima haqida gapirish, nima soʻrash va qanday tavsiyalar berishni tushunishi, balki ikkala tomonda ham maʼlumot yetishmasligi sharoitida bemor chekishni tashlashga rozi boʻladigan tarzda aloqa oʻrnatishi kerak. Biroq shunga qaramay, mana shunday aloqa ham odamga chekishni tashlashga turtki boʻlmasligi mumkin.
Turli ssenariylar ostida barqaror taʼsir 14 foizga yetishi mumkin va bu koʻplab omillarga bogʻliq. Mana shu omillarga motivatsiya, chekish muddati, qaramlik darajasi, noqulaylikning murakkabligi va boshqalar kiradi. Oʻrtacha olganda natija yuqori emas, lekin doimiy va barqaror. Shifokorning vazifasi muvaffaqiyatga erishish ehtimolini oshirish uchun bor kuchini sarflashdir.
Koʻplab bemorlar nafaqat ishonchli soʻzlarga, balki tibbiy amaliyotda har doim ham taklif etilmaydigan qoʻllab-quvvatlovchi davolash amaliyotiga muhtoj boʻladi. Agar odam chekishni tashlashga turtki koʻrmasa, unga chekish boʻyicha zararni kamaytirish haqida maʼlumot berish foydali boʻlishi mumkin (tibbiyotda va ijtimoiy sohada qoʻllanadigan ushbu strategiya haqida “Chekishni tashla yoki jim boʻl” maqolasida aytib oʻtgan edik).
PMI Science bu — chekishdan zararni kamaytirish konsepsiyasi, yonuvchi mahsulotlarning tanaga taʼsirini minimallashtirish, tutunsiz mahsulotlarni ilmiy baholash va ushbu sohada qoʻllanadigan fundamental yondashuvlar haqida tibbiy va ilmiy hamjamiyatning xabardorligini oshirishga qaratilgan ilmiy va axborot loyihasidir. Loyiha ikki yil avval yoʻlga qoʻyilgan va hozirda 50 nafarga yaqin ilmiy mutaxassislarni jalb qilgan.
Yelena Volkova, Rossiyadagi PMI tadqiqotlari menejeri.
Qanday boʻlmasin, odamning chekishdan voz kechish-kechmasligi koʻp jihatdan shifokor va bemor oʻrtasidagi muloqot sifatiga bogʻliq. Oʻyin nazariyasi nuqtai nazaridan, ular oʻrtasidagi oʻzaro aloqa, birinchi navbatda, bemorga jiddiy yutuq yoki jiddiy yoʻqotishlarni olib keladigan hamkorlikdagi oʻyinning yorqin namunasidir.
Asklepiy haykali / Ermitaj muzeyi / Miloddan avvalgi 5-4-asrlarga oid yunon asl nusxasidan olingan miloddan avvalgi 1-2-asrlarga oid Rim nusxasi / nplus1.ru
Muloqotdagi muammolar: u qanday ishlaydi?
Bemorlarning shifokor tavsiyasiga quloq solmasligida aholining xabardorlik darajasining pastligi muhim rol oʻynaydi. Saraton instituti (WIA) shifokorlari nega bemorlar saraton kasaliga chalinganidan keyin ham chekishni tashlamasligini aniqlashga harakat qilishdi. Tadqiqot natijalari Hindiston Ruhiy Tibbiyot Jurnalida (Indian Journal of Psychological Medicine) chop etildi.
Faol chekuvchilar chekish va saraton oʻrtasidagi bogʻliqlik haqida bahslashdi va ularning kasali tamaki bilan bogʻliqligiga ishonishmadi. Oʻz fikrlarini isbotlash uchun ular ikki xil hikoyani keltirdi. Hikoyalardan biri yomon odatlari boʻlmagan, lekin saraton kasaliga chalingan odamlar haqida boʻlsa, ikkinchisi uzoq muddatli faol tamaki isteʼmoliga qaramay, saraton kasaliga duchor boʻlmagan chekuvchilar haqida edi. Baʼzi bemorlar shifokorlarning ishontirishiga qaramay, tamaki chekishni tashlash sogʻliqlarini qayta tiklashga ijobiy taʼsir qilishiga ishonmadi.
Yana bir muammo shundaki, xavf omillari haqida koʻpincha umumiy statistikaga asoslanib gapiriladi. Shifokor statistik maʼlumotlarga koʻra chekish yurak xuruji xavfini oshirishini eslatganda, bemor bu maʼlumotni shaxsan oʻzi uchun qabul qilmaydi. Biroq, agar Score shkalasidan foydalanilsa va chekishni tashlash maʼlum bir bemorning yurak-qon tomir kasaliga chalinish xavfini ikki baravar kamaytirishini koʻrsatsa, bemorning motivatsiyasi sezilarli darajada oshadi.
Bundan tashqari, bemorni bugungi kunda mavjud boʻlgan maʼlumot kanallarining koʻpligi chalkashtirishi mumkin. Bular ommaviy axborot vositalari, har qanday mavzudagi sahifalar boʻlgan ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar va minglab chatlar boʻlishi ehtimoldan xoli emas. Ushbu tarmoqlarning har birida aniqligi isbotlanishi kerak boʻlgan juda xilma-xil maʼlumotlarni topish mumkin. Maʼlumotlarning ishonchliligini tekshirish esa hammaning ham qoʻlidan kelmaydi.
Biroq muammolar faqatgina bemor tomonda deb aytish xato. Oddiy odamlar bilan koʻp yillar davomida oʻz kasbi boʻyicha oʻqitilgan shifokor oʻrtasida salomatlik, tana vazifalari va uning tizimlarining oʻzaro taʼsirini tushunish boʻyicha jarlik paydo boʻlishi mumkin. Muloqotda bu “ilm qargʻishi” deb yuritiladi. Bunda shifokorlar oʻzlariga tushunarli boʻlgan bilimlar bemorga ham xuddi shunday tuyuladi deb oʻylashadi. Oddiy bemor nuqtai nazaridan tibbiyot ham kvant fizikasi kabi, moʻjiza kabi koʻrinadi. Bu esa notoʻgʻri umidlarni keltirib chiqaradi. Davolanish va tavsiyalarning tezkor natija bermasligidan norozi boʻlgan bemorda davolanishni butunlay tark etish istagi paydo boʻladi.
Bu kabi taʼsirning oʻziga xos tarzda namoyon boʻlishi paratsetamolni oʻz ichiga olgan kukunsimon dorilarning bemorlar orasida mashhurligidir. Albatta, koʻpchilik bu hodisa bilan toʻqnash kelgan. Limon taʼmli dori vositasini issiq suvga aralashtirib ichganingizda, isitma pasayadi, quvvat tanaga qaytadi va burun oqishi toʻxtaydi. Xoʻsh, shunda bemor davolangan hisoblanadimi? Aslida, paratsetamol asab tizimiga taʼsir koʻrsatadi, miyaning yalligʻlanish signallarini qabul qilishiga toʻsqinlik qiladi, kofein quvvatni tiklaydi va mushaklarning qisqarishi natijasida burun oqishi yoʻqoladi. Shunday qilib, dori vositasi hech qanday tarzda yuqumli patogenga taʼsir koʻrsatmaydi va immunitet tizimiga yordam bermaydi. Ammo bemorga bu taʼsir koʻrsatgandek tuyuladi va uni qayta ishontirish juda qiyin kechishi mumkin.
Nihoyat, tibbiy mutaxassislar ish yuklamasi koʻpligi tufayli oʻz bilimlarini takomillashtirishga va davolash boʻyicha tavsiyalarni yangilashga vaqtlari boʻlmaydigan holatlar ham uchrab turadi.
Ilm-fan chekish muammosi bilan oʻn yildan koʻproq vaqt davomida shugʻullanib kelmoqda va hozirgi vaqtda ilmiy tadqiqotlar ishonchli tarzda shuni koʻrsatmoqdaki — chekish bilan bogʻliq kasalliklarning asosiy sababi nikotin emas (biz nikotinning oʻzi nima uchun zararsiz emasligini va nikotinga qaramlik qanday yuzaga kelishini “Davomiy baxtiyorlik” maqolasida aytib bergan edik), balki tamakining yonishi ekan.
Tamaki tutuni 6 000 dan oshiq moddalarning murakkab aralashmasi boʻlib, ularning 100 dan ortigʻi chekish bilan bogʻliq kasalliklarning rivojlanishiga olib keladi. Ushbu bilimlar tufayli nikotinni yetkazib berishning muqobil manbalarini ishlab chiqish gʻoyasi va fikri tugʻildi. Ushbu toifadagi mahsulotlar taxminan sakkiz-oʻn yil oldin paydo boʻlgan va isteʼmolchilar tanasiga zararli taʼsirni kamaytirish jihatlarini oʻrganayotgan mutaxassislarning diqqat markazida turibdi.
PMI Science ixtiyoridagi tadqiqotlar va maʼlumotlar toʻplami, ehtimol, nikotinni yetkazib berishning muqobil usullarini, xususan, tamaki qizitish tizimlarini baholash uchun eng katta ilmiy asoslardan biridir.
Yelena Volkova, Rossiyadagi PMI tadqiqot menejeri.
Maqolaning 2-qismini kutib qoling.
Muallif: Grigoriy Chasovskix, Alisa Gorbunova. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Разговор (не) по душам. Почему врачам и пациентам непросто услышать друг друга” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: freepik.com