Dunyodagi eng qimmatbaho metall qaysi?

Dunyo boʻylab oltin eng nodir va qimmatbaho metallardan biri sifatida tanilgan. Bu, albatta, toʻgʻri. Lekin oltindan ham noyob va qiymati baland bir metall mavjud: bu — rodiy.


Rodiy haqida bilasizmi?

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda dunyodagi eng qimmat metall rodiy hisoblanadi. Bu platina oilasiga mansub, kislorod bilan reaksiyaga kirishmaydigan noyob metall. Shu tufayli ham rodiy korroziya va oksidlanishga chidamli. Bundan tashqari, u yuqori erish nuqtasiga ega — 1964 °C.


Rodiy asosan katalizda avtomobilning ifloslantiruvchi moddalar emissiyasini kamaytirish uchun qoʻllanadi. Bundan tashqari, u zargarlik sanoatida, projektor va reflektorlar yasashda, elektr kontaktlar tayyorlashda ham qoʻllanadi.


Joriy 2023-yilda narxi qariyb 30 foizga oshganidan soʻng rodiy global bozorlardagi eng talabgor metallardan biriga aylandi. Rodiyning narxi aslida oltin narxidan ancha yuqori. Bunday katta narx nomutanosibligi oltin konlari rodiy konlariga qaraganda ancha koʻp ekanligi bilan bogʻliq.


Qanday kashf etilgan?

Rodiy 1803-yilda oʻz davrining taniqli olimi, britaniyalik kimyogar Uilyam Xayd Vollaston tomonidan kashf qilingan. U Janubiy Amerikadan keltirilgan platina toshini spirtda eritish jarayonida pushti qizgʻish eritma hosil qilgan. Ushbu eritma natriy geksaxlororodat (Na3RhCl6) edi. Vollaston eritmani sinchiklab tekshirib, uning tarkibida yangi kumush-oq metall mavjudligini aniqlagan. Metallga esa olim uni hosil qilgan eritmaning rangini berishga qaror qiladi. Yunon tilida pushti-qizil rang “rhodeos” deyilgan. Odatda bunday rangga atirgullar ega boʻladi. Yunonlar atirgulni “rohodon” deydi. Bu nom bir vaqtning oʻzida ham atirgulni ham och pushti, qizgʻish rangni bildirgan.


Qayerdan qazib olinadi?

Taʼkidlanganidek, rodiy noyob metall hisoblanadi. Shu tufayli ham unda taklif talabga nisbatan moslashuvchan emas, yaʼni agar talab ortib borsa, ishlab chiqarish yoki taklifni tezlashtirishning tezkor usuli yoʻq. Chunki yer qobigʻida rodiy juda kam uchraydi va platina, palladiy yoki nikel qazib olishda qoʻshimcha mahsulot sifatida qazib olinadi.


Har yili yer yuzida 30 tonnaga yaqin rodiy ishlab chiqariladi. Uning 80 foizdan ortiq qismi Janubiy Afrikadan qazib olinadi. Taqqoslaydigan boʻlsak, dunyo boʻylab yiliga 3 000 tonnaga yaqin oltin qazib olinadi.


Rodiyning asosiy ishlab chiqaruvchisi Janubiy Afrika hisoblanadi. Dunyo boʻylab har yili qazib olinadigan rodiyning 85 foizi ushbu mamlakatga tegishli. Bundan tashqari, rodiy ishlab chiqaruvchi boshqa davlatlar qatoriga Rossiya, Kanada va Amerika Qoʻshma Shtatlari ham kiradi. Ammo ularning ishlab chiqarish quvvati sezilarli darajada past.


Manbalar: new-science.ru, ewagemetals.com
Muqova surat: new-science.ru